Qonun toʻplami
Yurideks yordamchisi foydalanadigan qonun moddalarining namunaviy toʻplami. Mavzu boʻyicha filtrlang yoki toʻliq matndan qidiring.
2695 ta modda topildi
- FuqarolikCIVIL · 529-modda
Renta toʻlash sharti bilan topshirilgan mol-mulkning tasodifan nobud boʻlish yoki tasodifan buzilish xavfi
Umrbod renta toʻlash sharti bilan topshirilgan mol-mulkning tasodifan nobud boʻlishi yoki tasodifan buzilishi renta toʻlovchini rentani shartnomada nazarda tutilgan shartlarda toʻlash majburiyatidan ozod qilmaydi.
- FuqarolikCIVIL · 53-modda
Yuridik shaxsni tugatish
Yuridik shaxsni tugatish uning huquq va burchlari huquqiy vorislik tartibida boshqa shaxsga oʻtmasdan bekor qilinishiga olib keladi. Yuridik shaxs quyidagi hollarda tugatilishi mumkin: uning muassislari (ishtirokchilari)ning yoki taʼsis hujjatlari bilan tugatishga vakolat berilgan yuridik shaxs organining qaroriga muvofiq, shu jumladan yuridik shaxsning amal qilish muddati tugashi, uni tashkil etishdan koʻzlangan maqsadga erishilganligi munosabati bilan yoki yuridik shaxsni tashkil qilish chogʻida qonunchilik buzilishiga yoʻl qoʻyilganligi sababli, agar bu buzilishlarni bartaraf etib boʻlmasa, sud yuridik shaxsni roʻyxatdan oʻtkazishni haqiqiy emas deb topganida; faoliyat litsenziyasiz, faoliyat (harakatlar) ruxsatnomasiz yoxud vakolatli organni xabardor qilmasdan amalga oshirilgan yoki qonunda taqiqlangan faoliyat amalga oshirilgan taqdirda, agar qonunchilikda boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, shuningdek ushbu Kodeksda nazarda tutilgan boshqa hollarda sudning qaroriga koʻra. moliya-xoʻjalik faoliyatini amalga oshirmaganligi sababli belgilangan tartibda davlat soliq organining taqdimnomasiga asosan harakatsiz rejimga oʻtkazilgan paytdan eʼtiboran bir yil ichida oʻz faoliyatini tiklamagan taqdirda, roʻyxatdan oʻtkazuvchi organning qaroriga koʻra, bundan nodavlat notijorat tashkilotlari mustasno. Sudning yuridik shaxsni tugatish toʻgʻrisidagi qarorida uning muassislari (ishtirokchilari) yoxud yuridik shaxsning taʼsis hujjatlari bilan uni tugatishga vakil qilingan organ zimmasiga yuridik shaxsni tugatishni amalga oshirish vazifasi yuklatilishi mumkin.
- FuqarolikCIVIL · 530-modda
Umrbod taʼminlash sharti bilan uy-joy (kvartira)ni boshqa shaxsga berish shartnomasi
Umrbod taʼminlash sharti bilan uy-joy (uyning bir qismi)ni, kvartirani boshqa shaxsga berish shartnomasiga muvofiq, bir taraf (oluvchi) yoshi yoki sogʻligʻi tufayli mehnatga layoqatsiz boʻlgan boshqa taraf (boshqa shaxsga beruvchi)ni natura holida (uy-joy berish, ovqatlantirish, parvarishlash va zarur yordam koʻrsatish tarzida) umrbod moddiy taʼminlash majburiyatini oladi, boshqa shaxsga beruvchi esa oluvchiga uy-joy (uyning bir qismi)ni, kvartirani mulk qilib berish majburiyatini oladi.
- FuqarolikCIVIL · 531-modda
Umrbod taʼminlash sharti bilan uy-joy (kvartira)ni boshqa shaxsga berish shartnomasining shakli va shartlari
Umrbod taʼminlash sharti bilan uy-joy (kvartira)ni boshqa shaxsga berish shartnomasida boshqa shaxsga beruvchiga qanday moddiy taʼminot turlari berilishi, ularning pul bilan ifodalangan bir oylik bahosi va uy-joy (uyning bir qismi), kvartiraning qiymati koʻrsatilishi lozim. Beriladigan uy-joy (uyning bir qismi), kvartira va moddiy taʼminot qiymati taraflar kelishuvi bilan belgilanadi. Umrbod taʼminlash sharti bilan uy-joy (uyning bir qismi), kvartirani boshqa shaxsga berish shartnomasi ushbu Kodeks 110-moddasining qoidalariga rioya etgan holda yozma shaklda tuzilishi va notarial tasdiqlanishi lozim.
- FuqarolikCIVIL · 532-modda
Taraflarning huquq va majburiyatlari
Umrbod taʼminlash sharti bilan uy-joy (uyning bir qismi), kvartirani boshqa shaxsga berish shartnomasiga muvofiq, oluvchi shartnoma amal qilib turgan davrda bu uyni (uyning bir qismini), kvartirani sotish, hadya qilish, garovga qoʻyishga va uy (uyning bir qismi), kvartiraga mulk huquqini ogʻirlashtiradigan boshqa harakatlarni amalga oshirishga haqli emas. Bu uy (uyning bir qismi), kvartiraga oluvchining qarzlari boʻyicha undirish qaratilmaydi. Umrbod taʼminlash sharti bilan uy-joy (kvartira)ni boshqa shaxsga berish shartnomasi boʻyicha boshqa shaxsga beruvchidan olingan uy-joy (uyning bir qismi), kvartiraning tasodifan nobud boʻlishi oluvchini shartnoma boʻyicha oʻz zimmasiga olgan majburiyatlardan ozod qilmaydi.
- FuqarolikCIVIL · 533-modda
Umrbod taʼminlash sharti bilan uy-joy (kvartira)ni boshqa shaxsga berish shartnomasini oʻzgartirish yoki bekor qilish
Agar uy-joy (uyning bir qismi), kvartirani oluvchi umrbod taʼminlash sharti bilan uy-joy (kvartira)ni boshqa shaxsga berish shartnomasi boʻyicha oʻz majburiyatlarini bajarmasa yoki tegishli darajada bajarmasa, boshqa shaxsga beruvchi taʼminotni vaqti-vaqti bilan haq tarzida toʻlab turishga almashtirishni yoki shartnomani bekor qilishni talab qilishi mumkin. Agar oluvchining moddiy ahvoli oʻziga bogʻliq boʻlmagan sabablarga koʻra boshqa shaxsga beruvchiga shartlashilgan taʼminotni bera olmaydigan darajada oʻzgarsa yoki boshqa shaxsga beruvchi mehnat qobiliyatini tiklasa, umrbod taʼminlash sharti bilan uy-joy (kvartira)ni boshqa shaxsga berish shartnomasi oluvchining talabiga koʻra bekor qilinishi mumkin. Umrbod taʼminlash sharti bilan uy-joy (kvartira)ni boshqa shaxsga berish shartnomasi ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlarida nazarda tutilgan asoslar boʻyicha bekor qilingan taqdirda uy (uyning bir qismi), kvartira boshqa shaxsga beruvchiga qaytarilishi lozim. Umrbod taʼminlash sharti bilan uy-joy (kvartira)ni boshqa shaxsga berish shartnomasi boshqa shaxsga beruvchining talabiga koʻra bekor qilingan taqdirda oluvchi shartnoma amalda boʻlgan vaqtda boshqa shaxsga beruvchini taʼminlash va uyni (uyning bir qismini), kvartirani saqlab turishga qilgan xarajatlarini qoplashni talab qilishga haqli.
- FuqarolikCIVIL · 534-modda
Umrbod taʼminlash sharti bilan uy-joy (kvartira)ni boshqa shaxsga berish shartnomasi boʻyicha majburiyatlarning vorislarga oʻtishi
Oluvchi vafot etgan taqdirda umrbod taʼminlash sharti bilan uy-joy (uyning bir qismi), kvartirani boshqa shaxsga berish shartnomasi boʻyicha majburiyatlar uning vorislariga oʻtadi. Oluvchining vorislari boʻlmaganida yoki ular umrbod taʼminlash sharti bilan uy-joy (uyning bir qismi), kvartirani boshqa shaxsga berish shartnomasini bajarishdan voz kechganlarida oluvchiga berilgan uy-joy (uyning bir qismi), kvartira uni boshqa shaxsga beruvchiga qaytariladi.
- FuqarolikCIVIL · 535-modda
Mulk ijarasi shartnomasi
Mulk ijarasi shartnomasi boʻyicha ijaraga beruvchi ijaraga oluvchiga haq evaziga mol-mulkni vaqtincha egalik qilish va foydalanish yoki foydalanish uchun topshirish majburiyatini oladi.
- FuqarolikCIVIL · 536-modda
Ijaraga oluvchining ijaraga olingan mol-mulkdan olinadigan mahsulot, mevalar va daromadlarga boʻlgan mulk huquqi
Agar qonun yoki mulk ijarasi shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, ijaraga oluvchi ijaraga olingan mol-mulkdan foydalanish natijasida oladigan mahsulot, meva va boshqa daromadlar uning mulki hisoblanadi.
- FuqarolikCIVIL · 537-modda
Mulk ijarasining obyektlari
Yer uchastkalari, yer osti boyliklari joylashgan uchastkalar va boshqa alohida tabiiy obyektlar, korxonalar va boshqa mulkiy komplekslar, binolar, inshootlar, uskunalar, transport vositalari va foydalanish jarayonida oʻzining tabiiy xususiyatlarini yoʻqotmaydigan boshqa ashyolar (isteʼmol qilinmaydigan ashyolar) mulk ijarasiga berilishi mumkin. Qonunchilikda mulk ijarasiga berilishi mumkin boʻlmagan yoki cheklangan korxonalar turlari (guruhlari) va mol-mulk turlari belgilab qoʻyilishi mumkin.
- FuqarolikCIVIL · 538-modda
Ijaraga beruvchi
Mol-mulkini ijaraga berish huquqi shu mol-mulk egasiga tegishlidir. Qonun yoki mulkdor tomonidan mol-mulkni ijaraga berish vakolati berilgan boshqa shaxslar ham ijaraga beruvchi boʻlishlari mumkin.
- FuqarolikCIVIL · 539-modda
Mulk ijarasi shartnomasining shakli
Mulk ijarasi shartnomasi bir yildan ortiq muddatga moʻljallangan boʻlsa, taraflardan birontasi yuridik shaxs boʻlgan hollarda esa, muddatidan qatʼi nazar, yozma shaklda tuzilishi shart. Koʻchmas mulk ijarasi shartnomasi davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi va soliq organlarida hisobga qoʻyilishi lozim, bundan qonunchilikda nazarda tutilgan hollar mustasno. Koʻchmas mulk ijarasi shartnomalarini soliq organlarida hisobga qoʻyish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi. Mulk huquqining kelgusida ijarachiga oʻtishini nazarda tutuvchi mulk ijarasi shartnomasi, bunday mulkning oldi-sotdi shartnomasi uchun nazarda tutilgan shaklda tuziladi.
- FuqarolikCIVIL · 54-modda
Yuridik shaxsni tugatish toʻgʻrisida qaror qabul qilgan shaxsning burchlari
Yuridik shaxsni tugatish toʻgʻrisida qaror qabul qilgan yuridik shaxs muassislari (ishtirokchilari) yoki organ bu haqda yuridik shaxslarni davlat roʻyxatidan oʻtkazuvchi organga darhol yozma xabar berishlari kerak, davlat roʻyxatidan oʻtkazuvchi organ yuridik shaxs tugatish jarayonida ekanligi haqidagi maʼlumotlarni yuridik shaxslarning yagona davlat reyestriga kiritib qoʻyadi. Yuridik shaxsni tugatish toʻgʻrisida qaror qabul qilgan yuridik shaxs muassislari (ishtirokchilari) yoki organ tugatuvchini — tugatish komissiyasini yoki jismoniy shaxsni tayinlaydilar hamda ushbu Kodeksga muvofiq tugatish tartibi va muddatini belgilaydilar. Yuridik shaxsni tugatish toʻgʻrisidagi qaror sud tomonidan qabul qilingan taqdirda, tugatuvchi yuridik shaxslarni davlat roʻyxatidan oʻtkazuvchi organ bilan kelishilgan holda tayinlanadi. Tugatuvchi tayinlangan paytdan boshlab yuridik shaxsning ishlarini boshqarish boʻyicha vakolatlar tugatuvchiga oʻtadi. Tugatuvchi tugatilayotgan yuridik shaxs nomidan sudda ishtirok etadi.
- FuqarolikCIVIL · 540-modda
Mulk ijarasi shartnomasining muddati
Mulk ijarasi shartnomasi shartnomada belgilangan muddatga tuziladi. Agar mulk ijarasining muddati shartnomada belgilanmagan boʻlsa, shartnoma nomuayyan muddatga tuzilgan hisoblanadi. Bunda taraflardan har biri boshqa tarafni bir oy oldin, koʻchmas mulk ijarasida esa –– uch oy oldin yozma ravishda ogohlantirib, istagan paytda shartnomadan voz kechishi mumkin. Qonun yoki shartnomada nomuayyan muddatga tuzilgan mulk ijarasi shartnomasini bekor qilish haqida oldindan ogohlantirishning boshqa muddatlari ham belgilab qoʻyilishi mumkin. Qonunda mulk ijarasining ayrim turlari uchun, shuningdek mol-mulkning ayrim turlarini ijaraga olish uchun eng koʻp (oxirgi) muddatlar belgilab qoʻyilishi mumkin. Bunday hollarda, basharti ijara muddati shartnomada belgilangan boʻlmasa va qonunda belgilangan oxirgi muddat tugagunicha taraflardan hech qaysisi shartnomadan voz kechmasa, oxirgi muddat oʻtishi bilan shartnoma bekor boʻladi. Qonunda belgilangan oxirgi muddatdan ortiq muddatga tuzilgan bunday mulk ijarasi shartnomasi oxirgi muddatga teng muddatga tuzilgan hisoblanadi.
- FuqarolikCIVIL · 541-modda
Ijaraga oluvchiga mol-mulkni topshirish
Ijaraga beruvchi ijaraga oluvchiga mol-mulkni shartnoma shartlari va mol-mulkning vazifasiga muvofiq holatda topshirmogʻi lozim. Mol-mulkni topshirishga tayyorlash, shu jumladan topshirish dalolatnomasini tuzish va imzolashga taqdim etish ijaraga beruvchining burchi boʻlib, uning hisobidan amalga oshiriladi. Agarda shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, mol-mulk barcha mansub ashyolari va unga aloqador hujjatlar (texnik pasport, sifat sertifikati va hokazolar) bilan birga ijaraga topshiriladi. Agarda bunday mansub ashyolar va hujjatlar topshirilgan boʻlmasa va ularsiz ijaraga oluvchi mol-mulkdan uning oʻz vazifasi boʻyicha foydalana olmasa yoxud shartnoma tuzish paytida moʻljallashga haqli boʻlgan ancha narsasidan mahrum boʻlsa, u ijaraga beruvchidan bunday mansub ashyolar va hujjatlarni topshirishni yoxud shartnomani bekor qilishni, shuningdek zararni qoplashni talab qilishga haqli. Agar ijaraga beruvchi ijaraga oluvchiga ijaraga berilgan mol-mulkni shartnomada koʻrsatilgan muddatda, basharti shartnomada bunday muddat koʻrsatilgan boʻlmasa, oqilona muddatda topshirmagan boʻlsa, ijaraga oluvchi ushbu Kodeksning 331-moddasiga muvofiq bu mol-mulkni undan talab qilib olish va ijroning kechikkanligi tufayli yetkazilgan zararni qoplashni talab qilish yoki shartnomani bekor qilish va uning bajarilmaganligi sababli yetkazilgan zararni qoplashni talab qilish huquqiga ega.
- FuqarolikCIVIL · 542-modda
Ijaraga topshirilgan mol-mulkdagi kamchiliklar uchun ijaraga beruvchining javobgarligi
Ijaraga beruvchi ijaraga topshirilgan mol-mulkning undan foydalanishga toʻliq yoki qisman toʻsqinlik qiladigan kamchiliklari uchun, hatto u shartnoma tuzish vaqtida bular haqida bilmagan boʻlsa ham, javobgardir. Bunday kamchiliklar aniqlanganda ijarachi oʻz xohishiga koʻra: ijaraga beruvchidan yo mol-mulkdagi kamchiliklarni tekinga bartaraf etishni yoki mol-mulkdan foydalanganlik haqini mutanosib kamaytirishni yoxud mol-mulkdagi kamchiliklarni bartaraf etish uchun qilgan oʻz xarajatlarini qoplashni talab qilishga; ijaraga beruvchini oldindan ogohlantirgan holda oʻsha kamchiliklarni bartaraf etishga sarflagan xarajatlari summasini mol-mulkdan foydalanganlik uchun toʻlanadigan haqdan bevosita chegirib qolishga; shartnomani muddatidan oldin bekor qilishni talab qilishga haqli. Ijaraga oluvchining talablaridan yoki uning mol-mulkdagi kamchiliklarni ijaraga beruvchi hisobidan bartaraf etish niyatidan xabardor qilingan ijaraga beruvchi ijaraga topshirilgan mol-mulkni tegishli holatda boʻlgan boshqa shunday mol-mulk bilan darhol almashtirib berishi yoki mol-mulkdagi kamchilikni tekinga bartaraf etishi mumkin. Agar ijaraga oluvchining talablarini qanoatlantirish yoxud uning kamchiliklarni bartaraf etish xarajatlarini mol-mulkdan foydalanganlik uchun toʻlanadigan haqdan chegirib qolishi ijaraga oluvchi koʻrgan zararni qoplamasa, u zararning qoplanmagan qismini toʻlashni talab qilishga haqli. Shartnoma tuzish vaqtida ijaraga beruvchi oldindan aytib qoʻygan yoki ijaraga oluvchiga oldindan maʼlum boʻlgan yoxud shartnomani tuzishda yoki mol-mulkni ijaraga topshirish paytida uni koʻzdan kechirganda yoxud uning sozligini tekshirganda ijaraga oluvchi aniqlashi kerak boʻlgan kamchiliklar uchun ijaraga beruvchi javobgar boʻlmaydi.
- FuqarolikCIVIL · 543-modda
Ijaraga topshirilayotgan mol-mulkka nisbatan uchinchi shaxslarning huquqlari
Mol-mulkning ijaraga topshirilishi bu mol-mulkka nisbatan uchinchi shaxslarning huquqlari bekor boʻlishi yoki oʻzgarishi uchun asos boʻlmaydi. Shartnoma tuzishda ijaraga beruvchi ijaraga oluvchini ijaraga topshirilayotgan mol-mulkka nisbatan uchinchi shaxslarning barcha huquqlari (servitut, garov huquqi va hokazolar) haqida ogohlantirishi lozim. Ijaraga beruvchi tomonidan bu majburiyatning bajarilmasligi ijaraga oluvchiga mol-mulkdan foydalanganlik uchun toʻlanadigan haqni kamaytirishni yoxud shartnomani bekor qilish va zararni toʻlashni talab qilish huquqini beradi.
- FuqarolikCIVIL · 544-modda
Mol-mulkdan foydalanganlik uchun haq toʻlash
Ijaraga oluvchi mol-mulkdan foydalanganlik uchun haqni oʻz vaqtida toʻlab turishi shart. Mol-mulkdan foydalanganlik uchun haq toʻlash tartibi, shartlari va muddatlari mulk ijarasi shartnomasi bilan belgilanadi. Bular shartnomada belgilanmagan hollarda odatda xuddi shunday mol-mulkni oʻxshash holatlarda ijaraga berishda qoʻllaniladigan tartib, shartlar va muddatlar belgilangan deb hisoblanadi. Mol-mulkdan foydalanganlik uchun haq ijaraga olingan barcha mol-mulk uchun yaxlit holda yoki uning har bir tarkibiy qismi uchun alohida-alohida holda quyidagi koʻrinishlarda belgilanadi: vaqti-vaqti bilan yoki bir yoʻla toʻlanadigan qatʼiy summada belgilangan toʻlovlar tariqasida; ijaraga olingan mol-mulkdan foydalanish natijasida olingan mahsulot, mevalar yoki daromadlarning belgilangan ulushi tariqasida; ijaraga oluvchi tomonidan koʻrsatiladigan maʼlum xizmatlar tariqasida; ijaraga oluvchi tomonidan ijaraga beruvchiga shartnomada kelishilgan ashyoni mulk qilib yoki ijaraga topshirish tariqasida; ijaraga olingan mol-mulkni yaxshilash boʻyicha shartnomada kelishilgan xarajatlarni ijaraga oluvchi zimmasiga yuklash tariqasida. Taraflar mulk ijarasi shartnomasida mol-mulkdan foydalanganlik uchun ushbu moddaning uchinchi qismida koʻrsatib oʻtilgan haq shakllarini aralash amalga oshirishni yoki haq toʻlashning boshqa shakllarini nazarda tutishlari mumkin. Agar mulk ijarasi shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, mol-mulkdan foydalanganlik uchun toʻlanadigan haq miqdori shartnomada belgilangan muddatlarda, biroq bir yilda koʻpi bilan bir marta taraflarning kelishuvi bilan oʻzgartirilishi mumkin. Qonunchilikda mulk ijarasining ayrim turlari uchun, shuningdek ayrim mol-mulk turlarining ijarasi uchun haq miqdorini qayta koʻrib chiqishning boshqacha eng kam muddatlari nazarda tutilishi mumkin. Agar qonunchilikda boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, ijaraga oluvchi oʻzi javobgar boʻlmagan holatlarga koʻra, shartnomada nazarda tutilgan foydalanish shartlari yoki mol-mulkning holati jiddiy yomonlashgan boʻlsa, u mol-mulkdan foydalanganlik uchun ijara haqini tegishli ravishda kamaytirishni talab qilishga haqli. Agar shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, mol-mulkdan foydalanganlik uchun ijara haqini toʻlash muddatlari ijaraga oluvchi tomonidan jiddiy buzilgan taqdirda, ijaraga beruvchi undan ijara haqini muddatidan oldin, ijaraga beruvchi belgilagan muddatda toʻlashni talab qilishga haqli. Bunda ijaraga beruvchi mol-mulkdan foydalanganlik uchun koʻpi bilan ikki muddatning haqini muddatidan oldin toʻlashni talab qilishga haqli.
- FuqarolikCIVIL · 545-modda
Ijaraga olingan mol-mulkdan foydalanish
Ijaraga oluvchi mol-mulkdan shartnoma shartlariga muvofiq, agar bunday shartlar shartnomada belgilangan boʻlmasa –– mol-mulkning vazifasiga muvofiq foydalanishi lozim. Agar ijaraga beruvchining yozma ogohlantirishiga qaramay, ijaraga oluvchi mol-mulkdan shartnoma shartlariga yoki mol-mulkning vazifasiga nomuvofiq foydalansa, ijaraga beruvchi shartnomani muddatidan oldin bekor qilishni va zararning qoplanishini talab qilishga haqli.
- FuqarolikCIVIL · 546-modda
Ijaraga olingan mol-mulkni tasarruf qilish
Agar ushbu Kodeksda, boshqa qonunchilikda boshqacha tartib belgilangan boʻlmasa, ijaraga oluvchi ijaraga olingan mol-mulkni ijaraga beruvchining roziligi bilan ikkilamchi ijaraga (qoʻshimcha ijaraga) topshirishga, mulk ijarasi shartnomasi boʻyicha oʻz huquq va majburiyatlarini boshqa shaxsga oʻtkazishga (qayta ijara), ijaraga olingan mol-mulkni tekin foydalanish uchun berishga, shuningdek bu huquqlarini garovga qoʻyishga va ularni xoʻjalik shirkatlari va jamiyatlari ustav fondiga (kapitaliga) hissa sifatida yoki ishlab chiqarish kooperativiga pay badali sifatida topshirishga haqli. Koʻrsatib oʻtilgan hollarda ijaraga oluvchi shartnoma boʻyicha ijaraga beruvchi oldida javobgar boʻlib qolaveradi, qayta ijara bundan mustasno. Mol-mulkni boshqa shaxslarga topshirish haqidagi shartnoma ijara shartnomasining amal qilish muddatidan ortiq muddatga tuzilishi mumkin emas. Agar qonunchilikda boshqacha tartib belgilangan boʻlmasa, ijaraga olingan mol-mulkni ikkilamchi ijaraga topshirish haqidagi shartnomaga nisbatan mulk ijarasi shartnomasi haqidagi qoidalar qoʻllaniladi.