Ishning bahosi
Pudrat shartnomasida bajariladigan ishning bahosi yoki uni aniqlash usullari koʻrsatiladi. Ular shartnomada koʻrsatilgan boʻlmasa, ishning bahosi ushbu Kodeks 356-moddasining toʻrtinchi qismiga muvofiq belgilanadi.
Pudrat shartnomasidagi ishning bahosi pudratchining chiqimlarini va unga toʻlanadigan haqni oʻz ichiga oladi.
Ishning bahosi smeta tuzish yoʻli bilan aniqlanishi mumkin.
Ish pudratchi tomonidan tuzilgan smeta boʻyicha bajarilgan taqdirda, smeta buyurtmachi tomonidan tasdiqlangan paytdan boshlab kuchga ega boʻladi va pudrat shartnomasining bir qismi boʻlib qoladi.
Ishning bahosi (smeta) taxminiy yoki qatʼiy boʻlishi mumkin. Pudrat shartnomasida bunday koʻrsatma boʻlmasa, ishning bahosi (smeta) qatʼiy hisoblanadi.
Agar qoʻshimcha ishlarni bajarish zarur boʻlib qolsa va shu sababli ishning taxminan belgilangan bahosini (taxminiy smetani) ancha oshirishga toʻgʻri kelsa, pudratchi bu haqda buyurtmachini vaqtida ogohlantirishi shart. Buyurtmachi pudrat shartnomasida koʻrsatilgan ishning bahosini (smetani) oshirishga rozi boʻlmagan taqdirda, shartnomadan voz kechishga haqli. Bunday hollarda pudratchi buyurtmachidan ishning bajarilgan qismining bahosini toʻlashni talab qilishi mumkin.
Buyurtmachini pudrat shartnomasida koʻrsatilgan ishning bahosini (smetani) oshirish zarurligi toʻgʻrisida oʻz vaqtida ogohlantirmagan pudratchi ish uchun shartnomada koʻrsatilgan baho boʻyicha haq olish huquqini saqlab qolgan holda shartnomani bajarishi shart.
Pudratchi, qoida tariqasida, qatʼiy baho (qatʼiy smeta)ni oshirishni, buyurtmachi esa uni kamaytirishni talab qilishga, shu jumladan bajarilishi kerak boʻlgan ishning toʻla hajmini yoki buning uchun zarur xarajatlarni pudrat shartnomasi tuzilayotgan paytda nazarda tutish imkoniyati boʻlmagan hollarda ham, haqli emas.
Pudratchi tomonidan taqdim qilinishi kerak boʻlgan materiallar va uskunalar, shuningdek uchinchi shaxslar tomonidan unga koʻrsatiladigan xizmatlar bahosi ancha oshgan va buni shartnoma tuzish vaqtida nazarda tutish mumkin boʻlmagan hollarda ushbu Kodeksning 383-moddasiga binoan pudratchi belgilangan ish bahosini (smetani) oshirishni talab qilishga, buyurtmachi bu talabni bajarishdan bosh tortgan taqdirda esa, shartnomani bekor qilishni talab qilishga haqli.
Bu sizning vaziyatingizga tegishlimi?
Nima boʻlganini tasvirlab bering, Yurideks sizga muhim moddalarni koʻrsatadi.
Savol berish