Sugʻurta shartnomasining amal qilish davrida sugʻurta xavfining ortishi oqibatlari
Mulkiy sugʻurta shartnomasining amal qilish davrida sugʻurta qildiruvchi (naf oluvchi) shartnoma tuzilayotganda sugʻurtalovchiga maʼlum qilingan holatlarda yuz bergan, oʻziga maʼlum boʻlgan muhim oʻzgarishlar toʻgʻrisida, agar bu oʻzgarishlar sugʻurta xavfi ortishiga jiddiy taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlsa, sugʻurtalovchiga darhol xabar qilishi shart. Sugʻurta shartnomasida (sugʻurta polisida) va sugʻurta qildiruvchiga berilgan sugʻurta qoidalarida aytib qoʻyilgan oʻzgarishlar muhim deb hisoblanadi.
Sugʻurta xavfi ortishiga sabab boʻladigan holatlar toʻgʻrisida xabardor qilingan sugʻurtalovchi sugʻurta shartnomasining shartlarini oʻzgartirishni yoki xavf ortishiga mutanosib ravishda qoʻshimcha sugʻurta mukofoti toʻlashni talab qilishga haqli.
Agar sugʻurta qildiruvchi (naf oluvchi) sugʻurta shartnomasining shartlari oʻzgartirilishiga yoki sugʻurta mukofotiga qoʻshimcha toʻlashga eʼtiroz bildirsa, sugʻurtalovchi ushbu Kodeksning 28-bobida nazarda tutilgan qoidalarga muvofiq shartnomani bekor qilishni talab etishga haqli.
Sugʻurta qiluvchi yoxud naf oluvchi ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan majburiyatini bajarmagan taqdirda, sugʻurtalovchi sugʻurta shartnomasini bekor qilishni va shartnomani bekor qilish tufayli yetkazilgan zarar qoplanishini talab etishga haqli.
Sugʻurtalovchi, agar sugʻurta xavfi ortishiga sabab boʻladigan holatlar yoʻqolgan boʻlsa, sugʻurta shartnomasini bekor qilishni talab etishga haqli emas.
Shaxsiy sugʻurtada, sugʻurta shartnomasining amal qilishi davrida ushbu moddaning ikkinchi, uchinchi va toʻrtinchi qismlarida koʻrsatilgan sugʻurta xavfining oʻzgarishi oqibatlari, agar ular shartnomada toʻgʻridan-toʻgʻri koʻrsatilgan boʻlsagina, yuzaga kelishi mumkin.
Bu sizning vaziyatingizga tegishlimi?
Nima boʻlganini tasvirlab bering, Yurideks sizga muhim moddalarni koʻrsatadi.
Savol berish