Qonun toʻplami
Yurideks yordamchisi foydalanadigan qonun moddalarining namunaviy toʻplami. Mavzu boʻyicha filtrlang yoki toʻliq matndan qidiring.
2695 ta modda topildi
- MehnatLABOR · 104-modda
Mehnat shartnomasining mazmuni
Mehnat shartnomasiga kiritilishi shart boʻlgan shartlar quyidagilardan iborat: ish joyi — xodim shartnomada shart qilib koʻrsatilgan mehnat vazifasiga koʻra mehnat faoliyatini amalga oshiradigan ish beruvchi (tashkilot, uning alohida boʻlinmasi yoki jismoniy shaxs), shuningdek xodim mehnat qilishi kerak boʻlgan joy; mehnat vazifasi — muayyan kasb, mutaxassislik, malaka yoxud lavozim boʻyicha ish, shuningdek xodimga topshiriladigan ishning aniq turi; ishning boshlanish sanasi — xodim mehnat shartnomasida shart qilib koʻrsatilgan ishni bajarishga kirishishi kerak boʻlgan kalendar sana; mehnatga haq toʻlash shartlari (shu jumladan xodimning tarif stavkasi yoki maoshi miqdori, qoʻshimcha toʻlovlar, ustamalar va ragʻbatlantiruvchi toʻlovlar); xodim bilan muddatli mehnat shartnomasi tuzilgan taqdirda mehnat shartnomasining muddati, shuningdek ushbu Kodeksga yoki boshqa qonunlarga muvofiq muddatli shartnomani tuzish uchun asoslar; ish vaqti va dam olish vaqti rejimi, agar bu xodim uchun ushbu rejim mazkur ish beruvchida mehnat faoliyatini amalga oshiradigan xodimlar uchun nazarda tutilgan ish vaqtining va dam olish vaqtining umumiy rejimidan farq qiladigan boʻlsa; ish joyidagi mehnat sharoitlarining xususiyatlari koʻrsatilgan holda normal sharoitlardan farq qiladigan sharoitlardagi ish uchun kafolatlar va kompensatsiyalar, agar xodim mazkur ishga qabul qilinayotgan boʻlsa; zarur boʻlgan hollarda ishning xususiyatini belgilaydigan shartlar (koʻchma, sayyor, yoʻldagi, ishning boshqa xususiyati); mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikda va mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda nazarda tutilgan hollarda boshqa shartlar. Agar mehnat shartnomasini tuzish chogʻida ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan shartlardan biror-biri shartnomaga kiritilmagan boʻlsa, bu mehnat shartnomasini tuzilmagan deb eʼtirof etish yoki uni bekor qilish uchun asos boʻlmaydi. Mehnat shartnomasi qoʻshimcha shartlar bilan toʻldirilishi kerak. Bunda qoʻshimcha shartlar mehnat shartnomasining ajralmas qismi boʻlgan, mehnat shartnomasiga doir yozma shaklda tuziladigan qoʻshimcha kelishuv bilan belgilanadi. Mehnat shartnomasida mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikda va mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda belgilanganiga nisbatan xodimning holatini yomonlashtirmaydigan qoʻshimcha shartlar, shu jumladan quyidagi shartlar nazarda tutilishi mumkin: ish joyini aniqlashtirish (tarkibiy boʻlinma va uning joylashgan yeri koʻrsatilgan holda) va (yoki) ish joyi toʻgʻrisida; ishga qabul qilish chogʻidagi dastlabki sinov haqida; bir necha kasbda (lavozimda) ishlaganlik toʻgʻrisida; davlat sirlarini va qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa sirni oshkor qilmaslik haqida; agar oʻqitish ish beruvchining mablagʻlari hisobidan olib borilgan boʻlsa, xodimning oʻqishdan keyin shartnomada belgilangan muddatdan kam boʻlmagan muddatni ishlab berish majburiyati toʻgʻrisida; xodimni qoʻshimcha sugʻurta qilish turlari va shartlari haqida; xodimga va uning oila aʼzolariga taqdim etiladigan ijtimoiy-maishiy sharoitlar toʻgʻrisida; xodimning ish sharoitlariga nisbatan qoʻllaniladigan xodimning va ish beruvchining mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikda hamda mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda belgilangan huquqlari va majburiyatlarini aniqlashtirish haqida. Xodimning va ish beruvchining mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikda belgilangan biror-bir huquqlari va (yoki) majburiyatlarining mehnat shartnomasiga kiritilmasligi ushbu huquqlarni amalga oshirishni yoki bu majburiyatlarni bajarishni rad etish sifatida koʻrib chiqilishi mumkin emas.
- MehnatLABOR · 105-modda
Mehnat shartnomasi shartlarining haqiqiy emasligi
Mehnat shartnomasining mazmuniga: xodimning holatini mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikka va mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarga nisbatan yomonlashtiradigan; mehnat va mashgʻulotlar sohasida kamsitishni taqiqlash toʻgʻrisidagi talablarni buzadigan; majburiy mehnatni taqiqlash haqidagi talablarni buzadigan; xodimni qonunga xilof harakatlarni yoki ham xodimning, ham boshqa shaxslarning huquqlarini buzadigan, hayoti va sogʻligʻiga tahdid soladigan, shaʼniga, qadr-qimmatiga yoki ishchanlik obroʻsiga putur yetkazadigan harakatlarni amalga oshirishga majburlaydigan shartlar kiritilmasligi kerak, agar ular kiritilgan boʻlsa, haqiqiy boʻlmaydi. Mehnat shartnomasi ayrim shartlarining haqiqiy emasligi mehnat shartnomasining umuman haqiqiy emasligiga sabab boʻlmaydi.
- MehnatLABOR · 106-modda
Mehnat shartnomasining shakli
Mehnat shartnomasi bir xil kuchga ega boʻlgan kamida ikki nusxada yozma (qogʻozda yoki elektron) shaklda tuzilib, ularning har biri taraflar tomonidan imzolanadi. Elektron shakldagi mehnat shartnomasi qonunchilikda belgilangan tartibda “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat majmuida rasmiylashtiriladi. Mehnat shartnomasining har bir nusxasi xodimning va ishga qabul qilish huquqiga ega boʻlgan mansabdor shaxsning imzolari bilan mustahkamlanadi. Ish beruvchida muhr mavjud boʻlgan taqdirda mansabdor shaxsning mehnat shartnomasining barcha nusxalaridagi imzosi muhr bilan tasdiqlanadi. Mehnat shartnomasining bir nusxasi xodimga beriladi, boshqasi (boshqalari) ish beruvchida saqlanadi. Mehnat shartnomasining nusxasi xodim tomonidan olinganligi ish beruvchida saqlanadigan mehnat shartnomasi nusxasidagi xodim mehnat shartnomasining nusxasini olganligi toʻgʻrisidagi alohida imzosi bilan tasdiqlanadi. Mehnat shartnomasida shartnomaning ushbu Kodeksning 107-moddasida nazarda tutilgan rekvizitlari koʻrsatiladi. Ish beruvchilar va xodimlarga mehnat shartnomalarini tuzishda amaliy yordam koʻrsatish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan Ijtimoiy-mehnat masalalari boʻyicha respublika uch tomonlama komissiyasi bilan kelishuvga koʻra tavsiyaviy xususiyatga ega boʻlgan mehnat shartnomalarining namunaviy shakllari ishlab chiqiladi.
- MehnatLABOR · 107-modda
Mehnat shartnomasining rekvizitlari
Mehnat shartnomasida mehnat shartnomasi tuzilgan sana va joy, mehnat shartnomasining raqami va uning taraflarining rekvizitlari koʻrsatiladi. Xodimning mehnat shartnomasida koʻrsatiladigan rekvizitlari quyidagilardan iborat: familiyasi, ismi va otasining ismi; shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar; yashash yoki turgan joyining manzili va u bilan bogʻlanishga doir maʼlumotlar; jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami; shaxsiy jamgʻarib boriladigan pensiya hisobvaragʻi raqami. Ish beruvchining mehnat shartnomasida koʻrsatiladigan rekvizitlari quyidagilardan iborat: mehnat shartnomasini tuzgan ish beruvchining nomi: tashkilotning nomi, agar ish beruvchi tashkilotning alohida boʻlinmasi boʻlsa, — ushbu boʻlinmaning nomi, ish beruvchi jismoniy shaxs boʻlgan hollarda, — jismoniy shaxs boʻlgan ish beruvchining familiyasi, ismi, otasining ismi va pasport maʼlumotlari (identifikatsiyalovchi ID-kartasi maʼlumotlari), yakka tartibdagi tadbirkor boʻlgan ish beruvchi uchun esa uning familiyasi, ismi, otasining ismi, pasport maʼlumotlari (identifikatsiyalovchi ID-kartasi maʼlumotlari), shuningdek davlat roʻyxatidan oʻtganligi toʻgʻrisidagi guvohnomaning raqami va berilgan sanasi; ish beruvchining mehnat shartnomasini imzolagan vakili haqidagi maʼlumotlar va, agar tashkilot yoki uning alohida boʻlinmasi ish beruvchi boʻlsa, vakilga tegishli vakolatlar berilganligining asosi; ish beruvchi tashkilotning joylashgan yeri (pochta manzili) yoki tashkilotning alohida boʻlinmasi xodim bilan mehnat shartnomasini tuzgan ish beruvchi boʻlgan hollarda, ushbu alohida boʻlinmaning joylashgan yeri (pochta manzili) yoxud jismoniy shaxs boʻlgan ish beruvchining yashash yoki turgan joyi manzili; soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami (bundan yakka tartibdagi tadbirkorlar boʻlmagan jismoniy shaxslar boʻlgan ish beruvchilar mustasno); tashkilotlar yoki ularning alohida boʻlinmalari boʻlgan ish beruvchilarning, shuningdek yakka tartibdagi tadbirkorlarning bank rekvizitlari; ish beruvchining aloqa maʼlumotlari (telefon raqamlari, elektron pochta manzili va boshqalar). Agar mehnat shartnomasini tuzishda ushbu moddaning birinchi, ikkinchi va uchinchi qismlarida nazarda tutilgan rekvizitlardan biror-biri shartnomaga kiritilmagan boʻlsa, bu mehnat shartnomasini tuzilmagan deb eʼtirof etish yoki uni bekor qilish uchun asos boʻlmaydi. Mehnat shartnomasi yetishmayotgan rekvizitlar bilan toʻldirilishi kerak. Bunda yetishmayotgan rekvizitlar mehnat shartnomasiga doir yozma shaklda tuziladigan qoʻshimcha kelishuv bilan belgilanadi, ushbu kelishuv mehnat shartnomasining ajralmas qismidir. Rekvizitlar oʻzgargan taqdirda, mehnat shartnomasining tarafi ular oʻzgartirilgan paytdan eʼtiboran uch ish kuni ichida bu haqda boshqa tarafga yozma shaklda xabar qilishi kerak.
- MehnatLABOR · 108-modda
Mehnat shartnomasining kuchga kirishi va ishning boshlanish sanasi
Mehnat shartnomasi ish beruvchi va xodim tomonidan imzolangan kundan eʼtiboran kuchga kiradi. Xodim mehnat shartnomasida belgilangan sanadan eʼtiboran mehnat vazifalarini bajarishga kirishishi shart. Agar mehnat shartnomasida ish boshlanadigan kun belgilanmagan boʻlsa, xodim shartnoma kuchga kirgan kundan keyingi ish kunida ishga kirishishi kerak.
- MehnatLABOR · 109-modda
Mehnat shartnomasini roʻyxatdan oʻtkazish
Mehnat shartnomasini tuzish va bekor qilish, shuningdek unga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish qonunchilikda belgilangan tartibda “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksida roʻyxatdan oʻtkazilishi shart.
- MehnatLABOR · 11-modda
Mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikning amal qilish sohasi
Mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikning amal qilishi: xodim va ish beruvchi oʻrtasidagi yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlarga; yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlar bilan bevosita bogʻliq boʻlgan ijtimoiy munosabatlarga nisbatan tatbiq etiladi. Mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikda va mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda, mehnat shartnomasida nazarda tutilgan mehnat shartlarini ish beruvchi tomonidan taʼminlashda xodimning mehnat vazifasini ichki mehnat tartibiga boʻysungan holda haq evaziga shaxsan bajarishi haqidagi, xodim bilan ish beruvchi oʻrtasidagi kelishuvga asoslangan munosabatlar yakka tartibdagi mehnat munosabatlaridir. Xodim bilan ish beruvchi oʻrtasidagi yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlarni haqiqatda tartibga soladigan fuqarolik-huquqiy xususiyatga ega shartnomalar tuzish taqiqlanadi. Yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlar bilan bevosita bogʻliq boʻlgan ijtimoiy munosabatlar jumlasiga quyidagilar kiradi: xodimni ish beruvchida ishga joylashtirishga oid munosabatlar; xodimni ish beruvchida kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va uning malakasini oshirishga oid munosabatlar; mehnat sohasidagi ijtimoiy sheriklik jarayonida shakllanadigan jamoaviy mehnat munosabatlari; mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikka, mehnatni muhofaza qilish qoidalariga hamda mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarga rioya etilishi ustidan tekshiruv va nazoratga oid munosabatlar; mehnat nizolarini koʻrib chiqishga oid munosabatlar. Agar Oʻzbekiston Respublikasining qonunlarida yoki xalqaro shartnomasida boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, Oʻzbekiston Respublikasi hududida mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilik bilan belgilangan qoidalar chet el fuqarolari, fuqaroligi boʻlmagan shaxslar ishtirokidagi, chet el fuqarolari, fuqaroligi boʻlmagan shaxslar tomonidan tashkil etilgan yoki taʼsis etilgan tashkilotlar yoxud ushbu fuqarolar, shaxslar ishtirokidagi, xalqaro tashkilotlar va chet el yuridik shaxslari ishtirokidagi mehnatga oid munosabatlarga nisbatan tatbiq etiladi. Mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikning amal qilishi Oʻzbekiston Respublikasi davlat xizmatchilariga, shu jumladan Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi davlat muassasalariga (diplomatik, konsullik muassasalariga va boshqa muassasalarga) ishga yuborilgan xodimlarga va muqobil xizmatni oʻtayotgan shaxslarga nisbatan qonunlarda nazarda tutilgan oʻziga xos xususiyatlar inobatga olingan holda tatbiq etiladi. Davlat fuqarolik xizmatchilarining mehnatga oid munosabatlariga nisbatan mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikning amal qilishi “Davlat fuqarolik xizmati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni bilan tartibga solinmagan qismi boʻyicha tatbiq etiladi. Kontrakt boʻyicha harbiy xizmatni oʻtayotgan harbiy xizmatchilarga, shuningdek ichki ishlar va davlat bojxona xizmati organlarida, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatida, Milliy gvardiyasida xizmat oʻtayotgan harbiy xizmatchilarga (xodimlarga) va ularga tenglashtirilgan boshqa shaxslarga nisbatan mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikning maxsus qonunchilikka zid boʻlmagan qismi tatbiq etiladi. Sudyalarga nisbatan mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikning sudlar toʻgʻrisidagi qonunchilikda tartibga solinmagan qismi boʻyicha tatbiq etiladi. Prokuratura organlari xodimlariga nisbatan mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikning prokuratura organlari faoliyatini tartibga soluvchi qonunchilikka zid boʻlmagan qismi tatbiq etiladi. Qutqaruv xizmatlarining va professional qutqaruv tuzilmalarining mehnat shartnomasi boʻyicha ishlayotganlar jumlasidan boʻlgan qutqaruvchilarining mehnatga oid munosabatlariga nisbatan mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikning amal qilishi “Qutqaruv xizmati va qutqaruvchi maqomi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni bilan tartibga solinmagan qismi boʻyicha tatbiq etiladi. Jinoyatlar sodir etganlik uchun sudning hukmi bilan hukm qilinganlarning mehnatga oid munosabatlariga nisbatan mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikning amal qilishi Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat-ijroiya kodeksida nazarda tutilgan istisnolar va cheklovlar hisobga olingan holda tatbiq etiladi. Mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilik quyidagi shaxslarga nisbatan (agar ular ushbu Kodeksda belgilangan tartibda bir vaqtning oʻzida ish beruvchilar yoki ularning vakillari sifatida ish yuritmasa) tatbiq etilmaydi: muddatli harbiy xizmatni oʻtayotgan harbiy xizmatchilarga; tashkilotlarning kuzatuv kengashlari aʼzolariga; mazkur tashkilotning xodimlari boʻlmagan taftish komissiyalari aʼzolariga (taftishchilarga); fuqarolik-huquqiy xususiyatga ega shartnomalar asosida ishlarni bajarayotgan (xizmatlar koʻrsatayotgan) shaxslarga; agar qonunda belgilangan boʻlsa, boshqa shaxslarga. Agar shaxsiy mehnatdan foydalanish bilan bogʻliq boʻlgan munosabatlar fuqarolik-huquqiy xususiyatga ega shartnoma asosida yuzaga kelgan boʻlsa, biroq keyinchalik ushbu Kodeksda yoki boshqa qonunlarda belgilangan tartibda yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlar deb eʼtirof etilgan boʻlsa, bunday munosabatlarga nisbatan mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilik va mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlar qoidalari qoʻllaniladi.
- MehnatLABOR · 110-modda
Mehnat shartnomasining muddati
Mehnat shartnomasi: nomuayyan muddatga; uch yildan koʻp boʻlmagan muayyan muddatga (muddatli mehnat shartnomasi) tuzilishi mumkin. Agar mehnat shartnomasida uning amal qilish muddati shartlashilmagan boʻlsa, shartnoma nomuayyan muddatga tuzilgan deb hisoblanadi.
- MehnatLABOR · 111-modda
Xodim bilan muddatli mehnat shartnomasini tuzishning asosliligi
Agar muddatli mehnat shartnomasi ushbu Kodeksning 112 yoki 113-moddasi qoidalarini hisobga olgan holda tuzilgan boʻlsa, xodim bilan ushbu shartnomani tuzish asoslidir. Agar yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlar boʻlajak ishning xususiyatini yoki uni bajarish shartlarini hisobga olgan holda nomuayyan muddatga belgilanishi mumkin boʻlmasa, ushbu Kodeksning 112-moddasiga muvofiq muddatli mehnat shartnomasi tuziladi. Ushbu Kodeksning 113-moddasida nazarda tutilgan hollarda muddatli mehnat shartnomasi mehnat shartnomasi taraflarining kelishuvi boʻyicha boʻlajak ishning xususiyatini va uni bajarish shartlarini hisobga olmasdan tuzilishi mumkin. Belgilangan muddatga tuzilgan mehnat shartnomasi buning uchun ushbu Kodeksning 112 yoki 113-moddasida nazarda tutilgan yetarli asoslar mavjud boʻlmaganda nomuayyan muddatga tuzilgan deb hisoblanadi. Muddatli shartnomani tuzish sabablari boʻlib xizmat qilgan holatlarga oʻrin qolmagan taqdirda, shuningdek yuz berishi mehnat shartnomasi muddatining tugashi bilan bogʻliq boʻlgan hodisa sodir boʻlganiga uch yildan oshgan boʻlsa, shartnoma nomuayyan muddatga uzaytirilgan deb hisoblanadi. Nomuayyan muddatga tuzilgan mehnat shartnomasi xodimning roziligisiz belgilangan muddatga qayta tuzilishi mumkin emas. Agar qonunda boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, muddatli mehnat shartnomasining muddati tugaganidan keyin, ushbu Kodeksning 112 yoki 113-moddasida nazarda tutilgan asoslar mavjud boʻlganda taraflar uning amal qilish muddatini uzaytirishga haqli. Bunda muddatli mehnat shartnomasining jami muddati besh yildan oshmasligi kerak. Agar muddatli mehnat shartnomasining umumiy muddati u uzaytirilishidan oldin va keyin besh yildan oshgan boʻlsa, mehnat shartnomasi nomuayyan muddatga tuzilgan deb topiladi, bundan qonunda nazarda tutilgan hollar mustasno. Oʻzi bilan nomuayyan muddatga mehnat shartnomasi tuzilayotgan xodimlar uchun nazarda tutilgan huquqlar va kafolatlarni berishdan bosh tortish maqsadida muddatli mehnat shartnomalarini tuzish taqiqlanadi. Yakka tartibdagi mehnat nizolarini koʻrib chiqish chogʻida muddatli mehnat shartnomasini tuzishning asosliligini isbotlash vazifasi ish beruvchining zimmasiga yuklatiladi.
- MehnatLABOR · 112-modda
Xodim bilan muddatli mehnat shartnomasi tuziladigan hollar
Muddatli mehnat shartnomasi: mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikka va mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarga, mehnat shartnomasiga muvofiq ish joyi oʻzida saqlanib qoladigan, yoʻq boʻlgan xodimning majburiyatlarini bajarish vaqti uchun; vaqtinchalik (ikki oygacha) ishlarni bajarish vaqti uchun; tabiiy sharoitlar tufayli ish faqat muayyan davr (mavsum) ichida amalga oshirilishi mumkin boʻlganda mavsumiy ishlarni bajarish uchun; ish beruvchining odatdagi faoliyati doirasidan tashqariga chiqadigan ishlarni (rekonstruksiya qilish, montaj qilish, ishga tushirish-sozlash ishlari va boshqa ishlar), shuningdek ishlab chiqarishni yoki ishlar (mahsulot, xizmatlar) hajmini oldindan maʼlum boʻlgan vaqtinchalik (bir yilgacha) kengaytirish bilan bogʻliq ishlarni bajarish uchun; taʼsis hujjatlariga binoan oldindan belgilangan muddatga tashkil etilgan tashkilotlarga ishga kirayotgan shaxslar bilan; ishning tamomlanishi aniq sana bilan belgilanishi mumkin boʻlmagan hollarda muddatli xususiyatga ega boʻlgan, oldindan belgilangan ishlarni bajarish uchun qabul qilinadigan shaxslar bilan; ishlab chiqarishda oʻqitish shartnomasi bilan bevosita bogʻliq boʻlgan ishlarni bajarish, haq toʻlanadigan ishlab chiqarish amaliyotini yoki stajirovkani oʻtash uchun; mehnat organlari tomonidan vaqtinchalik xususiyatga ega boʻlgan ishlarga yoki haq toʻlanadigan jamoat ishlariga yuborilgan shaxslar bilan; muqobil xizmatni oʻtash uchun yuborilgan fuqarolar bilan; Oʻzbekiston Respublikasiga uning hududida mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun qonuniy ravishda kirib kelgan chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar bilan tuziladi. Muddatli mehnat shartnomasi ushbu Kodeksga yoki boshqa qonunga muvofiq oʻzga hollarda ham tuzilishi mumkin.
- MehnatLABOR · 113-modda
Xodim bilan muddatli mehnat shartnomasi tuzilishi mumkin boʻlgan hollar
Xodim va ish beruvchi oʻrtasidagi kelishuvga koʻra muddatli mehnat shartnomasi: mikrofirmalar yoxud yakka tartibdagi tadbirkorlar boʻlgan ish beruvchilarga ishga kirayotgan shaxslar bilan; jismoniy shaxslar boʻlgan ish beruvchilarga shaxsiy xizmat koʻrsatish va uy xoʻjaligini yuritish boʻyicha yordam berish maqsadida ishga kirayotgan shaxslar (uy ishchilari) bilan; choʻldagi, baland togʻli, aholisi kam boʻlgan tumanlarda joylashgan tashkilotlarga ishga kirayotgan shaxslar bilan, agar bu ish joyiga koʻchib oʻtish bilan bogʻliq boʻlsa. Bunday tumanlarning roʻyxati Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan Ijtimoiy-mehnat masalalari boʻyicha respublika uch tomonlama komissiyasi bilan kelishilgan holda belgilanadi; halokatlar, avariyalar, baxtsiz hodisalar, epidemiyalar, epizootiyalarning oldini olish boʻyicha kechiktirib boʻlmaydigan ishlarni amalga oshirish, shuningdek ushbu va boshqa favqulodda vaziyatlarning oqibatlarini bartaraf etish uchun; madaniy-tomosha tashkilotlarining, televideniye, radioeshittirish tashkilotlarining va boshqa ommaviy axborot vositalarining ijodiy xodimlari, professional sportchilar, shuningdek asarlarni yaratishda va (yoki) ijro etishda (namoyish etishda) ishtirok etuvchi boshqa shaxslar bilan, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan Ijtimoiy-mehnat masalalari boʻyicha respublika uch tomonlama komissiyasi bilan kelishilgan holda ishlar, kasblar, lavozimlarning tasdiqlanadigan roʻyxatlariga muvofiq; agar qonunda boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, oʻz tashkiliy-huquqiy shakllaridan va mulkchilik shakllaridan qatʼi nazar, tashkilotlarning rahbarlari, rahbar oʻrinbosarlari va bosh buxgalterlari, shuningdek ular alohida boʻlinmalarning rahbarlari bilan; kunduzgi oʻqitish shakli boʻyicha taʼlim olayotgan shaxslar bilan; oʻrindoshlik asosida ishga kirayotgan shaxslar bilan tuzilishi mumkin. Xodim va ish beruvchi oʻrtasidagi kelishuvga koʻra muddatli mehnat shartnomasi ushbu Kodeksga yoki boshqa qonunga muvofiq oʻzga hollarda ham tuzilishi mumkin.
- MehnatLABOR · 114-modda
Mehnat shartnomasining muddatini belgilash usullari
Muddatli mehnat shartnomasida uning muddati quyidagilar orqali belgilanishi mumkin: mehnat shartnomasi muddatining umumiy davomiyligini kunlarda, oylarda, yillarda koʻrsatish; mehnat shartnomasi boʻyicha ish boshlanadigan kalendar sanani va mehnat shartnomasining muddati tugaydigan kalendar sanani koʻrsatish; yuz berishi bilan mehnat shartnomasining muddati tugaydigan hodisani aniqlash (obyektni foydalanishga topshirish, oʻrniga ishlab turish vaqtiga boshqa xodim bilan muddatli mehnat shartnomasi tuzilgan vaqtincha yoʻq boʻlgan xodimning ishga chiqishi va boshqalar).
- MehnatLABOR · 115-modda
Mehnat shartnomasida shart qilib koʻrsatilmagan ishning bajarilishini talab qilishni taqiqlash
Ish beruvchi xodimdan quyidagilarni talab qilishga haqli emas: agar ushbu Kodeksda va boshqa qonunda boshqacha qoidalar belgilanmagan boʻlsa, mehnat shartnomasida shart qilib koʻrsatilmagan ishni bajarishni; qonunga xilof boʻlgan, xodimning yoki boshqa shaxslarning huquqlarini buzadigan, hayoti va sogʻligʻini xavf ostiga qoʻyadigan, ularning shaʼni, qadr-qimmati hamda ishchanlik obroʻsiga putur yetkazadigan harakatlarni amalga oshirishni.
- MehnatLABOR · 116-modda
Bir necha kasbda (lavozimda) ishlash, xizmat koʻrsatish doirasini kengaytirish, ish hajmini koʻpaytirish, vaqtincha yoʻq boʻlgan xodimning majburiyatlarini mehnat shartnomasida belgilangan ishdan ozod etilmagan holda bajarish
Xodimning roziligi bilan unga ish kunining (smenaning) belgilangan davomiyligi mobaynida xuddi oʻsha ish beruvchida qoʻshimcha haq evaziga mehnat shartnomasida shart qilib koʻrsatilgan asosiy ish bilan bir qatorda, asosiy ishidagi kabi aynan oʻsha kasb (lavozim) boʻyicha yoki boshqa kasb (lavozim) boʻyicha ham qoʻshimcha ishni bajarish topshirilishi mumkin. Xodimga topshirilayotgan qoʻshimcha ish quyidagilar vositasida bajarilishi mumkin: xodim mehnat shartnomasida shart qilib koʻrsatilgan asosiy ishga nisbatan boshqa kasb (lavozim) boʻyicha qoʻshimcha ishni bajarayotgan hollarda bir necha kasbda (lavozimda) ishlash; xodim asosiy ishidagi ayni oʻsha kasb (lavozim) boʻyicha qoʻshimcha ishni bajarayotgan hollarda xizmat koʻrsatish doiralarini kengaytirish yoki ishlar hajmini koʻpaytirish; vaqtincha yoʻq boʻlgan xodimning majburiyatlarini mehnat shartnomasida belgilangan, asosiy ishidagi ayni oʻsha kasb (lavozim) yoki boshqa kasb (lavozim) boʻyicha ishdan ozod etilmagan holda bajarish. Xodim ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan qoʻshimcha ishni qaysi muddat ichida bajaradigan boʻlsa, oʻsha muddat, uning mazmuni va hajmi ish beruvchi hamda xodim oʻrtasidagi kelishuv boʻyicha belgilanadi. Mehnat shartnomasi taraflarining kelishuviga koʻra xodim tomonidan qoʻshimcha ishni bajarish muayyan muddatga yoxud nomuayyan muddatga belgilanishi mumkin. Xodimning zimmasiga vaqtincha yoʻq boʻlgan xodimning majburiyatlarini mehnat shartnomasida belgilangan asosiy ishdan ozod etilmagan holda bajarishni yuklatish vaqtincha yoʻq boʻlgan xodimning oʻrniga ishlash muddati bilan chegaralanadi. Ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan qoʻshimcha ishning xodim tomonidan bajarilishi toʻgʻrisidagi kelishuvga mehnat shartnomasining taraflari xodimni ishga qabul qilishda yoki xodim tomonidan xuddi oʻsha ish beruvchida mehnat faoliyatini amalga oshirish jarayonida erishishi mumkin. Agar xodim tomonidan ushbu modda ikkinchi qismining ikkinchi va uchinchi xatboshilarida nazarda tutilgan qoʻshimcha ish doimiy asosda bajarilishi haqidagi kelishuvga mehnat shartnomasining taraflari xodimni ishga qabul qilish chogʻida erishgan boʻlsa, bu mehnat shartnomasida uning qoʻshimcha sharti sifatida koʻrsatiladi. Agar xodim ushbu ish beruvchida mehnat faoliyatini amalga oshirish jarayonida taraflar ushbu modda ikkinchi qismining ikkinchi va uchinchi xatboshilarida nazarda tutilgan qoʻshimcha ish xodim tomonidan doimiy asosda bajarilishi toʻgʻrisida kelishib olgan boʻlsa, bunday kelishuv mehnat shartnomasiga qoʻshimcha kelishuv tarzida rasmiylashtiriladi. Xodimning ish beruvchi bilan kelishuvga koʻra belgilangan muddat mobaynida qoʻshimcha ishni bajarishga roziligi mehnat shartnomasiga oʻzgartishlar kiritilishini talab etmaydi va ish beruvchining buyrugʻi bilan rasmiylashtiriladi. Xodim buyruqning matni bilan tanishtirilishi va rozi boʻlgan taqdirda uni imzolashi kerak. Vaqtincha yoʻq boʻlgan xodimning majburiyatlarini asosiy ishdan ozod etilmagan holda bajarishni shtatdagi uning oʻrnini bosadigan, mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikka, mehnat shartnomasiga, mansab yoʻriqnomasiga muvofiq oʻz lavozim majburiyatlariga vaqtincha yoʻq boʻlgan xodimning majburiyatlarini bajarish kiradigan shaxs zimmasiga yuklatish ish beruvchining buyrugʻi bilan rasmiylashtiriladi, majburiyatlarni vaqtincha bajarish zimmasiga yuklatilayotgan xodimning biror-bir qoʻshimcha roziligini olishni talab etmaydi hamda qoʻshimcha ravishda haq toʻlanmaydi. Uch ish kunidan kechiktirmay boshqa tarafni yozma shaklda ogohlantirgan holda xodim qoʻshimcha ishni bajarishni muddatidan oldin rad etish, ish beruvchi esa uni bajarish toʻgʻrisidagi topshiriqlarni muddatidan oldin bekor qilish huquqiga ega. Bu qoida ushbu moddaning oltinchi qismida nazarda tutilgan holga nisbatan tatbiq etilmaydi.
- MehnatLABOR · 117-modda
Ish bilan bogʻliq hujjatlarni va ularning koʻchirma nusxalarini berish
Xodimning yozma arizasiga koʻra ish beruvchi ariza berilgan kundan eʼtiboran uch ish kunidan kechiktirmay xodimga ish bilan bogʻliq hujjatlarni (ishga qabul qilish toʻgʻrisidagi, boshqa ishga oʻtkazish haqidagi buyruqlarning koʻchirma nusxalarini; mehnat daftarchasidan yoxud elektron mehnat daftarchasidan koʻchirmalarni; ish haqi toʻgʻrisidagi, hisoblangan hamda xodim tomonidan haqiqatan toʻlangan soliqlar va yigʻimlar haqidagi, mazkur ish beruvchida ishlash davri toʻgʻrisidagi maʼlumotnomalarni va boshqalarni) berishi shart. Mehnat shartnomasi bekor qilingan taqdirda xodimga mehnat daftarchasini yoxud elektron mehnat daftarchasidan koʻchirma berish, shuningdek xodimga mehnat shartnomasini bekor qilish toʻgʻrisidagi buyruqning koʻchirma nusxasini berish ushbu Kodeksning 171-moddasida belgilangan tartibda va muddatlarda amalga oshiriladi. Ish bilan bogʻliq hujjatlarning koʻchirma nusxalari tashkilot rahbarining yoki boshqa vakolatli shaxsning imzosi, shuningdek muhri (u mavjud boʻlgan taqdirda) bilan tasdiqlangan boʻlishi kerak. Ish bilan bogʻliq hujjatlar va ularning koʻchirma nusxalari xodimga bepul beriladi.
- MehnatLABOR · 118-modda
Ishga qabul qilishga yoʻl qoʻyiladigan yosh
Ishga qabul qilishga ushbu Kodeksning 20-moddasiga muvofiq shaxslar mehnatga oid huquq layoqatiga va muomala layoqatiga ega boʻlishi bilan, oʻn olti yoshdan yoʻl qoʻyiladi. Yoshlarni mehnatga tayyorlash uchun umumiy oʻrta, oʻrta maxsus, professional taʼlim tashkilotlarining oʻquvchilarini ularning sogʻligʻiga hamda maʼnaviy kamol topishiga ziyon yetkazmaydigan, oʻqitish jarayonini buzmaydigan yengil mehnatni oʻqishdan boʻsh vaqtida bajarishi uchun ishga qabul qilishga — ular oʻn besh yoshga toʻlishi bilan ota-onadan birining (ota-onasining oʻrnini bosuvchi shaxsning) yozma roziligi bilan yoʻl qoʻyiladi. Madaniy-tomosha tashkilotlarida, televideniye, radioeshittirish tashkilotlarida va boshqa ommaviy axborot vositalarida, shuningdek professional sportchilar bilan ota-onaning har ikkisining (ota-ona oʻrnini bosuvchi shaxsning) roziligi hamda vasiylik va homiylik organining ruxsati bilan, sogʻligʻiga va maʼnaviy kamol topishiga ziyon yetkazmasdan asarlarni yaratish va (yoki) ijro etishda (koʻrgazmaga qoʻyishda) ishtirok etish uchun oʻn besh yoshga toʻlmagan shaxslar bilan mehnat shartnomasini tuzishga yoʻl qoʻyiladi. Koʻrsatilgan yoshga toʻlgan shaxslar qabul qilinishi mumkin boʻlgan ishlar, kasblar, lavozimlar roʻyxatlari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan Ijtimoiy-mehnat masalalari boʻyicha uch tomonlama respublika komissiyasi bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi. Bunday holda xodimning nomidan mehnat shartnomasini uning ota-onasi (ota-onasining oʻrnini bosuvchi shaxs) imzolaydi. Vasiylik va homiylik organining ruxsatnomasida har kunlik ishning eng koʻp yoʻl qoʻyiladigan davomiyligi hamda ish bajarilishi mumkin boʻlgan boshqa shartlar koʻrsatiladi. Oʻn sakkiz yoshga toʻlmagan shaxslarni ishga qabul qilish va ularning mehnatini qoʻllash ushbu Kodeksning 411 — 422-moddalarida nazarda tutilgan talablarga rioya etilgan holda amalga oshiriladi.
- MehnatLABOR · 119-modda
Ishga qabul qilishni qonunga xilof ravishda rad etishga yoʻl qoʻyilmasligi
Ishga qabul qilishni qonunga xilof ravishda rad etishga yoʻl qoʻyilmaydi. Quyidagilar ishga qabul qilishni qonunga xilof ravishda rad etishdir: mehnat va mashgʻulotlar sohasida kamsitishni taqiqlash toʻgʻrisidagi talablarni buzish; ish beruvchi tomonidan ishga taklif etilgan shaxslarni ishga qabul qilmaslik; ish beruvchi qonunga muvofiq mehnat shartnomasini tuzishi shart boʻlgan shaxslarni (ish oʻrinlarining belgilangan eng kam soni hisobiga ishga yuborilgan shaxslarni, ish beruvchi alohida asoslar boʻyicha mehnat shartnomasini bekor qilgan shaxslarni, ular qayta ishga qabul qilingan taqdirda va boshqalarni) ishga qabul qilmaslik; homiladorlik yoki farzandlar borligi bilan bogʻliq sabablarga koʻra ishga qabul qilmaslik; sudlanganligi, shu jumladan tugallangan va olib tashlangan sudlanganligi sababli shaxslarni ishga qabul qilmaslik, bundan qonunchilikda nazarda tutilgan hollar mustasno, yoxud shaxslarni ularning qarindoshlari sudlanganligi, shu jumladan tugallangan sudlanganligi munosabati bilan ishga qabul qilmaslik; qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa hollarda. Ishga qabul qilish rad etilgan taqdirda, ish beruvchi ishga qabul qilish huquqiga ega boʻlgan mansabdor shaxs tomonidan imzolangan ishga qabul qilishni rad etish sabablarining yozma asosini ishga qabul qilinishi rad etilgan shaxsning talabiga koʻra uch kunlik muddatda taqdim etishi shart. Yozma asosni berishni rad etish ishga qabul qilish qonunga xilof ravishda rad etilganligi ustidan shikoyat qilinishiga monelik qilmaydi.
- MehnatLABOR · 12-modda
Mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlar
Mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlar quyidagilardan iborat: jamoa kelishuvlari; jamoa shartnomalari; ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qoʻmitasi bilan kelishuvga koʻra qabul qilinadigan ichki hujjatlar; ichki hujjatlar, shu jumladan ish beruvchi oʻz vakolatlari doirasida yakka oʻzi qabul qiladigan yakka tartibdagi huquqiy hujjatlar.
- MehnatLABOR · 120-modda
Ishga qabul qilishni qonunga xilof ravishda rad etishning huquqiy oqibatlari
Ishga qabul qilish oʻziga qonunga xilof ravishda rad etilgan deb hisoblaydigan shaxs qonunga xilof ravishda rad etilganligi fakti ustidan belgilangan tartibda shikoyat qilishi, shu jumladan tegishli ishni taqdim etish, oʻziga yetkazilgan moddiy zararning oʻrnini qoplash va maʼnaviy ziyonni kompensatsiya qilish toʻgʻrisidagi ariza bilan sudga murojaat qilishi mumkin. Nizolarni koʻrib chiqish chogʻida ishga qabul qilishni rad etishning qonuniyligini isbotlash vazifasi ish beruvchining zimmasiga yuklatiladi.
- MehnatLABOR · 121-modda
Qarindoshlarning davlat tashkilotida birga xizmat qilishini cheklash
Oʻzaro yaqin qarindosh yoki quda tomondan qarindosh boʻlgan shaxslarning (ota-ona, aka-ukalar, opa-singillar, oʻgʻillar, qizlar, er-xotin, shuningdek er-xotinning ota-onasi, aka-ukalari, opa-singillari va farzandlari) aynan bitta davlat tashkilotida birga xizmat qilishi, agar ularning birga xizmat qilishi ulardan birining ikkinchisiga bevosita boʻysunishiga yoki uning nazorati ostida boʻlishiga bogʻliq boʻlsa taqiqlanadi. Ushbu qoidadan istisnolar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanishi mumkin.