Qonun toʻplami
Yurideks yordamchisi foydalanadigan qonun moddalarining namunaviy toʻplami. Mavzu boʻyicha filtrlang yoki toʻliq matndan qidiring.
2695 ta modda topildi
- FuqarolikCIVIL · 583-modda
Ijaraga olingan korxona mol-mulkidan foydalanish
Agar qonunda yoki shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, ijaraga oluvchi ijaraga olingan korxona mol-mulki tarkibiga kiruvchi moddiy boyliklarni ijaraga beruvchining roziligi bilan sotish, ayirboshlash va uning roziligisiz vaqtincha foydalanishga yoxud qarzga, qoʻshimcha ijaraga berishga, shuningdek korxona bahosini pasaytirmaslik va ijara shartnomasining boshqa bandlarini buzmaslik sharti bilan bunday boyliklarga nisbatan ijara shartnomasi boʻyicha oʻz huquq va majburiyatlarini boshqa shaxslarga oʻtkazishga haqli. Agar korxonani ijaraga berish shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, ijaraga oluvchi ijaraga olingan korxonani ijaraga beruvchining roziligisiz qayta qurishga, uni kengaytirib, texnik qayta jihozlab qiymatini oshirishga haqli.
- FuqarolikCIVIL · 584-modda
Ijarachining ijaraga olingan korxonani yaxshilashi
Korxonani ijaraga olish shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, korxonani ijaraga oluvchi ijaraga beruvchining ruxsatidan qatʼi nazar, ijaraga olingan mol-mulkni ajratib boʻlmaydigan tarzda yaxshilash qiymatini olishga haqli. Agar ijaraga beruvchi ijaraga oluvchining bunday yaxshilashga qilgan xarajatlari ijaraga olingan mol-mulkning qiymatini uning sifati va (yoki) undan foydalanish xususiyatlarini yaxshilashga qaraganda beqiyos darajada oshirib yuborganligini yoki bunday yaxshilashni amalga oshirish vaqtida halollik va oqilonalik tamoyillari buzilganligini isbotlasa, sud uni bunday yaxshilash haqini ijaraga oluvchiga toʻlash majburiyatidan ozod qilishi mumkin.
- FuqarolikCIVIL · 585-modda
Korxonani ijaraga berish shartnomasiga bitimlarning haqiqiy emasligi hamda shartnomani oʻzgartirish va bekor qilish oqibatlari haqidagi qoidalarning tatbiq etilishi
Ushbu Kodeksning bitimlar haqiqiy emasligining oqibatlari toʻgʻrisidagi, shartnomani oʻzgartirish va bekor qilish haqidagi shartnoma boʻyicha olingan narsani bir tarafdan yoki har ikkala tarafdan qaytarib olishni yoki asli holida undirib olishni nazarda tutuvchi qoidalari, agar bunday oqibatlar ijaraga beruvchi va ijaraga oluvchining kreditorlarining, boshqa shaxslarning muhim huquqlari hamda qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarini jiddiy buzmasa va ushbu Kodeks 116-moddasining qoidalariga zid kelmasa, korxonani ijaraga berish shartnomasiga nisbatan qoʻllanadi.
- FuqarolikCIVIL · 586-modda
Ijaraga olingan korxonani qaytarish
Korxonani ijaraga berish shartnomasi bekor boʻlganida, ijaraga olingan mulkiy kompleks ushbu Kodeksning 579 va 581-moddalarida nazarda tutilgan qoidalarga amal qilgan holda ijaraga beruvchiga qaytarilishi shart.
- FuqarolikCIVIL · 587-modda
Lizing shartnomasi
Lizing shartnomasi boʻyicha lizing beruvchi (ijaraga beruvchi) bir taraf lizing oluvchi (ijaraga oluvchi) ikkinchi tarafning topshirigʻiga binoan sotuvchi uchinchi taraf bilan undan lizing oluvchi uchun mol-mulk sotib olish haqida kelishish majburiyatini oladi, lizing oluvchi esa buning uchun lizing beruvchiga lizing toʻlovlarini toʻlash majburiyatini oladi.
- FuqarolikCIVIL · 588-modda
Lizing obyekti
Isteʼmol qilinmaydigan, tadbirkorlik faoliyati uchun foydalaniladigan har qanday ashyolar lizing obyekti boʻlishi mumkin, yer uchastkalari va boshqa tabiat obyektlari bundan mustasno.
- FuqarolikCIVIL · 589-modda
Lizing subyektlari
Kelajakda lizing oluvchiga lizing boʻyicha topshirish maqsadida mol-mulkni oʻziga mulk qilib oluvchi shaxs lizing beruvchi deb tan olinadi. Egalik qilish va foydalanish uchun lizing obyektini oladigan shaxs lizing oluvchi deb hisoblanadi. Lizing beruvchi lizing obyektini kimdan olayotgan boʻlsa, shu shaxs sotuvchi deb eʼtirof etiladi. Lizing beruvchi mol-mulkni boʻlajak foydalanuvchidan sotib olgan taqdirda yoxud lizing beruvchi kelajakda mol-mulkni sotuvchiga lizing boʻyicha topshirish uchun undan shu mol-mulkni sotib olish maqsadida uni mablagʻ bilan taʼminlagan taqdirda bir shaxsning oʻzi ham lizing oluvchi, ham sotuvchi boʻlishiga yoʻl qoʻyiladi.
- FuqarolikCIVIL · 59-modda
Xoʻjalik shirkati yoki jamiyati ishtirokchilarining huquq va burchlari
Xoʻjalik shirkati yoki jamiyatining ishtirokchilari quyidagilarga haqlidirlar: shirkatning yoki jamiyatning ishlarini boshqarishda qatnashish, boshqa qonunlarda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno; taʼsis hujjatlarida belgilab qoʻyilgan tartibda shirkatning yoki jamiyatning faoliyati toʻgʻrisida axborot olish hamda uning buxgalteriya daftarlari va boshqa hujjatlari bilan tanishish; foydani taqsimlashda qatnashish; shirkat yoki jamiyat tugatilgan taqdirda, kreditorlar bilan hisob-kitob qilinganidan keyin qolgan mol-mulkning bir qismini yoki uning qiymatini olish. Xoʻjalik shirkati yoki jamiyatining ishtirokchilari ushbu Kodeksda, boshqa qonunchilikda, shirkat yoki jamiyatning taʼsis hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa huquqlarga ham ega boʻlishlari mumkin. Xoʻjalik shirkati yoki jamiyatining ishtirokchilari: taʼsis hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda, miqdorda, usullarda va muddatlarda hissa qoʻshishlari; shirkat yoki jamiyatning faoliyati toʻgʻrisidagi maxfiy axborotni oshkor qilmasliklari shart. Xoʻjalik shirkati yoki jamiyati ishtirokchilarining shirkat yoki jamiyat taʼsis hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa burchlari ham boʻlishi mumkin.
- FuqarolikCIVIL · 590-modda
Lizing toʻlovi
Lizing toʻlovi lizing beruvchiga lizing obyekti qiymatining lizing oluvchi tomonidan qoplanishidan, shuningdek lizing beruvchining foizli daromadidan iborat boʻladi.
- FuqarolikCIVIL · 591-modda
Mol-mulkni lizingga topshirish toʻgʻrisida sotuvchini xabardor qilish
Lizing beruvchi lizing oluvchi uchun mol-mulk sotib olayotganda mol-mulk muayyan shaxsga lizingga berishga moʻljallanganligini sotuvchiga bildirishi shart.
- FuqarolikCIVIL · 592-modda
Lizing shartnomasi narsasini lizing oluvchiga topshirish
Agar lizing shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, ushbu shartnoma obyekti boʻlgan mol-mulk sotuvchi tomonidan bevosita lizing oluvchiga u turgan joyda topshiriladi. Agar lizing shartnomasining narsasi boʻlgan mol-mulk shu shartnomada koʻrsatilgan muddatda, basharti shartnomada bunday muddat koʻrsatilmagan boʻlsa, oqilona muddatda lizing oluvchiga topshirilmagan boʻlsa, lizing beruvchi javobgar boʻladigan holatlar tufayli muddat oʻtkazib yuborilgan taqdirda, lizing oluvchi shartnomani bekor qilishni va zararning qoplanishini talab qilishga haqli.
- FuqarolikCIVIL · 593-modda
Mol-mulkning tasodifan nobud boʻlishi yoki tasodifan buzilishi xavfining lizing oluvchiga oʻtishi
Lizing boʻyicha ijaraga olingan mol-mulkning tasodifan nobud boʻlishi yoki tasodifan buzilishi xavfi, agar lizing shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, lizing oluvchiga bu mol-mulkni topshirish paytida oʻtadi.
- FuqarolikCIVIL · 594-modda
Lizing beruvchining majburiyati va javobgarligi
Lizing beruvchi lizing obyektini lizing oluvchiga shartnoma shartlariga javob beradigan holatda va unda kelishilgan muddatda topshirishi shart. Agar lizing beruvchining aybli harakatlari yoki yoʻl qoʻygan kamchiliklari tufayli mol-mulk yetkazib berilmagan, toʻliq yetkazib berilmagan, muddati kechiktirib yetkazib berilgan yoki tegishli darajada sifatli boʻlmagan mol-mulk yetkazib berilgan boʻlsa, buning uchun u lizing oluvchi oldida javobgardir.
- FuqarolikCIVIL · 595-modda
Lizing oluvchining huquqlari
Mol-mulk yetkazib berilmagan, toʻliq yetkazib berilmagan, muddati kechiktirib yetkazib berilgan yoki uning sifati tegishli darajada boʻlmagan taqdirda, lizing oluvchi, agar shartnomada boshqacha qoida nazarda tutilgan boʻlmasa: lizing toʻlovlarini toʻxtatib turish; yetkazib berilayotgan mol-mulkni rad etish va lizing shartnomasini bekor qilishni talab qilishga haqli. Lizing shartnomasi muddatidan oldin bekor qilingan taqdirda lizing oluvchi ilgari boʻnak sifatida toʻlagan pullarini, lizing obyektidan foydalanishdan olgan foydaning qiymatini chegirib tashlab, oʻziga qaytarib berishni talab qilishga haqli. Lizing shartnomasida nazarda tutilgan taqdirda, lizing oluvchi boshqa majburiyatlarning bajarilishi taʼminoti sifatida lizing obyektini mazkur obyekt qiymatining lizing beruvchiga toʻlanishi lozim boʻlgan lizing toʻlovlarining qolgan summasidan ortiq boʻlgan qismi boʻyicha berishi mumkin. Lizing shartnomasining muddati tugagach, agar shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, lizing obyekti lizing oluvchining mulki boʻlib qoladi.
- FuqarolikCIVIL · 596-modda
Qoʻshimcha lizing
Lizing oluvchi lizing beruvchi oldida shartnoma yuzasidan javobgar boʻlib qolgani holda, lizing shartnomasi boʻyicha olgan mol-mulkini lizing beruvchining roziligi bilan qoʻshimcha lizingga topshirishga haqli.
- FuqarolikCIVIL · 597-modda
Lizing oluvchining majburiyati va javobgarligi
Agar lizing shartnomasida boshqacha tartib belgilangan boʻlmasa, lizing oluvchi lizing toʻlovlarini oʻz vaqtida toʻlashi, mol-mulkdan uni yetkazib berish shartlariga muvofiq foydalanishi, uni soz holda saqlashi, oʻz hisobidan joriy taʼmirlash ishlarini bajarishi, saqlash boʻyicha boshqa xarajatlarni amalga oshirishi shart. Lizing shartnomasi bekor qilinganida lizing oluvchi mol-mulkni lizing beruvchidan olgan holatida uning normal eskirishini va taraflarning kelishuvida shartlashilgan oʻzgarishlarni hisobga olib, qaytarib berishga majbur. Lizing oluvchi lizing toʻlovlarini toʻlash majburiyatlarini bajarmagan taqdirda, lizing beruvchi oʻziga tegishi kerak boʻlgan toʻlovlarni foizi bilan olishi mumkin. Lizing oluvchi oʻz majburiyatlarini jiddiy ravishda buzgan taqdirda, agar lizing shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, lizing beruvchi boʻlajak lizing toʻlovlarini tezlashtirishni yoki garov narsasini undirish uchun nazarda tutilgan tartibda undiruvni lizing obyektiga qaratgan va zararni undirgan holda shartnomani bekor qilishni talab qilish huquqiga ega.
- FuqarolikCIVIL · 598-modda
Sotuvchining javobgarligi
Lizing oluvchi lizing shartnomasining narsasi boʻlgan mol-mulkni sotuvchiga sotuvchi bilan lizing beruvchi oʻrtasida tuzilgan oldi-sotdi shartnomasidan kelib chiqadigan talablarni, xususan mol-mulkning sifati va butligi, uni yetkazib berish muddatlari haqidagi talablarni va shartnoma sotuvchi tomonidan zarur darajada bajarilmayotgan boshqa hollardan kelib chiqadigan talablarni qoʻyishga haqli. Bunda lizing oluvchi, mazkur mol-mulkning oldi-sotdi shartnomasidagi taraflardan biri boʻlgani kabi, ushbu Kodeksda sotib oluvchi uchun nazarda tutilgan huquqlarga ega boʻladi va majburiyatlarni oʻz zimmasiga oladi (sotib olingan mol-mulk haqini toʻlash majburiyati bundan mustasno). Biroq lizing oluvchi sotuvchi bilan oldi-sotdi shartnomasini lizing beruvchining roziligisiz bekor qila olmaydi. Sotuvchi bilan boʻladigan munosabatlarda lizing oluvchi va lizing beruvchi solidar kreditorlar boʻladilar. Agar lizing shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, lizing beruvchi oldi-sotdi shartnomasidan kelib chiqadigan talablarning sotuvchi tomonidan bajarilishi uchun lizing oluvchi oldida javobgar boʻlmaydi, sotuvchi tanlash boʻyicha javobgarlik lizing beruvchining zimmasida boʻlgan hollar bundan mustasno. Sotuvchini lizing beruvchi tanlagan taqdirda, lizing oluvchi oldi-sotdi shartnomasidan kelib chiqadigan talablarni oʻz xohishiga qarab, solidar javobgar boʻlgan mol-mulk sotuvchi oldiga ham, lizing beruvchi oldiga ham qoʻyishga haqli.
- FuqarolikCIVIL · 599-modda
Lizing obyekti boshqa mulkdorga oʻtganida lizing shartnomasining oʻz kuchida qolishi
Lizing boʻyicha topshirilgan mol-mulkka boʻlgan mulk huquqi lizing beruvchidan boshqa shaxsga oʻtganida lizing shartnomasi yangi mulkdor uchun oʻz kuchini saqlab qoladi.
- FuqarolikCIVIL · 6-modda
Ish muomalasi odatlari. Mahalliy odat va anʼanalar
Tadbirkorlik faoliyatining biron-bir sohasida vujudga kelgan va keng qoʻllaniladigan, qonunchilikda nazarda tutilmagan xulq-atvor qoidasi, biron-bir hujjatda yozilganligi yoki yozilmaganligidan qatʼi nazar, ish muomalasi odati deb hisoblanadi. Fuqarolik qonunchiligida tegishli normalar boʻlmagan taqdirda, bu munosabatlarni tartibga solishda mahalliy odat va anʼanalar qoʻllaniladi. Tegishli munosabat ishtirokchilari uchun majburiy boʻlgan qonunchilik normalariga yoki shartnomaga zid boʻlgan ish muomalasi odatlari, mahalliy odat va anʼanalar qoʻllanilmaydi.
- FuqarolikCIVIL · 60-modda
Toʻliq shirkat
Ishtirokchilari oʻz oʻrtalarida tuzilgan shartnomaga muvofiq shirkat nomidan tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanadigan hamda uning majburiyatlari boʻyicha oʻzlariga qarashli butun mol-mulk bilan javob beradigan shirkat toʻliq shirkat hisoblanadi. Shaxs faqat bitta toʻliq shirkatning ishtirokchisi boʻlishi mumkin. Toʻliq shirkatning firma nomi uning barcha ishtirokchilarining nomlari (nomlanishi)ni, shuningdek “toʻliq shirkat” degan soʻzlarni, yoxud bir yoki bir necha ishtirokchining “va kompaniya” degan soʻzlar qoʻshilgan nomi (nomlanishi)ni, shuningdek “toʻliq shirkat” degan soʻzlarni oʻz ichiga olishi kerak.