Qonun toʻplami
Yurideks yordamchisi foydalanadigan qonun moddalarining namunaviy toʻplami. Mavzu boʻyicha filtrlang yoki toʻliq matndan qidiring.
2695 ta modda topildi
- FuqarolikCIVIL · 656-modda
Maishiy pudrat shartnomasi
Tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan pudratchi maishiy pudrat shartnomasi boʻyicha buyurtmachi-fuqaroning topshirigʻi bilan uning maishiy yoxud boshqa shaxsiy ehtiyojlarini qondirishga qaratilgan maʼlum ishlarni bajarish majburiyatini, buyurtmachi esa ishni qabul qilish va haqini toʻlash majburiyatini oladi. Agar qonunchilik yoxud shartnomada, shu jumladan buyurtmachi qoʻshilgan formulyarlar yoki boshqa standart shakllarning shartlarida boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, pudratchi buyurtmachiga patta yoki buyurtma qabul qilinganligini tasdiqlaydigan boshqa hujjatni bergan paytdan boshlab maishiy pudrat shartnomasi tuzilgan hisoblanadi. Mazkur hujjatlarning buyurtmachida boʻlmasligi, uni maishiy pudrat shartnomasi tuzilganligini yoki uning shartlarini tasdiqlovchi guvohlar koʻrsatmalarini vaj qilib keltirish huquqidan mahrum qilmaydi. Maishiy pudrat shartnomasi ommaviy shartnomalar jumlasiga kiradi.
- FuqarolikCIVIL · 657-modda
Buyurtmachi huquqlarining kafolatlari
Pudratchi maishiy pudrat shartnomasiga haq evaziga bajariladigan qoʻshimcha ishlar yoki xizmatlarni kiritishga buyurtmachini majbur qilishga haqli emas. Bu talab buzilgan taqdirda, buyurtmachi tegishli ish yoki xizmatga haq toʻlashdan bosh tortishga haqli. Buyurtmachi ish unga topshirilguncha istagan vaqtda belgilangan haqning u pudrat shartnomasini bajarishdan voz kechganligi toʻgʻrisidagi bildirishni pudratchi olgunga qadar bajarilgan ishga mutanosib qismini va shartnomani bajarish maqsadida shu paytgacha qilingan xarajatlarni pudratchiga toʻlab, agar bu xarajatlar ish uchun toʻlanadigan haqning koʻrsatib oʻtilgan qismiga kirmasa, maishiy buyurtma shartnomasini bajarishdan voz kechishga haqli. Shartnomaning buyurtmachini bunday huquqdan mahrum qiluvchi shartlari oʻz-oʻzidan haqiqiy emas.
- FuqarolikCIVIL · 658-modda
Taklif etilayotgan ish toʻgʻrisida buyurtmachiga axborot berish
Maishiy pudrat shartnomasi tuzilguniga qadar pudratchi taklif qilinayotgan ish, uning turlari va xususiyatlari, bahosi, haq toʻlash shakli toʻgʻrisida buyurtmachiga zarur va ishonarli axborotni topshirishi, shuningdek buyurtmachining iltimosiga binoan shartnomaga va tegishli ishga doir maʼlumotlarni unga berishi shart. Agar ishning xususiyati boʻyicha ahamiyati boʻlsa, pudratchi uni bajaradigan aniq shaxsni koʻrsatishi kerak. Pudratchidan olingan axborotning toʻliq yoki ishonchli boʻlmaganligi oqibatida buyurtmachi nazarda tutgan xususiyatlarga ega boʻlmagan ishni bajarish toʻgʻrisida shartnoma tuzilgan boʻlsa, buyurtmachi bajarilgan ishga haq toʻlamagan holda maishiy pudrat shartnomasini bekor qilishni va yetkazilgan zararni qoplashni talab qilishga haqli.
- FuqarolikCIVIL · 659-modda
Bajarilgan ishdan foydalanish shartlari toʻgʻrisida buyurtmachini ogohlantirish
Pudratchi buyurtmachiga ishni topshirish vaqtida ish natijasidan samarali va xavfsiz foydalanish uchun rioya etilishi zarur boʻlgan talablarni, shuningdek tegishli talablarga rioya qilmaslik buyurtmachining shaxsan oʻzi va boshqa shaxslar uchun qanday oqibatlarga olib kelishi mumkinligini maʼlum qilishi shart.
- FuqarolikCIVIL · 660-modda
Ishni pudratchining materialidan foydalanib bajarish
Agar maishiy pudrat shartnomasi boʻyicha ish pudratchining materialidan foydalanib bajarilsa, buyurtmachi material haqining hammasini shartnoma tuzish vaqtida toʻlaydi yoki uning shartnomada koʻrsatilgan qismi toʻlanib, pudratchi bajargan ishni buyurtmachi qabul qilib olayotganida toʻla hisob-kitob qilinadi. Maishiy pudrat shartnomasiga binoan material pudratchi tomonidan nasiyaga berilishi, shu jumladan buyurtmachi tomonidan materialning haqini boʻlib-boʻlib toʻlash sharti bilan ham berilishi mumkin. Pudratchi tomonidan berilgan material bahosining maishiy pudrat shartnomasi tuzilganidan soʻng oʻzgarishi qayta hisob-kitob qilishga sabab boʻlmaydi.
- FuqarolikCIVIL · 661-modda
Ishni buyurtmachining materialidan foydalanib bajarish
Agar maishiy pudrat shartnomasi boʻyicha ish buyurtmachining materialidan foydalanib bajarilsa, shartnoma tuzilayotganda buyurtmachiga pudratchi tomonidan beriladigan pattada yoki boshqa hujjatda materialning aniq nomi, taʼrifi va taraflarning kelishuvi boʻyicha belgilanadigan bahosi koʻrsatilishi kerak. Patta yoki shunga oʻxshash boshqa hujjatdagi materialning bahosi xususida buyurtmachi keyinchalik sudda nizolashishi mumkin.
- FuqarolikCIVIL · 662-modda
Ishning bahosi va uni toʻlash
Maishiy pudrat shartnomasida ishning bahosi taraflarning kelishuvi bilan belgilanadi va u pudratchi eʼlon qilgan preyskurantda koʻrsatilganidan yuqori boʻlishi mumkin emas. Pudratchi ishni butunlay topshirganidan soʻng buyurtmachi unga haq toʻlaydi. Taraflarning kelishuviga muvofiq buyurtmachi shartnoma tuzilayotganda ish uchun haqni toʻliq yoki boʻnak berish yoʻli bilan toʻlashi mumkin.
- FuqarolikCIVIL · 663-modda
Bajarilgan ishda kamchiliklar borligini aniqlash oqibatlari
Buyurtmachi ish natijasini qabul qilib olayotgan yoki pudrat narsasidan foydalanayotgan paytda kamchiliklarni aniqlasa, ushbu Kodeksning 650-moddasida nazarda tutilgan huquqlaridan birini ushbu Kodeks 652-moddasining birinchi qismida nazarda tutilgan umumiy muddat davomida, kafolat muddati boʻlganida esa, shu muddat davomida amalga oshirishi mumkin. Maishiy pudrat shartnomasi boʻyicha bajarilgan ishning buyurtmachining oʻzi va boshqa shaxslar hayotiga yoki sogʻligʻiga xavf tugʻdirishi mumkin boʻlgan kamchiliklarini tekin bartaraf etish toʻgʻrisidagi talab, agar qonunda belgilangan tartibda uzoqroq muddat (xizmat muddati) nazarda tutilgan boʻlmasa, buyurtmachi yoki uning qonuniy vorisi tomonidan ish natijasi qabul qilib olingan paytdan boshlab oʻn yil davomida qoʻyilishi mumkin. Bunday talab ushbu kamchiliklar qachon aniqlanganligidan qatʼi nazar, shu jumladan ular kafolat muddati tugagandan soʻng aniqlangan boʻlsa ham, qoʻyilishi mumkin. Mazkur talab pudratchi tomonidan bajarilmasa, buyurtmachi yuqorida koʻrsatilgan muddat davomida yo ish uchun toʻlangan haqning tegishli qismini qaytarishni yoxud oʻz kuchi bilan yoki uchinchi shaxslar yordamida kamchiliklarni bartaraf etish bilan bogʻliq xarajatlarini qoplashni talab qilishga haqli.
- FuqarolikCIVIL · 664-modda
Buyurtmachi ish natijasini qabul qilish uchun kelmasligining oqibatlari
Buyurtmachi bajarilgan ish natijasini qabul qilish uchun kelmagan yoki ishni qabul qilishdan boshqacha tarzda boʻyin tovlagan taqdirda, pudratchi buyurtmachini yozma ravishda ogohlantirib, bunday ogohlantirishdan keyin ikki oy oʻtgach, ishning natijasini oqilona narxda sotishga, tushgan pulni esa, undan oʻziga tegishli boʻlgan butun toʻlovlarni chegirib qolib, ushbu Kodeksning 249-moddasiga muvofiq buyurtmachining nomiga depozitga oʻtkazishga haqli. Ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan hollarda pudratchi ish natijasini sotish oʻrniga uni ushlab turish yoki keltirilgan zararni buyurtmachidan undirib olish huquqidan foydalanishi mumkin.
- FuqarolikCIVIL · 665-modda
Maishiy pudrat shartnomasi boʻyicha ish tegishli darajada yoki umuman bajarilmagan taqdirda buyurtmachining huquqlari
Maishiy pudrat shartnomasi boʻyicha ish tegishli darajada yoki umuman bajarilmagan taqdirda buyurtmachi ushbu Kodeksning 434 — 436-moddalariga muvofiq sotib oluvchiga berilgan huquqlardan foydalanishi mumkin.
- FuqarolikCIVIL · 666-modda
Qurilish pudrati shartnomasi
Qurilish pudrati shartnomasi boʻyicha pudratchi shartnomada belgilangan muddatda buyurtmachining topshirigʻi bilan muayyan obyektni qurish yoki boshqa qurilish ishini bajarish majburiyatini oladi, buyurtmachi esa pudratchiga ishni bajarish uchun zarur sharoit yaratib berish, ishni qabul qilish va kelishilgan haqni toʻlash majburiyatini oladi. Qurilish pudrati shartnomasi korxonani, binoni (jumladan uy-joy binosini), inshootni yoki boshqa obyektni qurish yoki qayta qurish haqida, shuningdek montaj, sozlash-ishga tushirish va qurilayotgan obyekt bilan bevosita bogʻliq boʻlgan boshqa ishlarni bajarish haqida tuziladi. Qurilish pudrati shartnomasi toʻgʻrisidagi qoidalar, agar shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, bino va inshootlarni kapital taʼmirlash ishlariga nisbatan ham tatbiq etiladi. Qurilish pudrati shartnomasida nazarda tutilgan hollarda obyektni buyurtmachi qabul qilib olganidan keyin uni shartnomada koʻrsatilgan muddatda ishlatishni taʼminlash majburiyatini pudratchi oʻz zimmasiga oladi. Tugallanmagan qurilishning mulkdori u buyurtmachiga topshirilguncha va uning haqi toʻlanguncha pudratchi hisoblanadi.
- FuqarolikCIVIL · 667-modda
Pudrat obyektining tasodifan nobud boʻlish yoki tasodifan shikastlanish xavfi
Agar pudrat obyekti nobud boʻlsa yoki shikastlansa, obyekt qabul qilib olingunga qadar uning tasodifan nobud boʻlish yoki tasodifan shikastlanish xavfi pudratchi zimmasida boʻladi.
- FuqarolikCIVIL · 668-modda
Bajarilayotgan ishlarning xavfsizligi uchun javobgarlik
Bajarilayotgan ishlarning xavfsizligi uchun pudratchi javobgar boʻladi.
- FuqarolikCIVIL · 669-modda
Qurilish obyektini sugʻurtalash
Agar shartnomada taraflar boshqacha tartib va shartlarni belgilab qoʻygan boʻlmasalar, shartnomada nazarda tutilgan obyektni yoki ishlar majmuini pudratchi oʻz hisobidan sugʻurtalashi shart. Sugʻurtalash majburiyati yuklatilgan taraf qurilish pudrati shartnomasida nazarda tutilgan tartibda ikkinchi tarafga shartnoma shartlariga muvofiq sugʻurta shartnomasi tuzganini tasdiqlovchi dalillarni, shu jumladan sugʻurta qiluvchi, sugʻurta summasi miqdori va sugʻurtalangan tavakkalchiliklar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni taqdim qilishi kerak. Sugʻurtalash tegishli tarafni sugʻurta hodisasi yuz berishining oldini olish chora-tadbirlarini koʻrish majburiyatidan ozod qilmaydi.
- FuqarolikCIVIL · 67-modda
Shuʼba xoʻjalik jamiyati
Agar bir (asosiy) xoʻjalik jamiyati yoki shirkati ikkinchi xoʻjalik jamiyatining ustav fondida undan ustunlik mavqeyiga ega boʻlgan holda ishtirok etishi tufayli yoxud ular oʻrtasida tuzilgan shartnomaga muvofiq yo boʻlmasa boshqacha tarzda ikkinchi xoʻjalik jamiyati tomonidan qabul qilinadigan qarorlarni belgilab berish imkoniga ega boʻlsa, ushbu ikkinchi xoʻjalik jamiyati shuʼba xoʻjalik jamiyati hisoblanadi. Shuʼba xoʻjalik jamiyati yuridik shaxs hisoblanadi. Shuʼba xoʻjalik jamiyati oʻz mulkida oʻzining asosiy jamiyati (shirkati) ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushga ega boʻlishga haqli emas. Ushbu qismda belgilangan taqiq kuchga kirguniga qadar oʻzining asosiy jamiyati (shirkati) ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushni olgan shuʼba xoʻjalik jamiyati oʻzining asosiy jamiyati (shirkati) ishtirokchilari yoki aksiyadorlari umumiy yigʻilishida ovoz berishga haqli emas. Shuʼba xoʻjalik jamiyati oʻzining asosiy jamiyati (shirkati)ning qarzlari boʻyicha javob bermaydi. Asosiy jamiyat (shirkat) aybi bilan shuʼba xoʻjalik jamiyati toʻlovga qobiliyatsiz boʻlib qolgan taqdirda, asosiy jamiyat (shirkat) uning qarzlari boʻyicha subsidiar javobgar boʻladi. Shuʼba xoʻjalik jamiyati ishtirokchilari (aksiyadorlari) asosiy jamiyatdan (shirkatdan) uning aybi bilan shuʼba jamiyatga yetkazilgan zararni toʻlashni, agar qonunda boshqacha tartib belgilangan boʻlmasa, talab qilishga haqli.
- FuqarolikCIVIL · 670-modda
Loyiha-smeta hujjatlari
Pudratchi qurilish va u bilan bogʻliq boʻlgan ishlarni ishning hajmi, mazmuni va ularga qoʻyiladigan boshqa talablarni belgilaydigan loyiha-smeta hujjatlariga muvofiq amalga oshirishi shart. Qurilish pudrati shartnomasida boshqa koʻrsatmalar boʻlmasa, pudratchi loyiha-smeta hujjatlarida koʻrsatilgan hamma ishlarni bajarishi shart, deb taxmin qilinadi. Qurilish pudrati shartnomasida loyiha-smeta hujjatlarining tarkibi va mazmuni aniqlangan, shuningdek qaysi taraf va qancha muddatda tegishli hujjatlarni taqdim qilishi lozimligi nazarda tutilgan boʻlishi kerak. Pudratchi qurilish davomida loyiha-smeta hujjatlarida hisobga olinmagan ishlarni va shu munosabat bilan qoʻshimcha ishlarni bajarish va qurilishning smeta qiymatini oshirish zarurligini aniqlasa, bu toʻgʻrida buyurtmachiga xabar berishi shart. Pudratchi buyurtmachidan oʻn kun ichida oʻz xabariga javob olmagan taqdirda, agar qonunda yoki qurilish pudrati shartnomasida buning uchun boshqa muddat nazarda tutilgan boʻlmasa, tegishli ishlarni toʻxtatib, bekor turib qolish natijasida koʻrilgan zararni buyurtmachining zimmasiga yuklashi shart. Agar buyurtmachi qoʻshimcha ish bajarish zarurati yoʻqligini isbotlasa, bu zararni qoplashdan ozod etiladi. Ushbu moddaning toʻrtinchi va beshinchi qismlarida belgilangan majburiyatlarni bajarmagan pudratchi, agar buyurtmachining manfaatini koʻzlab, xususan ishning toʻxtatilishi qurilish obyektining nobud boʻlishiga yoki shikastlanishiga olib kelishi mumkin boʻlganligi munosabati bilan darhol harakat qilish zarur boʻlganligini isbotlay olmasa, u bajargan qoʻshimcha ishi uchun buyurtmachidan haq toʻlashni va shu tufayli koʻrilgan zararni qoplashni talab qilish huquqidan mahrum boʻladi. Qoʻshimcha ish bajarish va unga haq toʻlashga buyurtmachi rozi boʻlsa, bu ishlar pudratchining kasb faoliyati sohasiga kirmaydigan yoki u oʻziga bogʻliq boʻlmagan sabablarga koʻra ularni bajara olmagan hollardagina pudratchi mazkur ishlarni bajarishdan bosh tortishga haqli.
- FuqarolikCIVIL · 671-modda
Loyiha-smeta hujjatlariga oʻzgartishlar kiritish
Agar texnik hujjatlarga oʻzgartishlar kiritish tufayli bajarilishi kerak boʻladigan qoʻshimcha ishlar qiymati jihatidan smetada koʻrsatilgan qurilish umumiy qiymatining oʻn foizidan oshib ketmasa va qurilish pudrati shartnomasida nazarda tutilgan ishlarning xususiyatini oʻzgartirmasa, buyurtmachi texnik hujjatlarga oʻzgartishlar kiritishga haqli. Texnik hujjatlarga ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilganiga nisbatan kattaroq hajmda oʻzgartishlar kiritish taraflar kelishgan qoʻshimcha smeta asosida amalga oshiriladi. Agar ishning qiymati pudratchiga bogʻliq boʻlmagan sabablarga koʻra smetadan kamida oʻn foiz oshgan boʻlsa, pudratchi ushbu Kodeksning 382-moddasiga muvofiq smetani qayta koʻrib chiqishni talab qilishga haqli. Pudratchi loyiha-smeta hujjatlaridagi kamchiliklarni aniqlash va yoʻqotish bilan bogʻliq oqilona xarajatlarni qoplashni talab qilishga haqli.
- FuqarolikCIVIL · 672-modda
Qurilishni materiallar va uskunalar bilan taʼminlash
Agar shartnomada butun qurilishni yoki uning muayyan qismini moddiy taʼminlash buyurtmachi tomonidan amalga oshirilishi nazarda tutilgan boʻlmasa, qurilishni materiallar, shu jumladan detallar va konstruksiyalar, shuningdek uskunalar bilan taʼminlash majburiyati pudratchi zimmasida boʻladi. Qurilishni taʼminlash majburiyatini zimmasiga olgan taraf oʻzi topshirgan materiallar (detallar, konstruksiyalar)dan, shuningdek uskunalardan bajarilayotgan ishlar sifatini yomonlashtirmagan holda foydalanib boʻlmasligi vujudga kelganligi uchun, agar foydalanib boʻlmaslik ikkinchi taraf javob beradigan vaziyatlar tufayli vujudga kelganligini isbot qilmasa, javobgar boʻladi. Buyurtmachi bergan materiallar yoki uskunalardan bajarilayotgan ishlar sifatini yomonlashtirmagan holda foydalanish mumkin emasligi aniqlangan va buyurtmachi ularni almashtirishdan bosh tortgan taqdirda, pudratchi qurilish pudrati shartnomasidan voz kechishga va buyurtmachidan ishning bajarilgan qismiga mutanosib ravishda shartnoma narxini toʻlashni talab qilishga haqli.
- FuqarolikCIVIL · 673-modda
Ishga haq toʻlash
Buyurtmachi pudratchining bajargan ishi uchun smetada nazarda tutilgan miqdorda, qonun yoki qurilish pudrati shartnomasida belgilangan muddatda va tartibda haq toʻlaydi. Qonun yoki shartnomada tegishli koʻrsatmalar boʻlmasa, pudratchi tomonidan bajarilgan ishlar uchun ushbu Kodeksning 638-moddasiga muvofiq haq toʻlanadi. Qurilish pudrati shartnomasida ishlarga obyekt buyurtmachi tomonidan qabul qilinganidan soʻng bir yoʻla va toʻliq hajmda haq toʻlash nazarda tutilishi mumkin.
- FuqarolikCIVIL · 674-modda
Qurilish uchun yer uchastkasi berish
Buyurtmachi qurilish uchun yer uchastkasini qurilish pudrati shartnomasida koʻrsatilgan kattalikda va holatda oʻz vaqtida berishi shart. Shartnomada bular koʻrsatilgan boʻlmasa, yer uchastkasining maydoni va holati ishning oʻz vaqtida boshlanishi, normal olib borilishi va muddatida tugallanishini taʼminlashi shart.