Qonun toʻplami
Yurideks yordamchisi foydalanadigan qonun moddalarining namunaviy toʻplami. Mavzu boʻyicha filtrlang yoki toʻliq matndan qidiring.
2695 ta modda topildi
- OilaFAMILY · 87-modda
Bolaning hayoti yoki sogʻligʻi bevosita xavf ostida qolganda bolani olish
Bolaning hayoti va sogʻligʻi bevosita xavf ostida qolganda vasiylik va homiylik organi bolani ota-onadan (ularning biridan) yoki bolani oʻz qaramogʻiga olgan boshqa shaxslardan zudlik bilan olishga haqlidir. Bolani zudlik bilan olish fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organining tegishli hujjatiga asosan amalga oshiriladi. Bola olinganda vasiylik va homiylik organi tezda prokurorga xabar berishi, bolani vaqtincha muayyan yerga joylashtirishi va fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organi bolani olish toʻgʻrisida hujjat qabul qilganidan keyin yetti kun ichida ota-onani ota-onalik huquqidan mahrum qilish yoki ularning ota-onalik huquqini cheklash toʻgʻrisida sudga daʼvo bilan murojaat etishi shart.
- OilaFAMILY · 88-modda
Sudda bolalar tarbiyasi bilan bogʻliq nizolarni koʻrishda vasiylik va homiylik organining ishtiroki
Sud tomonidan bolalar tarbiyasi bilan bogʻliq nizolar koʻrilayotganda, bolaning himoyasi uchun kim daʼvo taqdim qilganligidan qatʼi nazar, ishda ishtirok etish uchun vasiylik va homiylik organi jalb qilinishi kerak. Vasiylik va homiylik organi bolaning hamda uni oʻz tarbiyasiga berishni talab qilayotgan shaxs (shaxslar)ning turmush sharoitlarini tekshirishi va tekshirish natijalarini hamda unga asoslangan nizo mohiyatiga oid xulosasini sudga taqdim qilishi shart.
- OilaFAMILY · 89-modda
Bolalarni tarbiyalash bilan bogʻliq ishlar boʻyicha sudning hal qiluv qarorlarini ijro etish
Bolalarni tarbiyalash bilan bogʻliq ishlarga doir sudning hal qiluv qarorlari qonunchilikda belgilangan tartibda davlat ijrochisi tomonidan ijro qilinadi. Agar ota-ona (bolani oʻz qaramogʻiga olgan boshqa shaxs) sudning hal qiluv qarori ijro etilishiga toʻsqinlik qilsa, unga nisbatan qonunchilikda nazarda tutilgan choralar qoʻllaniladi. Bolani olish va uni boshqa shaxs (shaxslar)ga berish bilan bogʻliq sudning hal qiluv qarorlarini majburiy tartibda ijro etish albatta vasiylik va homiylik organining hamda bola tarbiyalashga berilayotgan shaxs ishtirokida, zarur hollarda esa, ichki ishlar organi vakili ishtirokida amalga oshirilishi lozim. Sudning bolani olish toʻgʻrisidagi hal qiluv qarorini bolaning eng ustun manfaatlariga zarar yetkazilmagan tarzda ijro etishning imkoni boʻlmaganda, bola sudning ajrimiga koʻra tarbiyalash muassasasiga, davolash muassasasiga, aholini ijtimoiy himoyalash muassasasiga yoki shunga oʻxshash boshqa muassasaga vaqtincha joylashtirilishi mumkin.
- OilaFAMILY · 9-modda
Xalqaro shartnomalarning qoʻllanilishi
Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida Oʻzbekiston Respublikasining oila toʻgʻrisidagi qonunchilikdagidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnoma qoidalari qoʻllaniladi.
- OilaFAMILY · 90-modda
Oilada ota-ona hamda bolalarning mulkiy huquqiy munosabatlari
Ota-ona hayotligida bolalar ularning mol-mulkiga nisbatan mulkdor boʻlish huquqiga ega emas. Ota-ona ham voyaga yetmagan bolalarning mol-mulkiga nisbatan mulkdor boʻlish huquqiga ega emas. Ota-ona va bolalarning ular oʻrtasidagi umumiy mol-mulkka boʻlgan mulk huquqi Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi bilan belgilanadi. Voyaga yetmagan bolalar oʻz ota-onasidan va boshqa shaxslardan qonunda nazarda tutilgan miqdorda va tartibda taʼminot olish huquqiga ega. Voyaga yetmagan bolalar taʼminoti uchun olingan mablagʻ, pensiya, nafaqa uning otasi yoki onasi tasarrufida boʻlib, bolaning taʼminoti, tarbiyasi va taʼlim olishi uchun sarflanishi kerak. Voyaga yetmagan bolalarning mol-mulkini tasarruf etishga doir vakolatlar amalga oshirilayotganda fuqarolik qonunchiligida belgilangan qoidalar qoʻllaniladi.
- OilaFAMILY · 91-modda
Ota-ona va bolalarning alohida-alohida mulki
Ota-ona va bolalarning alohida-alohida mulki boʻlishi mumkin va birga yashab turganda ular bir-birlarining roziligi bilan bunday mulkka egalik qilishlari va undan foydalanishlari mumkin.
- OilaFAMILY · 92-modda
Ota-ona va bolalarning umumiy mulki
Ota-ona va oʻn toʻrt yoshga toʻlgan voyaga yetmagan bolalar oʻrtasida qonunda belgilangan tartibda umumiy mulk huquqi vujudga kelishi mumkin. Ota-ona va voyaga yetmagan bolalar umumiy mol-mulkni vujudga keltirish toʻgʻrisida kelishuv tuzishlari mumkin. Ota-ona va voyaga yetmagan bolalarning umumiy mol-mulkka egalik qilish, undan foydalanish va uni tasarruf etish huquqi fuqarolik qonunchiligida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
- OilaFAMILY · 93-modda
Bolalarning oiladagi xususiy mulki
Voyaga yetmagan bolalar qonunda belgilangan tartibda xususiy mulk egasi boʻlish huquqiga egadirlar. Voyaga yetmagan bolalarning qonunda belgilangan tartibda hadya, meros tariqasida olgan mol-mulki, shuningdek shaxsiy mehnati va tadbirkorlik faoliyati natijasida orttirgan mol-mulki ularning xususiy mulki hisoblanadi. Voyaga yetmaganlarning tadbirkorlik faoliyatiga qoʻshgan mablagʻi va undan orttirgan daromadi, agar bola bilan ota-ona yoki oilaning boshqa aʼzolari oʻrtasida boshqacha tartibni belgilovchi shartnoma boʻlmasa, voyaga yetmaganlarning xususiy mulki hisoblanadi. Voyaga yetmaganlarning shaxsiy foydalanishidagi buyumlari (kiyim-kechak, poyabzal, ishlab chiqarish qurollari, oʻquv anjomlari va boshqalar) ularning xususiy mulki hisoblanadi.
- OilaFAMILY · 94-modda
Voyaga yetmagan bolalarning xususiy mulkini boshqarish va tasarruf etish
Ota-ona, farzandlikka oluvchilar, vasiylar va homiylar voyaga yetmagan bolalarning xususiy mulkini fuqarolik qonunchiligida belgilangan tartibda boshqaradilar va tasarruf etadilar.
- OilaFAMILY · 95-modda
Ota-ona va bolalar oʻrtasidagi mulkiy nizolarni hal qilish
Ota-ona va voyaga yetmagan bolalar oʻrtasida kelib chiqqan mulkiy nizolar sud tomonidan umumiy asoslarda hal qilinadi. Bunday hollarda voyaga yetmagan bolalarning huquqini himoya qilish vasiylik va homiylik organlari tomonidan amalga oshiriladi.
- OilaFAMILY · 96-modda
Ota-onaning voyaga yetmagan bolalariga taʼminot berish majburiyati
Ota-ona voyaga yetmagan bolalariga taʼminot berishi shart. Voyaga yetmagan bolalariga taʼminot berish majburiyatini ixtiyoriy ravishda bajarmagan ota (ona)dan sudning hal qiluv qaroriga yoki sud buyrugʻiga asosan aliment undiriladi. Voyaga yetmagan bolalarga aliment toʻlash haqida ota-ona oʻrtasida kelishuv boʻlmaganda yoki aliment ixtiyoriy ravishda toʻlanmaganda va ota-onadan birortasi ham aliment undirish toʻgʻrisida sudga daʼvo yoxud ariza bilan murojaat qilmagan hollarda, vasiylik va homiylik organlari, shuningdek oʻn toʻrt yoshga toʻlgan bola voyaga yetmagan bolaning taʼminoti uchun ota yoki onadan qonunda belgilangan miqdorda aliment undirish toʻgʻrisida daʼvo qoʻzgʻatishga haqlidir. Ota-ona va bola alohida-alohida yashagan taqdirda, vasiylik va homiylik organlari, shuningdek oʻn toʻrt yoshga toʻlgan bola bir vaqtning oʻzida ota va onadan voyaga yetmagan bolalarning taʼminoti uchun aliment undirish toʻgʻrisida daʼvo qoʻzgʻatishga haqli.
- OilaFAMILY · 97-modda
Bolalarga taʼminot berishda ota-ona majburiyatlarining tengligi
Voyaga yetmagan bolalariga aliment toʻlash va ularga taʼminot berishda ota-onaning majburiyatlari tengdir. Voyaga yetgan, mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj bolalariga taʼminot berishda ota-onaning majburiyatlari tengdir.
- OilaFAMILY · 98-modda
Ota-onaning voyaga yetmagan bolalariga aliment toʻlash tartibi
Ota-ona voyaga yetmagan bolalariga taʼminot berish uchun aliment toʻlash tartibini oʻzaro kelishgan holda belgilashga haqlidirlar. Voyaga yetmagan bolalariga taʼminot berish uchun aliment toʻlash tartibi va shakli haqida ota-ona oʻrtasidagi kelishuv qonunda belgilangan qoidalarga va bolaning manfaatlariga zid boʻlmasligi kerak.
- OilaFAMILY · 99-modda
Ota-onaning voyaga yetmagan bolalariga toʻlaydigan aliment miqdori
Agar voyaga yetmagan bolalariga taʼminot berish haqida ota-ona oʻrtasida kelishuv boʻlmasa, ularning taʼminoti uchun aliment sud tomonidan ota-onaning har oydagi ish haqi va (yoki) boshqa daromadining bir bola uchun — toʻrtdan bir qismi; ikki bola uchun — uchdan bir qismi; uch va undan ortiq bola uchun — yarmisi miqdorida undiriladi. Bu toʻlovlarning miqdori taraflarning moddiy yoki oilaviy ahvolini va boshqa eʼtiborga loyiq holatlarni hisobga olgan holda sud tomonidan kamaytirilishi yoki koʻpaytirilishi mumkin. Har bir bola uchun undiriladigan aliment miqdori qonunchilik bilan belgilangan mehnatga haq toʻlash eng kam miqdorining 26,5 foizidan kam boʻlmasligi kerak.
- MehnatLABOR · 1-modda
Ushbu Kodeks bilan tartibga solinadigan munosabatlar
Ushbu Kodeks xodimlar, ish beruvchilar va davlat manfaatlarining muvozanatini taʼminlash hamda ularni muvofiqlashtirish asosida yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlarni va ular bilan bevosita bogʻliq boʻlgan ijtimoiy munosabatlarni tartibga soladi.
- MehnatLABOR · 10-modda
Mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilik
Mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilik ushbu Kodeksdan hamda yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlarni va ular bilan bevosita bogʻliq boʻlgan ijtimoiy munosabatlarni tartibga soluvchi boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir. Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida xodimlar uchun Oʻzbekiston Respublikasining mehnat toʻgʻrisidagi qonunchiligiga yoki mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarga nisbatan imtiyozliroq qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnoma qoidalari qoʻllaniladi. Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalarining qoidalari mehnatga oid yakka tartibdagi munosabatlar va ular bilan bevosita bogʻliq boʻlgan ijtimoiy munosabatlar Oʻzbekiston Respublikasining mehnat toʻgʻrisidagi qonunchiligida toʻgʻridan-toʻgʻri tartibga solinmagan hollarda ham qoʻllaniladi.
- MehnatLABOR · 100-modda
Mehnat shartnomasi alohida asoslarga koʻra bekor qilinganda oʻrtacha oylik ish haqini ishga joylashtirish davrida saqlab qolish kafolatlari
Mehnat shartnomasi quyidagi asoslar boʻyicha bekor qilingan taqdirda, ish qidirish davrida oʻrtacha oylik ish haqining ishdan boʻshatish nafaqasi hisobga olingan holda, biroq koʻpi bilan ikki oyga saqlanib qolishi xodimlar uchun kafolatlanadi: xodim yangi mehnat shartlari asosida ishlashni davom ettirishni rad etganligi; xodim ish beruvchi bilan birga ishlash uchun boshqa joyga koʻchishni rad etganligi; xodim sogʻligʻining holatiga koʻra tibbiy xulosaga muvofiq sogʻligʻining holati boʻyicha oʻziga qarshi koʻrsatma mavjud boʻlmagan boshqa ishga oʻtishni rad etganligi yoki ish beruvchida tegishli ish mavjud emasligi; texnologiyaning, ishlab chiqarish va mehnatni tashkil etishning oʻzgarishi sababli tashkilot xodimlarining soni yoki shtati oʻzgarganligi, ishlar (mahsulot, xizmatlar) hajmining qisqarganligi; tashkilotning (uning alohida boʻlinmasining) oʻz taʼsischilari (ishtirokchilari) qaroriga koʻra tugatilganligi yoxud taʼsis hujjatlari bilan shunga vakolatli boʻlgan yuridik shaxs organining qaroriga koʻra tugatilganligi; bajarayotgan ishiga malakasi yetarli emasligi oqibatida noloyiq ekanligi; shu ishni ilgari bajarib kelgan xodimning ishga tiklanganligi; sudning tashkilotni tugatish toʻgʻrisidagi qarori qonuniy kuchga kirganligi. Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan kafolatlar tashkilot rahbari, uning oʻrinbosarlari, bosh buxgalter bilan, tashkilotda bosh buxgalter lavozimi mavjud boʻlmagan taqdirda esa bosh buxgalter vazifalarini amalga oshiruvchi xodim (bundan buyon matnda bosh buxgalter deb yuritiladi) bilan tuzilgan mehnat shartnomasi mulkdorning almashishi sababli bekor qilingan hollarga nisbatan ham tatbiq etiladi, bundan banklar sanatsiya qilingan taqdirda mehnat shartnomasining bekor qilinishi mustasno. Ushbu moddaning birinchi qismida ayrim toifadagi xodimlar uchun nazarda tutilgan kafolatlarni taqdim etishning oʻziga xos xususiyatlari ushbu Kodeks 494-moddasining beshinchi qismiga, 506-moddasining toʻrtinchi qismiga, 511-moddasining yettinchi qismiga, 518-moddasining yettinchi qismiga muvofiq belgilanadi. Agar ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlarida koʻrsatilgan xodimlar mehnat shartnomasi bekor qilinganidan keyin oʻttiz kalendar kun ichida mahalliy mehnat organida ish qidirayotgan shaxslar sifatida roʻyxatdan oʻtgan boʻlsa, ular mahalliy mehnat organi tomonidan berilgan maʼlumotnoma boʻyicha uchinchi oy uchun ham avvalgi ish joyidan oʻrtacha oylik ish haqini olish huquqiga ega boʻladi. Ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlarida koʻrsatilgan xodimlarga uch oylik davr tugagach maqbul keladigan ish topib berilmagan taqdirda, ular ishsiz deb eʼtirof etiladi. Ish beruvchi toʻlovga qobiliyatsiz deb topilgan taqdirda, u bilan mehnatga oid munosabatlarda boʻlgan xodimlar ish haqi va oʻziga tegishli boshqa toʻlovlar xususida boshqa barcha kreditorlarning talablariga nisbatan imtiyozli huquqdan foydalanadi. Tugatilayotgan tashkilotlarda mablagʻlar mavjud boʻlmagan taqdirda, ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan xodimlarga kompensatsiyalarni toʻlash Oʻzbekiston Respublikasi Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasining mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
- MehnatLABOR · 101-modda
Taklif etilgan shaxslarga ishga joylashtirish sohasidagi qoʻshimcha kafolatlar
Basharti ish beruvchi ishga joylashtirish toʻgʻrisidagi taklif bilan jismoniy shaxsga taklifnoma yuborgan boʻlsa, ish beruvchi taklifnomaning amal qilish muddati davomida, agar taklifnomada muddat shartlashilmagan boʻlsa, taklifnoma yuborilgan kundan eʼtiboran bir oy ichida ushbu shaxsni ishga qabul qilishni rad etishga haqli emas. Taklifnoma deganda ish beruvchining ushbu jismoniy shaxs bilan mehnat shartnomasini tuzish uchun toʻgʻridan-toʻgʻri, aniq ifodalangan rozilik bildirishi tushuniladi. Taklifnoma ish beruvchining tegishli vakolatli mansabdor shaxsi tomonidan yozma yoki elektron shaklda yuborilishi mumkin. Ushbu modda birinchi qismining qoidalari xodim qonunchilikda nazarda tutilgan barcha zarur tartib-taomillardan oʻtgan taqdirda chet el fuqarolariga va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga nisbatan tatbiq etiladi.
- MehnatLABOR · 102-modda
Ish beruvchi alohida asoslar boʻyicha mehnat shartnomasini bekor qilgan xodimlarni qayta ishga qabul qilish tartibi
Davlat organlaridagi yoki xodimlarning vakillik organlaridagi saylab qoʻyiladigan lavozimlarga saylanganligi tufayli ishdan ozod qilingan shaxslarga ularning saylab qoʻyiladigan lavozimdagi vakolatlari tugagandan keyin avvalgi ishi (lavozimi) beriladi, bunday ish (lavozim) mavjud boʻlmaganda esa boshqa teng ish (lavozim) beriladi. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatlarini va Senatida doimiy asosda ishlagan Senat aʼzolarini vakolatlari muddati tugaganidan keyin, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi va Senati tarqatib yuborilgan taqdirda ishga joylashtirish “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatining va Senati aʼzosining maqomi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 16-moddasida belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Harbiy xizmatga chaqirilgan (kirgan) xodim zaxiraga boʻshatilganidan yoki isteʼfoga chiqarilganidan keyin, agar u ishga joylashish masalasi boʻyicha ish beruvchiga Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safidan, Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiyasi va Favqulodda vaziyatlar vazirligi qoʻshinlaridan boʻshatilgan kundan eʼtiboran uch oydan kechiktirmay murojaat qilgan boʻlsa, avvalgi ish joyida ishga joylashishda ustuvor huquqqa ega boʻladi. Harbiy xizmatga chaqirilgan (kirgan), lekin keyinchalik zaxiraga boʻshatilgan yoki isteʼfoga chiqarilgan xodim, agar u harbiy xizmatga chaqirilgan (kirgan) kundan eʼtiboran koʻpi bilan uch oy oʻtgan boʻlsa, avvalgi ish joyiga (lavozimiga) qaytish huquqiga ega. Tashkilot qayta tashkil etilganda harbiy xizmatdan boʻshatilgan shaxslarni ishga joylashtirishni tashkilotning huquqiy vorisi, tashkilot tugatilganda esa mahalliy mehnat organi amalga oshiradi. Xodimlarga ushbu moddaning birinchi, ikkinchi va uchinchi qismlarida koʻrsatilgan kafolatlarni berish imkoni boʻlmagan hollarda mahalliy mehnat organi ularni ishga joylashtirishni, zarur boʻlganda esa ularni bepul kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni taʼminlaydi. Ish beruvchi ushbu Kodeks 161-moddasi ikkinchi qismining 2-bandiga koʻra ilgari oʻzi bilan mehnat shartnomasi bekor qilingan xodimlarni, basharti xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingan kundan eʼtiboran olti oy ichida tashkilotda xodim ilgari egallagan oʻsha mutaxassislik va malaka boʻyicha boʻsh (vakant) ish oʻrinlari paydo boʻlgan boʻlsa, ishga qabul qilishi shart.
- MehnatLABOR · 103-modda
Mehnat shartnomasining tushunchasi va taraflari
Mehnat shartnomasi xodim va ish beruvchi oʻrtasidagi taraflarning oʻzaro huquqlari hamda majburiyatlarini belgilovchi kelishuv boʻlib, unga muvofiq xodim ish beruvchining manfaatini koʻzlab, ushbu kelishuvda belgilangan mehnat vazifasini uning rahbarligi va nazorati ostida shaxsan bajarish, ichki mehnat qoidalariga rioya etish majburiyatini, ish beruvchi esa xodimga shartlashilgan mehnat vazifasi boʻyicha ish berish, xodimga ish haqini oʻz vaqtida hamda toʻliq miqdorda toʻlash, mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikda, mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda va ushbu kelishuvda nazarda tutilgan mehnat sharoitlarini taʼminlash majburiyatini oʻz zimmasiga oladi. Xodim va ish beruvchi mehnat shartnomasining taraflaridir.