Qonun toʻplami
Yurideks yordamchisi foydalanadigan qonun moddalarining namunaviy toʻplami. Mavzu boʻyicha filtrlang yoki toʻliq matndan qidiring.
2695 ta modda topildi
- FuqarolikCIVIL · 637-modda
Pudratchining tejami
Pudratchining amaldagi xarajatlari ish bahosini aniqlash vaqtida (smeta tuzilayotganda) nazarda tutilgan xarajatlardan kam boʻlgan hollarda, basharti buyurtmachi pudratchining tejami bajarilgan ish sifatiga taʼsir etganligini isbotlay olmasa, pudratchi ishlar uchun pudrat shartnomasida koʻrsatilgan baho boʻyicha haq olish huquqini saqlab qoladi. Pudrat shartnomasida pudratchining tejami taraflar oʻrtasida taqsimlanishi nazarda tutilishi mumkin.
- FuqarolikCIVIL · 638-modda
Ishga haq toʻlash tartibi
Agar pudrat shartnomasida bajarilgan ishga yoki uning ayrim bosqichlariga oldindan haq toʻlash nazarda tutilgan boʻlmasa, buyurtmachi pudratchiga shartlashilgan haqni ish tegishli tarzda va kelishilgan muddatda yoxud buyurtmachining roziligi bilan muddatidan oldin bajarilib, uning natijalari uzil-kesil topshirilganidan keyin toʻlashi shart. Pudratchi qonunchilikda yoki pudrat shartnomasida nazarda tutilgan hollarda va miqdordagina oʻziga boʻnak yoki zakalat berilishini talab qilishga haqli.
- FuqarolikCIVIL · 639-modda
Pudratchining ushlab qolish huquqi
Shartnomaning bajarilishi munosabati bilan buyurtmachi pudratchiga belgilangan tegishli haqni yoki boshqa summani toʻlash majburiyatini bajarmagan taqdirda, buyurtmachi tomonidan tegishli summa toʻlangunga qadar pudratchi ishning natijalarini, shuningdek buyurtmachiga tegishli uskunalarni, qayta ishlash (ishlov berish) uchun berilgan ashyolarni, foydalanilmay qolgan material qoldigʻi va pudratchining ixtiyoridagi boshqa mol-mulkni ushbu Kodeksning 290 va 291-moddalariga muvofiq ushlab qolish huquqiga ega.
- FuqarolikCIVIL · 64-modda
Aksiyadorlik jamiyati
Ustav fondi muayyan aksiyalar soniga boʻlingan jamiyat aksiyadorlik jamiyati hisoblanadi; aksiyadorlik jamiyatining ishtirokchilari (aksiyadorlar) uning majburiyatlari boʻyicha javob bermaydilar va jamiyat faoliyati bilan bogʻliq zarar uchun oʻzlariga qarashli aksiyalar qiymati doirasida javobgar boʻladilar. Aksiyalar haqini batamom toʻlamagan aksiyadorlar aksiyadorlik jamiyatining majburiyatlari boʻyicha oʻzlariga qarashli aksiyalar qiymatining toʻlanmagan qismi doirasida solidar javobgar boʻladilar. Aksiyadorlik jamiyatining firma nomida jamiyatning nomi hamda bu jamiyat aksiyadorlik jamiyati ekanligi oʻz ifodasini topishi kerak. Aksiyadorlik jamiyatining huquqiy mavqeyi hamda aksiyadorlarning huquq va burchlari ushbu Kodeks va boshqa qonun hujjatlari bilan belgilanadi.
- FuqarolikCIVIL · 640-modda
Ishni buyurtmachining materialidan foydalanib bajarish
Pudratchi buyurtmachi bergan materialdan tejab-tergab va rejali foydalanishi, ish tugaganidan soʻng ishlatilgan material toʻgʻrisida buyurtmachiga hisobot berishi, shuningdek uning qoldigʻini qaytarib berishi yoxud oʻz ixtiyoridagi foydalanilmay qolgan materialning qiymatini hisobga olib, buyurtmachining roziligi bilan ishning bahosini kamaytirishi shart. Basharti pudratchi buyurtmachi bergan materialni tegishli suratda qabul qilib olayotganida undagi kamchiliklarni aniqlash mumkin boʻlmaganligini isbot qila olmasa, u buyurtmachi bergan materialning kamchiliklari tufayli ishning lozim darajada bajarilmaganligi uchun javobgar boʻladi.
- FuqarolikCIVIL · 641-modda
Buyurtmachi bergan mol-mulkning saqlanmaganligi uchun pudratchining javobgarligi
Pudrat shartnomasini bajarish munosabati bilan buyurtmachi bergan material, uskuna, qayta ishlashga (ishlov berishga) topshirilgan ashyo va pudratchi ixtiyoriga oʻtgan boshqa mol-mulk saqlanmaganligi uchun pudratchi javobgar boʻladi.
- FuqarolikCIVIL · 642-modda
Pudratchi ishni bajarayotgan vaqtda buyurtmachining huquqlari
Buyurtmachi pudratchining faoliyatiga aralashmagan holda istalgan vaqtda ishning borishini va sifatini tekshirishga haqli. Agar pudratchi pudrat shartnomasini bajarishga oʻz vaqtida kirishmasa yoki ishni sust bajarishi natijasida uni belgilangan muddatda tugatish mumkin emasligi aniq boʻlib qolsa, buyurtmachi shartnomadan voz kechib, yetkazilgan zararni qoplashni talab qilishga haqli. Shu bilan birga agar ish kechiktirib bajariladigan boʻlsa, buyurtmachi shartnomaga nisbatan oʻz qiziqishini yoʻqotganligini isbot qilishi lozim. Agar ishni bajarish vaqtida uning tegishli darajada bajarilmasligi aniq boʻlib qolsa, buyurtmachi pudratchiga kamchiliklarni yoʻqotish uchun oqilona muddat belgilashga va bu talabni pudratchi belgilangan muddatda bajarmagan taqdirda pudrat shartnomasidan voz kechishga yoxud bu kamchiliklarni pudratchi hisobidan tuzatishni boshqa shaxsga topshirishga, shuningdek yetkazilgan zararni qoplashni talab qilishga haqli. Agar pudrat shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, buyurtmachi ish natijasi oʻziga topshirilgunga qadar istagan vaqtda shartnomadan voz kechib, belgilangan bahoning buyurtmachi shartnomadan voz kechganligi toʻgʻrisidagi ogohlantirish olingunga qadar bajarilgan ishga mutanosib qismini toʻlashi mumkin. Buyurtmachi pudratchiga shartnomaning bekor qilinishi tufayli yetkazilgan zararni ham bajarilgan ishning bahosi bilan hamma ish uchun belgilangan baho oʻrtasidagi farq doirasida toʻlashi shart.
- FuqarolikCIVIL · 643-modda
Pudratchi buyurtmachini ogohlantirib qoʻyishi shart boʻlgan holatlar
Pudratchi quyidagilarni aniqlagan taqdirda darhol buyurtmachini ogohlantirishi va undan koʻrsatmalar olgunga qadar ishni toʻxtatib turishi shart: buyurtmachi bergan material, uskunalar, texnik hujjatlar yoki qayta ishlash (ishlov berish) uchun topshirilgan ashyoning yaroqsizligi yoki sifatsizligini; buyurtmachining ishni bajarish usuli toʻgʻrisidagi koʻrsatmalarini bajarish uning uchun yomon oqibatlarga olib kelishi mumkinligini; pudratchiga bogʻliq boʻlmagan, bajarilayotgan ish natijalarining yaroqliligi yoki pishiqligini xavf ostiga qoʻyadigan yoxud ishni belgilangan muddatda nihoyasiga yetkazish mumkin boʻlmaydigan qilib qoʻyadigan boshqa holatlarni. Ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan holatlar toʻgʻrisida buyurtmachini ogohlantirmagan yoki ogohlantirishga javob olish uchun shartnomada koʻrsatilgan muddat oʻtishini, bunday muddat koʻrsatilmagan boʻlsa, oqilona muddat oʻtishini kutmasdan yoxud buyurtmachi ishni toʻxtatib turish toʻgʻrisida oʻz vaqtida koʻrsatma bergan boʻlishiga qaramasdan ishni davom ettiravergan pudratchi buyurtmachi unga yoki pudratchi buyurtmachiga tegishli talablar qoʻyganida mazkur holatlarni vaj qilib keltirishga haqli emas. Agar buyurtmachi pudratchining ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan holatlar toʻgʻrisida oʻz vaqtida va asosli ogohlantirganiga qaramasdan, oqilona muddatda yaroqsiz yoki sifatsiz materialni almashtirmasa, ishni bajarish usuli toʻgʻrisidagi koʻrsatmalarini oʻzgartirmasa yoxud ishning yaroqliligi yoki pishiqligini xavf ostiga qoʻyadigan holatlarni bartaraf etish uchun zarur boʻlgan boshqa choralarni koʻrmasa, pudratchi shartnomani bajarishdan bosh tortishga va yetkazilgan zararni qoplashni talab qilishga haqli.
- FuqarolikCIVIL · 644-modda
Buyurtmachining pudrat shartnomasi boʻyicha muqobil majburiyatlarni bajarmasligi
Buyurtmachi pudrat shartnomasi boʻyicha oʻzining muqobil majburiyatlarini bajarmaganligi, xususan material, uskunalar, texnik hujjatlarni yoki qayta ishlanishi (ishlov berilishi) kerak boʻlgan ashyoni bermaganligi pudratchining shartnomani bajarishiga toʻsqinlik qilgan hollarda, shuningdek mazkur majburiyatlar belgilangan muddatda bajarilmasligini yaqqol koʻrsatib turgan holatlar mavjud boʻlganida (ushbu Kodeksning 256-moddasi) pudratchi ishga kirishmaslikka, boshlangan ishni esa toʻxtatib qoʻyishga haqli. Agar pudrat shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, pudratchi ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan holatlar mavjud boʻlgan taqdirda, shartnomani bajarishdan bosh tortishga va zararning qoplanishini talab qilishga haqli.
- FuqarolikCIVIL · 645-modda
Buyurtmachining yordami
Pudratchining ishni bajarishiga buyurtmachi pudrat shartnomasida nazarda tutilgan hollarda, hajmda va tartibda yordam berishi shart. Buyurtmachi bu majburiyatni bajarmasa, pudratchi koʻrilgan zararni, shu jumladan bekor turib qolganlik oqibatidagi qoʻshimcha chiqimlarni qoplashni yoki ishni bajarish muddatini oʻzgartirish yoxud pudrat shartnomasida koʻrsatilgan ish bahosini oshirishni talab qilishga haqli. Buyurtmachining harakati yoki yoʻl qoʻygan xatosi tufayli pudrat shartnomasi boʻyicha ishni bajarish mumkin boʻlmay qolgan taqdirda, pudratchi ishning bajarilgan qismini hisobga olgan holda shartnomada koʻrsatilgan bahoni olish huquqini saqlab qoladi.
- FuqarolikCIVIL · 646-modda
Buyurtmachining bajarilgan ishlarni qabul qilishi
Buyurtmachi bajarilgan ishni (uning natijasini) pudrat shartnomasida nazarda tutilgan muddatda va tartibda pudratchi ishtirokida koʻrib chiqishi va qabul qilishi, ish natijasini yomonlashtiradigan darajada shartnomadan chekinish yoki boshqa kamchiliklar aniqlangan taqdirda esa, bu toʻgʻrida pudratchiga darhol maʼlum qilishi shart. Ishni qabul qilish vaqtida uning kamchiliklarini aniqlagan buyurtmachi bu kamchiliklar yoxud ularni tuzatish toʻgʻrisida keyinchalik talab qoʻyish mumkinligi dalolatnoma yoki qabul qilishni tasdiqlovchi boshqa hujjatda koʻrsatilgan hollardagina ularni vaj qilib keltirishga haqli. Buyurtmachi ishni tekshirmasdan qabul qilgan boʻlsa, uni qabul qilishning oddiy usulida aniqlanishi mumkin boʻlgan kamchiliklar (ochiq koʻrinib turgan kamchiliklar)ni dalil qilib keltirish huquqidan mahrum boʻladi. Buyurtmachi ish qabul qilib olinganidan soʻng unda pudrat shartnomasidan chekinishlar yoki ishni qabul qilishning oddiy usulida aniqlanishi mumkin boʻlmagan boshqa xil kamchiliklar (yashirin kamchiliklar)ni, shu jumladan, pudratchi qasddan yashirgan kamchiliklarni aniqlasa, ular aniqlanganidan soʻng oʻn kunlik muddat ichida bu toʻgʻrida pudratchiga xabar qilishi shart. Buyurtmachi bilan pudratchi oʻrtasida bajarilgan ishning kamchiliklari yoki ularning sabablari yuzasidan nizo kelib chiqqan taqdirda, istagan tarafning talabi boʻyicha ekspertiza tayinlanishi kerak. Ekspertiza oʻtkazish xarajatlari pudratchi zimmasida boʻladi, ekspertiza pudrat shartnomasi buzilmaganligini yoki pudratchining harakatlari bilan aniqlangan kamchiliklar oʻrtasida sababiy bogʻlanish yoʻqligini aniqlagan hollar bundan mustasno. Bunday hollarda ekspertiza xarajatlarini ekspertiza oʻtkazishni talab qilgan taraf, agar ekspertiza taraflarning oʻzaro kelishuvi bilan tayinlangan boʻlsa, ikkala taraf teng miqdorda toʻlaydi. Agar pudrat shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, buyurtmachi bajarilgan ishni qabul qilishdan bosh tortganida, pudratchi shartnomaga binoan ish natijasi buyurtmachiga topshirilishi kerak boʻlgan kundan boshlab bir oy oʻtgach va shundan keyin buyurtmachini ikki marta ogohlantirgan holda ish natijasini sotib yuborishga, tushgan pulni esa, pudratchiga tegishli hamma toʻlovlarni chegirib tashlab, notarial idoraning depozitiga buyurtmachining nomiga kiritib qoʻyishga haqli. Pudratchi pudrat narsasini sotish oʻrniga uni ushlab turish yoki keltirilgan zararni buyurtmachidan undirib olish huquqidan foydalanishga haqli. Agar buyurtmachining bajarilgan ishni qabul qilishdan bosh tortishi ishni topshirish kechikib ketishiga sabab boʻlgan boʻlsa, tayyorlangan (qayta ishlangan) ashyoning tasodifan nobud boʻlish xavfi ashyo topshirilishi lozim boʻlgan paytda buyurtmachiga oʻtgan deb hisoblanadi.
- FuqarolikCIVIL · 647-modda
Ishning sifati
Pudratchi bajargan ish pudrat shartnomasining shartlariga, shartlar boʻlmaganida yoki toʻliq boʻlmaganida esa, odatda tegishli turdagi ishlarga qoʻyiladigan talablarga mos kelishi kerak. Agar qonunchilikda yoki shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, bajarilgan ish natijasi buyurtmachiga topshirish paytida shartnomada koʻrsatilgan yoki odatda qoʻyiladigan talablar bilan belgilangan xususiyatlarga ega boʻlishi va oqilona muddat davomida shartnomada nazarda tutilganidek foydalanish uchun, agar u shartnomada belgilangan boʻlmasa, bunday turdagi ishning natijasidan odatdagidek foydalanish uchun yaroqli boʻlishi kerak. Agar qonunchilikda pudrat shartnomasi boʻyicha bajariladigan ishga qoʻyiladigan majburiy talablar nazarda tutilgan boʻlsa, tadbirkor sifatida ish olib borayotgan pudratchi ishni bunday majburiy talablarga amal qilgan holda bajarishi shart. Pudratchi belgilangan majburiy talablarga nisbatan sifat jihatidan birmuncha yuqori talablarga javob beradigan ishni bajarishni pudrat shartnomasi asosida oʻz zimmasiga olishi mumkin.
- FuqarolikCIVIL · 648-modda
Ishning sifatiga kafolat berish
Qonunchilikda yoki pudrat shartnomasida pudratchi buyurtmachiga ishning sifatiga kafolat berishi nazarda tutilgan boʻlsa, pudratchi butun kafolat muddati davomida ushbu Kodeks 647-moddasining birinchi qismi talablariga mos keladigan ish natijalarini buyurtmachiga topshirishi shart. Agar pudrat shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, ishlar natijasining sifatiga berilgan kafolat ishning natijasini tashkil etuvchi hamma narsaga tegishli boʻladi.
- FuqarolikCIVIL · 649-modda
Kafolat muddatini hisoblash tartibi
Agar pudrat shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, kafolat muddati buyurtmachi bajarilgan ish natijasini qabul qilgan yoki qabul qilishi lozim boʻlgan paytdan oʻta boshlaydi. Agar qonunchilikda yoki taraflarning kelishuvida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa yoxud u pudrat shartnomasining xususiyatlaridan kelib chiqmasa, pudrat shartnomasi boʻyicha kafolat muddatini hisoblash uchun ushbu Kodeks 404-moddasining ikkinchi, uchinchi, toʻrtinchi va beshinchi qismlarida koʻrsatilgan qoidalar tegishincha tatbiq etiladi.
- FuqarolikCIVIL · 650-modda
Ishning sifati lozim darajada boʻlmaganligi uchun pudratchining javobgarligi
Agar ish pudratchi tomonidan pudrat shartnomasidan chetga chiqqan holda bajarilib, ish natijasini yomonlashtirgan boʻlsa, yoki uni shartnomada nazarda tutilgan maqsadlar uchun yoxud shartnomada yaroqsizlik haqida tegishli shartlar boʻlmagan taqdirda, odatdagi maqsadlar uchun foydalanishga yaroqsiz qilib qoʻyadigan boshqa kamchiliklar bilan bajarilgan boʻlsa, buyurtmachi, basharti qonunda yoki shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, oʻz xohishiga koʻra pudratchidan: kamchiliklarni oqilona muddatda bepul bartaraf etishni; ish uchun belgilangan bahoni mutanosib ravishda kamaytirishni; shartnomada buyurtmachining kamchiliklarni bartaraf etish huquqi nazarda tutilgan boʻlsa, ularni bartaraf etishga qilgan oʻz xarajatlarini qoplashni talab qilishga haqli. Pudratchi ishdagi oʻzi javobgar boʻlgan kamchiliklarni bartaraf etish oʻrniga, buyurtmachiga shartnomani bajarishni kechiktirganlik natijasida yetkazgan zararni qoplagan holda ishni yangidan bepul bajarib berishga haqli. Bunday holda buyurtmachi ilgari oʻziga topshirilgan ish natijasini, agar ishning xarakteriga koʻra uni qaytarib berish mumkin boʻlsa, pudratchiga qaytarib berishi shart. Agar ishdagi pudrat shartnomasi shartlaridan chetga chiqishlar yoki boshqa xil kamchiliklar jiddiy va bartaraf etib boʻlmaydigan darajada boʻlsa yoxud aniqlangan kamchiliklar buyurtmachi tomonidan belgilangan oqilona muddatda bartaraf etilmagan boʻlsa, buyurtmachi shartnomani bajarishdan bosh tortishga va keltirilgan zararni qoplashni talab qilishga haqli. Pudrat shartnomasining muayyan kamchilik uchun pudratchini javobgarlikdan ozod qilish toʻgʻrisidagi sharti, agar bunday nuqsonlar pudratchining aybli harakatlari yoki harakatsizligi tufayli vujudga kelganligi isbotlansa, pudratchini javobgarlikdan ozod qilmaydi. Ishni bajarish uchun material bergan pudratchi uning sifati uchun sotuvchining sifati lozim darajada boʻlmagan tovar uchun javobgarligi toʻgʻrisidagi qoidalar boʻyicha javobgar boʻladi.
- FuqarolikCIVIL · 651-modda
Ish natijasining lozim darajada sifatli emasligini aniqlash muddatlari
Agar qonun yoki pudrat shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, buyurtmachi ushbu moddada belgilangan muddatlarda ish natijasining lozim darajada sifatli emasligini aniqlagan taqdirda, ishning natijasi lozim darajada sifatli emasligi bilan bogʻliq talablarni qoʻyishga haqli. Ish natijasiga kafolat muddati belgilanmagan hollarda ish natijalaridagi kamchiliklar oqilona muddatda, biroq ish natijasi topshirilgan kundan boshlab ikki yil mobaynida aniqlangan taqdirda, agar qonunda, shartnomada yoki ish muomalasi odatlarida boshqa muddatlar belgilangan boʻlmasa, buyurtmachi ish natijasidagi kamchiliklar bilan bogʻliq talablarni qoʻyishi mumkin. Buyurtmachi kafolat muddati mobaynida aniqlangan ish natijasidagi kamchiliklar bilan bogʻliq talablarni qoʻyishga haqli. Shartnomada nazarda tutilgan kafolat muddati ikki yildan kam boʻlib, buyurtmachi ish natijasidagi kamchiliklarni kafolat muddati tamom boʻlgach, biroq ushbu moddaning beshinchi qismida nazarda tutilgan paytdan eʼtiboran ikki yil davomida aniqlagan va bu kamchiliklar ish natijasi oʻziga topshirilgunicha yoki topshirish paytiga qadar yuzaga kelgan sabablarga koʻra paydo boʻlganligini isbot qilsa, ular uchun pudratchi javobgar boʻladi. Agar pudrat shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, kafolat muddati bajarilgan ish natijasi buyurtmachi tomonidan qabul qilib olingan yoki qabul qilib olinishi lozim boʻlgan paytdan eʼtiboran oʻta boshlaydi. Pudrat shartnomasi boʻyicha kafolat muddatini hisoblashda, agar qonunchilikda, taraflar oʻrtasidagi kelishuvda boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa yoki u pudrat shartnomasining xususiyatlaridan kelib chiqmasa, ushbu Kodeks 404-moddasi ikkinchi, uchinchi, toʻrtinchi va beshinchi qismlarining qoidalari tegishincha qoʻllanadi.
- FuqarolikCIVIL · 652-modda
Ish sifatining tegishli darajada emasligi xususida daʼvo qoʻzgʻatish muddati
Ish sifatining tegishli darajada emasligi tufayli kelib chiqqan talablar uchun daʼvo qoʻzgʻatish muddati ushbu Kodeks 150-moddasining qoidalariga binoan belgilanadi. Agar qonunchilik yoki pudrat shartnomasida pudratchining ish sifatiga kafolat berishi nazarda tutilgan, kafolat muddati belgilangan va ishdagi kamchiliklar xususidagi ariza kafolat muddatida berilgan boʻlsa, daʼvo qoʻzgʻatish muddati kamchiliklar xususida ariza berilgan kundan eʼtiboran oʻta boshlaydi. Agar pudrat shartnomasiga muvofiq buyurtmachi ish natijasini qismlarga boʻlib qabul qilgan boʻlsa, daʼvo muddati ish natijasi butunlay qabul qilib olingan kundan eʼtiboran oʻta boshlaydi.
- FuqarolikCIVIL · 653-modda
Pudratchining buyurtmachiga axborot berish majburiyati
Agar shartnomada nazarda tutilgan boʻlsa yoki axborotning xarakteridan ish natijasidan pudrat shartnomasida nazarda tutilgan maqsadlarda ushbu axborotsiz foydalanish mumkin emasligi anglashilsa, pudratchi buyurtmachiga ishning natijasi bilan birga pudrat shartnomasining narsasini ishlatish yoki undan boshqacha tarzda foydalanishga taalluqli boʻlgan axborotni ham berishi shart.
- FuqarolikCIVIL · 654-modda
Taraflar olgan axborotning maxfiyligi
Agar bir taraf pudrat shartnomasi boʻyicha oʻz majburiyatlarini bajarganligi tufayli ikkinchi tarafdan yangi yechimlar va texnikaviy bilimlar, jumladan huquqiy muhofaza qilinmaydigan yechim va bilimlar, shuningdek tijorat siri deb hisoblanishi mumkin boʻlgan maʼlumotlar olsa, u bu maʼlumotlarni ikkinchi tarafning roziligisiz uchinchi shaxslarga maʼlum qilishga haqli emas. Bunday axborotdan foydalanish tartibi va shartlari taraflarning kelishuvi bilan belgilanadi.
- FuqarolikCIVIL · 655-modda
Buyurtmachiga material va uskunalarni qaytarib berish
Agar buyurtmachi ushbu Kodeks 642-moddasining toʻrtinchi qismiga yoki 650-moddasining uchinchi qismiga asosan pudrat shartnomasini bajarishdan voz kechsa, pudratchi buyurtmachi tomonidan berilgan materiallarni, uskunalarni, qayta ishlash (ishlov berish) uchun berilgan ashyo va boshqa mol-mulkni buyurtmachiga qaytarib berishi yoki buyurtmachi koʻrsatgan shaxsga topshirishi, agar buning iloji boʻlmasa — materiallar, uskunalar, ashyo va boshqa mol-mulkning qiymatini toʻlashi shart.