Qonun toʻplami
Yurideks yordamchisi foydalanadigan qonun moddalarining namunaviy toʻplami. Mavzu boʻyicha filtrlang yoki toʻliq matndan qidiring.
2695 ta modda topildi
- FuqarolikCIVIL · 475-modda
Abonent tomonidan energiyaning boshqa shaxsga berilishi
Abonent energiya bilan taʼminlovchi tashkilotdan tutashtirilgan tarmoq orqali qabul qilib olgan energiyani boshqa shaxs (qoʻshimcha abonent)ga faqat energiya bilan taʼminlovchi tashkilot roziligi bilan berishi mumkin. Agar qonunchilikda yoki energiya taʼminoti shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, abonent tomonidan energiyani qoʻshimcha abonentga berish shartnomasiga nisbatan ushbu paragraf qoidalari qoʻllanadi. Agar qonunchilikda boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, energiyani qoʻshimcha abonentga berish chogʻida abonent energiya bilan taʼminlovchi tashkilot oldida javobgar boʻlib qolaveradi.
- FuqarolikCIVIL · 476-modda
Energiya taʼminoti shartnomasini oʻzgartirish va bekor qilish
Energiya berishdagi uzilishlarga, energiya berishni toʻxtatish yoki cheklashga taraflar kelishuviga muvofiq yoʻl qoʻyiladi, abonentga qarashli energetika qurilmalarining qoniqarsiz ahvoli avariya xavfini keltirib chiqarishi mumkinligi yoki fuqarolar hayoti va xavfsizligiga tahdid tugʻdirayotgani davlat energetika nazorati organi tomonidan tasdiqlangan hollar bundan mustasno. Energiya bilan taʼminlovchi tashkilot abonentni energiya berishdagi uzilishlar, energiya berishni toʻxtatish yoki cheklash toʻgʻrisida ogohlantirishi lozim. Abonent bilan kelishmasdan va uni ogohlantirmasdan, biroq unga darhol xabar bergan holda energiya berishni vaqtincha uzib qoʻyish, toʻxtatish yoki cheklashga energiya bilan taʼminlovchi tashkilot tizimida avariyaning oldini olish yoki uni tugatish uchun kechiktirib boʻlmaydigan choralarni koʻrish zarur boʻlgan hollarda yoʻl qoʻyiladi. Energiya taʼminoti shartnomasiga muvofiq energiyadan turmushda foydalanadigan fuqaro abonent boʻlgan taqdirda u energiya bilan taʼminlovchi tashkilotga maʼlum qilish va foydalanilgan energiya haqini toʻliq toʻlash sharti bilan shartnomani bir tomonlama bekor qilish huquqiga ega. Energiya taʼminoti shartnomasiga muvofiq energiyadan turmushda foydalanadigan fuqaro abonent boʻlgan taqdirda abonent oʻzi foydalangan energiya haqini toʻlamagani tufayli energiya bilan taʼminlovchi tashkilot shartnomani bajarishdan bir tomonlama bosh tortish huquqiga ega, bunda u shartnomani bajarishdan bosh tortishdan kamida bir oy oldin abonentni bu haqda ogohlantirishi lozim. Energiya taʼminoti shartnomasiga muvofiq yuridik shaxs abonent boʻlgan hollarda energiya bilan taʼminlovchi tashkilot ushbu Kodeksning 455-moddasida nazarda tutilgan asoslarga koʻra shartnomani bajarishdan bir tomonlama bosh tortishga haqli, qonunchilikda belgilab qoʻyilgan hollar bundan mustasno.
- FuqarolikCIVIL · 477-modda
Energiya taʼminoti shartnomasi boʻyicha javobgarlik
Energiya taʼminoti shartnomasi boʻyicha majburiyatlar bajarilmagan yoki lozim darajada bajarilmagan hollarda, energiya bilan taʼminlovchi tashkilot shu tufayli yetkazilgan zararning, abonent esa yetkazilgan haqiqiy zararning oʻrnini qoplashi shart. Agar energiya berishdagi uzilishlar quvvat va energiya yetishmasligi sababli energiya bilan taʼminlovchi tashkilot tomonidan qonunchilik asosida isteʼmolni tartibga solish natijasida yuz bergan boʻlsa, energiya bilan taʼminlovchi tashkilot aybdor boʻlgan taqdirdagina shartnoma majburiyatlarini bajarmagani yoki tegishli darajada bajarmagani uchun javob beradi.
- FuqarolikCIVIL · 478-modda
Energiya taʼminoti shartnomasi qoidalarini tutashtirilgan tarmoq orqali taʼminlash borasidagi boshqa munosabatlarga nisbatan qoʻllash
Agar qonunchilikda boshqacha tartib belgilangan boʻlmasa, tutashtirilgan tarmoq orqali issiqlik energiyasi bilan taʼminlash munosabatlariga nisbatan ushbu paragraf qoidalari qoʻllanadi. Agar qonunchilikda, shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa yoki u majburiyat mohiyatidan kelib chiqmasa, tutashtirilgan tarmoq orqali gaz, neft va neft mahsulotlari, suv va boshqa tovarlar bilan taʼminlash munosabatlariga nisbatan ushbu paragraf qoidalari qoʻllanadi.
- FuqarolikCIVIL · 479-modda
Koʻchmas mulkni sotish shartnomasi
Koʻchmas mulkning oldi-sotdi shartnomasiga (koʻchmas mulkni sotish shartnomasiga) binoan sotuvchi yer uchastkasi, bino, inshoot, kvartira yoki boshqa koʻchmas mulkni sotib oluvchiga mulk qilib topshirishni (ushbu Kodeksning 83-moddasi) oʻz zimmasiga oladi. Korxonalarni sotishga nisbatan, basharti korxonani sotish shartnomasi toʻgʻrisidagi qoidalarda (ushbu Kodeksning 489-496-moddalari) boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, ushbu paragraf qoidalari qoʻllanadi.
- FuqarolikCIVIL · 48-modda
Yuridik shaxsning javobgarligi
Yuridik shaxs oʻz majburiyatlari boʻyicha oʻziga qarashli butun mol-mulk bilan javob beradi. Mulkdor tomonidan moliyaviy taʼminlanadigan muassasa oʻz majburiyatlari boʻyicha ushbu Kodeks 76-moddasining uchinchi qismida nazarda tutilgan tartibda va shartlar asosida javob beradi. Yuridik shaxsning muassisi (ishtirokchisi) yoki uning mol-mulkining mulkdori yoxud yuridik shaxsning boshqaruv organi tarkibiga kiruvchi shaxs, shuningdek qarzdorning ishlarini boshqaruvchi shaxs yuridik shaxsning majburiyatlari boʻyicha javob bermaydi, yuridik shaxs esa muassisning (ishtirokchining) yoki mulkdorning yoxud yuridik shaxsning boshqaruv organi tarkibiga kiruvchi shaxsning yoki qarzdorning ishlarini boshqaruvchi shaxsning majburiyatlari boʻyicha javob bermaydi, bundan ushbu Kodeksda yoki yuridik shaxsning taʼsis hujjatlarida nazarda tutilgan hollar mustasno. Agar yuridik shaxsning toʻlovga qobiliyatsizligi shu yuridik shaxs uchun majburiy koʻrsatmalarni berish huquqiga ega boʻlgan muassis (ishtirokchi) sifatidagi shaxsning yoki yuridik shaxs mol-mulki mulkdorining yoxud yuridik shaxsning boshqaruv organi tarkibiga kiruvchi shaxsning yoki qarzdorning ishlarini boshqaruvchi shaxsning gʻayriqonuniy harakatlari tufayli vujudga keltirilgan boʻlsa, yuridik shaxsning mol-mulki yetarli boʻlmagan taqdirda bunday shaxs zimmasiga qonunga muvofiq uning majburiyatlari boʻyicha subsidiar javobgarlik yuklatilishi mumkin. Muassis (ishtirokchi) yoki yuridik shaxs mol-mulkining mulkdori shu yuridik shaxsning taʼsis hujjatlarida nazarda tutilgan taqdirdagina majburiy koʻrsatmalar berish huquqiga ega. Yuridik shaxs uchun majburiy koʻrsatmalar berish huquqiga ega boʻlgan muassis (ishtirokchi) yoki mulkdor yoxud yuridik shaxsning boshqaruv organi tarkibiga kiruvchi shaxs yoki qarzdorning ishlarini boshqaruvchi shaxs yuridik shaxsning muayyan harakatni amalga oshirishi oqibatida toʻlovga qobiliyatsiz boʻlib qolishini oldindan bilib, oʻz huquqidan uning shunday harakatni amalga oshirishini koʻzlab foydalangan holdagina yuridik shaxsning toʻlovga qobiliyatsizligi ular tomonidan vujudga keltirilgan deb hisoblanadi.
- FuqarolikCIVIL · 480-modda
Koʻchmas mulkni sotish shartnomasining shakli
Koʻchmas mulkni sotish shartnomasi taraflar imzolagan yozma shakldagi bitta hujjat tarzida tuziladi (ushbu Kodeks 366-moddasining toʻrtinchi qismi). Koʻchmas mulkni sotish shartnomasining shakliga rioya qilmaslik uning haqiqiy emasligiga sabab boʻladi.
- FuqarolikCIVIL · 481-modda
Koʻchmas mulkka boʻlgan mulk huquqi boshqa shaxsga oʻtganligini davlat roʻyxatidan oʻtkazish
Koʻchmas mulkni sotish shartnomasiga binoan koʻchmas mulkka boʻlgan mulk huquqining sotib oluvchiga oʻtganligi davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi lozim. Mulk huquqi boshqa shaxsga oʻtganligi davlat roʻyxatidan oʻtkazilgunga qadar taraflarning koʻchmas mulkni sotish shartnomasini bajarishi ularning uchinchi shaxslar bilan munosabatlarini oʻzgartirishi uchun asos boʻlmaydi. Agar taraflardan biri koʻchmas mulkka boʻlgan mulk huquqi boshqa shaxsga oʻtganligini davlat roʻyxatdan oʻtkazishdan boʻyin tovlasa, boshqa tarafning talabiga binoan sud mulk huquqi boshqa shaxsga oʻtganligini davlat roʻyxatidan oʻtkazish toʻgʻrisida qaror chiqarishga haqli. Mulk huquqi boshqa shaxsga oʻtganligini davlat roʻyxatidan oʻtkazishdan asossiz ravishda boʻyin tovlayotgan taraf boshqa tarafning roʻyxatdan oʻtkazish kechikkanligi tufayli koʻrgan zararini qoplashi shart.
- FuqarolikCIVIL · 482-modda
Bino, inshoot yoki boshqa koʻchmas mulk sotilganida ular joylashgan yer uchastkasiga boʻlgan huquq
Bino, inshoot yoki boshqa koʻchmas mulkni sotish shartnomasiga binoan sotib oluvchiga bunday koʻchmas mulkka egalik huquqini topshirish bilan bir vaqtda ushbu koʻchmas mulk joylashgan va undan foydalanish uchun zarur boʻlgan yer uchastkasining muayyan qismiga boʻlgan huquqlar ham topshiriladi. Sotuvchi sotilayotgan koʻchmas mulk joylashgan yer uchastkasining mulkdori boʻlgan taqdirda sotib oluvchiga yer uchastkasining tegishli qismiga mulk huquqi yoki ijara huquqi yoxud koʻchmas mulkni sotish shartnomasida nazarda tutilgan boshqa huquq beriladi. Agar shartnomada koʻchmas mulkni sotib oluvchiga topshiriladigan tegishli yer uchastkasiga boʻlgan huquq belgilangan boʻlmasa, sotib oluvchiga yer uchastkasining koʻchmas mulk joylashgan va bu koʻchmas mulkdan foydalanish uchun zarur boʻlgan muayyan qismiga mulk huquqi oʻtadi. Sotuvchiga mulk huquqi asosida qarashli boʻlmagan yer uchastkasida joylashgan koʻchmas mulkni, agar bunday uchastkadan foydalanishning qonun yoki shartnomada belgilangan shartlariga zid boʻlmasa, ana shu yer uchastkasi mulkdorining roziligisiz sotishga yoʻl qoʻyiladi. Bunday koʻchmas mulk sotilganida sotib oluvchi koʻchmas mulkni sotayotgan shaxs yer uchastkasining tegishli qismidan qanday shartlarda foydalangan boʻlsa, oʻsha shartlarda foydalanish huquqini qoʻlga kiritadi.
- FuqarolikCIVIL · 483-modda
Yer uchastkasi sotilganida koʻchmas mulkka boʻlgan huquq
Sotuvchiga qarashli bino, inshoot yoki boshqa koʻchmas mulk joylashgan yer uchastkasi ana shu koʻchmas mulkni sotib olayotgan shaxsga mulk qilib topshirmagan holda sotilsa, yer uchastkasining koʻchmas mulk joylashgan va koʻchmas mulkdan foydalanish uchun zarur boʻlgan qismidan sotuvchining foydalanish huquqi sotish shartnomasida belgilangan shartlarda saqlab qolinadi. Agar yer uchastkasining tegishli qismidan foydalanish shartlari uni sotish shartnomasi bilan belgilangan boʻlmasa, sotuvchi yer uchastkasining koʻchmas mulk joylashgan va bu koʻchmas mulkdan koʻzlangan maqsadlarda foydalanish uchun zarur boʻlgan qismidan cheklangan holda foydalanish (servitut) huquqini saqlab qoladi.
- FuqarolikCIVIL · 484-modda
Koʻchmas mulkni sotish shartnomasida shartnoma narsasini belgilash
Koʻchmas mulkni sotish shartnomasida shartnoma boʻyicha sotib oluvchiga topshirilishi lozim boʻlgan koʻchmas mulkni aniq belgilash imkonini beradigan maʼlumotlar, shu jumladan koʻchmas mulk tegishli yer uchastkasida yoki boshqa koʻchmas mulkning tarkibida qanday joylashganligini belgilash imkonini beradigan maʼlumotlar koʻrsatilgan boʻlishi shart. Shartnomada bunday maʼlumotlar boʻlmasa, boshqa shaxsga topshirilishi lozim boʻlgan koʻchmas mulk toʻgʻrisidagi shartni taraflar oʻzaro kelishib olmagan, tegishli shartnoma esa tuzilmagan hisoblanadi.
- FuqarolikCIVIL · 485-modda
Koʻchmas mulkni sotish shartnomasida baho
Koʻchmas mulkni sotish shartnomasida ana shu mulkning bahosi nazarda tutilgan boʻlishi lozim. Shartnomada taraflar yozma ravishda kelishgan koʻchmas mulkning bahosi toʻgʻrisidagi shart boʻlmasa, uni sotish toʻgʻrisidagi shartnoma tuzilmagan hisoblanadi. Bunda ushbu Kodeks 356-moddasining toʻrtinchi qismida nazarda tutilgan baho belgilash qoidasi qoʻllanmaydi. Agar qonunda yoki koʻchmas mulkni sotish shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, yer uchastkasida joylashgan bino, inshoot yoki boshqa koʻchmas mulkning shartnomada belgilangan bahosi ana shu koʻchmas mulk bilan birga topshirilayotgan yer uchastkasi tegishli qismining bahosini yoki unga boʻlgan huquqni oʻz ichiga oladi. Koʻchmas mulkni sotish shartnomasida koʻchmas mulkning bahosi uning maydon birligiga yoki boshqa miqdor koʻrsatkichiga qarab belgilangan boʻlsa, bunday koʻchmas mulkning toʻlanishi lozim boʻlgan umumiy bahosi sotuvchiga topshirilgan koʻchmas mulkning amaldagi miqdoriga asoslangan holda belgilanadi.
- FuqarolikCIVIL · 486-modda
Koʻchmas mulkni topshirish
Koʻchmas mulkning sotuvchi tomonidan topshirilishi va sotib oluvchi tomonidan qabul qilinishi taraflar imzolaydigan topshirish dalolatnomasi yoki topshirish toʻgʻrisidagi boshqa hujjatga binoan amalga oshiriladi. Agar qonunda yoki shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, sotuvchining koʻchmas mulkni sotib oluvchiga topshirish majburiyati bu mulk sotib oluvchiga topshirilganidan va topshirish toʻgʻrisidagi tegishli hujjatni taraflar imzolaganidan keyin bajarilgan hisoblanadi. Taraflardan birining koʻchmas mulkni shartnomada nazarda tutilgan shartlarda topshirish toʻgʻrisidagi hujjatni imzolashdan boʻyin tovlashi, tegishli ravishda sotuvchining mulkni topshirish majburiyatini bajarishdan, sotib oluvchining esa mulkni qabul qilib olish majburiyatini bajarishdan bosh tortishi deb hisoblanadi. Sotib oluvchining koʻchmas mulkni sotish shartnomasining shartlariga mos boʻlmagan koʻchmas mulkni qabul qilib olishi, shu jumladan bunday mos kelmaslik xususida koʻchmas mulkni topshirish toʻgʻrisidagi hujjatda aytib oʻtilgan hollarda ham, sotuvchini shartnomani tegishli darajada bajarmaganlik uchun javobgarlikdan ozod qilish uchun asos boʻlolmaydi.
- FuqarolikCIVIL · 487-modda
Tegishli darajada sifatli boʻlmagan koʻchmas mulkni topshirish oqibatlari
Agar sotuvchi sotib oluvchiga koʻchmas mulkni sotish shartnomasining koʻchmas mulk sifati toʻgʻrisidagi shartlariga mos boʻlmagan koʻchmas mulkni topshirsa, ushbu Kodeks 434-moddasining qoidalari qoʻllaniladi, sotib oluvchining tegishli darajada sifatli boʻlmagan tovarni tegishli darajada sifatli boʻlgan boshqa tovarga almashtirib berishni talab qilish huquqi toʻgʻrisidagi qoidalar bundan mustasno.
- FuqarolikCIVIL · 488-modda
Uy-joy binolarini sotishning xususiyatlari
Sotuvchi sotib olganidan keyin qonunga muvofiq uy-joy binosidan foydalanish huquqini oʻzida saqlab qoladigan shaxslar yashab turgan uy, kvartira, uyning yoki kvartiraning bir qismini sotish shartnomasining muhim sharti –– bu shaxslarning roʻyxatini sotilayotgan uy-joy binosidan foydalanish huquqlari koʻrsatilgan holda tuzishdan iboratdir. Uyni, kvartirani, uyning yoki kvartiraning bir qismini sotish shartnomasi notarial tartibda tasdiqlanishi va davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi lozim.
- FuqarolikCIVIL · 489-modda
Korxonani sotish shartnomasi
Korxonani sotish shartnomasiga muvofiq sotuvchi sotib oluvchiga butun korxonani mulkiy majmua sifatida topshirish majburiyatini oladi, sotuvchi boshqa shaxslarga berishga haqli boʻlmagan huquq va majburiyatlar bundan mustasno. Firma nomi, tovar belgilari, xizmat koʻrsatish belgilari va sotuvchini hamda uning mahsulotini, u bajaradigan ish yoki koʻrsatadigan xizmatlarni shaxsiylashtiradigan boshqa vositalardan foydalanish huquqlari, agar korxonani sotish shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, sotib oluvchiga oʻtadi. Sotuvchining tegishli faoliyat bilan shugʻullanishi uchun berilgan maxsus ruxsatnoma (litsenziya) asosida olgan huquqlari, agar qonunchilikda boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, korxonani sotib oluvchiga berilmaydi. Shartnoma boʻyicha topshiriladigan korxona tarkibiga maxsus ruxsatnoma (litsenziya)ga ega boʻlmagani tufayli sotib oluvchi bajara olmaydigan majburiyatlarni kiritish sotuvchini kreditorlar oldidagi tegishli majburiyatlardan ozod qilmaydi. Bunday majburiyatlarni bajarmaganlik uchun sotuvchi va sotib oluvchi kreditorlar oldida solidar javobgar boʻladilar.
- FuqarolikCIVIL · 49-modda
Yuridik shaxsni qayta tashkil etish
Yuridik shaxsni qayta tashkil etish (qoʻshib yuborish, qoʻshib olish, boʻlish, ajratib chiqarish, oʻzgartirish) uning muassislari (ishtirokchilari) yoki taʼsis hujjatlarida shunga vakil qilingan yuridik shaxs organi qaroriga muvofiq amalga oshirilishi mumkin. Qonunda belgilangan hollarda yuridik shaxsni boʻlish yoki uning tarkibidan bir yoxud bir necha yuridik shaxsni ajratib chiqarish shaklida uni qayta tashkil etish vakil qilingan davlat organlarining qarori bilan yoxud sud qarori bilan amalga oshiriladi. Agar yuridik shaxs muassislari (ishtirokchilari), ular vakil qilgan organ yoki yuridik shaxsning oʻz taʼsis hujjatlari bilan qayta tashkil etishga vakil qilingan organi yuridik shaxsni vakolatli davlat organining qarorida belgilangan muddatda qayta tashkil etmayotgan boʻlsa, sud mazkur davlat organining daʼvosi boʻyicha yuridik shaxsning boshqaruvchisini tayinlaydi va unga ushbu yuridik shaxsni qayta tashkil etishni topshiradi. Boshqaruvchi tayinlangan paytdan boshlab unga yuridik shaxsning ishlarini boshqarish vakolatlari oʻtadi. Boshqaruvchi sudda yuridik shaxs nomidan harakat qiladi, taqsimlash balansini tuzadi va uni yuridik shaxslarni qayta tashkil etish natijasida vujudga keladigan taʼsis hujjatlari bilan birga koʻrib chiqish uchun sudga topshiradi. Sudning ushbu hujjatlarni tasdiqlashi yangidan vujudga kelayotgan yuridik shaxslarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun asos boʻladi. Qonunda belgilangan hollarda yuridik shaxslarni qoʻshib yuborish, qoʻshib olish yoki oʻzgartirish shaklida qaytadan tashkil etish vakolatli davlat organlarining roziligi bilangina amalga oshirilishi mumkin. Qoʻshib olish shaklida qayta tashkil etish hollarini istisno qilganda, yangidan vujudga kelgan yuridik shaxslar davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan paytdan boshlab yuridik shaxs qayta tashkil etilgan hisoblanadi. Yuridik shaxs unga boshqa yuridik shaxsni qoʻshib olish shaklida qayta tashkil etilganida qoʻshib olingan yuridik shaxsning faoliyati toʻxtatilgani haqidagi yozuv yuridik shaxslarning yagona davlat reyestriga kiritilgan paytdan boshlab yuridik shaxs qayta tashkil etilgan hisoblanadi.
- FuqarolikCIVIL · 490-modda
Korxonani sotish shartnomasining shakli va uni davlat roʻyxatidan oʻtkazish
Korxonani sotish shartnomasi taraflar imzolagan yozma shakldagi bitta hujjat tarzida tuzilib, unga ushbu Kodeksning 491-moddasi ikkinchi qismida koʻrsatilgan hujjatlar albatta ilova qilinadi va u notarial guvohlantirilishi hamda davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi lozim. Vakolatli davlat organining qaroriga binoan tanlov (tender) asosida tuziladigan korxonani sotish shartnomasi notarial guvohlantirilishi shart emas, ushbu Kodeksning 110-moddasi ikkinchi qismining 2-bandida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno. Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan talablarga rioya qilmaslik shartnomaning haqiqiy boʻlmasligiga olib keladi. Bunday shartnoma oʻz-oʻzidan haqiqiy boʻlmagan bitim hisoblanadi, uni bajarishga yoʻl qoʻyilmaydi va unga nisbatan ushbu Kodeks 112-moddasining ikkinchi va uchinchi qismlarida nazarda tutilgan qoidalar qoʻllanmaydi.
- FuqarolikCIVIL · 491-modda
Sotiladigan korxona tarkibini aniqlash va qiymatini baholash
Sotiladigan korxona tarkibi va uning qiymati korxonani sotish shartnomasida inventarizatsiyalashning belgilangan qoidalariga muvofiq oʻtkaziladigan korxonani toʻliq inventarizatsiyalash asosida aniqlanadi. Korxonani sotish shartnomasi imzolangunga qadar inventarizatsiya dalolatnomasi, buxgalteriya balansi, auditorlik xulosasini, baholash toʻgʻrisidagi hisobotni, shuningdek kreditorlar, ular qoʻyayotgan talablar xususiyati, miqdori va muddatlari koʻrsatilgan holda korxona tarkibiga kiritiladigan barcha qarz (majburiyat)lar roʻyxatini taraflar tuzgan va koʻrib chiqqan boʻlishi kerak. Nomlari aytib oʻtilgan hujjatlarda koʻrsatilgan mol-mulk, huquq va majburiyatlar, agar ushbu Kodeksning 489-moddasidan boshqacha tartib kelib chiqmasa hamda u korxonani sotish shartnomasida belgilangan boʻlmasa, sotuvchi tomonidan sotib oluvchiga topshirilishi lozim.
- FuqarolikCIVIL · 492-modda
Korxonani sotishda kreditorlarning huquqlari
Sotiladigan korxona tarkibiga kiritilgan majburiyatlar boʻyicha kreditorlar korxona sotib oluvchiga topshirilgunga qadar sotuvchi tomonidan uning sotilishi toʻgʻrisida yozma ravishda xabardor qilinishlari lozim. Qarzning boshqa shaxsga oʻtkazilishiga roziligini sotuvchiga yozma ravishda bildirmagan kreditor korxona sotilishi toʻgʻrisida bildirish xati olgan kundan boshlab uch oy mobaynida yo majburiyatni bajarishni toʻxtatishni yoki muddatidan oldin bajarishni va sotuvchi tomonidan zarar qoplanishini, yo boʻlmasa korxonani sotish shartnomasini butunlay yoxud uning tegishli qismini haqiqiy emas deb topishni talab qilish huquqiga ega. Korxonaning sotilishi toʻgʻrisida ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan tartibda xabardor qilinmagan kreditor sotuvchi korxonani sotib oluvchiga topshirgani toʻgʻrisida xabar topgan yoki xabar topishi lozim boʻlgan kundan boshlab bir yil mobaynida ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan talablarni qondirish haqida daʼvo qoʻzgʻatishi mumkin. Korxona sotib oluvchiga topshirilganidan soʻng sotuvchi va sotib oluvchi topshirilgan korxona tarkibiga kiritilgan, sotib oluvchiga kreditorning roziligisiz oʻtkazilgan qarzlar boʻyicha solidar javobgar boʻladilar.