Oʻn toʻrt yoshgacha boʻlgan voyaga yetmaganlar tomonidan yetkazilgan zarar uchun javobgarlik
Oʻn toʻrt yoshgacha boʻlgan voyaga yetmagan (kichik yoshdagi bola) tomonidan yetkazilgan zarar uchun uning ota-onasi (farzandlikka oluvchilari) yoki vasiylari, agar zarar ularning aybi bilan yetkazilmaganligini isbotlay olmasalar, javobgar boʻladilar.
Agar vasiylikka muhtoj kichik yoshdagi bola tegishli tarbiyalash, davolash muassasasida, aholini ijtimoiy himoya qilish muassasasida yoki qonunga koʻra vasiysi hisoblanadigan boshqa shunga oʻxshash muassasada turgan boʻlsa, bu muassasa, agar zarar muassasaning aybi bilan yetkazilmaganligini isbotlay olmasa, kichik yoshdagi bola tomonidan yetkazilgan zararni toʻlashi shart.
Agar kichik yoshdagi bola oʻquv yurti, tarbiyalash, davolash muassasasi yoki uning ustidan nazoratni amalga oshirishi shart boʻlgan boshqa muassasaning, shuningdek shartnoma asosida nazoratni amalga oshiruvchi shaxsning nazorati ostida turgan vaqtda zarar yetkazgan boʻlsa, bu muassasalar va shaxslar, agar zarar ularning nazoratni amalga oshirishdagi aybi bilan yetkazilmaganligini isbotlay olmasalar, zarar uchun javobgar boʻladilar.
Ota-ona (farzandlikka oluvchilar), vasiylar, oʻquv yurtlari, tarbiyalash, davolash muassasalari va boshqa muassasalarning kichik yoshdagi bola tomonidan yetkazilgan zararni toʻlash majburiyati kichik yoshdagi bola voyaga yetishi yoki u zararni toʻlash uchun yetarlicha mol-mulk olishi munosabati bilan bekor boʻlmaydi.
Agar ota-ona (farzandlikka oluvchilar), vasiylar, shuningdek ushbu moddaning uchinchi qismida koʻrsatilgan boshqa shaxslar vafot etgan boʻlsalar yoki ular zararni toʻlash uchun yetarli mablagʻga ega boʻlmasalar, toʻliq muomalaga layoqatli boʻlib qolgan zarar yetkazuvchining oʻzi bunday mablagʻga ega boʻlsa, sud taraflarning mulkiy ahvolini, shuningdek boshqa holatlarni inobatga olib, zararni toʻliq yoki qisman zarar yetkazuvchining oʻz mol-mulki hisobidan qoplash toʻgʻrisida qaror qabul qilishga haqli.
Bu sizning vaziyatingizga tegishlimi?
Nima boʻlganini tasvirlab bering, Yurideks sizga muhim moddalarni koʻrsatadi.
Savol berish