Lotereyalar, Internet jahon axborot tarmogʻida tavakkalchilikka asoslangan oʻyinlarni va bukmekerlik garovlarini oʻtkazishning oʻziga xos xususiyatlari
Lotereyalarning, Internet jahon axborot tarmogʻida tavakkalchilikka asoslangan oʻyinlarning va bukmekerlik garovlarining (bundan buyon matnda oʻyinlar deb yuritiladi) vakolatli davlat organidan litsenziya olgan tashkilotchilari hamda oʻyinlarning ishtirokchilari oʻrtasidagi munosabatlar qonunchilik hujjatlari bilan tartibga solinadi va shartnomaga asoslanadi. Oʻyinlarning tashkilotchisi va ishtirokchisi oʻrtasidagi shartnoma chipta, kvitansiya berish orqali yoki oʻyinni tashkil etish qoidalarida nazarda tutilgan boshqa usulda rasmiylashtiriladi hamda ishtirokchi chipta qiymatini toʻlagan yoki oʻyinga pul tikkan paytdan eʼtiboran tuzilgan deb eʼtirof etiladi.
Qonun hujjatlari bilan alohida toifadagi shaxslarning oʻyinlarda ishtirok etishi taqiqlanishi mumkin.
Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan shartnomani tuzish toʻgʻrisidagi taklif oʻyinlarni oʻtkazish muddati hamda yutuqni aniqlash tartibi va uning miqdori haqidagi shartlarni oʻz ichiga olgan boʻlishi kerak.
Oʻyinlarning tashkilotchisi ularni belgilangan muddatda oʻtkazishni rad etgan taqdirda, oʻyinlarning ishtirokchilari ularning tashkilotchisidan oʻyinlar qoldirilganligi yoki ularning muddati koʻchirilganligi tufayli yetkazilgan haqiqiy zararning oʻrnini qoplashni talab qilishga haqli.
Oʻyinlarni oʻtkazish shartlariga muvofiq gʻolib deb eʼtirof etiladigan shaxslarga oʻyinlarni oʻtkazish shartlarida nazarda tutilgan miqdorda, shaklda (pulda yoki naturada) va muddatda, agar ushbu shartlarda muddat koʻrsatilmagan boʻlsa, oʻyinlarning natijalari aniqlangan paytdan eʼtiboran oʻn kundan kechiktirmay yoxud qonunchilik hujjatlarida belgilangan boshqa muddatda oʻyinlar tashkilotchisi tomonidan yutuq toʻlanishi kerak.
Oʻyinlarning tashkilotchisi ushbu moddaning beshinchi qismida koʻrsatilgan majburiyatini bajarmagan taqdirda, oʻyinda gʻolib boʻlgan ishtirokchi oʻyinlar tashkilotchisidan yutuqni toʻlashni, shuningdek oʻyinlar tashkilotchisi tomonidan shartnoma buzilganligi tufayli yetkazilgan zararlarning oʻrnini qoplashni talab qilishga haqli.
Bu sizning vaziyatingizga tegishlimi?
Nima boʻlganini tasvirlab bering, Yurideks sizga muhim moddalarni koʻrsatadi.
Savol berish