Qonun toʻplami
Yurideks yordamchisi foydalanadigan qonun moddalarining namunaviy toʻplami. Mavzu boʻyicha filtrlang yoki toʻliq matndan qidiring.
2695 ta modda topildi
- FuqarolikCIVIL · 565-modda
Transport vositasini ijaraga berish shartnomasining shakli
Transport vositasini ijaraga berish shartnomasi, uning muddatidan qatʼi nazar, yozma shaklda tuzilishi shart. Qonunchilikda belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi lozim boʻlgan avtomototransport vositalarini ijaraga berish shartnomasi notarial tasdiqlangan boʻlishi kerak bundan ushbu moddaning uchinchi va toʻrtinchi qismlarida nazarda tutilgan hollar mustasno. Yengil avtomobillar va mototransport vositalarini ijaraga berish boʻyicha xizmat koʻrsatadigan yuridik shaxslar jismoniy shaxslar bilan yengil avtomobillar va mototransport vositalarini oʻttiz kungacha boʻlgan muddatga ijaraga berish shartnomalarini oddiy yozma shaklda tuzishlari mumkin. Avtomototransport vositalari elektron savdo platformasi vositasida elektron onlayn-auksion orqali ijaraga berilganda ijaraga berish shartnomalarini notarial tartibda tasdiqlash talab etilmaydi. Bunda elektron onlayn-auksion natijalariga koʻra rasmiylashtirilgan bayonnoma ijara shartnomasi kuchiga ega boʻladi.
- FuqarolikCIVIL · 566-modda
Transport vositasi uni saqlash, boshqarish va texnik foydalanish boʻyicha xizmat koʻrsatgan holda ijaraga berilganda ijaraga beruvchining majburiyatlari
Ijaraga beruvchi shartnoma amal qilib turgan butun muddat davomida ijaraga berilgan transport vositasini tegishli holatda saqlashi, shu jumladan joriy va kapital taʼmirlashi hamda zarur asbob-uskunalarni berishi shart. Ijaraga beruvchining transport vositasini boshqarish va texnik foydalanish boʻyicha ijaraga oluvchiga koʻrsatadigan xizmatlari hajmi transport vositasining shartnomada koʻrsatilgan ijara maqsadlariga mos ravishda normal va xavfsiz ishlatilishini taʼminlashi shart. Ijara shartnomasida ijaraga oluvchiga koʻrsatiladigan xizmatlarning yanada kengroq doirasi nazarda tutilishi mumkin. Transport vositasi ekipajining tarkibi va uning malakasi taraflar uchun majburiy boʻlgan qoidalarga va shartnomada belgilangan shartlarga, bordi-yu, taraflar uchun majburiy boʻlgan qoidalarda bunday talablar belgilab qoʻyilmagan boʻlsa, –– shunday turdagi transport vositasini ishlatishning odatdagi amaliyoti talablari va shartnoma shartlariga javob berishi lozim. Ekipaj aʼzolari ijaraga beruvchi bilan mehnat munosabatlarini saqlab qoladilar. Ular ijaraga beruvchining transport vositasini boshqarish va texnik foydalanishga doir koʻrsatmalariga va ijaraga oluvchining transport vositasini tijorat maqsadida ishlatishga doir koʻrsatmalariga boʻysunadilar. Agar transport vositasini ijaraga berish shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, ekipaj aʼzolarining xizmatiga haq toʻlash, shuningdek ularni saqlash xarajatlari ijaraga beruvchi zimmasida boʻladi. Agar transport vositasini ijaraga berish shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, transport vositasini sugʻurta qilish va (yoki) uning tomonidan yoki uni ishlatish munosabati bilan yetkazilishi mumkin boʻlgan zarar uchun javobgarlikni sugʻurtalash majburiyati, bunday sugʻurtalash qonun yoki shartnomaga muvofiq majburiy boʻlsa, ijaraga beruvchi zimmasiga yuklatiladi.
- FuqarolikCIVIL · 567-modda
Transport vositasini tijorat maqsadida ishlatish bilan bogʻliq xarajatlarni toʻlash boʻyicha ijaraga oluvchining majburiyati
Agar transport vositasini ijaraga berish shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, transport vositasini tijorat maqsadida ishlatish munosabati bilan yonilgʻi va ishlatish jarayonida sarflanadigan boshqa materiallar haqini toʻlash, yigʻimlar va boshqa chiqimlarni toʻlash ijaraga oluvchi zimmasida boʻladi.
- FuqarolikCIVIL · 568-modda
Transport vositasi uni saqlash, boshqarish va texnik foydalanish boʻyicha xizmat koʻrsatmagan holda ijaraga berilganida ijaraga oluvchining majburiyatlari
Ijaraga oluvchi transport vositasini ijaraga berish shartnomasi amal qilib turgan butun muddat davomida ijaraga olingan transport vositasini tegishli holatda saqlab turishi, jumladan uni joriy taʼmirlashni, shuningdek, agar shartnomada boshqacha hol nazarda tutilgan boʻlmasa, kapital taʼmirlashni ham amalga oshirishi shart. Ijaraga oluvchi ijaraga olingan transport vositasini oʻz kuchi bilan boshqaradi, shuningdek undan tijorat maqsadida va texnik foydalanishni amalga oshiradi. Agar shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, ijaraga oluvchi ijaraga olingan transport vositasini saqlash, uni sugʻurtalash, shu jumladan oʻz javobgarligini sugʻurtalash, transport vositasini ishlatish bilan bogʻliq xarajatlarni amalga oshiradi.
- FuqarolikCIVIL · 569-modda
Transport vositasidan foydalanish haqida uchinchi shaxslar bilan tuziladigan shartnomalar
Agar ijara shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, ijaraga oluvchi ijaraga olingan transport vositasini ekipaj bilan yoki ekipajsiz ijara shartnomasi shartlari asosida ijaraga beruvchining roziligi bilan qoʻshimcha ijaraga berishga haqli. Ijaraga oluvchi ijaraga beruvchining roziligisiz oʻz nomidan, agar ijara shartnomasida nazarda tutilgan transport vositalaridan foydalanish maqsadlariga, bordi-yu bunday maqsadlar belgilab qoʻyilgan boʻlmasa, transport vositasining vazifasiga xilof boʻlmasa, uchinchi shaxslar bilan tashish shartnomalarini va boshqa shartnomalarni tuzishga haqli.
- FuqarolikCIVIL · 57-modda
Yuridik shaxsning toʻlovga qobiliyatsizligi
Tijoratchi tashkilot boʻlgan yuridik shaxs, shuningdek matlubot kooperativi yoki ijtimoiy fond shaklida ish olib borayotgan yuridik shaxs pul majburiyatlari boʻyicha kreditorlarning talablarini toʻla hajmida qanoatlantirishga va (yoki) soliqlar hamda yigʻimlar boʻyicha oʻz majburiyatlarini bajarishga qodir boʻlmasa, sud tomonidan toʻlovga qobiliyatsiz deb topilishi mumkin. Yuridik shaxsni toʻlovga qobiliyatsiz deb topishning asoslari, tartibi va oqibatlari qonunda belgilanadi.
- FuqarolikCIVIL · 570-modda
Transport vositasiga yetkazilgan zarar uchun javobgarlik
Ijaraga berilgan transport vositasi halokatga uchragan yoki shikastlangan taqdirda, agar ijaraga beruvchi transport vositasi qonun yoki shartnomaga muvofiq ijaraga oluvchi javobgar boʻladigan holatlarda halokatga uchraganini yoki shikastlanganligini isbot qilsa, ijaraga oluvchi yetkazilgan zararni ijaraga beruvchiga toʻlashi shart.
- FuqarolikCIVIL · 571-modda
Transport vositasi bilan yetkazilgan zarar uchun javobgarlik
Ekipaj bilan ijaraga berilgan transport vositasi, uning mexanizmlari, qurilmalari, jihozlari va shu kabilar bilan uchinchi shaxslarga yetkazilgan zarar uchun javobgarlik, ushbu Kodeksning 57-bobi qoidalariga muvofiq, ijaraga beruvchi zimmasida boʻladi. Ijaraga beruvchi zarar ijaraga oluvchining aybi bilan yetkazilganligini isbotlasa, uchinchi shaxslarga toʻlangan pul summasini qoplashni ijaraga oluvchidan regress tartibida talab qilishga haqli. Transport vositasi saqlash, boshqarish va texnik foydalanish boʻyicha xizmat koʻrsatmagan holda ijaraga berilganida transport vositasi, uning mexanizmlari, qurilmalari, jihozlari va shu kabilar bilan uchinchi shaxslarga yetkazilgan zarar uchun ushbu Kodeksning 57-bobi qoidalariga muvofiq ijaraga oluvchi javobgar boʻladi.
- FuqarolikCIVIL · 572-modda
Ayrim turdagi transport vositalarini ijaraga berish xususiyatlari
Ayrim turdagi transport vositalarini ijaraga berish xususiyatlari, ushbu paragrafda nazarda tutilgan hollardan tashqari, qonunchilik bilan belgilanishi mumkin.
- FuqarolikCIVIL · 573-modda
Bino yoki inshootni ijaraga berish shartnomasi
Bino yoki inshootni ijaraga berish shartnomasi boʻyicha ijaraga beruvchi ijaraga oluvchiga bino yoki inshootni vaqtincha egalik qilish va foydalanish yoxud vaqtincha foydalanish uchun topshirish majburiyatini oʻz zimmasiga oladi. Agar ushbu Kodeksning korxonani ijaraga berish toʻgʻrisidagi qoidalarida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, ushbu paragrafning qoidalari korxonalar ijarasiga tatbiq etiladi.
- FuqarolikCIVIL · 574-modda
Bino yoki inshootni ijaraga berish shartnomasining shakli va uni davlat roʻyxatidan oʻtkazish
Bino yoki inshootni ijaraga berish shartnomasi taraflar imzolaydigan bitta hujjat tarzida yozma shaklda tuziladi. Bino yoki inshootni ijaraga berish shartnomasining shakliga rioya etmaslik uning haqiqiy boʻlmasligiga olib keladi. Fuqarolar va (yoki) yuridik shaxslar oʻrtasida tuzilgan binoni yoki inshootni yoxud uning bir qismini ijaraga berish shartnomasi davlat soliq organlarida hisobga qoʻyilishi lozim, bundan qonunchilikda nazarda tutilgan hollar mustasno. Bir yildan kam boʻlmagan muddatga tuzilgan bino yoki inshootni ijaraga berish shartnomasi davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi lozim va roʻyxatdan oʻtkazilgan paytdan boshlab tuzilgan hisoblanadi.
- FuqarolikCIVIL · 575-modda
Bino yoki inshoot ijaraga berilganida ular joylashgan yer uchastkasiga boʻlgan huquqlar
Bino yoki inshootni ijaraga berish shartnomasi boʻyicha ijaraga oluvchiga bunday koʻchmas mulkka egalik qilish va undan foydalanish huquqlarini topshirish bilan bir vaqtda yer uchastkasining ana shu koʻchmas mulk joylashgan va undan foydalanish uchun zarur qismiga boʻlgan huquqlar ham topshiriladi. Ijaraga beruvchi ijaraga berilayotgan bino yoki inshoot joylashgan yer uchastkasining mulkdori boʻlsa, ijaraga oluvchiga yer uchastkasining tegishli qismiga boʻlgan ijara huquqi yoxud bino yoki inshootni ijaraga berish shartnomasida nazarda tutilgan boshqa huquq topshiriladi. Agar ijaraga oluvchiga topshiriladigan tegishli yer uchastkasiga boʻlgan huquq shartnomada belgilab qoʻyilgan boʻlmasa, yer uchastkasining bino yoki inshoot joylashgan va ulardan oʻz vazifasiga muvofiq foydalanish uchun zarur boʻlgan qismidan foydalanish huquqi bino yoki inshoot ijaraga berilgan muddatga ijaraga oluvchiga oʻtadi. Ijaraga beruvchiga mulk huquqi asosida qarashli boʻlmagan yer uchastkasida joylashgan bino yoki inshootni ijaraga berishga, agar bunday uchastkadan foydalanishning qonunda yoki yer uchastkasining mulkdori bilan tuzilgan shartnomada belgilangan shartlariga zid boʻlmasa, ushbu uchastka mulkdorining roziligisiz yoʻl qoʻyiladi.
- FuqarolikCIVIL · 576-modda
Yer uchastkasi sotilganida undan foydalanish huquqining bino yoki inshootni ijaraga oluvchida saqlanib qolishi
Ijaraga olingan bino yoki inshoot joylashgan yer uchastkasi boshqa shaxsga sotilgan hollarda yer uchastkasining bino yoki inshoot joylashgan va undan foydalanish uchun zarur boʻlgan qismidan foydalanish huquqi ushbu yer uchastkasi sotilguniga qadar amalda boʻlgan shartlar bilan ana shu bino yoki inshootni ijaraga oluvchi shaxsda saqlanib qoladi.
- FuqarolikCIVIL · 577-modda
Ijara haqining miqdori
Bino yoki inshootni ijaraga berish shartnomasida ijara haqining miqdori nazarda tutilishi lozim. Ijara haqining miqdori toʻgʻrisida taraflar yozma shaklda kelishgan shartlar boʻlmagan taqdirda, bino yoki inshootni ijaraga berish shartnomasi tuzilmagan hisoblanadi. Bunda ushbu Kodeks 356-moddasining toʻrtinchi qismida nazarda tutilgan narx belgilash qoidalari qoʻllanmaydi. Bino yoki inshootni ijaraga berish shartnomasida belgilangan bino yoki inshootdan foydalanganlik haqiga, agar qonun yoki shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, bino yoki inshoot joylashgan yer uchastkasidan yoxud yer uchastkasining bino yoki inshoot bilan birga topshirilayotgan tegishli qismidan foydalanganlik haqi ham kiradi. Shartnomada bino yoki inshootning ijara haqi bino (inshoot) maydonining birligi yoki uning boshqa oʻlchov koʻrsatkichlari boʻyicha belgilangan boʻlsa, ijara haqi ijaraga oluvchiga topshirilgan bino yoki inshootning haqiqiy oʻlchoviga qarab aniqlanadi.
- FuqarolikCIVIL · 578-modda
Bino yoki inshootni topshirish
Bino yoki inshootni ijaraga beruvchi tomonidan topshirish va ijaraga oluvchi tomonidan qabul qilib olish taraflar imzolaydigan topshirish dalolatnomasi yoki topshirishga doir boshqa hujjat boʻyicha amalga oshiriladi. Agar qonunda yoxud bino yoki inshootni ijaraga berish shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, ijaraga beruvchining bino yoki inshootni ijaraga oluvchiga topshirish majburiyati bino yoki inshoot ijaraga oluvchining egaligiga yoki foydalanishiga topshirilganidan va taraflar topshirish toʻgʻrisidagi tegishli hujjatni imzolaganlaridan keyin bajarilgan hisoblanadi. Taraflardan birining bino yoki inshootni shartnomada nazarda tutilgan shartlarda topshirish toʻgʻrisidagi hujjatni imzolashdan bosh tortishi tegishli boʻlishiga qarab, ijaraga beruvchining mol-mulkni topshirish boʻyicha oʻz majburiyatlarini, ijaraga oluvchining esa, mol-mulkni qabul qilib olish boʻyicha oʻz majburiyatlarini bajarishdan bosh tortishi deb qaraladi. Bino yoki inshootni ijaraga berish shartnomasi bekor qilinganida ijaraga olingan bino yoki inshoot ushbu moddada nazarda tutilgan qoidalarga rioya etgan holda ijaraga beruvchiga qaytarilishi lozim.
- FuqarolikCIVIL · 579-modda
Korxonani ijaraga berish shartnomasi
Korxonani ijaraga berish shartnomasi boʻyicha ijaraga beruvchi ijaraga oluvchiga vaqtincha egalik qilish va foydalanish uchun mulkiy kompleks sifatida butun korxonani yoki uning bir qismini haq evaziga berish majburiyatini oladi, ijaraga beruvchi boshqa shaxslarga oʻtkazishi mumkin boʻlmagan huquq va majburiyatlar bundan mustasno. Ijaraga beruvchi oʻz qarzlarini ijaraga oluvchining zimmasiga oʻtkazishi haqida kreditorlarini yozma ravishda ogohlantirishi shart, kreditorlar bunga rozi boʻlmasalar, ogohlantirishni olgan vaqtdan boshlab uch oy davomida ijaraga beruvchidan tegishli majburiyatlarni bekor qilishni yoki muddatidan oldin bajarishni va shu tufayli yetkazilgan zararni qoplashni talab qilishga haqli. Agar shu muddatda mazkur talablardan birontasi bildirilmasa, kreditor tegishli qarzning ijarachiga oʻtkazilishiga rozilik bergan deb hisoblanadi. Ijaraga beruvchidan majburiyatlarni bekor qilishni yoki muddatidan oldin bajarishni va zararni qoplashni talab qilgan kreditorlar bilan hisob-kitob qilib boʻlinganidan keyingina korxona ijarachiga topshirilishi mumkin. Korxona mulkiy kompleks sifatida ijaraga berilganidan keyin ijaraga beruvchi bilan ijaraga oluvchi topshirilgan korxona tarkibiga kiritilgan va ijaraga oluvchiga kreditorning roziligisiz oʻtkazilgan qarzlar boʻyicha solidar javobgar boʻladilar. Agar qonunchilikda boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, ijaraga beruvchining tegishli faoliyat bilan shugʻullanish uchun maxsus ruxsatnoma (litsenziya) asosida olgan huquqlari ijaraga oluvchiga berilishi mumkin emas. Ijarachi maxsus ruxsatnoma (litsenziya)si boʻlmaganligi sababli bajara olmaydigan majburiyatlarni shartnoma boʻyicha topshirilayotgan korxona tarkibiga kiritish ijaraga beruvchini kreditorlar oldidagi tegishli majburiyatlardan ozod qilmaydi.
- FuqarolikCIVIL · 58-modda
Xoʻjalik shirkatlari va jamiyatlari toʻgʻrisidagi asosiy qoidalar
Ulushlarga (qoʻshilgan hissalarga) yoki muassislarning (ishtirokchilarning) aksiyalariga boʻlingan ustav fondi (ustav kapitali)ga ega boʻlgan tijoratchi tashkilotlar xoʻjalik shirkatlari va jamiyatlari hisoblanadi. Muassislar (ishtirokchilar) qoʻshgan hissalar yoki ular sotib olgan aksiyalar hisobiga vujudga keltirilgan, shuningdek xoʻjalik shirkati yoki jamiyati oʻz faoliyati jarayonida ishlab chiqargan va sotib olgan mol-mulk mulk huquqi asosida unga tegishlidir. Xoʻjalik shirkatlari va jamiyatlari toʻliq shirkat, kommandit shirkat, masʼuliyati cheklangan jamiyat, aksiyadorlik jamiyati shaklida tuzilishi mumkin. Yakka tadbirkorlar va (yoki) tijoratchi tashkilotlar toʻliq shirkatlarning ishtirokchilari hamda kommandit shirkatlarda toʻliq sheriklar boʻlishlari mumkin. Fuqarolar va yuridik shaxslar xoʻjalik jamiyatlarida ishtirokchilar va kommandit shirkatlarda hissa qoʻshuvchilar boʻlishlari mumkin. Agar qonunda boshqacha tartib belgilab qoʻyilgan boʻlmasa, davlat hokimiyati organlari xoʻjalik jamiyatlarining ishtirokchilari hamda kommandit shirkatlarga hissa qoʻshuvchilar boʻlishga haqli emaslar. Mulkdorlar tomonidan moliyaviy taʼminlab turiladigan muassasalar, qonunda boshqacha tartib belgilab qoʻyilgan boʻlmasa, mulkdorning roziligi bilan xoʻjalik jamiyatlarining ishtirokchilari va kommandit shirkatlarga hissa qoʻshuvchilar boʻlishlari mumkin. Qonun ayrim toifadagi fuqarolarning xoʻjalik shirkatlarida va jamiyatlarida ishtirok etishini taqiqlab yoki cheklab qoʻyishi mumkin, aksiyadorlik jamiyatlari bundan mustasno. Xoʻjalik shirkatlari va jamiyatlari boshqa xoʻjalik shirkatlari va jamiyatlarining muassislari (ishtirokchilari) boʻlishlari mumkin, ushbu Kodeksda va boshqa qonunlarda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno. Xoʻjalik shirkati yoki jamiyatining mol-mulkiga pul, qimmatli qogʻozlar, pul bilan baholanadigan boshqa buyumlar yoki mulkiy huquqlar yoxud boshqa shaxsga oʻtkaziladigan oʻzga huquqlar hissa sifatida qoʻshilishi mumkin. Xoʻjalik jamiyati ishtirokchisining qoʻshgan hissasini pul bilan baholash jamiyatning muassislari (ishtirokchilari) oʻrtasidagi kelishuvga muvofiq amalga oshiriladi, qonunda nazarda tutilgan hollarda esa — baholovchi tashkilot tomonidan baholanishi kerak. Xoʻjalik shirkatlari va jamiyatlari (aksiyadorlik jamiyatidan tashqari) aksiyalar chiqarishga haqli emas.
- FuqarolikCIVIL · 580-modda
Korxonani ijaraga berish shartnomasining shakli
Korxonani ijaraga berish shartnomasi taraflar imzolagan bitta hujjat tarzida yozma shaklda tuziladi va u davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi lozim. Korxonani ijaraga berish shartnomasi davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan paytdan boshlab tuzilgan hisoblanadi. Korxonani ijaraga berish shartnomasining shakliga rioya etmaslik uning haqiqiy boʻlmasligiga olib keladi.
- FuqarolikCIVIL · 581-modda
Ijaraga olingan korxonani topshirish
Ijaraga olingan korxona ijaraga oluvchiga topshirish dalolatnomasi boʻyicha topshiriladi. Agar ijara shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, ijaraga olingan korxonani topshirishga tayyorlash, shu jumladan topshirish dalolatnomasini tuzish va imzolashga taqdim etish ijaraga beruvchining zimmasidagi majburiyat hisoblanadi va uning hisobidan amalga oshiriladi.
- FuqarolikCIVIL · 582-modda
Ijaraga oluvchining korxonani saqlash va uni ishlatish xarajatlarini toʻlash boʻyicha majburiyatlari
Korxonani ijaraga oluvchi ijara shartnomasi amal qilib turgan butun vaqt mobaynida korxonani tegishli texnik holatda saqlab turishi, shu jumladan uni joriy taʼmirlashi va shartnomada nazarda tutilgan hollarda kapital taʼmirlashi shart. Agar shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, ijaraga olingan korxonani ishlatish bilan bogʻliq xarajatlar, shuningdek ijaraga olingan mol-mulkni sugʻurtalash boʻyicha toʻlovlar, soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar ijaraga oluvchi zimmasiga yuklatiladi.