Qonun toʻplami
Yurideks yordamchisi foydalanadigan qonun moddalarining namunaviy toʻplami. Mavzu boʻyicha filtrlang yoki toʻliq matndan qidiring.
2695 ta modda topildi
- FuqarolikCIVIL · 600-modda
Uy-joyni ijaraga berish shartnomasi
Uy-joyni ijaraga berish shartnomasiga binoan bir taraf –– uy-joyning mulkdori yoki u vakolat bergan shaxs (ijaraga beruvchi) –– boshqa taraf (ijaraga oluvchi)ga uy-joyda yashash uchun uni haq evaziga egalik qilish va foydalanishga topshirish majburiyatini oladi. Uy-joy yuridik shaxslarga ijara shartnomasi yoki boshqa shartnoma asosida egalik qilish va (yoki) foydalanish uchun topshirilishi mumkin. Yuridik shaxs uy-joydan faqat fuqarolarning yashashi uchun foydalanishi mumkin.
- FuqarolikCIVIL · 601-modda
Aniq maqsadga qaratilgan kommunal uy-joy fondidagi uy-joyni ijaraga berish shartnomasi
Aniq maqsadga qaratilgan kommunal uy-joy fondidagi uy-joylar fuqarolarga uy-joyni ijaraga berish shartnomasiga binoan beriladi. Uy-joyni ijaraga berishning bunday shartnomasi boʻyicha ijaraga oluvchi bilan birga yashaydigan uning oila aʼzolari uy-joyni ijaraga berish shartnomasi boʻyicha barcha huquqlardan ijaraga oluvchi bilan teng foydalanadilar va barcha majburiyatlarni bajaradilar. Ijaraga oluvchi va uning oila aʼzolarining talabiga binoan shartnoma oila aʼzolarining bittasi bilan tuzilishi mumkin. Ijaraga oluvchi vafot etgan yoki uy-joydan chiqib ketgan taqdirda, shartnoma uy-joyda yashab turgan oila aʼzolarining biri bilan tuziladi. Aniq maqsadga qaratilgan kommunal uy-joy fondidagi uy-joyni ijaraga berish shartnomasi uy-joy toʻgʻrisidagi qonunchilikda nazarda tutilgan asoslar, shartlar va tartibda tuziladi. Bunday shartnomaga nisbatan ushbu Kodeks 603, 604, 607, 609, 610-moddalarining, shuningdek 613-modda birinchi, ikkinchi va uchinchi qismlarining qoidalari qoʻllanadi. Ushbu Kodeksning boshqa qoidalari, agar uy-joy toʻgʻrisidagi qonunchilikda boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, aniq maqsadga qaratilgan kommunal uy-joy fondidagi uy-joyni ijaraga berish shartnomasiga nisbatan qoʻllanadi.
- FuqarolikCIVIL · 602-modda
Uy-joyni ijaraga berish shartnomasining obyekti
Doimiy yashash uchun yaroqli boʻlgan alohida uy-joy (kvartira, uy, kvartiraning yoki uyning bir qismi) uy-joyni ijaraga berish shartnomasining obyekti boʻlishi mumkin. Uy-joyning yashash uchun yaroqliligi uy-joy toʻgʻrisidagi qonunchilikda belgilangan tartibda aniqlanadi. Koʻp kvartirali uydagi uy-joyni ijaraga olgan shaxs undan foydalanish bilan bir qatorda ushbu Kodeksning 211-moddasida koʻrsatilgan mol-mulkdan foydalanish huquqiga ega boʻladi.
- FuqarolikCIVIL · 603-modda
Uy-joyni ijaraga berish shartnomasining shakli
Uy-joyni ijaraga berish shartnomasi yozma shaklda tuziladi. Fuqarolar oʻrtasida tuzilgan uy-joyni ijaraga berish shartnomasi davlat soliq organlarida hisobga qoʻyilishi lozim.
- FuqarolikCIVIL · 604-modda
Uy-joyga boʻlgan mulk huquqi boshqa shaxsga oʻtganida uy-joyni ijaraga berish shartnomasining saqlanishi
Ijara shartnomasi boʻyicha egallab turilgan uy-joyga boʻlgan mulk huquqining boshqa shaxsga oʻtishi shartnomaning oʻzgartirilishi yoki bekor qilinishiga olib bormaydi. Bunda yangi mulkdor ilgari tuzilgan ijara shartnomasi shartlari asosida ijaraga beruvchiga aylanadi.
- FuqarolikCIVIL · 605-modda
Uy-joyni ijaraga beruvchining majburiyatlari
Ijaraga beruvchi ijaraga oluvchiga doimiy yashash uchun yaroqli boʻsh uy-joyni berishi lozim. Ijaraga beruvchi ijaraga berilgan turar joy joylashgan uydan tegishli darajada foydalanishni amalga oshirishi, ijaraga oluvchiga haq evaziga zarur kommunal xizmat koʻrsatishi yoki xizmat koʻrsatilishini taʼminlashi, koʻp kvartirali uyning umumiy foydalaniladigan mol-mulki va turar joy binosida joylashgan kommunal xizmat koʻrsatish qurilmalari taʼmirlanishini taʼminlashi shuningdek uy-joydan faqat ijara shartnomasida koʻrsatilgan maqsadlarda foydalanishni taʼminlash choralarini koʻrishi lozim.
- FuqarolikCIVIL · 606-modda
Ijaraga oluvchi va u bilan birga doimiy yashaydigan fuqarolar
Uy-joyni ijaraga olish shartnomasiga binoan faqatgina fuqaro ijaraga oluvchi boʻlishi mumkin. Shartnomada uy-joyda ijaraga oluvchi bilan birga doimiy yashaydigan fuqarolar koʻrsatilishi lozim. Shartnomada bunday koʻrsatmalar boʻlmasa, mazkur fuqarolarni uy-joyga qoʻyish ushbu Kodeks 608-moddasining qoidalariga muvofiq amalga oshiriladi. Ijaraga oluvchi bilan birga doimiy yashaydigan fuqarolar uy-joydan foydalanish boʻyicha u bilan teng huquqlarga egadirlar. Ijaraga oluvchi bilan bunday fuqarolar oʻrtasidagi munosabatlar qonunda belgilanadi. Ijaraga oluvchi oʻzi bilan birga doimiy yashab, uy-joyni ijaraga berish shartnomasining shartlarini buzayotgan fuqarolarning xatti-harakatlari uchun ijaraga beruvchi oldida javobgar boʻladi. Ijaraga oluvchi bilan birga doimiy yashaydigan fuqarolar ijaraga beruvchini xabardor qilgan holda uy-joyda doimiy yashaydigan fuqarolarning hammasi ijaraga oluvchi bilan birga ijaraga beruvchi oldida solidar javobgar ekanliklari toʻgʻrisida ijaraga oluvchi bilan shartnoma tuzishlari mumkin. Bunday holda ushbu fuqarolar birgalikda ijaraga oluvchi boʻladilar.
- FuqarolikCIVIL · 607-modda
Uy-joyni ijaraga oluvchining majburiyatlari
Ijaraga oluvchi uy-joydan faqat uning vazifasi boʻyicha foydalanishi, uy-joyning saqlanishini taʼminlashi va uni yaxshi holda tutishi shart. Ijaraga oluvchi ijaraga beruvchining roziligisiz uy-joyni qayta qurishga va tuzilishini oʻzgartirishga haqli emas. Ijaraga oluvchi uy-joy haqini oʻz vaqtida toʻlab turishi shart. Agar shartnomada boshqacha tartib belgilangan boʻlmasa, ijaraga oluvchi kommunal xizmatlar haqini mustaqil toʻlashi shart.
- FuqarolikCIVIL · 608-modda
Uy-joyni ijaraga olish shartnomasiga ijaraga oluvchining yangi oila aʼzolarini kiritish
Uy-joyni ijaraga oluvchi, shuningdek uning oila aʼzolari boshqa fuqarolarni oila aʼzosi sifatida uy-joyni ijaraga olish shartnomasiga kiritishni talab qilishga haqli. Bunday fuqarolarni uy-joyni ijaraga olish shartnomasiga kiritish tartibi va shartlari qonunchilik bilan belgilanadi.
- FuqarolikCIVIL · 609-modda
Vaqtincha yashovchilar
Ijaraga oluvchi va u bilan birga doimiy yashaydigan fuqarolar umumiy kelishuvga binoan va ijaraga beruvchini oldindan xabardor qilgan holda vaqtincha yashovchilarga (foydalanuvchilarga) uy-joyda bepul yashab turishlari uchun ruxsat etishga haqlidirlar. Basharti, qonunchilikning jon boshiga toʻgʻri keladigan uy-joy maydoni normasi haqidagi talablariga rioya etilmasa, ijaraga beruvchi vaqtincha yashovchilarning yashab turishlarini taqiqlab qoʻyishi mumkin. Vaqtincha yashovchilarning yashab turish muddati olti oydan oshmasligi kerak. Vaqtincha yashovchilar uy-joydan foydalanishda mustaqil huquqqa ega boʻlmaydilar. Ularning xatti-harakatlari uchun ijaraga beruvchi oldida ijaraga oluvchi javobgardir. Vaqtincha yashovchilar ular bilan kelishilgan yashab turish muddati oʻtganidan keyin, agarda bunday muddat kelishilmagan boʻlsa, ijaraga oluvchi yoki u bilan birga doimiy yashaydigan har qanday fuqaro tomonidan tegishli talab qoʻyilgan kundan eʼtiboran koʻpi bilan yetti kun ichida uy-joyni boʻshatishlari shart.
- FuqarolikCIVIL · 61-modda
Kommandit shirkat
Shirkat nomidan tadbirkorlik faoliyatini amalga oshiradigan hamda shirkatning majburiyatlari boʻyicha oʻzlarining butun mol-mulklari bilan javob beradigan ishtirokchilar (toʻliq sheriklar) bilan bir qatorda shirkat faoliyati bilan bogʻliq zarar uchun oʻzlari qoʻshgan hissalar doirasida javobgar boʻladigan hamda shirkat tomonidan tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishda qatnashmaydigan bir yoki bir necha ishtirokchi (hissa qoʻshuvchi, kommanditchi) mavjud boʻlsa, bunday shirkat kommandit shirkat hisoblanadi. Kommandit shirkatda qatnashayotgan toʻliq sheriklarning huquqlari va ularning shirkat majburiyatlari boʻyicha javobgarligi ushbu Kodeksning qoidalari bilan belgilanadi. Shaxs faqat bitta kommandit shirkatda toʻliq sherik boʻlishi mumkin. Toʻliq shirkat ishtirokchisi kommandit shirkatda toʻliq sherik boʻla olmaydi. Kommandit shirkatdagi toʻliq sherik oʻsha shirkatning oʻzida hissa qoʻshuvchi va boshqa toʻliq shirkatda ishtirokchi boʻlishi mumkin emas. Kommandit shirkatning firma nomi barcha toʻliq sheriklarning nomlari (nomlanishi)ni, shuningdek “kommandit shirkat” degan soʻzlarni yoki kamida bitta toʻliq sherikning “va kompaniya” degan soʻzlar qoʻshilgan nomi (nomlanishi)ni, shuningdek “kommandit shirkat” degan soʻzlarni oʻz ichiga olishi kerak. Agar kommandit shirkatning firma nomiga hissa qoʻshuvchining nomi kiritilgan boʻlsa, bunday hissa qoʻshuvchi toʻliq sherikka aylanadi. Kommandit shirkatga toʻliq shirkat haqidagi qoidalar qoʻllaniladi, agar bu hol ushbu Kodeksning qoidalariga zid boʻlmasa.
- FuqarolikCIVIL · 610-modda
Ijaraga berilgan uy-joyni taʼmirlash
Ijaraga berilgan uy-joyni joriy taʼmirlash, agar uy-joyni ijaraga berish shartnomasida boshqacha tartib belgilangan boʻlmasa, ijaraga oluvchining zimmasidadir. Ijaraga berilgan uy-joyni kapital taʼmirlash, agar uy-joyni ijaraga berish shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, ijaraga beruvchining zimmasidadir. Ijaraga berilgan uy-joy joylashgan uyni qayta jihozlashga, agar bunday qayta jihozlash uy-joydan foydalanish shart-sharoitlarini jiddiy ravishda oʻzgartirsa, ijaraga oluvchining roziligisiz yoʻl qoʻyilmaydi.
- FuqarolikCIVIL · 611-modda
Uy-joy uchun toʻlanadigan haq
Uy-joy uchun toʻlanadigan haqning miqdori taraflarning oʻzaro kelishuviga binoan uy-joyni ijaraga berish shartnomasida belgilab qoʻyiladi. Basharti qonunga muvofiq uy-joy uchun toʻlanadigan haqning eng koʻp miqdori belgilab qoʻyilgan boʻlsa, shartnomada belgilangan haq ana shu miqdordan oshib ketmasligi lozim. Uy-joy uchun toʻlanadigan haqning miqdori bir tomonlama oʻzgartirilishiga yoʻl qoʻyilmaydi, qonun yoki shartnomada nazarda tutilgan hollar bundan mustasno. Uy-joy uchun haq ijaraga oluvchi tomonidan uy-joyni ijaraga olish shartnomasida nazarda tutilgan muddatlarda toʻlab turilishi lozim. Agar shartnomada bunday muddatlar nazarda tutilgan boʻlmasa, haq ijaraga oluvchi tomonidan har oyda qonunchilikda belgilangan tartibda toʻlab turilishi shart.
- FuqarolikCIVIL · 612-modda
Uy-joyni ijaraga berish shartnomasining muddati
Uy-joyni ijaraga berish shartnomasi besh yildan ortiq boʻlmagan muddatga tuziladi. Agar shartnomada muddat koʻrsatilgan boʻlmasa, u besh yilga tuzilgan hisoblanadi. Bir yilgacha muddatga tuzilgan uy-joyni ijaraga berish (qisqa muddatli ijara) shartnomasiga nisbatan, agar shartnomada boshqa hol nazarda tutilgan boʻlmasa, ushbu Kodeks 606-moddasining ikkinchi va uchinchi qismlarida, 609-moddasida, ushbu moddaning uchinchi qismida, 613 va 614-moddalarida nazarda tutilgan qoidalar qoʻllanmaydi. Ijaraga oluvchi yangi muddatga shartnoma tuzishda imtiyozli huquqqa ega. Agar ijaraga beruvchi uy-joyni bir yildan kam boʻlmagan muddatda ijaraga bermaslikka qaror qilgan boʻlsa, u yangi muddatga shartnoma tuzishni rad qilishga haqli.
- FuqarolikCIVIL · 613-modda
Uy-joyni ikkilamchi ijaraga berish
Uy-joyni ikkilamchi ijaraga berish shartnomasiga binoan ijaraga oluvchi ijaraga beruvchining roziligi bilan oʻzi ijaraga olgan binoning bir qismini yoki hammasini muayyan muddatga ikkilamchi ijaraga oluvchiga beradi. Ikkilamchi ijaraga oluvchi uy-joydan mustaqil foydalanish huquqiga ega boʻlmaydi. Uy-joyni ijaraga berish shartnomasiga binoan ijaraga oluvchi ijaraga beruvchi oldida javobgar boʻlib qolaveradi. Uy-joyni ikkilamchi ijaraga berish shartnomasi qonunchilikning jon boshiga toʻgʻri keladigan uy-joy maydoni normasi haqidagi talablariga rioya etilgan taqdirdagina tuzilishi mumkin. Uy-joyni ikkilamchi ijaraga berish shartnomasi haq evaziga amalga oshiriladi. Uy-joyni ikkilamchi ijaraga berish shartnomasining muddati uy-joyni ijaraga berish shartnomasining muddatidan koʻp boʻlishi mumkin emas. Uy-joyni ijaraga berish shartnomasi muddatidan oldin bekor qilingan taqdirda bir vaqtning oʻzida uy-joyni ikkilamchi ijaraga berish shartnomasi ham bekor qilinadi. Yangi muddatga shartnoma tuzishga boʻlgan imtiyozli huquq toʻgʻrisidagi qoida uy-joyni ikkilamchi ijaraga berish shartnomasiga nisbatan tatbiq etilmaydi.
- FuqarolikCIVIL · 614-modda
Uy-joyni ijaraga berish shartnomasida ijaraga oluvchini almashtirish
Ijaraga oluvchi va u bilan birga doimiy yashaydigan boshqa fuqarolarning talabiga binoan va ijaraga beruvchining roziligi bilan uy-joyni ijaraga berish shartnomasidagi ijaraga oluvchi u bilan birga doimiy yashaydigan voyaga yetgan boshqa bir fuqaro bilan almashtirilishi mumkin. Ijaraga oluvchi vafot etgan yoki u uy-joydan ketib qolgan taqdirda, shartnoma avvalgi shartlarda amal qilaveradi, avvalgi ijaraga oluvchi bilan birga doimiy yashaydigan fuqarolarning umumiy kelishuviga binoan ulardan biri ijaraga oluvchi boʻladi. Agar bunday kelishuvga erishilgan boʻlmasa, uy-joyda birgalikda doimiy yashaydigan fuqarolarning hammasi birgalikda ijaraga oluvchi boʻladilar.
- FuqarolikCIVIL · 615-modda
Ijara shartnomasini bekor qilish
Uy-joyni ijaraga berish shartnomasi taraflarning kelishuvi bilan bekor qilinadi. Uy-joyni ijaraga oluvchi oʻzi bilan birga doimiy yashaydigan boshqa fuqarolarning roziligi bilan ijaraga beruvchini uch oy avval yozma ravishda ogohlantirib, istalgan vaqtda ijara shartnomasini bekor qilishga haqli. Uy-joyni ijaraga berish shartnomasi: agar shartnomada uzoqroq muddat belgilangan boʻlmasa, ijaraga oluvchi tomonidan uy-joy uchun olti oy mobaynida, qisqa muddatli ijarada esa shartnomada belgilangan haq toʻlash muddati oʻtganidan keyin ikki martadan koʻproq haq toʻlanmagan boʻlsa; ijaraga oluvchi yoki xatti-harakatlari uchun ijaraga oluvchi javobgar boʻlgan boshqa fuqarolar tomonidan uy-joy vayron qilinsa yoki unga putur yetkazilsa; uy-joydan gʻayrihuquqiy qilmishlarni sodir etish uchun foydalanilgan boʻlsa, ijaraga beruvchining talabiga binoan sud tartibida bekor qilinishi mumkin. Uy-joyni ijaraga berish shartnomasi: agar uy-joy doimiy yashash uchun yaroqli boʻlmay qolsa, shuningdek avariya holatiga kelib qolsa; uy-joy toʻgʻrisidagi qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa hollarda shartnomadagi istalgan tarafning talabiga binoan sud tartibida bekor qilinishi mumkin. Agar uy-joyni ijaraga oluvchi yoki xatti-harakatlari uchun ijaraga oluvchi javobgar boʻlgan boshqa fuqarolar uy-joydan uning vazifasiga binoan foydalanmasalar yoxud muntazam ravishda qoʻshnilarning huquqlari va manfaatlarini buzsalar, ijaraga beruvchi ijaraga oluvchini qoidabuzarliklarga barham berish zarurligi toʻgʻrisida ogohlantirishi mumkin. Agar ijaraga oluvchi yoki xatti-harakatlari uchun ijaraga oluvchi javobgar boʻlgan boshqa fuqarolar ogohlantirish olganlardan keyin ham uy-joydan uning vazifasiga binoan foydalanmaslikni yoki qoʻshnilarning huquq va manfaatlarini buzishni davom ettirsalar, ijaraga beruvchi uy-joyni ijaraga berish shartnomasini sud tartibida bekor qilishga haqli. Uy-joyni ijaraga berish shartnomasini bekor qilish uchun asos boʻlgan qoidabuzarliklarga barham berish tartibi va muddatlari qonun bilan belgilab qoʻyiladi.
- FuqarolikCIVIL · 616-modda
Uy-joyni ijaraga berish shartnomasini bekor qilishning oqibatlari
Uy-joyni ijaraga berish shartnomasi bekor qilingan taqdirda, ijaraga oluvchi va shartnoma bekor qilingan vaqtda uy-joyda yashab turgan boshqa fuqarolar sudning qaroriga asosan uy-joydan koʻchirib chiqarilishi lozim.
- FuqarolikCIVIL · 617-modda
Tekin foydalanish shartnomasi tushunchasi
Tekin foydalanish (ssuda) shartnomasi boʻyicha bir taraf (ssuda beruvchi) ikkinchi tarafga (ssuda oluvchiga) ashyoni vaqtincha tekin foydalanish uchun berish majburiyatini oladi yoki beradi, ikkinchi taraf esa bu ashyoni qanday olgan boʻlsa, normal yeyilishni hisobga olib xuddi shunday holatda yoki shartnomada nazarda tutilgan holatda qaytarib berish majburiyatini oladi. Tekin foydalanish shartnomasiga nisbatan ushbu Kodeks 537-moddasida, 540-moddasining birinchi va ikkinchi qismlarida, 545-moddasida, 553-moddasining toʻrtinchi qismida, 555-moddasining birinchi va uchinchi qismlarida nazarda tutilgan qoidalar qoʻllanadi.
- FuqarolikCIVIL · 618-modda
Ssuda beruvchi
Ashyoni tekin foydalanishga berish huquqiga uning mulkdori va qonun yoki mulkdor tomonidan vakolat berilgan boshqa shaxslar ega boʻladi. Tijorat tashkiloti oʻz muassisi, ishtirokchisi (aksiyadori), rahbari, oʻz boshqaruv yoki nazorat organlarining aʼzosi boʻlgan shaxsga ashyoni tekin foydalanishga berishga haqli emas.