Bajarilgan ishda kamchiliklar borligini aniqlash oqibatlari
Buyurtmachi ish natijasini qabul qilib olayotgan yoki pudrat narsasidan foydalanayotgan paytda kamchiliklarni aniqlasa, ushbu Kodeksning 650-moddasida nazarda tutilgan huquqlaridan birini ushbu Kodeks 652-moddasining birinchi qismida nazarda tutilgan umumiy muddat davomida, kafolat muddati boʻlganida esa, shu muddat davomida amalga oshirishi mumkin.
Maishiy pudrat shartnomasi boʻyicha bajarilgan ishning buyurtmachining oʻzi va boshqa shaxslar hayotiga yoki sogʻligʻiga xavf tugʻdirishi mumkin boʻlgan kamchiliklarini tekin bartaraf etish toʻgʻrisidagi talab, agar qonunda belgilangan tartibda uzoqroq muddat (xizmat muddati) nazarda tutilgan boʻlmasa, buyurtmachi yoki uning qonuniy vorisi tomonidan ish natijasi qabul qilib olingan paytdan boshlab oʻn yil davomida qoʻyilishi mumkin. Bunday talab ushbu kamchiliklar qachon aniqlanganligidan qatʼi nazar, shu jumladan ular kafolat muddati tugagandan soʻng aniqlangan boʻlsa ham, qoʻyilishi mumkin. Mazkur talab pudratchi tomonidan bajarilmasa, buyurtmachi yuqorida koʻrsatilgan muddat davomida yo ish uchun toʻlangan haqning tegishli qismini qaytarishni yoxud oʻz kuchi bilan yoki uchinchi shaxslar yordamida kamchiliklarni bartaraf etish bilan bogʻliq xarajatlarini qoplashni talab qilishga haqli.
Bu sizning vaziyatingizga tegishlimi?
Nima boʻlganini tasvirlab bering, Yurideks sizga muhim moddalarni koʻrsatadi.
Savol berish