Qonun toʻplami
Yurideks yordamchisi foydalanadigan qonun moddalarining namunaviy toʻplami. Mavzu boʻyicha filtrlang yoki toʻliq matndan qidiring.
2695 ta modda topildi
- FuqarolikCIVIL · 619-modda
Ashyoni tekin foydalanish uchun berish
Ssuda beruvchi ashyoni undan tekin hamda vazifasiga muvofiq foydalanish shartlariga javob beradigan holatda topshirishi shart. Agar shartnomada boshqa tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, ashyo undan tekin foydalanish uchun barcha mansub ashyolari va tegishli hujjatlari (foydalanish boʻyicha yoʻriqnomalar, texnik pasporti va shu kabilar) bilan birga beriladi. Agar bunday ashyolar va hujjatlar berilmagan boʻlib, ularsiz ashyodan vazifasiga muvofiq foydalanib boʻlmasa yoki undan foydalanish ssuda oluvchi uchun oʻz ahamiyatini ancha yoʻqotsa, ssuda oluvchi bunday ashyolar va hujjatlar berilishini yoki shartnoma bekor qilinib, oʻzi koʻrgan haqiqiy zararning oʻrnini qoplashni talab qilishga haqli.
- FuqarolikCIVIL · 62-modda
Masʼuliyati cheklangan jamiyat
Masʼuliyati cheklangan jamiyat deb bir yoki bir necha shaxs tomonidan taʼsis etilgan, ustav fondi (ustav kapitali) taʼsis hujjatlari bilan belgilab qoʻyilgan miqdorlardagi ulushlarga boʻlingan jamiyat tan olinadi. Masʼuliyati cheklangan jamiyatning ishtirokchilari uning majburiyatlari boʻyicha javobgar boʻlmaydilar va jamiyat faoliyati bilan bogʻliq zarar uchun oʻzlari qoʻshgan hissalar qiymati doirasida javobgar boʻladilar. Jamiyatning oʻz hissasini toʻla qoʻshmagan ishtirokchilari jamiyat majburiyatlari boʻyicha har bir ishtirokchi hissasining toʻlanmagan qismining qiymati doirasida solidar javobgar boʻladilar. Masʼuliyati cheklangan jamiyatning firma nomi jamiyatning nomini, shuningdek “masʼuliyati cheklangan” degan soʻzlarni oʻz ichiga olishi kerak. Masʼuliyati cheklangan jamiyatning huquqiy mavqeyi, uning ishtirokchilarining huquq va burchlari ushbu Kodeks hamda boshqa qonun hujjatlari bilan belgilanadi.
- FuqarolikCIVIL · 620-modda
Ashyoni tekin foydalanishga bermaslik oqibatlari
Agar ssuda beruvchi ashyoni ssuda oluvchiga bermasa, ssuda oluvchi shartnomani bekor qilish va yetkazilgan haqiqiy zararning oʻrnini qoplashni talab qilishga haqli.
- FuqarolikCIVIL · 621-modda
Tekin foydalanish uchun berilgan ashyoning kamchiliklari uchun javobgarlik
Ssuda beruvchi tekin foydalanish shartnomasini tuzish paytida qasddan yoki qoʻpol ehtiyotsizlik bilan ashyoning kamchiliklarini aytib qoʻymagan boʻlsa, bu kamchiliklar uchun javob beradi. Bunday kamchiliklarni aniqlaganida ssuda oluvchi oʻz xohishiga qarab, ssuda beruvchidan ashyodagi kamchiliklarni tekin bartaraf etishni yoki ashyoning kamchiliklarini bartaraf etishga qilingan xarajatlarni qoplashni yoxud tekin foydalanish shartnomasini muddatidan oldin bekor qilib, haqiqiy zararni qoplashni talab qilishga haqli. Ssuda oluvchining talablaridan yoki uning ashyodagi kamchiliklarni ssuda beruvchining hisobidan bartaraf etish niyatidan xabardor qilingan ssuda beruvchi buzuq ashyoni kechiktirmasdan tegishli holatdagi xuddi shunday ashyo bilan almashtirishi mumkin. Ashyoning tekin foydalanish shartnomasini tuzish vaqtida koʻrsatib oʻtilgan yoki ssuda oluvchiga oldindan maʼlum boʻlgan yoxud u ashyoni koʻzdan kechirish yoki shartnoma tuzish yoxud ashyoni topshirish vaqtida uning sozligini tekshirish chogʻida aniqlashi lozim boʻlgan kamchiliklari uchun ssuda beruvchi javobgar boʻlmaydi.
- FuqarolikCIVIL · 622-modda
Tekin foydalanishga topshirilayotgan ashyoga uchinchi shaxslarning huquqi
Ashyoning tekin foydalanishga topshirilishi bu ashyoga uchinchi shaxslarning huquqlarini oʻzgartirish yoki bekor qilish uchun asos boʻlmaydi. Tekin foydalanish shartnomasini tuzishda ssuda beruvchi bu ashyoga uchinchi shaxslarning barcha huquqlari (servitut, garov huquqi va boshqalar) toʻgʻrisida ssuda oluvchini ogohlantirishi shart. Bu majburiyatni bajarmaslik ssuda oluvchiga shartnomani bekor qilish va haqiqiy zararni qoplashni talab qilish huquqini beradi.
- FuqarolikCIVIL · 623-modda
Ssuda oluvchining ashyoni saqlash majburiyatlari
Ssuda oluvchi tekin foydalanish uchun olingan ashyoni soz holatda saqlashi shart. Agar shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, ssuda oluvchi ashyoni joriy va kapital taʼmirlashi va uni saqlash bilan bogʻliq hamma xarajatlarni toʻlashi shart.
- FuqarolikCIVIL · 624-modda
Ashyoning tasodifan nobud boʻlish yoki tasodifan buzilish xavfi
Agar ssuda oluvchi ashyodan shartnomaga yoki uning vazifasiga nomuvofiq holda foydalanishi yoxud uni ssuda beruvchining roziligisiz uchinchi shaxsga berishi tufayli ashyo nobud boʻlsa yoki buzilsa, tekin foydalanish uchun olingan ashyoning tasodifan nobud boʻlish yoki tasodifan buzilish xavfi ssuda oluvchining zimmasida boʻladi. Ssuda oluvchi oʻz ashyosidan voz kechib, ssudaga berilgan ashyoning nobud boʻlishi yoki buzilishini bartaraf qilish imkoniyatiga ega boʻlgan boʻlsa ham, ashyoning tasodifan nobud boʻlish yoki tasodifan buzilish xavfi uning zimmasida boʻladi.
- FuqarolikCIVIL · 625-modda
Ashyodan foydalanish natijasida uchinchi shaxsga yetkazilgan zarar uchun javobgarlik
Ssuda beruvchi ashyodan foydalanish natijasida uchinchi shaxsga yetkazilgan zarar uchun, basharti bu zarar ssuda oluvchi tomonidan yoki bu ashyo ssuda beruvchining roziligi bilan qoʻliga tushib qolgan shaxs tomonidan qasddan yoxud qoʻpol ehtiyotsizlik tufayli yetkazilganini yoinki zarar ssuda oluvchining egaligidan ssuda beruvchining roziligisiz chiqib ketgan ashyodan foydalanib yetkazilganini isbot qilmasa, javobgar boʻladi.
- FuqarolikCIVIL · 626-modda
Tekin foydalanish uchun olingan ashyoni uchinchi shaxsga topshirish
Ssuda oluvchi tekin foydalanish uchun olgan ashyoni uchinchi shaxsga foydalanish uchun faqat ssuda beruvchining roziligi bilan va uning oldida masʼul boʻlib qolgan holda berishga haqli.
- FuqarolikCIVIL · 626¹-modda
Uy-joyni tekin foydalanishga berish shartnomasining shakli
Uy-joyni tekin foydalanishga berish shartnomasi yozma shaklda tuziladi, bundan uy-joyni yaqin qarindoshlarga (ota-ona, tugʻishgan va oʻgay aka-uka va opa-singillar, er-xotin, farzand, shu jumladan farzandlikka olinganlar, bobo, buvi, nevaralar, shuningdek er-xotinning ota-onasi, tugʻishgan va oʻgay aka-uka va opa-singillari) tekin foydalanishga berish hollari mustasno. Uy-joyni tekin foydalanishga berish shartnomasiga nisbatan ushbu Kodeks 606-moddasining ikkinchi qismida, 607-moddasining birinchi va ikkinchi qismlarida, 609, 610-moddalarida, 612-moddasining birinchi qismida, 615-moddasining birinchi qismida, uchinchi qismi uchinchi va toʻrtinchi xatboshilarida, toʻrtinchi va beshinchi qismlarida, 616-moddasida nazarda tutilgan qoidalar qoʻllaniladi.
- FuqarolikCIVIL · 627-modda
Tekin foydalanish shartnomasini muddatidan oldin bekor qilish
Ssuda beruvchi quyidagi hollarda shartnomani muddatidan oldin bekor qilishni talab qilishga haqli, agar ssuda oluvchi: ashyodan shartnomaga yoki ashyoning vazifasiga muvofiq foydalanmasa; ashyoni soz holatda saqlash yoki uni asrash majburiyatlarini bajarmasa; ashyoning holatini ancha yomonlashtirsa; ssuda beruvchining roziligisiz ashyoni uchinchi shaxsga bergan boʻlsa. Ssuda oluvchi quyidagi hollarda tekin foydalanish shartnomasini muddatidan oldin bekor qilishni talab qilishga haqli: ashyodan normal foydalanishni mumkin boʻlmaydigan yoki qiyin qilib qoʻyadigan nuqsonlarni aniqlagan boʻlsa, bu nuqsonlar xususida shartnoma tuzish paytida bilmagan va bilishi mumkin boʻlmagan taqdirda; agar oʻzi javobgar boʻlmagan holatlarga koʻra ashyo undan foydalanish mumkin boʻlmaydigan holatga kelib qolsa; agar shartnoma tuzishda ssuda beruvchi uni topshirilayotgan ashyoga nisbatan uchinchi shaxslarning huquqlari toʻgʻrisida ogohlantirmagan boʻlsa; ssuda beruvchi ashyoni yoki unga mansub ashyolarni va tegishli hujjatlarni berish majburiyatini bajarmasa.
- FuqarolikCIVIL · 628-modda
Tekin foydalanish shartnomasidan voz kechish
Agar ashyodan tekin foydalanish muddati shartnomada belgilab qoʻyilgan boʻlmasa va shartnomada xabar qilishning boshqa muddati nazarda tutilmagan boʻlsa, har qaysi taraf ikkinchi tarafni bir oy oldin xabardor qilib, shartnomadan xohlagan paytda voz kechishga haqli. Agar tekin foydalanish shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, ssuda oluvchi muddati koʻrsatib tuzilgan shartnomadan ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan tartibda har qachon voz kechishga haqli.
- FuqarolikCIVIL · 629-modda
Tekin foydalanish shartnomasidagi taraflarning oʻzgarishi
Ssuda beruvchi ashyoni boshqa shaxsga berishga yoki uni haq evaziga foydalanish uchun uchinchi shaxsga topshirishga haqli. Bunda avval tuzilgan tekin foydalanish shartnomasi boʻyicha huquqlar yangi mulkdor yoki foydalanuvchiga oʻtadi, uning ashyoga nisbatan huquqlari qatoriga ssuda oluvchining huquqlari qoʻshiladi. Ssuda beruvchi fuqaro vafot etgan yoxud ssuda beruvchi yuridik shaxs qayta tashkil etilgan yoki tugatilgan taqdirda tekin foydalanish shartnomasi boʻyicha ularning huquq va burchlari merosxoʻrga yoki boshqa huquqiy vorisga yoxud ashyoga mulk huquqi yoki ashyoni tekin foydalanish uchun topshirishga asos boʻlgan oʻzga huquq oʻtgan boshqa shaxsga oʻtadi. Ssuda oluvchi yuridik shaxs qayta tashkil etilgan taqdirda, tekin foydalanish shartnomasida boshqa tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, uning shartnoma boʻyicha huquq va majburiyatlari huquqiy vorisga oʻtadi.
- FuqarolikCIVIL · 630-modda
Tekin foydalanish shartnomasining bekor boʻlishi
Agar shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, ssuda oluvchi fuqaro vafot etgan yoki ssuda oluvchi yuridik shaxs tugatilgan hollarda tekin foydalanish shartnomasi bekor boʻladi.
- FuqarolikCIVIL · 631-modda
Pudrat shartnomasi
Pudrat shartnomasi boʻyicha bir taraf (pudratchi) ikkinchi taraf (buyurtmachi)ning topshirigʻiga binoan maʼlum bir ishni bajarish va uning natijasini buyurtmachiga belgilangan muddatda topshirish majburiyatini oladi, buyurtmachi esa ish natijasini qabul qilib olish va buning uchun haq toʻlash majburiyatini oladi. Agar qonunchilikda yoxud taraflar kelishuvida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, ishni bajarish uchun pudratchi tavakkal qiladi. Pudrat shartnomasining ayrim turlari (maishiy pudrat, qurilish pudrati, loyihalash yoki qidiruv ishlari pudrati, ilmiy-tadqiqot, tajriba-konstruktorlik va texnologiya ishlari pudrati)ga, agar ushbu Kodeksning bunday turdagi shartnomalar toʻgʻrisidagi qoidalarida boshqacha tartib belgilangan boʻlmasa, ushbu paragrafda nazarda tutilgan qoidalar qoʻllanadi.
- FuqarolikCIVIL · 632-modda
Pudrat shartnomasi boʻyicha bajariladigan ishlar
Pudrat shartnomasi ashyoni tayyorlash yoki uni qayta ishlash (ishlov berish) yoxud boshqa ishni bajarib, natijasini buyurtmachiga berish yoki boshqacha tarzda topshirish haqida tuziladi. Agar pudrat shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, ish pudratchining materiallari, uning kuchi va mablagʻlari hisobidan bajariladi. Agar pudrat shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, buyurtmachining topshirigʻini bajarish usullarini pudratchi mustaqil belgilaydi. Pudratchi oʻzi bergan materiallar va uskunalarning sifati tegishli darajada boʻlmaganligi uchun, shuningdek uchinchi shaxslar huquqlari boʻlgan materiallar va uskunalarni berganligi uchun javobgar boʻladi.
- FuqarolikCIVIL · 633-modda
Materiallarning tasodifan nobud boʻlish yoki tasodifan buzilish xavfi
Materiallarning tasodifan nobud boʻlish yoki tasodifan buzilish xavfi, agar qonunchilikda yoki shartnomada boshqacha tartib belgilangan boʻlmasa, pudratchining pudrat shartnomasida shartlashilgan ishni topshirish muddati kelguncha materiallarni bergan taraf zimmasida, bu muddatdan keyin esa ishni topshirishni kechiktirib yuborgan taraf zimmasida boʻladi.
- FuqarolikCIVIL · 634-modda
Bosh pudratchi va yordamchi pudratchi
Agar qonunchilikda yoki pudrat shartnomasida pudratchining shartnomada koʻrsatilgan ishni shaxsan oʻzi bajarish majburiyatlari kelib chiqmasa, pudratchi oʻz majburiyatlarining bir qismini bajarish uchun boshqa shaxslar (yordamchi pudratchilar)ni jalb qilishga haqli. Bunday hollarda pudratchi bosh pudratchi hisoblanadi. Ushbu Kodeks 241-moddasining ikkinchi va uchinchi qismlariga va 334-moddasiga muvofiq, bosh pudratchi buyurtmachining pudrat shartnomasi boʻyicha oʻz majburiyatlarini bajarmaganligi yoki lozim darajada bajarmaganligi uchun yordamchi pudratchi oldida javobgar boʻladi, buyurtmachi oldida esa, yordamchi pudratchi oʻz majburiyatlarini bajarmaganligi yoki lozim darajada bajarmaganligining oqibatlari uchun javobgar boʻladi. Agar qonun yoki pudrat shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, buyurtmachi va yordamchi pudratchining har biri bosh pudratchi bilan tuzgan shartnomalar buzilishi bilan bogʻliq talablarni bir-biriga qoʻyishga haqli emas. Ushbu moddaning birinchi qismidagi qoidalarni yoki pudrat shartnomasini buzib, shartnomani bajarish uchun yordamchi pudratchini jalb qilgan pudratchi ushbu yordamchi pudratchi shartnomani bajarishda qatnashib, yetkazgan zarar uchun buyurtmachi oldida javobgar boʻladi. Bosh pudratchining roziligini olgan holda buyurtmachi ayrim ishlarni bajarish uchun boshqa shaxslar bilan shartnoma tuzishga haqli. Bu holda mazkur shaxslar ishni bajarmaganligi yoki lozim darajada bajarmaganligi uchun bevosita buyurtmachi oldida javobgar boʻladilar.
- FuqarolikCIVIL · 635-modda
Ishni bajarish muddatlari
Pudrat shartnomasida ishni bajarishning boshlangʻich va oxirgi muddatlari koʻrsatiladi. Taraflar oʻrtasidagi kelishuvga muvofiq, shartnomada ishning ayrim bosqichlarini tugallash muddatlari (oraliq muddatlar) ham nazarda tutilishi mumkin. Pudrat shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, pudratchi ishni bajarishning boshlangʻich va oxirgi, shuningdek oraliq muddatlarini buzganlik uchun javobgar boʻladi. Pudrat shartnomasida koʻrsatilgan ishni bajarishning boshlangʻich, oxirgi va oraliq muddatlari shartnomada nazarda tutilgan hollarda va tartibda oʻzgartirilishi mumkin. Ushbu Kodeks 337-moddasining ikkinchi qismida koʻrsatilgan ijro muddatini kechiktirish oqibatlari ishni bajarishning oxirgi muddatiga rioya etilmagan hollarda yuzaga keladi.
- FuqarolikCIVIL · 636-modda
Ishning bahosi
Pudrat shartnomasida bajariladigan ishning bahosi yoki uni aniqlash usullari koʻrsatiladi. Ular shartnomada koʻrsatilgan boʻlmasa, ishning bahosi ushbu Kodeks 356-moddasining toʻrtinchi qismiga muvofiq belgilanadi. Pudrat shartnomasidagi ishning bahosi pudratchining chiqimlarini va unga toʻlanadigan haqni oʻz ichiga oladi. Ishning bahosi smeta tuzish yoʻli bilan aniqlanishi mumkin. Ish pudratchi tomonidan tuzilgan smeta boʻyicha bajarilgan taqdirda, smeta buyurtmachi tomonidan tasdiqlangan paytdan boshlab kuchga ega boʻladi va pudrat shartnomasining bir qismi boʻlib qoladi. Ishning bahosi (smeta) taxminiy yoki qatʼiy boʻlishi mumkin. Pudrat shartnomasida bunday koʻrsatma boʻlmasa, ishning bahosi (smeta) qatʼiy hisoblanadi. Agar qoʻshimcha ishlarni bajarish zarur boʻlib qolsa va shu sababli ishning taxminan belgilangan bahosini (taxminiy smetani) ancha oshirishga toʻgʻri kelsa, pudratchi bu haqda buyurtmachini vaqtida ogohlantirishi shart. Buyurtmachi pudrat shartnomasida koʻrsatilgan ishning bahosini (smetani) oshirishga rozi boʻlmagan taqdirda, shartnomadan voz kechishga haqli. Bunday hollarda pudratchi buyurtmachidan ishning bajarilgan qismining bahosini toʻlashni talab qilishi mumkin. Buyurtmachini pudrat shartnomasida koʻrsatilgan ishning bahosini (smetani) oshirish zarurligi toʻgʻrisida oʻz vaqtida ogohlantirmagan pudratchi ish uchun shartnomada koʻrsatilgan baho boʻyicha haq olish huquqini saqlab qolgan holda shartnomani bajarishi shart. Pudratchi, qoida tariqasida, qatʼiy baho (qatʼiy smeta)ni oshirishni, buyurtmachi esa uni kamaytirishni talab qilishga, shu jumladan bajarilishi kerak boʻlgan ishning toʻla hajmini yoki buning uchun zarur xarajatlarni pudrat shartnomasi tuzilayotgan paytda nazarda tutish imkoniyati boʻlmagan hollarda ham, haqli emas. Pudratchi tomonidan taqdim qilinishi kerak boʻlgan materiallar va uskunalar, shuningdek uchinchi shaxslar tomonidan unga koʻrsatiladigan xizmatlar bahosi ancha oshgan va buni shartnoma tuzish vaqtida nazarda tutish mumkin boʻlmagan hollarda ushbu Kodeksning 383-moddasiga binoan pudratchi belgilangan ish bahosini (smetani) oshirishni talab qilishga, buyurtmachi bu talabni bajarishdan bosh tortgan taqdirda esa, shartnomani bekor qilishni talab qilishga haqli.