Qonun toʻplami
Yurideks yordamchisi foydalanadigan qonun moddalarining namunaviy toʻplami. Mavzu boʻyicha filtrlang yoki toʻliq matndan qidiring.
2695 ta modda topildi
- FuqarolikCIVIL · 547-modda
Ijaraga beruvchining ijaraga olingan mol-mulkni saqlash majburiyatlari
Agar qonunchilik yoki shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, ijaraga beruvchi ijaraga topshirilgan mol-mulkni oʻz hisobidan kapital taʼmirlashi shart. Ijaraga oluvchi javobgar boʻlmagan holatlar natijasida kelib chiqqan shoshilinch zarurat tufayli oʻtkaziladigan taʼmirlashni ijaraga beruvchi oʻz hisobidan amalga oshirishi shart. Kapital taʼmirlash mulk ijarasi shartnomasida belgilangan muddatda, agar bu muddat shartnomada belgilanmagan yoki shoshilinch zarurat tufayli oʻtkazilsa, oqilona muddatda amalga oshirilmogʻi lozim. Ijaraga beruvchining kapital taʼmirlash majburiyatini bajarmasligi ijaraga oluvchiga oʻz xohishiga koʻra: shartnomada belgilangan yoxud shoshilinch zarurat taqozo etayotgan kapital taʼmirlashni amalga oshirib, taʼmirlash qiymatini ijaraga beruvchidan undirib olish yoxud mol-mulkdan foydalanganlik uchun toʻlanadigan haq hisobiga oʻtkazish; haqni tegishincha kamaytirishni talab qilish; shartnomani muddatidan oldin bekor qilish va zararning qoplanishini talab qilish huquqini beradi.
- FuqarolikCIVIL · 548-modda
Ijaraga oluvchining ijaraga olingan mol-mulkni saqlash majburiyatlari
Agarda qonun yoki shartnomada boshqacha tartib belgilangan boʻlmasa, ijaraga oluvchi mol-mulkni yaxshi holda saqlashi, uni oʻz hisobidan joriy taʼmirlashi va saqlash boʻyicha boshqa xarajatlarni qilishi lozim.
- FuqarolikCIVIL · 549-modda
Taraflar oʻzgarganda mol-mulk ijarasi shartnomasining oʻz kuchida qolishi
Ijaraga topshirilgan mol-mulkka nisbatan mulk (operativ boshqarish, meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish) huquqining boshqa shaxsga oʻtishi mulk ijarasi shartnomasining oʻzgartirilishi yoxud bekor qilinishi uchun asos boʻlmaydi. Koʻchmas mulkni ijaraga olgan fuqaro vafot etgan taqdirda, agar qonun yoki shartnomada boshqacha tartib belgilanmagan boʻlsa, ushbu mol-mulkni ijaraga topshirish shartnomasi boʻyicha uning huquq va majburiyatlari vorisga oʻtadi. Shartnomaning tuzilishi ijaraga oluvchining shaxsiy fazilatlari bilan bogʻliq boʻlgan hollardan tashqari ijaraga beruvchi bunday vorisning shartnoma amal qilishining qolgan muddatida shartnomaga qoʻshilishini rad etishga haqli emas.
- FuqarolikCIVIL · 55-modda
Yuridik shaxsni tugatish tartibi
Tugatuvchi yuridik shaxsning tugatilishi haqida ommaviy axborot vositalarida eʼlon beradi. Yuridik shaxs boʻlgan tadbirkorlik subyektini ixtiyoriy ravishda tugatish toʻgʻrisidagi eʼlon roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ tomonidan uning rasmiy veb-saytiga joylashtiriladi. Yuridik shaxsning tugatilishi haqidagi eʼlonda uning kreditorlari talablarini bildirish tartibi va muddatlari koʻrsatiladi. Bu muddat tugatish toʻgʻrisidagi eʼlon chiqqan paytdan eʼtiboran ikki oydan kam boʻlmasligi kerak. Tugatuvchi kreditorlarni aniqlash va debitorlik qarzini olish choralarini koʻradi, shuningdek kreditorlarni yuridik shaxs tugatilishi haqida yozma ravishda xabardor qiladi. Kreditorlar tomonidan talablarni qoʻyish uchun belgilangan muddat tamom boʻlganidan keyin tugatuvchi oraliq tugatish balansini tuzadi, bu balans tugatilayotgan yuridik shaxs mol-mulkining tarkibi, kreditorlar qoʻygan talablar roʻyxati, shuningdek ularni qarab chiqish natijalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni oʻz ichiga oladi. Oraliq tugatish balansi yuridik shaxsni tugatish toʻgʻrisida qaror qabul qilgan yuridik shaxs muassislari (ishtirokchilari) yoki organ tomonidan tasdiqlanadi. Yuridik shaxsni tugatish toʻgʻrisidagi qaror sud tomonidan qabul qilingan taqdirda, oraliq tugatish balansi yuridik shaxslarni davlat roʻyxatidan oʻtkazuvchi organ bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi. Agar tugatilayotgan yuridik shaxs (muassasalardan tashqari) ixtiyoridagi pul mablagʻlari kreditorlarning talablarini qondirish uchun yetarli boʻlmasa, tugatuvchi yuridik shaxsning mol-mulkini kimoshdi savdosi orqali sud qarorlarini ijro etish uchun belgilangan tartibda sotadi. Tugatilayotgan yuridik shaxs kreditorlariga pul summalarini toʻlash tugatuvchi tomonidan ushbu Kodeksning 56-moddasida belgilab qoʻyilgan navbat tartibida, oraliq tugatish balansiga muvofiq, u tasdiqlangan kundan boshlab amalga oshiriladi. Kreditorlar bilan hisob-kitob qilish tugaganidan keyin tugatuvchi tugatish balansini tuzadi, uni yuridik shaxsni tugatish toʻgʻrisida qaror qabul qilgan yuridik shaxs muassislari (ishtirokchilari) yoki organ tasdiqlaydi. Yuridik shaxsni tugatish toʻgʻrisidagi qaror sud tomonidan qabul qilingan taqdirda, tugatish balansi yuridik shaxslarni davlat roʻyxatidan oʻtkazuvchi organ bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi. Tugatilayotgan muassasaning mablagʻlari kreditorlarning talablarini qondirish uchun yetarli boʻlmasa, kreditorlar oʻz talablarining qolgan qismini ushbu muassasa mulkdori hisobidan qondirish toʻgʻrisida sudga daʼvo bilan murojaat qilish huquqiga egadir. Yuridik shaxsning kreditorlar talablari qondirilganidan keyin qolgan mol-mulki uning shu mol-mulkka ashyoviy huquqlarga yoki ushbu yuridik shaxsga nisbatan majburiy huquqlarga ega boʻlgan muassislariga (ishtirokchilariga), agar qonunchilikda oʻzgacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, topshiriladi. Moliya-xoʻjalik faoliyatini amalga oshirmayotgan korxonalarni tugatish, shuningdek ularni muassislari yoʻqligida tugatish taomili va xususiyatlari qonunchilik bilan tartibga solinadi. Yuridik shaxsning tugatilishi haqidagi yozuv yuridik shaxslarning yagona davlat reyestriga kiritib qoʻyilganidan soʻng yuridik shaxsni tugatish tamomlangan, yuridik shaxsning faoliyati esa tugagan hisoblanadi.
- FuqarolikCIVIL · 550-modda
Mulk ijarasi shartnomasi muddatidan oldin bekor qilinganida ikkilamchi ijara shartnomasining bekor boʻlishi
Agar mulk ijarasi shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, mulk ijarasi shartnomasining muddatidan oldin bekor qilinishi unga muvofiq tuzilgan ikkilamchi ijara shartnomasining bekor boʻlishiga olib keladi. Bu holda ikkilamchi ijaraga oluvchi ikkilamchi ijaraning qolgan muddati davomida ikkilamchi ijara shartnomasiga muvofiq oʻzi foydalanib kelgan mol-mulkni bekor boʻlgan mulk ijarasi shartnomasining tegishli shartlari asosida ijaraga olish haqida shartnoma tuzishi mumkin. Agar mulk ijarasi shartnomasi ushbu Kodeksda nazarda tutilgan asoslar boʻyicha haqiqiy emas deb topilsa, unga muvofiq tuzilgan ikkilamchi ijara shartnomalari ham haqiqiy emas deb topiladi.
- FuqarolikCIVIL · 551-modda
Ijaraga beruvchining talabi boʻyicha mulk ijarasi shartnomasini muddatidan oldin bekor qilish
Mulk ijarasi shartnomasi ijaraga beruvchining talabi bilan sud tomonidan muddatidan oldin bekor qilinishi mumkin, agar ijaraga oluvchi: ijaraga beruvchining yozma ogohlantirishiga qaramasdan mol-mulkdan shartnoma shartlarini yoki mol-mulkning vazifalarini jiddiy ravishda buzgan yoxud bir necha marta buzgan holda foydalansa; mol-mulkni jiddiy yomonlashtirsa; shartnomada belgilangan toʻlov muddatini ketma-ket ikki martadan ortiq buzib, mol-mulkdan foydalanganlik uchun haq toʻlamasa; qonunchilikka yoki shartnomaga muvofiq kapital taʼmirlash ishlarini bajarish ijaraga oluvchi zimmasidagi majburiyat boʻlgan hollarda shartnomada belgilangan muddatlarda, shartnomada bunday muddat belgilangan boʻlmasa, oqilona muddatlarda mol-mulkni kapital taʼmirlashni amalga oshirmasa. Mulk ijarasi shartnomasida ushbu Kodeksning 382-moddasi ikkinchi qismiga muvofiq ijaraga beruvchining talabi bilan shartnomani muddatidan oldin bekor qilishning boshqa asoslari ham belgilanishi mumkin. Ijaraga beruvchi ijaraga oluvchini yozma ravishda ogohlantirganidan va unga oʻz majburiyatlarini bajarish uchun imkoniyat berganidan keyingina shartnoma muddatidan oldin bekor qilinishini talab qilishga haqli.
- FuqarolikCIVIL · 552-modda
Ijaraga oluvchining talabi bilan mulk ijarasi shartnomasini muddatidan oldin bekor qilish
Ijaraga oluvchining talabi bilan mulk ijarasi shartnomasi sud tomonidan muddatidan oldin bekor qilinishi mumkin, agar: ijaraga beruvchi mol-mulkni foydalanish uchun ijaraga oluvchiga bermasa yoki mol-mulkdan shartnoma shartlariga yoxud mol-mulkning vazifasiga muvofiq foydalanishga toʻsqinlik qilsa; ijaraga oluvchiga topshirilgan mol-mulkda undan foydalanishga toʻsqinlik qiladigan kamchiliklar boʻlib, ularni ijaraga beruvchi shartnoma tuzish vaqtida aytib oʻtmagan, ijaraga oluvchiga oldindan maʼlum boʻlmagan va shartnoma tuzayotganda mol-mulkni koʻzdan kechirish yoxud uning sozligini tekshirish vaqtida aniqlanishi mumkin boʻlmagan boʻlsa; ijaraga beruvchi shartnomada belgilangan muddatlarda, agarda shartnomada muddat belgilangan boʻlmasa, oqilona muddatlarda oʻz zimmasidagi mol-mulkni kapital taʼmirlash majburiyatini bajarmasa; ijaraga oluvchi javobgar boʻlmagan holatlar tufayli mol-mulk foydalanishga yaroqsiz boʻlib qolsa. Mulk ijarasi shartnomasida ushbu Kodeks 382-moddasining ikkinchi qismiga muvofiq ijaraga oluvchining talabi bilan shartnomani muddatidan oldin bekor qilishning boshqa asoslari ham belgilanishi mumkin.
- FuqarolikCIVIL · 553-modda
Yangi muddatga mulk ijarasi shartnomasi tuzishda ijaraga oluvchining imtiyozli huquqi
Agarda qonun yoki shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, oʻz majburiyatlarini lozim darajada bajargan ijaraga oluvchi shartnoma muddati tugaganidan keyin yangi muddatga mulk ijarasi shartnomasini tuzishda sharoitlar teng boʻlgan hollarda boshqa shaxslarga nisbatan imtiyozli huquqqa ega boʻladi. Ijaraga oluvchi ijaraga beruvchini mulk ijarasi shartnomasida belgilangan muddatda, agar shartnomada bunday muddat belgilangan boʻlmasa, shartnomaning amal qilishi tamom boʻlguncha oqilona muddatda bunday shartnomani tuzish istagi haqida yozma ravishda ogohlantirishi lozim. Mulk ijarasi shartnomasini yangi muddatga tuzishda shartnoma shartlari taraflarning kelishuvi asosida oʻzgartirilishi mumkin. Agar ijaraga beruvchi ijaraga oluvchi bilan yangi muddatga shartnoma tuzishni rad etsa-yu, ammo u bilan tuzilgan shartnoma muddati tugaganidan keyin bir yil ichida boshqa shaxs bilan mulk ijarasi shartnomasini tuzsa, ijaraga oluvchi oʻz xohishiga koʻra yo tuzilgan shartnoma boʻyicha huquq va majburiyatlar oʻziga oʻtkazilishini va oʻzi bilan shartnomani yangilashni rad etish oqibatida oʻziga yetkazilgan zararning toʻlanishini yoki faqat zararning oʻzi toʻlanishini sud orqali talab qilishga haqli. Agar mulk ijarasi shartnomasining muddati tamom boʻlganidan keyin ham ijaraga oluvchi mulkdan foydalanishni davom ettirsa va ijaraga beruvchi bunga eʼtiroz bildirmagan boʻlsa, shartnoma avvalgi shartlar asosida nomaʼlum muddatga qaytadan tuzilgan hisoblanadi.
- FuqarolikCIVIL · 554-modda
Mol-mulkni ijaraga beruvchiga qaytarish
Mulk ijarasi shartnomasi bekor boʻlganidan keyin ijaraga oluvchi ijaraga beruvchiga mol-mulkni oʻziga topshirilgan holatda, normal eskirishni hisobga olib yoki shartnomada kelishilgan holatda qaytarishi lozim. Agar ijaraga oluvchi ijaraga olgan mol-mulkni qaytarmasa yoki kechiktirib qaytarsa, ijaraga beruvchi kechiktirilgan barcha vaqt davomida mol-mulkdan foydalanganlik uchun haq toʻlashni talab qilishga haqli. Bu haq ijaraga beruvchi koʻrgan zararni qoplamagan taqdirda zararni toʻlashni talab qilishga haqli. Ijaraga olingan mol-mulk oʻz vaqtida qaytarilmaganligi uchun shartnomada neustoyka undirish nazarda tutilgan taqdirda, agar shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, neustoykadan tashqari zarar toʻliq miqdorda undirilishi mumkin.
- FuqarolikCIVIL · 555-modda
Ijaraga olingan mol-mulkni yaxshilash
Agarda mulk ijarasi shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, ijaraga oluvchi tomonidan mol-mulkning ajratib olsa boʻladigan tarzda yaxshilanishi uning mulki hisoblanadi. Ijaraga oluvchi ijaraga olingan mol-mulkni oʻz mablagʻlari hisobidan va ijaraga beruvchining roziligi bilan yaxshilagan, bu yaxshilashni mol-mulkka zarar yetkazmagan holda ajratib olish mumkin boʻlmagan taqdirda, ijaraga oluvchi shartnoma bekor boʻlganidan keyin, basharti shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, bu yaxshilashlar qiymatini toʻlashni talab qilish huquqiga ega. Agar qonunda boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, ijaraga oluvchi tomonidan ijaraga beruvchining roziligisiz amalga oshirilgan va ijaraga berilgan mol-mulkdan ajratib olib boʻlmaydigan yaxshilashlarning qiymati toʻlanmaydi. Ijaraga olingan mol-mulkdan amortizatsiya ajratmalari hisobiga amalga oshirilgan, mol-mulkdan ajratib olish mumkin boʻlgan va mumkin boʻlmagan yaxshilashlar ijaraga beruvchining mulki boʻladi.
- FuqarolikCIVIL · 556-modda
Ijaraga olingan mol-mulkni sotib olish
Mulk ijarasi shartnomasida ijaraga olingan mol-mulk ijara shartnomasining muddati tamom boʻlganidan keyin yoki tamom boʻlmasdan oldin ijaraga oluvchi shartnomada kelishilgan sotib olish bahosining hammasini toʻlagan taqdirda uning mulkiga aylanishi nazarda tutilishi mumkin. Agar ijaraga olingan mol-mulkni sotib olish sharti shartnomada nazarda tutilmagan boʻlsa, u taraflarning qoʻshimcha kelishuvi bilan belgilanishi mumkin, bunda taraflar mol-mulkdan foydalanganlik uchun ilgari toʻlangan haqni xarid narxiga kiritish toʻgʻrisida kelishishga haqlidirlar. Qonun hujjatlarida ijaraga olingan mol-mulkni sotib olishni taqiqlash hollari belgilab qoʻyilishi mumkin.
- FuqarolikCIVIL · 557-modda
Mulk ijarasi ayrim turlarining va ayrim turdagi mol-mulkni ijaraga berishning xususiyatlari
Mulk ijarasi shartnomasining ayrim turlariga va ayrim turdagi mol-mulkni ijaraga berish shartnomalariga (prokat, transport vositalari ijarasi, korxonalar ijarasi, moliyaviy mablagʻlar ijarasi va hokazolar), agarda ushbu Kodeksning qoidalarida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, ushbu paragrafda nazarda tutilgan qoidalar qoʻllanadi.
- FuqarolikCIVIL · 558-modda
Prokat shartnomasi
Prokat shartnomasi boʻyicha doimiy tadbirkorlik faoliyati sifatida mol-mulkni ijaraga beruvchi haq evaziga ijaraga oluvchiga vaqtinchalik egalik qilish va foydalanish uchun koʻchar mol-mulkni topshirish majburiyatini oladi. Prokat shartnomasi boʻyicha topshirilgan mol-mulkdan, agar shartnomada boshqacha tartib belgilanmagan boʻlsa yoki u majburiyat mohiyatidan kelib chiqmasa, isteʼmol maqsadlarida foydalaniladi. Prokat shartnomasi yozma shaklda tuziladi. Prokat shartnomasi ommaviydir.
- FuqarolikCIVIL · 559-modda
Prokat shartnomasining muddati
Prokat shartnomasi bir yilgacha muddatga tuziladi. Mulk ijarasi shartnomasini nomuayyan muddatga qaytadan tuzish va ijaraga oluvchining mulk ijarasi shartnomasini qaytadan tuzishga imtiyozli huquqi haqidagi qoidalar prokat shartnomasiga nisbatan qoʻllanmaydi. Ijaraga oluvchi prokat shartnomasini bajarishni istagan vaqtida rad etishga haqli.
- FuqarolikCIVIL · 56-modda
Kreditorlarning talablarini qanoatlantirish
Yuridik shaxs tugatilayotganida birinchi navbatda fuqarolarning mehnatga oid huquqiy munosabatlaridan kelib chiqadigan, alimentlarni undirishdan va mualliflik shartnomalari boʻyicha mukofot toʻlash haqidagi talablari, shuningdek hayotiga yoki sogʻligʻiga zarar yetkazganligi uchun tugatilayotgan yuridik shaxs javobgar boʻlgan fuqarolarning talablari ham tegishli vaqtbay toʻlovlarni kapitallashtirish yoʻli bilan qanoatlantiriladi. Boshqa kreditorlarning talablari qonunchilikda nazarda tutilgan tartibda va shartlarda qanoatlantiriladi.
- FuqarolikCIVIL · 560-modda
Ijarachiga mol-mulkni topshirish
Prokat shartnomasini tuzgan ijaraga beruvchi ijaraga topshirilayotgan mol-mulkning sozligini ijaraga oluvchi ishtirokida tekshirishi, shuningdek uni mol-mulkdan foydalanish qoidalari bilan tanishtirishi yoki unga bu mol-mulkdan foydalanish haqidagi yozma qoʻllanmani berishi shart.
- FuqarolikCIVIL · 561-modda
Ijaraga topshirilgan mol-mulkdagi kamchiliklarni bartaraf etish
Agar ijaraga topshirilgan mol-mulkdagi kamchiliklar ijaraga oluvchi tomonidan mol-mulkdan foydalanish va uni saqlash qoidalarining buzilishi natijasida vujudga kelgan boʻlsa, ijaraga oluvchi ijaraga beruvchiga mol-mulkni taʼmirlash va transportda tashish xarajatlarini toʻlaydi.
- FuqarolikCIVIL · 562-modda
Prokat shartnomasi boʻyicha mol-mulkdan foydalanganlik haqi
Prokat shartnomasi boʻyicha mol-mulkdan foydalanganlik haqi vaqti-vaqti bilan yoki bir yoʻla toʻlanadigan qatʼiy summadagi toʻlovlar shaklida belgilanadi. Ijaraga oluvchi mol-mulkni muddatidan oldin qaytargan taqdirda ijaraga beruvchi unga mol-mulkdan foydalanganlik uchun olingan haqdan tegishli qismini mol-mulk amalda qaytarilgan kunning ertasidan boshlab hisoblagan holda qaytaradi. Mol-mulkdan foydalanganlik haqi boʻyicha ijaraga oluvchining qarzlari notariusning ijro ustxati asosida soʻzsiz undirib olinadi.
- FuqarolikCIVIL · 563-modda
Ijaraga olingan mol-mulkdan foydalanish
Prokat shartnomasi boʻyicha ijaraga topshirilgan mol-mulkni kapital va joriy taʼmirlash ijaraga beruvchining burchidir. Prokat shartnomasi boʻyicha ijaraga oluvchiga topshirilgan mol-mulkni ikkilamchi ijaraga berishga, ijaraga oluvchi prokat shartnomasi boʻyicha oʻz huquq va majburiyatlarini boshqa shaxsga oʻtkazishiga, bu mol-mulkning bepul foydalanish uchun berib qoʻyilishiga, ijaraga oluvchining huquqlarini garovga qoʻyishga va ularni xoʻjalik shirkatlari va jamiyatlarining ustav fondiga (kapitaliga) hissa tariqasida, ishlab chiqarish kooperativlariga pay badallari tariqasida qoʻshishga yoʻl qoʻyilmaydi.
- FuqarolikCIVIL · 564-modda
Transport vositasini ijaraga berish shartnomasi
Transport vositasini ekipaji bilan ijaraga berish shartnomasi boʻyicha ijaraga beruvchi transport vositasini vaqtincha egalik qilish va foydalanish uchun haq evaziga ijaraga oluvchiga beradi va oʻz kuchi bilan uni boshqarish hamda texnik foydalanish boʻyicha xizmat koʻrsatadi. Transport vositasini ekipajsiz ijaraga berish shartnomasi boʻyicha ijaraga beruvchi transport vositasini boshqarish va texnik foydalanish boʻyicha xizmat koʻrsatmagan holda vaqtincha egalik qilish va foydalanish uchun ijaraga oluvchiga haq evaziga beradi. Ushbu bobning ijara shartnomasini nomuayyan muddatga qayta tuzish va ijaraga oluvchining ijara shartnomasini yangi muddatga qaytadan tuzishga imtiyozli huquqi haqidagi qoidalari transport vositasini ijaraga berish shartnomasiga nisbatan qoʻllanmaydi.