Asosiy kontentga oʻtish
Yurideks
KirishRoʻyxatdan oʻtish
← Qonun toʻplamiga qaytish
FuqarolikCIVIL · 651-modda

Ish natijasining lozim darajada sifatli emasligini aniqlash muddatlari

Agar qonun yoki pudrat shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, buyurtmachi ushbu moddada belgilangan muddatlarda ish natijasining lozim darajada sifatli emasligini aniqlagan taqdirda, ishning natijasi lozim darajada sifatli emasligi bilan bogʻliq talablarni qoʻyishga haqli.

Ish natijasiga kafolat muddati belgilanmagan hollarda ish natijalaridagi kamchiliklar oqilona muddatda, biroq ish natijasi topshirilgan kundan boshlab ikki yil mobaynida aniqlangan taqdirda, agar qonunda, shartnomada yoki ish muomalasi odatlarida boshqa muddatlar belgilangan boʻlmasa, buyurtmachi ish natijasidagi kamchiliklar bilan bogʻliq talablarni qoʻyishi mumkin.

Buyurtmachi kafolat muddati mobaynida aniqlangan ish natijasidagi kamchiliklar bilan bogʻliq talablarni qoʻyishga haqli.

Shartnomada nazarda tutilgan kafolat muddati ikki yildan kam boʻlib, buyurtmachi ish natijasidagi kamchiliklarni kafolat muddati tamom boʻlgach, biroq ushbu moddaning beshinchi qismida nazarda tutilgan paytdan eʼtiboran ikki yil davomida aniqlagan va bu kamchiliklar ish natijasi oʻziga topshirilgunicha yoki topshirish paytiga qadar yuzaga kelgan sabablarga koʻra paydo boʻlganligini isbot qilsa, ular uchun pudratchi javobgar boʻladi.

Agar pudrat shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, kafolat muddati bajarilgan ish natijasi buyurtmachi tomonidan qabul qilib olingan yoki qabul qilib olinishi lozim boʻlgan paytdan eʼtiboran oʻta boshlaydi.

Pudrat shartnomasi boʻyicha kafolat muddatini hisoblashda, agar qonunchilikda, taraflar oʻrtasidagi kelishuvda boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa yoki u pudrat shartnomasining xususiyatlaridan kelib chiqmasa, ushbu Kodeks 404-moddasi ikkinchi, uchinchi, toʻrtinchi va beshinchi qismlarining qoidalari tegishincha qoʻllanadi.

Bu sizning vaziyatingizga tegishlimi?

Nima boʻlganini tasvirlab bering, Yurideks sizga muhim moddalarni koʻrsatadi.

Savol berish
Yurideks

Har bir insonning himoyalanish huquqi bor.