Koʻchmas mulkka boʻlgan mulk huquqi boshqa shaxsga oʻtganligini davlat roʻyxatidan oʻtkazish
Koʻchmas mulkni sotish shartnomasiga binoan koʻchmas mulkka boʻlgan mulk huquqining sotib oluvchiga oʻtganligi davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi lozim.
Mulk huquqi boshqa shaxsga oʻtganligi davlat roʻyxatidan oʻtkazilgunga qadar taraflarning koʻchmas mulkni sotish shartnomasini bajarishi ularning uchinchi shaxslar bilan munosabatlarini oʻzgartirishi uchun asos boʻlmaydi.
Agar taraflardan biri koʻchmas mulkka boʻlgan mulk huquqi boshqa shaxsga oʻtganligini davlat roʻyxatdan oʻtkazishdan boʻyin tovlasa, boshqa tarafning talabiga binoan sud mulk huquqi boshqa shaxsga oʻtganligini davlat roʻyxatidan oʻtkazish toʻgʻrisida qaror chiqarishga haqli. Mulk huquqi boshqa shaxsga oʻtganligini davlat roʻyxatidan oʻtkazishdan asossiz ravishda boʻyin tovlayotgan taraf boshqa tarafning roʻyxatdan oʻtkazish kechikkanligi tufayli koʻrgan zararini qoplashi shart.
Bu sizning vaziyatingizga tegishlimi?
Nima boʻlganini tasvirlab bering, Yurideks sizga muhim moddalarni koʻrsatadi.
Savol berish