Qonun toʻplami
Yurideks yordamchisi foydalanadigan qonun moddalarining namunaviy toʻplami. Mavzu boʻyicha filtrlang yoki toʻliq matndan qidiring.
2695 ta modda topildi
- FuqarolikCIVIL · 510-modda
Hadya vaʼda qilinganida huquqiy vorislik
Agar hadya shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, hadya shartnomasiga muvofiq hadya vaʼda qilingan hadya oluvchining huquqlari uning merosxoʻrlariga (huquqiy vorislariga) oʻtmaydi. Agar hadya shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, hadya shartnomasiga muvofiq hadya berishni vaʼda qilgan shaxsning majburiyatlari uning merosxoʻrlariga (huquqiy vorislariga) oʻtadi.
- FuqarolikCIVIL · 511-modda
Xayr-ehson
Umumfoydali maqsadlarda qilingan hadya xayr-ehson hisoblanadi. Xayr-ehson fuqarolarga, davolash, tarbiya, ijtimoiy himoya muassasalariga va shunga oʻxshash boshqa muassasalarga, xayriya, ilmiy va oʻquv muassasalariga, fondlarga, muzeylar va boshqa madaniyat muassasalariga, jamoat birlashmalari va diniy tashkilotlarga, shuningdek davlatga va boshqa fuqarolik huquqi subyektlariga qilinishi mumkin. Xayr-ehsonni qabul qilishga biror kimsaning ruxsati yoki roziligi talab qilinmaydi. Xayr-ehson qiluvchi mol-mulkni fuqaroga xayr-ehson qilganida bu mol-mulkdan maʼlum bir maqsadda foydalanishni shart qilib qoʻyishi lozim, yuridik shaxslarga xayr-ehson qilganda esa bu shartni qoʻyishi mumkin. Bunday shart boʻlmaganida mol-mulkni fuqaroga xayr-ehson qilish oddiy hadya deb hisoblanadi, qolgan hollarda esa xayr-ehson qilingan mol-mulkdan hadya oluvchi uning vazifasiga muvofiq foydalanadi. Aniq maqsadda foydalanishga moʻljallangan xayr-ehsonni qabul qilib olayotgan yuridik shaxs xayr-ehson qilingan mulkdan foydalanish boʻyicha amalga oshirilgan operatsiyalarning alohida roʻyxatini yuritishi lozim. Agar xayr-ehson qilingan mulkdan xayr-ehson qiluvchi koʻrsatgan maqsadda foydalanish vaziyat oʻzgarganligi tufayli mumkin boʻlmay qolsa, mulkdan boshqa maqsadda faqat xayr-ehson qiluvchining roziligi bilan, mol-mulkni xayr-ehson qilgan fuqaro vafot etgan boʻlsa yoki mulkni xayr-ehson qilgan yuridik shaxs qayta tashkil etilgan yoxud tugatilgan boʻlsa –– sud qaroriga muvofiq foydalanish mumkin. Xayr-ehson qilingan mulkdan xayr-ehson qiluvchi koʻrsatgan maqsadga zid holda foydalanish yoki ushbu maqsadni mazkur modda oltinchi qismining qoidalarini buzgan holda oʻzgartirish xayr-ehson qiluvchiga, uning merosxoʻrlariga yoki boshqa huquqiy vorisiga xayr-ehsonni bekor qilishni talab qilish huquqini beradi. Ushbu Kodeks 507 va 510-moddalarining qoidalari xayr-ehsonga nisbatan qoʻllanmaydi.
- FuqarolikCIVIL · 512-modda
Renta shartnomasi
Renta shartnomasiga muvofiq bir taraf (renta oluvchi) koʻchmas yoki koʻchar mol-mulkni boshqa tarafga (renta toʻlovchiga) mulk qilib beradi, renta toʻlovchi esa olingan mol-mulk oʻrniga renta oluvchiga vaqti-vaqti bilan belgilangan pul summasi yoki uni taʼminlash uchun boshqa shaklda mablagʻ berish tarzida renta toʻlash majburiyatini oladi. Renta shartnomasiga muvofiq rentani muddatsiz (doimiy renta) yoki renta oluvchi hayot boʻlgan muddat mobaynida toʻlash (umrbod renta) majburiyatini belgilashga yoʻl qoʻyiladi. Umrbod renta fuqaroni oʻz qaramogʻiga olgan holda umrbod taʼminlash sharti bilan belgilanishi mumkin.
- FuqarolikCIVIL · 513-modda
Renta shartnomasining shakli
Renta shartnomasi notarial tasdiqlanishi, koʻchmas mol-mulkni renta toʻlash sharti bilan boshqa shaxsga berishni nazarda tutadigan shartnoma esa bundan tashqari davlat roʻyxatidan ham oʻtkazilishi lozim.
- FuqarolikCIVIL · 514-modda
Mol-mulkni renta toʻlash sharti bilan boshqa shaxsga berish
Renta toʻlash sharti bilan boshqa shaxsga beriladigan mol-mulk renta oluvchi tomonidan renta toʻlovchiga haq evaziga yoki tekinga mulk qilib berilishi mumkin. Renta shartnomasida mol-mulkni haq evaziga topshirish nazarda tutilgan taqdirda taraflarning mol-mulkni topshirish va uning haqini toʻlash boʻyicha munosabatlariga nisbatan oldi-sotdi shartnomasi toʻgʻrisidagi qoidalar, bunday mol-mulk tekinga berilgan hollarda esa hadya shartnomasi toʻgʻrisidagi qoidalar qoʻllaniladi, basharti ushbu bobning qoidalarida boshqacha tartib belgilangan boʻlmasa va bu hol renta shartnomasining mohiyatiga zid kelmasa.
- FuqarolikCIVIL · 515-modda
Koʻchmas mulkdan renta olish
Renta toʻlash sharti bilan berilgan yer uchastkasi, korxona, bino, inshoot yoki boshqa koʻchmas mol-mulkdan renta olinadi. Renta toʻlovchi bunday mol-mulkni boshqa shaxsga bergan taqdirda renta shartnomasi boʻyicha uning majburiyatlari mol-mulkni oluvchiga oʻtadi. Renta olinadigan koʻchmas mulkni boshqa shaxsga mulk qilib bergan shaxs, agar ushbu Kodeksda, boshqa qonunda yoki shartnomada bu majburiyat boʻyicha solidar javobgarlik nazarda tutilmagan boʻlsa, renta oluvchining renta shartnomasi buzilgani tufayli kelib chiqqan talablari boʻyicha boshqa shaxs bilan subsidiar javobgar boʻladi.
- FuqarolikCIVIL · 516-modda
Renta toʻlashni taʼminlash
Renta toʻlash sharti bilan yer uchastkasi yoki boshqa koʻchmas mulk berilganida renta oluvchi renta toʻlovchi oʻz majburiyatlarini bajarishini taʼminlash maqsadida bu mulkka garov huquqini oladi. Renta sifatida pul summasi yoki boshqa koʻchar mol-mulkni berishni nazarda tutadigan shartnomaning muhim sharti shuki, unda renta toʻlovchi oʻz majburiyatlarini bajarishning garovini taqdim etishga yoki ushbu majburiyatlarni bajarmaslik yoxud lozim darajada bajarmaslik xavfini renta oluvchi foydasiga sugʻurtalashga majbur boʻladi. Renta toʻlovchi ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan majburiyatlarni bajarmasa, shuningdek renta oluvchi javobgar boʻlmaydigan holatlarda taʼminlash yoʻqotilgan yoki taʼminlash sharoitlari yomonlashgan taqdirda renta oluvchi renta shartnomasini bekor qilishga va shartnoma bekor qilinishi tufayli koʻrgan zararni qoplashni talab qilishga haqli.
- FuqarolikCIVIL · 517-modda
Renta toʻlashni kechiktirganlik uchun javobgarlik
Renta toʻlashni kechiktirganlik uchun renta toʻlovchi renta oluvchiga, agar renta shartnomasida boshqacha foizlar miqdori nazarda tutilgan boʻlmasa, ushbu Kodeksning 327-moddasida nazarda tutilgan foizlarni toʻlaydi.
- FuqarolikCIVIL · 518-modda
Doimiy rentani oluvchi
Doimiy rentani faqat fuqarolar va notijorat tashkilotlari olishlari mumkin, basharti, bu hol qonunga zid kelmasa va ularning faoliyat maqsadiga mos boʻlsa. Agar qonunda yoki shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, doimiy renta shartnomasi boʻyicha renta oluvchining huquqlari ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan shaxslarga talabdan voz kechish yoʻli bilan topshirilishi va vorislik boʻyicha yoki yuridik shaxslar qayta tashkil qilinganda boshqa shaxslarga oʻtishi mumkin.
- FuqarolikCIVIL · 519-modda
Doimiy renta shakli va miqdori
Doimiy renta pul bilan toʻlanib, u renta toʻlash sharti bilan topshirilgan mol-mulkka oʻxshash mol-mulkni ijaraga berishda qoʻllaniladigan mol-mulkdan foydalanish haqining oʻrtacha stavkasi doirasida shartnoma bilan belgilanadigan miqdorda, renta toʻlash sharti bilan pul summasi topshirilganda esa ushbu Kodeksning 327-moddasida nazarda tutilgan bank foizining tegishli darajada joriy etilgan stavkasi doirasida boʻladi. Shartnomada rentaning pul summasiga teng qiymatdagi ashyolarni berish, ishlarni bajarish yoki xizmat koʻrsatish yoʻli bilan ham renta toʻlash nazarda tutilishi mumkin. Agar doimiy renta shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, mol-mulkdan foydalanish haqining tegishli stavkasi yoki bank foizi stavkasi oʻzgarsa, toʻlanadigan renta miqdori ham mutanosib ravishda oʻzgaradi.
- FuqarolikCIVIL · 52-modda
Yuridik shaxs qayta tashkil etilganida kreditorlar huquqlarining kafolatlari
Yuridik shaxsni qayta tashkil etish toʻgʻrisida qaror qabul qilgan yuridik shaxs muassislari (ishtirokchilari) yoki organ qayta tashkil etilayotgan yuridik shaxsning kreditorlarini bu haqda yozma ravishda xabardor qilishlari shart. Qayta tashkil etilayotgan yuridik shaxsning kreditori shu yuridik shaxsning qarzdor boʻlishiga olib kelgan majburiyatlarni bekor qilishni yoki muddatidan oldin bajarishni hamda zararni toʻlashni talab qilishga haqli. Agar taqsimlash balansi qayta tashkil etilgan yuridik shaxsning huquqiy vorisini aniqlash imkonini bermasa, yangidan vujudga kelgan yuridik shaxslar qayta tashkil etilgan yuridik shaxsning oʻz kreditorlari oldidagi majburiyatlari boʻyicha solidar javobgar boʻladilar.
- FuqarolikCIVIL · 520-modda
Doimiy rentani toʻlash muddatlari
Agar shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, doimiy renta yilning har bir kalendar choragi tugashi bilan toʻlanadi.
- FuqarolikCIVIL · 521-modda
Toʻlovchining doimiy rentani sotib olish huquqi
Doimiy rentani toʻlovchi uni sotib olish yoʻli bilan bundan buyon renta toʻlashdan bosh tortishga haqli. Agar renta toʻlovchi renta toʻlashdan bu tarzda bosh tortishini renta toʻlashni toʻxtatishidan kamida uch oy yoki shartnomada nazarda tutilganidek undan ham avvalroq yozma ravishda maʼlum qilgan boʻlsa, bunday bosh tortish haqiqiy hisoblanadi. Bunda renta toʻlash majburiyati, agar shartnomada sotib olishning boshqacha tartibi nazarda tutilgan boʻlmasa, renta oluvchi sotib olish summasining hammasini olib boʻlgunga qadar toʻxtatilmaydi. Shartnomaning doimiy renta toʻlovchi uni sotib olish huquqidan voz kechishi toʻgʻrisidagi sharti oʻz-oʻzidan haqiqiy emas. Shartnomada doimiy rentani sotib olish huquqini renta oluvchi hayotligida yoki shartnoma tuzilgan paytdan boshlab oʻttiz yildan oshmaydigan muddat mobaynida amalga oshirib boʻlmasligi nazarda tutilishi mumkin.
- FuqarolikCIVIL · 522-modda
Renta oluvchining talabiga koʻra doimiy rentani sotib olish
Quyidagi hollarda doimiy renta oluvchi toʻlovchidan rentani sotib olishni talab qilishga haqli: agar shartnomada boshqacha muddat belgilangan boʻlmasa, renta toʻlovchi uni toʻlash muddatini bir yildan ortiq kechiktirib yuborgan taqdirda; renta toʻlovchi rentani toʻlashni taʼminlash boʻyicha oʻz majburiyatlarini buzgan taqdirda; renta toʻlovchi toʻlovga qodir emas deb topilgan yoki u rentani shartnomada belgilangan miqdor va muddatlarda toʻlamasligini koʻrsatadigan boshqa vaziyatlar vujudga kelgan taqdirda; renta toʻlash sharti bilan topshirilgan koʻchmas mulk umumiy mulkka aylangan yoki bir necha shaxs oʻrtasida taqsimlangan taqdirda; shuningdek, shartnomada nazarda tutilgan boshqa hollarda.
- FuqarolikCIVIL · 523-modda
Doimiy rentani sotib olish bahosi
Ushbu Kodeksning 521 va 522-moddalarida nazarda tutilgan hollarda doimiy renta shartnomada belgilangan bahoda sotib olinadi. Renta toʻlash sharti bilan mol-mulk haq evaziga topshirilgan doimiy renta shartnomasida sotib olish bahosi toʻgʻrisida shart boʻlmaganida sotib olish yillik renta toʻlovlari summasiga mos bahoda amalga oshiriladi. Renta toʻlash sharti bilan mol-mulk tekinga berilgan doimiy renta shartnomasida sotib olish bahosi toʻgʻrisida shart boʻlmaganida sotib olish bahosiga yillik renta toʻlovlari summasi bilan bir qatorda topshirilgan mol-mulkning ushbu Kodeks 356-moddasining toʻrtinchi qismida nazarda tutilgan qoidalar boʻyicha aniqlanadigan bahosi ham kiritiladi.
- FuqarolikCIVIL · 524-modda
Doimiy renta toʻlash sharti bilan topshirilgan mol-mulkning tasodifan nobud boʻlish yoki tasodifan buzilish xavfi
Doimiy renta toʻlash sharti bilan bepul topshirilgan mol-mulkning tasodifan nobud boʻlish yoki tasodifan buzilish xavfi renta toʻlovchi zimmasida boʻladi. Doimiy renta toʻlash sharti bilan haq evaziga topshirilgan mol-mulk tasodifan nobud boʻlganda yoki tasodifan buzilganda toʻlovchi renta toʻlash majburiyatini tegishli ravishda toʻxtatishni yoki uni toʻlash shartlarini oʻzgartirishni talab qilishga haqli.
- FuqarolikCIVIL · 525-modda
Umrbod renta oluvchilar
Umrbod renta mulkini renta toʻlash sharti bilan topshirayotgan fuqaro hayot boʻlgan davrga yoki u koʻrsatgan boshqa fuqaro hayot boʻlgan davrga belgilanishi mumkin. Umrbod rentani bir necha fuqaro foydasiga belgilashga yoʻl qoʻyiladi, agar shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, renta olish huquqida ularning ulushlari teng deb hisoblanadi. Agar shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, renta oluvchilarning biri vafot etgan taqdirda uning renta olish huquqidagi ulushi undan keyin hayot boʻlgan renta oluvchilarga oʻtadi, oxirgi renta oluvchi vafot etgan taqdirda renta toʻlash majburiyati bekor boʻladi. Shartnoma tuzilgan paytgacha vafot etgan fuqaro foydasiga umrbod renta belgilaydigan shartnoma oʻz-oʻzidan haqiqiy emas.
- FuqarolikCIVIL · 526-modda
Umrbod renta miqdori
Umrbod renta shartnomada renta oluvchi hayot boʻlgan davrda unga vaqti-vaqti bilan toʻlanadigan pul summasi sifatida belgilanadi. Umrbod rentaning shartnomada belgilanadigan bir oylik miqdori qonunchilikda belgilangan bazaviy hisoblash miqdoridan oz boʻlmasligi kerak, ushbu Kodeksning 247-moddasida nazarda tutilgan hollarda esa oshirilishi lozim.
- FuqarolikCIVIL · 527-modda
Umrbod rentani toʻlash muddatlari
Agar shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, umrbod renta har bir kalendar oy tugashi bilan toʻlanadi.
- FuqarolikCIVIL · 528-modda
Umrbod renta shartnomasini renta oluvchining talabi bilan bekor qilish
Renta toʻlovchi umrbod renta shartnomasini jiddiy buzgan hollarda renta oluvchi renta toʻlovchidan rentani ushbu Kodeksning 523-moddasida nazarda tutilgan shartlarda sotib olishni yoki shartnomani bekor qilish va zararni qoplashni talab qilish huquqiga ega. Agar umrbod renta toʻlash sharti bilan tekinga kvartira, uy yoki boshqa mol-mulk topshirilgan boʻlsa, renta toʻlovchi shartnomaning muhim shartlarini jiddiy buzgan taqdirda renta oluvchi bu mol-mulkni uning qiymatini sotib olinadigan renta hisobiga qoʻshgan holda qaytarishni talab qilish huquqiga ega.