Bosh pudratchi va yordamchi pudratchi
Agar qonunchilikda yoki pudrat shartnomasida pudratchining shartnomada koʻrsatilgan ishni shaxsan oʻzi bajarish majburiyatlari kelib chiqmasa, pudratchi oʻz majburiyatlarining bir qismini bajarish uchun boshqa shaxslar (yordamchi pudratchilar)ni jalb qilishga haqli. Bunday hollarda pudratchi bosh pudratchi hisoblanadi.
Ushbu Kodeks 241-moddasining ikkinchi va uchinchi qismlariga va 334-moddasiga muvofiq, bosh pudratchi buyurtmachining pudrat shartnomasi boʻyicha oʻz majburiyatlarini bajarmaganligi yoki lozim darajada bajarmaganligi uchun yordamchi pudratchi oldida javobgar boʻladi, buyurtmachi oldida esa, yordamchi pudratchi oʻz majburiyatlarini bajarmaganligi yoki lozim darajada bajarmaganligining oqibatlari uchun javobgar boʻladi.
Agar qonun yoki pudrat shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, buyurtmachi va yordamchi pudratchining har biri bosh pudratchi bilan tuzgan shartnomalar buzilishi bilan bogʻliq talablarni bir-biriga qoʻyishga haqli emas.
Ushbu moddaning birinchi qismidagi qoidalarni yoki pudrat shartnomasini buzib, shartnomani bajarish uchun yordamchi pudratchini jalb qilgan pudratchi ushbu yordamchi pudratchi shartnomani bajarishda qatnashib, yetkazgan zarar uchun buyurtmachi oldida javobgar boʻladi.
Bosh pudratchining roziligini olgan holda buyurtmachi ayrim ishlarni bajarish uchun boshqa shaxslar bilan shartnoma tuzishga haqli. Bu holda mazkur shaxslar ishni bajarmaganligi yoki lozim darajada bajarmaganligi uchun bevosita buyurtmachi oldida javobgar boʻladilar.
Bu sizning vaziyatingizga tegishlimi?
Nima boʻlganini tasvirlab bering, Yurideks sizga muhim moddalarni koʻrsatadi.
Savol berish