Qonun toʻplami
Yurideks yordamchisi foydalanadigan qonun moddalarining namunaviy toʻplami. Mavzu boʻyicha filtrlang yoki toʻliq matndan qidiring.
2695 ta modda topildi
- FuqarolikCIVIL · 493-modda
Korxonani topshirish
Sotuvchining korxonani sotib oluvchiga topshirishi topshirish dalolatnomasiga muvofiq amalga oshiriladi, unda korxonaning tarkibi va kreditorlar korxona sotilishi toʻgʻrisida xabardor qilinganligi, shuningdek topshirilgan mol-mulkda aniqlangan kamchiliklar haqida maʼlumotlar va yoʻqolganligi tufayli topshirish majburiyatlari vujudga kelishi mumkin boʻlmaydigan mol-mulkning roʻyxati koʻrsatiladi. Korxonani topshirishga tayyorlash, shu jumladan topshirish dalolatnomasini tuzish va imzolashga taqdim etish, agar shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, sotuvchining majburiyati hisoblanadi va uning hisobidan amalga oshiriladi. Ikkala taraf topshirish dalolatnomasini imzolagan kundan boshlab korxona sotib oluvchiga topshirilgan hisoblanadi. Shu paytdan boshlab korxona tarkibida topshirilgan mol-mulkning tasodifan nobud boʻlishi yoki tasodifan buzilishi xavfi sotib oluvchiga oʻtadi.
- FuqarolikCIVIL · 494-modda
Korxonaga mulk huquqining boshqa shaxsga oʻtishi
Korxonaga mulk huquqi bu huquq davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan paytdan boshlab sotib oluvchiga oʻtadi. Sotib oluvchining korxonaga mulk huquqini roʻyxatdan oʻtkazish, basharti korxonani sotish shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, korxona sotib oluvchiga topshirilganidan soʻng bevosita amalga oshiriladi. Korxonani sotish shartnomasida korxona haqi toʻlangunicha yoki boshqa holatlar yuz berguncha sotuvchining sotib oluvchiga topshirilgan korxonaga mulk huquqi saqlanib qolishi nazarda tutilgan hollarda sotib oluvchi mulk huquqi oʻziga oʻtguncha topshirilgan korxona tarkibiga kiradigan mol-mulkni mulkiy majmua sifatida korxona faoliyatini taʼminlash uchun zarur darajada tasarruf qilishga, shuningdek huquqlardan foydalanishga haqli boʻladi.
- FuqarolikCIVIL · 495-modda
Korxonani kamchiliklar bilan topshirish va qabul qilish oqibatlari
Topshirish dalolatnomasi boʻyicha sotuvchi tomonidan tarkibi, shu jumladan topshirilgan mol-mulkining sifati, korxonani sotish shartnomasida nazarda tutilgan talabga muvofiq boʻlmagan korxonaning topshirilishi va sotib oluvchining qabul qilishi oqibatlari, agar shartnomadan boshqacha tartib kelib chiqmasa va u ushbu moddaning ikkinchi, uchinchi va toʻrtinchi qismlarida nazarda tutilgan boʻlmasa, ushbu Kodeksning 393-395, 399, 402, 408, 412-moddalarida nazarda tutilgan qoidalar asosida aniqlanadi. Korxona topshirish dalolatnomasiga muvofiq topshirilgan va qabul qilingan boʻlib, unda korxonaning aniqlangan kamchiliklari va yoʻqotilgan mol-mulki toʻgʻrisidagi maʼlumotlar koʻrsatilgan taqdirda, agar korxonani sotish shartnomasida bunday hollarda boshqa talablarni qoʻyish huquqi nazarda tutilgan boʻlmasa, sotib oluvchi korxonaning xarid narxini tegishincha kamaytirishni talab qilish huquqiga ega. Sotib oluvchiga korxona tarkibida sotuvchining korxonani sotish shartnomasida yoki topshirish dalolatnomasida koʻrsatilmagan qarzlari (majburiyatlari) ham topshirilgan taqdirda, agar sotib oluvchi shartnoma tuzish va korxonani topshirish vaqtida bunday qarz (majburiyat)lar borligini bilganini sotuvchi isbotlamasa, sotib oluvchi xarid narxini kamaytirishni talab qilish huquqiga ega. Sotuvchi korxona tarkibida topshirilgan mol-mulkdagi kamchiliklar toʻgʻrisida yoki topshirilishi lozim boʻlgan ayrim turdagi mol-mulkning bu tarkibda yoʻqligi toʻgʻrisida sotib oluvchidan bildirish xati olgan hollarda tegishli darajada sifatli boʻlmagan mol-mulkni darhol almashtirishi yoki sotib oluvchiga yetishmayotgan mol-mulkni berishi mumkin. Agar korxonaning sotuvchi javobgar boʻlgan kamchiliklar tufayli korxonani sotish shartnomasida aytib oʻtilgan maqsadlar uchun yaroqsizligi va bu kamchiliklar ushbu Kodeksga, qonunchilik yoki shartnomaga muvofiq belgilangan shartlarda, tartib va muddatlarda sotuvchi tomonidan bartaraf qilinmaganligi yoki bunday kamchiliklarni bartaraf qilib boʻlmasligi aniqlangan boʻlsa, sotib oluvchi korxonani sotish shartnomasini bekor qilish yoki oʻzgartirishni va taraflar shartnomaga muvofiq bajarganlarini qaytarishni sud tartibida talab qilish huquqiga ega.
- FuqarolikCIVIL · 496-modda
Korxonani sotish shartnomasiga nisbatan bitimlarning haqiqiy emasligi oqibatlari va shartnomani oʻzgartirish yoki bekor qilish toʻgʻrisidagi qoidalarning qoʻllanilishi
Ushbu Kodeksning bitimlarning haqiqiy emasligi oqibatlari va oldi-sotdi shartnomasini oʻzgartirish yoki bekor qilish toʻgʻrisidagi, shartnoma boʻyicha bir yoki ikkala tarafdan olingan narsalarni qaytarishni yoki asl holida undirishni nazarda tutadigan qoidalari, agar bunday oqibatlar sotuvchi va sotib oluvchining kreditorlarining, boshqa shaxslarning huquqlarini va qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarini jiddiy buzmasa va ushbu Kodeks 116-moddasining qoidalariga zid kelmasa, korxonani sotish shartnomasiga nisbatan qoʻllanadi.
- FuqarolikCIVIL · 497-modda
Ayirboshlash shartnomasi
Ayirboshlash shartnomasiga muvofiq har bir taraf boshqa tarafga bir tovarni boshqa tovarga almashtirish yoʻli bilan mulk qilib topshirish majburiyatini oladi. Ayirboshlash shartnomasiga nisbatan tegishincha oldi-sotdi toʻgʻrisidagi qoidalar qoʻllanadi, basharti bu ushbu bob qoidalariga va ayirboshlash mohiyatiga zid kelmasa. Bunda har qaysi taraf almashtirish yoʻli bilan topshirish majburiyatini olgan tovarni sotuvchi va qabul qilish majburiyatini olgan tovarni sotib oluvchi hisoblanadi. Qonunchilikda belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi lozim boʻlgan avtomototransport vositalarini ayirboshlash shartnomasi notarial tasdiqlangan boʻlishi kerak.
- FuqarolikCIVIL · 498-modda
Ayirboshlash shartnomasi boʻyicha baho va xarajatlar
Agar ayirboshlash shartnomasidan boshqacha tartib kelib chiqmasa, ayirboshlanadigan tovarlar teng qiymatli deb taxmin qilinadi, ularni topshirish va qabul qilish xarajatlarini esa har bir holda tegishli majburiyatlarni bajaradigan taraf amalga oshiradi. Ayirboshlash shartnomasiga muvofiq ayirboshlanadigan tovarlar teng qiymatli emas deb tan olingan taqdirda bahosi ayirboshlashga taqdim qilinayotgan tovar bahosidan past boʻlgan tovarni topshirishi lozim boʻlgan taraf, agar shartnomada haq toʻlashning boshqacha tartibi nazarda tutilgan boʻlmasa, tovar yoki tovarni tasarruf qilish hujjatlari topshirilgandan soʻng kechiktirmasdan baholardagi farqni toʻlashi lozim. Agar ayirboshlanadigan tovarlar teng qiymatli emas deb tan olinsa, biroq ularning baholaridagi farq ayirboshlash shartnomasida nazarda tutilgan boʻlmasa va shartnoma shartlariga qarab belgilanishi mumkin boʻlmasa, narxlardagi farq ushbu Kodeks 356-moddasining toʻrtinchi qismida nazarda tutilgan qoidalarga muvofiq aniqlanadi.
- FuqarolikCIVIL · 499-modda
Ayirboshlash shartnomasiga muvofiq tovarni topshirish majburiyatini muqobil bajarish
Ayirboshlash shartnomasiga muvofiq ayirboshlanadigan tovarlarni topshirish muddatlari bir-biriga toʻgʻri kelmagan taqdirda, tovarni topshirish majburiyatini boshqa taraf tovarni topshirganidan soʻng bajarishi lozim boʻlgan tarafning tovarni topshirish majburiyatini bajarishiga nisbatan majburiyatni muqobil bajarish toʻgʻrisidagi qoidalar qoʻllanadi.
- FuqarolikCIVIL · 5-modda
Fuqarolik qonunchiligini oʻxshashlik boʻyicha qoʻllash
Ushbu Kodeks 2-moddasining birinchi, toʻrtinchi va beshinchi qismlarida nazarda tutilgan munosabatlar qonunchilik yoki taraflarning kelishuvi bilan toʻgʻridan-toʻgʻri tartibga solinmagan hollarda fuqarolik qonunchiligining oʻxshash munosabatlarni tartibga soluvchi normasi qoʻllaniladi (qonun oʻxshashligi). Koʻrsatib oʻtilgan hollarda qonun oʻxshashligidan foydalanish mumkin boʻlmasa, taraflarning huquq va burchlari fuqarolik qonunchiligining umumiy negizlari va mazmuniga (huquq oʻxshashligiga) hamda halollik, oqillik va adolat talablariga amal qilgan holda belgilanadi. Fuqarolik huquqlarini cheklaydigan va javobgarlik belgilaydigan normalarning oʻxshashlik boʻyicha qoʻllanilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
- FuqarolikCIVIL · 50-modda
Yuridik shaxslarni qayta tashkil etishda huquqiy vorislik
Yuridik shaxslar qoʻshib yuborilganida ulardan har birining huquq va burchlari topshirish hujjatida koʻrsatilganligidan yoki koʻrsatilmaganligidan qatʼi nazar yangidan vujudga kelgan yuridik shaxsga oʻtadi. Yuridik shaxs boshqa yuridik shaxsga qoʻshilganida, bu yuridik shaxsga qoʻshilgan yuridik shaxsning huquq va burchlari topshirish hujjatida koʻrsatilganligidan yoki koʻrsatilmaganligidan qatʼi nazar oʻtadi. Yuridik shaxs boʻlingan taqdirda uning huquq va burchlari taqsimlash balansiga muvofiq yangidan vujudga kelgan yuridik shaxslarga oʻtadi. Yuridik shaxs tarkibidan bir yoki bir necha yuridik shaxs ajralib chiqqanida qayta tashkil etilgan yuridik shaxsning huquq va burchlari taqsimlash balansiga muvofiq ularning har biriga oʻtadi. Bir turdagi yuridik shaxs boshqa turdagi yuridik shaxsga aylantirilganida (tashkiliy-huquqiy shakli oʻzgartirilganida), qayta tashkil etilgan yuridik shaxsning huquq va burchlari topshirish hujjatida koʻrsatilganligidan yoki koʻrsatilmaganligidan qatʼi nazar yangidan vujudga kelgan yuridik shaxsga oʻtadi.
- FuqarolikCIVIL · 500-modda
Ayirboshlanadigan tovarlarga boʻlgan mulk huquqining oʻtishi
Agar qonunda yoki ayirboshlash shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, ayirboshlanadigan tovarlarga mulk huquqi ayirboshlash shartnomasiga muvofiq sotib oluvchi hisoblanadigan taraflarga ikkala taraf tegishli tovarlarni topshirish majburiyatini bajarganidan soʻng bir vaqtda oʻtadi.
- FuqarolikCIVIL · 501-modda
Ayirboshlash shartnomasi boʻyicha olingan tovarni olib qoʻyganlik uchun javobgarlik
Ayirboshlash shartnomasi boʻyicha olgan tovarini uchinchi shaxslar olib qoʻygan taraf, ushbu Kodeksning 395-moddasida nazarda tutilgan asoslar mavjud boʻlsa, boshqa tarafdan ayirboshlash asosida olingan tovarni qaytarishni va (yoki) zararni qoplashni talab qilish huquqiga ega.
- FuqarolikCIVIL · 502-modda
Hadya shartnomasi
Hadya shartnomasiga muvofiq bir taraf (hadya qiluvchi) boshqa taraf (hadya oluvchi)ga ashyoni tekinga mulk qilib beradi yoki berish majburiyatini oladi yoxud unga oʻziga yoki uchinchi shaxsga nisbatan mulk huquqi (talabi)ni beradi yo berish majburiyatini oladi, yoxud uni oʻzi yoki uchinchi shaxs oldidagi mulkiy majburiyatdan ozod qiladi yoinki ozod qilish majburiyatini oladi. Ashyo yoki huquq muqobil berilganida yo boʻlmasa, muqobil majburiyat mavjud boʻlganida shartnoma hadya deb tan olinmaydi. Bunday shartnomaga nisbatan ushbu Kodeks 124-moddasining ikkinchi qismi qoidalari qoʻllanadi. Biron-bir shaxsga ashyoni yoki mulk huquqini tekinga berishni yoki biron-bir shaxsni mulkiy majburiyatdan ozod etishni vaʼda qilish (hadya etishni vaʼda qilish), agar vaʼda tegishli shaklda berilgan boʻlsa va kelajakda aniq shaxsga ashyo yoki mulkiy huquqni tekinga berish yoki uni mulkiy majburiyatdan ozod qilish maqsadi aniq koʻrinib turgan boʻlsa, hadya shartnomasi deb tan olinadi. Ashyo, mulk huquqi yoki mulkiy majburiyatdan ozod qilish shaklida hadya narsasini aniq koʻrsatmasdan oʻzining mol-mulkini yoki mol-mulkning bir qismini hadya etishni vaʼda qilish oʻz-oʻzidan haqiqiy emas. Hadyani hadya oluvchiga hadya qiluvchining vafotidan keyin topshirishni nazarda tutuvchi shartnoma oʻz-oʻzidan haqiqiy emas. Bunday hadyaga nisbatan ushbu Kodeksning vorislik toʻgʻrisidagi qoidalari qoʻllanadi.
- FuqarolikCIVIL · 503-modda
Hadya oluvchining hadyani qabul qilishni rad etishi
Hadya oluvchi oʻziga hadya topshirilgunga qadar istagan vaqtida uni rad etishga haqli. Bunday holda hadya shartnomasi bekor qilingan hisoblanadi. Agar hadya shartnomasi yozma shaklda tuzilgan boʻlsa, hadyani rad etish ham yozma shaklda amalga oshirilishi kerak. Agar hadya shartnomasi roʻyxatdan oʻtkazilgan boʻlsa, hadyani qabul qilishni rad etish ham davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi lozim. Agar hadya shartnomasi yozma shaklda tuzilgan boʻlsa, hadya qiluvchi hadya oluvchidan hadyani olishni rad etishi oqibatida yetkazilgan haqiqiy zararni qoplashni talab qilishga haqli.
- FuqarolikCIVIL · 504-modda
Hadya shartnomasining shakli
Hadya qilish, ayni paytda hadyani hadya oluvchiga topshirish ogʻzaki amalga oshirilishi mumkin, ushbu moddaning uchinchi va beshinchi qismlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno. Hadyani topshirish uni taqdim qilish, ramziy topshirish (kalit va hokazolarni taqdim qilish) yoki huquqni belgilaydigan hujjatlarni taqdim etish yoʻli bilan amalga oshiriladi. Koʻchar mulkni hadya qilish shartnomasi: hadya qiluvchi yuridik shaxs boʻlganida; fuqarolar oʻrtasida bazaviy hisoblash miqdorining oʻn baravaridan ortiq summaga shartnoma tuzilayotganda; shartnomada kelajakda hadya etish vaʼda qilingan hollarda oddiy yozma shaklda tuzilishi lozim. Ushbu moddaning uchinchi qismida nazarda tutilgan hollarda ogʻzaki tuzilgan hadya shartnomasi oʻz-oʻzidan haqiqiy emas. Koʻchmas mulkni hadya qilish shartnomasi notarial tasdiqlanishi va davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi lozim. Qonunchilikda belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi lozim boʻlgan avtomototransport vositalarini hadya qilish shartnomasi notarial tasdiqlangan boʻlishi kerak.
- FuqarolikCIVIL · 505-modda
Hadyani cheklash
Yuridik shaxs operativ boshqarish huquqi asosida oʻziga qarashli boʻlgan ashyoni, agar qonunda boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, mulkdorning roziligi bilan hadya etishga haqli. Bu cheklash qiymati katta boʻlmagan odatdagi sovgʻalarga taalluqli emas. Umumiy birgalikdagi mulkni hadya qilishga ushbu Kodeksning 225-moddasida nazarda tutilgan qoidalarga amal qilgan holda umumiy birgalikdagi mulkning barcha ishtirokchilari roziligi bilan yoʻl qoʻyiladi. Hadya qiluvchiga tegishli uchinchi shaxsdan talab qilish huquqini hadya qilish ushbu Kodeks 313-317, 319 va 320-moddalarida nazarda tutilgan qoidalarga rioya etgan holda amalga oshiriladi. Ijara huquqini yoki boshqalarning ashyosiga oʻzgacha huquqni uning mulkdorining yoki unga nisbatan operativ boshqarish huquqiga ega boʻlgan shaxsning roziligisiz hadya qilishga, agar bunday huquqqa asos boʻlgan qonunda yoki shartnomada uni mazkur shaxslar roziligisiz boshqa shaxslarga berish taqiqlanmagan boʻlsa, yoʻl qoʻyiladi. Hadya olayotgan shaxs oʻrniga uning uchinchi shaxs oldidagi majburiyatini bajarish yoʻli bilan hadya qilish ushbu Kodeks 241-moddasining birinchi va ikkinchi qismlarida nazarda tutilgan qoidalarga rioya etgan holda amalga oshiriladi. Hadya oluvchining uchinchi shaxsdan qarzini hadya qiluvchining oʻziga olishi yoʻli bilan hadya qilish ushbu Kodeks 322-moddasining birinchi va ikkinchi qismlarida nazarda tutilgan qoidalarga rioya etgan holda amalga oshiriladi. Hadya oluvchining nomi va hadya narsasi koʻrsatilmagan hadyani vakil tomonidan amalga oshirish ishonchnomasi oʻz-oʻzidan haqiqiy emas.
- FuqarolikCIVIL · 506-modda
Hadya shartnomasini bajarishdan bosh tortish
Agar shartnoma tuzilgandan soʻng hadya qiluvchining moddiy ahvoli jiddiy yomonlashgan boʻlsa, u kelajakda hadya oluvchiga ashyoni yoki mulk huquqini berish yo boʻlmasa, uni mulkiy majburiyatdan ozod etish vaʼda qilingan shartnomani bajarishdan bosh tortishga haqli. Ushbu Kodeks 507-moddasining birinchi qismida nazarda tutilgan asoslarda hadya qiluvchi kelajakda hadya oluvchiga ashyoni yoki mulk huquqini berish yo boʻlmasa, uni mulkiy majburiyatdan ozod etish vaʼda qilingan shartnomani bajarishdan bosh tortishga haqli. Ushbu moddada nazarda tutilgan asoslarda hadya qiluvchining hadya shartnomasini bajarishdan bosh tortishi hadya oluvchiga zararni qoplashni talab qilish huquqini bermaydi.
- FuqarolikCIVIL · 507-modda
Hadyani bekor qilish
Hadya oluvchi hadya qiluvchining, uning oila aʼzolari yoki yaqin qarindoshlarining hayoti yoki sogʻligʻiga qarshi ataylab jinoyat sodir qilgan hollarda hadyani bekor qilishga sud tartibida yoʻl qoʻyiladi. Hadya oluvchi hadya qiluvchini qasddan oʻldirgan taqdirda hadya qiluvchining vorislari sudda hadyani bekor qilishni talab etish huquqiga ega. Agar hadya oluvchining hadya qiluvchi uchun katta nomulkiy qiymatga ega boʻlgan hadya buyumga nisbatan muomalasi uning butunlay yoʻq boʻlib ketishi xavfini solsa, hadya qiluvchi hadya bekor etilishini sud tartibida talab qilishga haqli. Manfaatdor shaxsning talabiga binoan sud yakka tartibdagi tadbirkorning yoki yuridik va jismoniy shaxsning toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisidagi qonunchilik qoidalarini buzib, toʻlovga qobiliyatsizlik haqida ish qoʻzgʻatilishidan oldingi bir yil ichida oʻzining tadbirkorlik faoliyati bilan bogʻliq mablagʻlar hisobidan qilgan hadyasini bekor qilishi mumkin. Hadya shartnomasida hadya oluvchi hadya qiluvchidan oldin vafot etgan taqdirda hadya qiluvchining hadyani bekor qilish huquqi shart qilib qoʻyilishi mumkin. Hadya bekor qilingan taqdirda hadya oluvchi hadya qilingan ashyoni, agar u hadya bekor qilingan paytda asl holatda saqlanib qolgan boʻlsa, qaytarishi lozim.
- FuqarolikCIVIL · 508-modda
Hadya shartnomasini bajarishdan bosh tortish va hadyani bekor qilish mumkin boʻlmagan hollar
Hadya shartnomasini bajarishdan bosh tortish va hadyani bekor qilish toʻgʻrisidagi qoidalar ogʻzaki tuzilgan hadya shartnomalariga nisbatan qoʻllanmaydi.
- FuqarolikCIVIL · 509-modda
Kamchiliklari boʻlgan mol-mulkni hadya qilish oqibatlari
Hadya qilingan ashyodagi kamchiliklar tufayli hadya oluvchining hayoti, sogʻligʻi yoki mol-mulkiga yetkazilgan zarar, agar bu kamchiliklar ashyo hadya oluvchiga topshirilgunga qadar paydo boʻlgani aniq koʻrinib turgan kamchiliklar jumlasiga kirmasligi va hadya qiluvchi bu haqda bilgan boʻlsa-da, hadya oluvchini ogohlantirmaganligi isbot qilingan boʻlsa, ushbu Kodeks 57-bobida nazarda tutilgan qoidalarga muvofiq hadya qiluvchi tomonidan qoplanishi lozim.
- FuqarolikCIVIL · 51-modda
Topshirish hujjati va taqsimlash balansi
Topshirish hujjati va taqsimlash balansi qayta tashkil etilgan yuridik shaxsning barcha kreditorlari va qarzdorlariga nisbatan barcha majburiyatlari boʻyicha, shu jumladan taraflar bahslashayotgan majburiyatlar boʻyicha ham, huquqiy vorislik toʻgʻrisidagi qoidalarni oʻz ichiga olgan boʻlishi kerak. Topshirish hujjati va taqsimlash balansi yuridik shaxs muassislari (ishtirokchilari) tomonidan yoki yuridik shaxslarni qayta tashkil etish toʻgʻrisida qaror qabul qilgan organ tomonidan tasdiqlanadi hamda taʼsis hujjatlari bilan birga yangidan vujudga kelgan yuridik shaxslarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish yoki mavjud yuridik shaxslarning taʼsis hujjatlariga oʻzgartishlar kiritish uchun taqdim etiladi. Taʼsis hujjatlari bilan birga tegishincha topshirish hujjatini yoki taqsimlash balansini taqdim etmaslik, shuningdek ularda qayta tashkil etilgan yuridik shaxsning majburiyatlari boʻyicha huquqiy vorislik toʻgʻrisidagi qoidalarning yoʻqligi yangidan vujudga kelgan yuridik shaxslarni davlat roʻyxatidan oʻtkazishning rad etilishiga olib keladi.