Pudratchi buyurtmachini ogohlantirib qoʻyishi shart boʻlgan holatlar
Pudratchi quyidagilarni aniqlagan taqdirda darhol buyurtmachini ogohlantirishi va undan koʻrsatmalar olgunga qadar ishni toʻxtatib turishi shart:
buyurtmachi bergan material, uskunalar, texnik hujjatlar yoki qayta ishlash (ishlov berish) uchun topshirilgan ashyoning yaroqsizligi yoki sifatsizligini;
buyurtmachining ishni bajarish usuli toʻgʻrisidagi koʻrsatmalarini bajarish uning uchun yomon oqibatlarga olib kelishi mumkinligini;
pudratchiga bogʻliq boʻlmagan, bajarilayotgan ish natijalarining yaroqliligi yoki pishiqligini xavf ostiga qoʻyadigan yoxud ishni belgilangan muddatda nihoyasiga yetkazish mumkin boʻlmaydigan qilib qoʻyadigan boshqa holatlarni.
Ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan holatlar toʻgʻrisida buyurtmachini ogohlantirmagan yoki ogohlantirishga javob olish uchun shartnomada koʻrsatilgan muddat oʻtishini, bunday muddat koʻrsatilmagan boʻlsa, oqilona muddat oʻtishini kutmasdan yoxud buyurtmachi ishni toʻxtatib turish toʻgʻrisida oʻz vaqtida koʻrsatma bergan boʻlishiga qaramasdan ishni davom ettiravergan pudratchi buyurtmachi unga yoki pudratchi buyurtmachiga tegishli talablar qoʻyganida mazkur holatlarni vaj qilib keltirishga haqli emas.
Agar buyurtmachi pudratchining ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan holatlar toʻgʻrisida oʻz vaqtida va asosli ogohlantirganiga qaramasdan, oqilona muddatda yaroqsiz yoki sifatsiz materialni almashtirmasa, ishni bajarish usuli toʻgʻrisidagi koʻrsatmalarini oʻzgartirmasa yoxud ishning yaroqliligi yoki pishiqligini xavf ostiga qoʻyadigan holatlarni bartaraf etish uchun zarur boʻlgan boshqa choralarni koʻrmasa, pudratchi shartnomani bajarishdan bosh tortishga va yetkazilgan zararni qoplashni talab qilishga haqli.
Bu sizning vaziyatingizga tegishlimi?
Nima boʻlganini tasvirlab bering, Yurideks sizga muhim moddalarni koʻrsatadi.
Savol berish