Sheriklarning umumiy ishlarini yuritish
Oddiy shirkat shartnomasi ishtirokchilarining umumiy ishlarini yuritish shartnomada nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi.
Umumiy ishlarni yuritishda har bir sherik, agar oddiy shirkat shartnomasida ishlarni yuritish shartnomaning ayrim ishtirokchilari tomonidan yoxud birgalikda barcha ishtirokchilar tomonidan amalga oshirilishi belgilanmagan boʻlsa, barcha sheriklar nomidan ish koʻrishga haqli.
Ishlar birgalikda yuritilganda har bir bitimni tuzish uchun barcha sheriklarning roziligi talab qilinadi.
Uchinchi shaxslar bilan munosabatlarda sherikning barcha sheriklar nomidan bitim tuzish vakolati unga qolgan sheriklar tomonidan berilgan ishonchnoma bilan tasdiqlanadi yoki oddiy shirkat shartnomasidan kelib chiqadi.
Uchinchi shaxslar bilan munosabatlarda sheriklar bitim tuzgan sherikning umumiy ishlarni yuritish boʻyicha huquqlari cheklanganligini dalil qilib koʻrsata olmaydilar, ular bunday cheklashlar borligini bitim tuzilayotgan paytda uchinchi shaxs bilganligini yoki oldindan bilishi lozim boʻlganligini isbotlagan hollar bundan mustasno.
Barcha sheriklariga nisbatan ishlarni yuritish huquqi cheklab qoʻyilgan boʻlib, ular nomidan bitimlar tuzgan yoxud barcha sheriklarning manfaatlarini koʻzlab oʻz nomidan bitimlar tuzgan sherik, agar bu bitim barcha sheriklarning manfaatlari uchun zarur boʻlgan edi deb hisoblashga yetarli asoslar boʻlsa, u oʻz mablagʻlaridan qilgan xarajatlari qoplanishi huquqiga ega. Agar bunday bitimlar tufayli boshqa sheriklarga zarar yetkazilgan boʻlsa, ular bu zararning qoplanishini talab qilishga haqlidirlar.
Umumiy ishlarga taalluqli qarorlar, agar oddiy shirkat shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, sheriklar tomonidan umumiy kelishuvga koʻra qabul qilinadi.
Umumiy ishlarni yuritishga vakolatli shartnoma ishtirokchilari, agar oddiy shirkat shartnomasida nazarda tutilgan boʻlsa, alohida haq olish huquqiga egadirlar.
Bu sizning vaziyatingizga tegishlimi?
Nima boʻlganini tasvirlab bering, Yurideks sizga muhim moddalarni koʻrsatadi.
Savol berish