Tovar (ish, xizmat)ning nuqsonlari tufayli yetkazilgan zarar uchun mulkiy javobgarlik
Tovar (ish, xizmat)ning tuzilishiga, ishlab chiqarilishiga, tarkibiga bogʻliq boʻlgan va boshqa nuqsonlari, shuningdek isteʼmolchining hayoti, sogʻligʻi yoki mol-mulkining xavfsizligini taʼmin eta olmaydigan materiallar, uskunalar, asbob-anjomlar, moslamalar yoki boshqa vositalar qoʻllanilishi oqibatida isteʼmolchining hayotiga, sogʻligʻi yoki mol-mulkiga yetkazilgan zarar sotuvchi (ishlab chiqaruvchi, ijrochi) tomonidan qoplanishi lozim.
Muvofiqlikni baholash qoidalarini buzish natijasida isteʼmolchining hayoti va sogʻligʻiga zarar yetkazilgan taqdirda, yetkazilgan zararning oʻrnini qoplashda muvofiqlikni baholash organi sotuvchi (ishlab chiqaruvchi, ijrochi) bilan birga solidar javobgar boʻladi.
Sotuvchi (ishlab chiqaruvchi, ijrochi) bilan shartnoma munosabatlariga kirishgan-kirishmaganidan qatʼi nazar, har qanday isteʼmolchi tovar (ish, xizmat)ning nuqsoni tufayli yetkazilgan zarar qoplanishini talab qilish huquqiga ega.
Isteʼmolchining hayoti, sogʻligʻi yoki mol-mulkiga yetkazilgan zarar, agar u normativ hujjatlarda nazarda tutilgan tovarning xizmat (yaroqlilik) muddati mobaynida, bunday muddat belgilanmagan taqdirda esa, tovar ishlab chiqarilgan (ish, xizmat qabul qilingan) paytdan eʼtiboran oʻn yil mobaynida yuzaga kelgan boʻlsa, qoplanishi lozim.
Sotuvchi (ishlab chiqaruvchi, ijrochi) zarar bartaraf qilib boʻlmaydigan kuch yoki foydalanish, saqlash yoxud tashishning belgilangan qoidalari isteʼmolchi tomonidan buzilishi tufayli yetkazilganligini isbotlasa, u javobgarlikdan ozod qilinadi.
Tovarda (ishda, xizmatda) nuqsonlar borligi va uning normativ hujjatlar talablariga muvofiq emasligi tasdiqlangan taqdirda, sotuvchi (ishlab chiqaruvchi, ijrochi) tekshiruv (test, ekspertiza) oʻtkazgan isteʼmolchiga yoki isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakolatli davlat organlariga tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) tekshirish (testdan oʻtkazish, ekspertiza qilish) bilan bogʻliq xarajatlarning oʻrnini toʻliq qoplashi kerak.
Bu sizning vaziyatingizga tegishlimi?
Nima boʻlganini tasvirlab bering, Yurideks sizga muhim moddalarni koʻrsatadi.
Savol berish