Boladan alohida yashayotgan ota(ona)ning ota-onalik huquqini amalga oshirishi
Boladan alohida yashayotgan ota (ona) bola bilan koʻrishish, uning tarbiyasida ishtirok etish va taʼlim olishi masalasini hal etishda qatnashish huquqiga ega.
Bola bilan birga yashayotgan ota (ona) bolaning ona (ota)si bilan koʻrishishiga, agar bunday koʻrishish bolaning jismoniy va ruhiy sogʻligʻiga, axloqiy kamolotiga zarar keltirmasa, qarshilik qilmasligi kerak.
Ota-ona boladan alohida yashaydigan otaning (onaning) ota-onalik huquqlarini amalga oshirish tartibi toʻgʻrisida yozma ravishda kelishuv tuzishga haqlidir. Bu boradagi nizo ota-onaning (yoki ulardan birining) talabiga binoan sudga murojaat qilinguniga qadar mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish orqali hal qilinishi mumkin.
Agar ota-ona kelisha olmasa, nizo ota-onaning (yoki ulardan birining) talabiga binoan sud tomonidan vasiylik va homiylik organi ishtirokida hal qilinadi. Sudning hal qiluv qarori bajarilmagan taqdirda aybdor ota-onaga nisbatan qonunchilikda nazarda tutilgan choralar qoʻllaniladi. Sudning hal qiluv qarori qasddan bajarilmagan taqdirda sud boladan alohida yashayotgan otaning (onaning) talabiga binoan bolaning eng ustun manfaatlarini va fikrini hisobga olgan holda bolani unga berish toʻgʻrisida hal qiluv qarori chiqarishi mumkin.
Boladan alohida yashayotgan ota (ona) tarbiya, davolash, aholini ijtimoiy himoyalash muassasalari va boshqa shunga oʻxshash muassasalardan oʻz bolasi toʻgʻrisida axborot olish huquqiga ega. Ota (ona) tomonidan bolaning hayoti va sogʻligʻi uchun xavf-xatar boʻlgandagina, ularga axborot berish rad etilishi mumkin. Axborot berishning rad etilishi ustidan sud tartibida shikoyat qilinishi mumkin.
Bu sizning vaziyatingizga tegishlimi?
Nima boʻlganini tasvirlab bering, Yurideks sizga muhim moddalarni koʻrsatadi.
Savol berish