Ishlab chiqaruvchi (ijrochi)ning kafillik majburiyatlari
Uzoq muddat foydalaniladigan barcha turdagi tovarlar va xizmatlarga ishlab chiqaruvchi (ijrochi) kafolat muddati belgilashi lozim. Kafolat muddati tovar isteʼmolchiga sotilgan yoki xizmat koʻrsatilgan kundan boshlab hisoblanadi. Agar tovar sotilgan kunni aniqlashning imkoni boʻlmasa, bu muddat tovar ishlab chiqarilgan kundan boshlab hisoblanadi.
Ishlab chiqaruvchi (ijrochi) kafolat muddati mobaynida tovar (xizmat)ning, shu jumladan, butlovchi buyumlarning normal ishlashini (qoʻllanilishini, ulardan foydalanilishini) taʼminlashi shart.
Butlovchi buyumlarning kafolat muddati, agar qonunchilikda boshqacha qoida belgilanmagan boʻlsa, asosiy buyumning kafolat muddatidan kam boʻlmasligi lozim.
Kafolat muddati tovar (xizmat)ning pasportida yoki tovarni sotish yoxud xizmat koʻrsatish paytida tovar bilan birgalikda isteʼmolchiga beriladigan boshqa hujjatda koʻrsatiladi.
Ishlab chiqaruvchi tovardan kafolat muddati va xizmat muddati mobaynida foydalanish imkoniyatini taʼminlashi, tovarning taʼmirlanishini va unga texnik xizmat koʻrsatilishini tashkil etishi, tovarni ishlab chiqarish muddati mobaynida hamda u ishlab chiqarishdan olib tashlanganidan keyin tovarning xizmat muddati mobaynida, bunday muddat boʻlmagan taqdirda esa, tovar ishlab chiqarishdan olib tashlangan paytdan eʼtiboran oʻn yil mobaynida yetarli hajmda va turda ehtiyot qismlari ishlab chiqarishi hamda savdo va taʼmirlash tashkilotlariga yetkazib berishi shart.
Dori vositalari va tibbiy buyumlarda, oziq-ovqat va maishiy kimyo tovarlarida ularning ishlab chiqarilgan sanasi, yaroqlilik muddati hamda ularni saqlash shartlari koʻrsatilgan boʻlishi lozim. Sotuvchilarga ishlab chiqarilgan sanasi va yaroqlilik muddati koʻrsatilmagan yoki yaroqlilik muddati oʻtgan tovarlarni qabul qilish hamda realizatsiya qilish man etiladi.
Bu sizning vaziyatingizga tegishlimi?
Nima boʻlganini tasvirlab bering, Yurideks sizga muhim moddalarni koʻrsatadi.
Savol berish