Loyiha-smeta hujjatlari
Pudratchi qurilish va u bilan bogʻliq boʻlgan ishlarni ishning hajmi, mazmuni va ularga qoʻyiladigan boshqa talablarni belgilaydigan loyiha-smeta hujjatlariga muvofiq amalga oshirishi shart.
Qurilish pudrati shartnomasida boshqa koʻrsatmalar boʻlmasa, pudratchi loyiha-smeta hujjatlarida koʻrsatilgan hamma ishlarni bajarishi shart, deb taxmin qilinadi.
Qurilish pudrati shartnomasida loyiha-smeta hujjatlarining tarkibi va mazmuni aniqlangan, shuningdek qaysi taraf va qancha muddatda tegishli hujjatlarni taqdim qilishi lozimligi nazarda tutilgan boʻlishi kerak.
Pudratchi qurilish davomida loyiha-smeta hujjatlarida hisobga olinmagan ishlarni va shu munosabat bilan qoʻshimcha ishlarni bajarish va qurilishning smeta qiymatini oshirish zarurligini aniqlasa, bu toʻgʻrida buyurtmachiga xabar berishi shart.
Pudratchi buyurtmachidan oʻn kun ichida oʻz xabariga javob olmagan taqdirda, agar qonunda yoki qurilish pudrati shartnomasida buning uchun boshqa muddat nazarda tutilgan boʻlmasa, tegishli ishlarni toʻxtatib, bekor turib qolish natijasida koʻrilgan zararni buyurtmachining zimmasiga yuklashi shart. Agar buyurtmachi qoʻshimcha ish bajarish zarurati yoʻqligini isbotlasa, bu zararni qoplashdan ozod etiladi.
Ushbu moddaning toʻrtinchi va beshinchi qismlarida belgilangan majburiyatlarni bajarmagan pudratchi, agar buyurtmachining manfaatini koʻzlab, xususan ishning toʻxtatilishi qurilish obyektining nobud boʻlishiga yoki shikastlanishiga olib kelishi mumkin boʻlganligi munosabati bilan darhol harakat qilish zarur boʻlganligini isbotlay olmasa, u bajargan qoʻshimcha ishi uchun buyurtmachidan haq toʻlashni va shu tufayli koʻrilgan zararni qoplashni talab qilish huquqidan mahrum boʻladi.
Qoʻshimcha ish bajarish va unga haq toʻlashga buyurtmachi rozi boʻlsa, bu ishlar pudratchining kasb faoliyati sohasiga kirmaydigan yoki u oʻziga bogʻliq boʻlmagan sabablarga koʻra ularni bajara olmagan hollardagina pudratchi mazkur ishlarni bajarishdan bosh tortishga haqli.
Bu sizning vaziyatingizga tegishlimi?
Nima boʻlganini tasvirlab bering, Yurideks sizga muhim moddalarni koʻrsatadi.
Savol berish