Qayta sugʻurta qilish
Sugʻurta shartnomasi boʻyicha sugʻurtalovchi oʻz zimmasiga olgan sugʻurta tovonini yoki sugʻurta toʻlovini toʻlash xavfi uning tomonidan toʻliq yoki qisman boshqa sugʻurtalovchida (sugʻurtalovchilarda) u bilan tuzilgan qayta sugʻurta qilish shartnomasi boʻyicha sugʻurtalanishi mumkin.
Qayta sugʻurta qilish shartnomasiga nisbatan, agar qayta sugʻurta qilish shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, ushbu bobning tadbirkorlik xavfini sugʻurta qilish borasida qoʻllanishi lozim boʻlgan qoidalari tatbiq etiladi. Qayta sugʻurta qilish shartnomasini tuzgan sugʻurta shartnomasi (asosiy shartnoma) boʻyicha sugʻurtalovchi keyingi shartnomada qayta sugʻurta qildiruvchi hisoblanadi.
Qayta sugʻurta qilishda sugʻurta tovonini yoki sugʻurta toʻlovini toʻlash uchun asosiy sugʻurta shartnomasi boʻyicha sugʻurta qildiruvchi oldida ushbu shartnoma boʻyicha sugʻurtalovchi javobgar boʻlib qolaveradi.
Biroq asosiy sugʻurta shartnomasi boʻyicha sugʻurtalanuvchi hisoblangan sugʻurta tashkiloti sugʻurta hodisasi yuz berishidan oldin tugatilgan taqdirda, uning ushbu shartnoma boʻyicha huquq va majburiyatlarining qayta sugʻurta qilingan qismi qayta sugʻurta qilish shartnomasi boʻyicha sugʻurtalovchiga oʻtadi.
Ikki yoki bir nechta qayta sugʻurta qilish shartnomalarini ketma-ket tuzishga yoʻl qoʻyiladi. Bunday shartnomalarning har biri keyingi qayta sugʻurta qilish shartnomasiga nisbatan asosiy sugʻurta shartnomasi deb hisoblanadi.
Bu sizning vaziyatingizga tegishlimi?
Nima boʻlganini tasvirlab bering, Yurideks sizga muhim moddalarni koʻrsatadi.
Savol berish