Asosiy kontentga oʻtish
Yurideks
KirishRoʻyxatdan oʻtish
← Qonun toʻplamiga qaytish
FuqarolikCIVIL · 999-modda

Tevarak-atrofdagilarga oshiqcha xavf tugʻdiradigan faoliyat tufayli yetkazilgan zarar uchun javobgarlik

Faoliyati tevarak-atrofdagilarga oshiqcha xavf tugʻdiradigan yuridik shaxslar va fuqarolar (transport tashkilotlari, sanoat korxonalari, qurilishlar, transport vositalarining egalari va boshqalar) oshiqcha xavf manbai yetkazgan zararni, agar zarar bartaraf qilib boʻlmaydigan kuch yoki jabrlanuvchining qasddan qilgan harakati oqibatida yuzaga kelganini isbotlay olmasalar, toʻlashlari shart.

Zararni toʻlash majburiyati oshiqcha xavf manbaiga mulk huquqi, operativ boshqaruv huquqi yoxud boshqa har qanday qonuniy asosda (mulkiy ijara shartnomasi, transport vositasini boshqarish huquqini beradigan ishonchnoma, tegishli organning unga ortiqcha xavf manbaini topshirish toʻgʻrisidagi farmoyishiga koʻra va hokazo) egalik qiluvchi yuridik shaxs yoki fuqaroga yuklanadi.

Oshiqcha xavf manbalarining egalari bu manbalarning bir biriga taʼsiri (transport vositalarining toʻqnashuvi va hokazo) natijasida uchinchi shaxslarga yetkazilgan zarar uchun ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlarida nazarda tutilgan asoslar boʻyicha solidar javobgar boʻladilar.

Oshiqcha xavf manbalarining oʻzaro taʼsiri natijasida ularning egalariga yetkazilgan zarar umumiy asoslarda qoplanadi. Bunda bir tarafning aybi bilan yetkazilgan zarar shu taraf tomonidan toʻliq hajmda qoplanadi, ikkala yoki bir nechta taraflarning aybi bilan yetkazilgan zarar esa ulardan har birining aybi darajasiga mutanosib ravishda qoplanadi. Taraflardan har birining aybi darajasini aniqlash imkoniyati boʻlmaganda javobgarlik ular oʻrtasida teng baravar taqsimlanadi. Zararning yetkazilishida taraflarning aybi boʻlmaganda ulardan hech biri zararni qoplashni talab qilish huquqiga ega emas. Bunday holda taraflarning har biri oʻzi koʻrgan zarar xavfini zimmasiga oladi.

Oshiqcha xavf manbaining egasi shu manba yetkazgan zarar uchun, agar manba egasining tasarrufidan boshqa shaxslarning gʻayrihuquqiy harakatlari (harakatsizligi) natijasida chiqib ketganligini isbotlasa, javobgar boʻlmaydi. Bunday hollarda oshiqcha xavf manbai tomonidan yetkazilgan zarar uchun javobgarlik manbani gʻayrihuquqiy egallab olgan shaxsning zimmasida boʻladi. Bu manbani egasining tasarrufidan gʻayrihuquqiy tortib olishda egasining aybi boʻlgan taqdirda, javobgarlik uning egasiga ham, oshiqcha xavf manbaini egallab olgan shaxslarga ham yuklanishi mumkin.

Bu sizning vaziyatingizga tegishlimi?

Nima boʻlganini tasvirlab bering, Yurideks sizga muhim moddalarni koʻrsatadi.

Savol berish
Yurideks

Har bir insonning himoyalanish huquqi bor.