Qonun toʻplami
Yurideks yordamchisi foydalanadigan qonun moddalarining namunaviy toʻplami. Mavzu boʻyicha filtrlang yoki toʻliq matndan qidiring.
2695 ta modda topildi
- FuqarolikCIVIL · 457-modda
Davlat ehtiyojlari uchun tovarlar yetkazib berish
Davlat ehtiyojlari uchun tovarlar yetkazib berish davlat ehtiyojlari uchun tovarlar yetkazib berish boʻyicha davlat kontrakti asosida, shuningdek uning asosida tuziladigan davlat ehtiyojlari uchun tovarlar yetkazib berish shartnomalariga muvofiq amalga oshiriladi. Qonunchilikda belgilangan tartibda aniqlanadigan, davlat budjeti va moliyalashning budjetdan tashqari manbalari hisobiga taʼminlanadigan, Oʻzbekiston Respublikasining ehtiyojlari davlat ehtiyojlari deyiladi. Davlat ehtiyojlari uchun tovarlar yetkazib berish borasidagi munosabatlarga ushbu Kodeks 437-456-moddalarining qoidalari ham tatbiq etiladi. Ushbu Kodeks bilan tartibga solinmagan munosabatlarga nisbatan davlat ehtiyojlari uchun tovarlar yetkazib berishni tartibga soladigan boshqa qonunchilik tatbiq etiladi.
- FuqarolikCIVIL · 458-modda
Davlat ehtiyojlari uchun tovarlar yetkazib berish yuzasidan davlat kontrakti
Davlat ehtiyojlari uchun tovarlar yetkazib berish yuzasidan davlat kontrakti boʻyicha (bundan buyon matnda davlat kontrakti deb yuritiladi) mahsulot yetkazib beruvchi (ijrochi) davlat buyurtmachisiga yoki uning koʻrsatmasiga binoan mahsulot yetkazib berish shartnomasi asosida boshqa shaxsga shartlashilgan muddatda tovarlar yetkazib berishni, davlat buyurtmachisi esa, yetkazib berilgan tovarlar haqi belgilangan muddatda toʻlanishini taʼminlashni oʻz zimmasiga oladi.
- FuqarolikCIVIL · 459-modda
Davlat kontraktini tuzish asoslari
Davlat kontrakti davlat buyurtmachisining mahsulot yetkazib beruvchi (ijrochi) qabul qilgan davlat ehtiyojlari uchun tovarlar yetkazib berish toʻgʻrisidagi buyurtmasi asosida tuziladi. Bergan buyurtmasi mahsulot yetkazib beruvchi (ijrochi) tomonidan qabul qilingan davlat buyurtmachisi uchun davlat kontrakti tuzish shart hisoblanadi. Davlat kontraktini tuzish qonunchilikda belgilangan hollardagina va davlat kontraktini bajarish tufayli mahsulot yetkazib beruvchi (ijrochi) koʻrishi mumkin boʻlgan barcha zararni davlat buyurtmachisi qoplagan taqdirdagina mahsulot yetkazib beruvchi (ijrochi) uchun majburiy hisoblanadi. Agar davlat ehtiyojlari uchun tovarlar yetkazib berish toʻgʻrisidagi buyurtma tanlov boʻyicha joylashtirilsa, tanlov gʻolibi deb eʼlon qilingan mahsulot yetkazib beruvchi (ijrochi) bilan davlat kontraktini tuzish davlat buyurtmachisi uchun majburiy hisoblanadi.
- FuqarolikCIVIL · 46-modda
Yuridik shaxsning nomi va joylashgan yeri
Yuridik shaxs oʻzining tashkiliy-huquqiy shaklini bildiradigan nomiga ega boʻladi. Tijoratchi boʻlmagan tashkilotlar, qonunda nazarda tutilgan hollarda tijoratchi tashkilotlarning ham nomlari yuridik shaxs faoliyatining xususiyatini koʻrsatishi kerak. Yuridik shaxsning nomiga toʻla yoki qisqartirilgan rasmiy nomni (davlatning nomini) kiritishga, yuridik shaxs hujjatlarining rekvizitlariga yoki reklama materiallariga ana shunday nomni yoxud davlat ramzlari elementlarini qoʻshishga Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati belgilaydigan tartibda yoʻl qoʻyiladi. Yuridik shaxsning joylashgan yeri, agar qonunga muvofiq yuridik shaxsning taʼsis hujjatlarida boshqacha tartib belgilangan boʻlmasa, u davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan joy bilan belgilanadi. Yuridik shaxs oʻzi bilan boʻladigan aloqa amalga oshiriladigan pochta manziliga ega boʻlishi lozim hamda oʻzining pochta manzili oʻzgarganligi toʻgʻrisida vakolatli davlat organlarini xabardor etishi shart. Yuridik shaxsning nomi va joylashgan yeri (pochta manzili) uning taʼsis hujjatlarida koʻrsatiladi. Tijoratchi tashkilot boʻlgan yuridik shaxs oʻz firma nomiga ega boʻlishi lozim. Yuridik shaxs oʻz firmasining nomidan foydalanish mutlaq huquqiga egadir. Oʻzga firma nomidan gʻayriqonuniy suratda foydalanayotgan shaxs firma nomiga egalik qilish huquqi boʻlgan shaxsning talabi bilan undan foydalanishni toʻxtatishi hamda yetkazilgan zararlarni toʻlashi lozim.
- FuqarolikCIVIL · 460-modda
Davlat kontraktini tuzish tartibi
Agar taraflar kelishuvida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, davlat kontrakti loyihasi davlat buyurtmachisi tomonidan ishlab chiqiladi va mahsulot yetkazib beruvchi (ijrochi)ga yuboriladi. Davlat kontrakti loyihasini olgan taraf kechi bilan oʻttiz kunlik muddatda uni imzolaydi va davlat kontraktining bir nusxasini boshqa tarafga qaytaradi, davlat kontrakti shartlari yuzasidan kelishmovchiliklar mavjud boʻlsa, xuddi shu muddatda kelishmovchiliklar bayonnomasini tuzadi va uni imzolangan davlat kontrakti bilan boshqa tarafga yuboradi yoki unga davlat kontraktini tuzishdan bosh tortishini maʼlum qiladi. Davlat kontrakti bilan kelishmovchiliklar bayonnomasini olgan taraf oʻttiz kun ichida kelishmovchiliklarni koʻrib chiqishi, kontrakt shartlarini boshqa taraf bilan muvofiqlashtirish choralarini koʻrishi va unga davlat kontraktini kelishilgan tahrirda qabul qilishi yoki kelishmovchiliklar bayonnomasini rad etishi haqida xabar berishi lozim. Bu muddat tugagach, manfaatdor taraf hal qilinmagan barcha kelishmovchiliklarni oʻttiz kunlik muddatda sud muhokamasiga topshirishi mumkin. Davlat kontrakti davlat ehtiyojlari uchun tovarlar yetkazib berish toʻgʻrisidagi buyurtmani joylashtirish tanlovi natijalari boʻyicha tuziladigan hollarda davlat kontrakti tanlov oʻtkazilgan sanadan boshlab oʻttiz kun ichida tuzilishi lozim. Agar davlat kontraktini tuzishi majburiy boʻlgan taraf uni tuzishdan bosh tortsa, ikkinchi taraf boshqa tarafni davlat kontraktini tuzishga majbur qilish toʻgʻrisidagi talab bilan sudga murojaat qilishga haqli.
- FuqarolikCIVIL · 461-modda
Davlat kontraktini bajarish
Davlat kontrakti shartlariga muvofiq tovarlar bevosita davlat buyurtmachisiga yoki uning koʻrsatmasi (joʻnatish raznaryadkasi)ga muvofiq boshqa shaxs (oluvchi)ga yetkazib beriladigan hollarda kontraktni bajarish boʻyicha taraflarning munosabatlari ushbu Kodeksning 437-456-moddalarida nazarda tutilgan qoidalar bilan tartibga solinadi. Agar davlat kontraktida sotib oluvchilarga tovarlar yetkazib berish mahsulot yetkazib beruvchi (ijrochi) tomonidan davlat buyurtmachisi belgilaydigan davlat ehtiyojlari uchun tovarlar yetkazib berish shartnomalariga muvofiq amalga oshirilishi nazarda tutilgan boʻlsa, davlat buyurtmachisi davlat kontrakti tuzilgan kundan boshlab kechi bilan oʻttiz kunlik muddatda sotib oluvchining yetkazib beruvchi (ijrochi)ga biriktirilgani toʻgʻrisida mahsulot yetkazib beruvchi — ijrochi va sotuvchiga bildirish xati yuboradi. Sotib oluvchi yetkazib beruvchi (ijrochi)ga biriktirilgani toʻgʻrisidagi bildirish xati davlat ehtiyojlari uchun tovarlar yetkazib berish shartnomasini tuzishga asos boʻlib xizmat qiladi. Davlat ehtiyojlari uchun tovarlar joʻnatish raznaryadkalarida koʻrsatilgan oluvchilarga yetkazib berilgan hollarda, agar davlat kontraktida boshqacha hisob-kitob tartibi nazarda tutilgan boʻlmasa, tovarlar haqi davlat buyurtmachisi tomonidan toʻlanadi. Tovarlar sotib oluvchilarga davlat ehtiyojlari uchun tovarlar yetkazib berish shartnomasi boʻyicha yetkazib berilgan hollarda, agar davlat kontraktida baho belgilash va hisob-kitoblarning boshqacha tartibi nazarda tutilgan boʻlmasa, sotib oluvchilar tovarlar haqini davlat kontraktiga muvofiq belgilanadigan baholarda toʻlaydilar. Davlat ehtiyojlari uchun tovarlar yetkazib berish toʻgʻrisidagi davlat kontrakti boʻyicha tovarlar haqi sotib oluvchi tomonidan toʻlanganda davlat buyurtmachisi sotib oluvchining ushbu majburiyati boʻyicha kafil deb hisoblanadi.
- FuqarolikCIVIL · 462-modda
Davlat ehtiyojlari uchun tovarlar yetkazib berish shartnomasini tuzish
Agar davlat kontraktida shartnoma loyihasini tayyorlashning boshqacha tartibi nazarda tutilgan boʻlmasa yoki shartnoma loyihasi sotib oluvchi tomonidan taqdim qilingan boʻlmasa, mahsulot yetkazib beruvchi (ijrochi) biriktirish toʻgʻrisidagi bildirish xatida koʻrsatilgan sotib oluvchiga davlat buyurtmachisidan bildirish xati olingan vaqtdan boshlab oʻttiz kundan kechiktirmay davlat ehtiyojlari uchun tovar yetkazib berish shartnomasining loyihasini yoʻllashi lozim. Davlat ehtiyojlari uchun tovarlar yetkazib berish shartnomasining loyihasini olgan taraf kechi bilan oʻttiz kunlik muddatda uni imzolaydi va shartnomaning bir nusxasini ikkinchi tarafga qaytaradi, shartnoma shartlari boʻyicha kelishmovchiliklar boʻlganda esa xuddi shu muddatda kelishmovchiliklar bayonnomasini tuzadi va uni imzolangan shartnoma bilan birgalikda boshqa tarafga yuboradi. Davlat ehtiyojlari uchun tovarlar yetkazib berish shartnomasini kelishmovchiliklar bayonnomasi bilan olgan taraf oʻttiz kun ichida kelishmovchiliklarni koʻrib chiqishi, shartnoma shartlarini boshqa taraf bilan muvofiqlashtirish choralarini koʻrishi va unga shartnomani kelishilgan tahrirda qabul qilishi yoki kelishmovchiliklar bayonnomasini rad etishi haqida xabar berishi lozim. Manfaatdor taraf hal qilinmagan kelishmovchiliklarni oʻttiz kunlik muddatda sud muhokamasiga topshirishi mumkin. Agar mahsulot yetkazib beruvchi (ijrochi) davlat ehtiyojlari uchun tovarlar yetkazib berish shartnomasini tuzishdan bosh tortsa, sotib oluvchi mahsulot yetkazib beruvchi (ijrochi)ni sotib oluvchi ishlab chiqqan shartnoma loyihasi shartlarida shartnoma tuzishga majbur qilish haqidagi talab bilan sudga murojaat qilish huquqiga ega.
- FuqarolikCIVIL · 463-modda
Sotib oluvchining davlat ehtiyojlari uchun tovarlar yetkazib berish shartnomasini tuzishdan bosh tortishi
Sotib oluvchi biriktirish haqidagi bildirish xatida koʻrsatilgan tovarlardan hamda ularni yetkazib berish shartnomasini tuzishdan toʻliq yoki qisman bosh tortish huquqiga ega. Bunday holda mahsulot yetkazib beruvchi (ijrochi) bu haqda darhol davlat buyurtmachisiga maʼlum qilishi lozim va davlat buyurtmachisidan boshqa sotib oluvchini oʻziga biriktirish toʻgʻrisida bildirish xati berishni talab qilish huquqiga ega. Davlat buyurtmachisi mahsulot yetkazib beruvchi (ijrochi)ning bildirish xatini olgan kundan boshlab kechi bilan oʻttiz kun ichida yo mahsulot yetkazib beruvchi (ijrochi)ga boshqa sotib oluvchini biriktirish toʻgʻrisida bildirish xati beradi, yoki mahsulot yetkazib beruvchi (ijrochi)ga tovarlarni kim olishi koʻrsatilgan joʻnatish raznaryadkasini yuboradi, yoxud tovarlarni qabul qilish va haqini toʻlashga roziligini xabar qiladi. Davlat buyurtmachisi ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan majburiyatlarini bajarmagan taqdirda, mahsulot yetkazib beruvchi (ijrochi) yo davlat buyurtmachisidan tovarlarni qabul qilish va haqini toʻlashni talab qilish, yoki tovarlarni oʻz ixtiyori bilan realizatsiya qilib, tovarlarni realizatsiya qilish bilan bogʻliq oqilona xarajatlarni davlat buyurtmachisiga yuklash huquqiga ega.
- FuqarolikCIVIL · 464-modda
Davlat kontraktining bajarilishi yoki bekor qilinishi munosabati bilan yetkazilgan zararni qoplash
Agar davlat ehtiyojlari uchun tovarlar yetkazib berish toʻgʻrisidagi qonunchilikda yoki davlat kontraktida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, davlat kontraktining bajarilishi munosabati bilan mahsulot yetkazib beruvchi (ijrochi)ga yetkazilgan zarar (ushbu Kodeks 459-moddasining uchinchi qismi) davlat kontraktiga muvofiq tovar topshirilgan kundan eʼtiboran koʻpi bilan oʻttiz kun ichida davlat buyurtmachisi tomonidan qoplanishi lozim. Davlat kontraktining bajarilishi munosabati bilan mahsulot yetkazib beruvchi (ijrochi)ga yetkazilgan zarar davlat kontraktiga binoan qoplanmagan taqdirda mahsulot yetkazib beruvchi (ijrochi) davlat kontraktini bajarishdan bosh tortishga va davlat kontrakti bekor qilinganligi tufayli kelib chiqqan zararning qoplanishini talab qilishga haqli. Ushbu moddaning ikkinchi qismida koʻrsatilgan asoslar boʻyicha davlat kontrakti bekor qilinganida mahsulot yetkazib beruvchi davlat ehtiyojlari uchun tovar yetkazib berish shartnomasini bajarishdan bosh tortishga haqli. Mahsulot yetkazib beruvchining bunday bosh tortishi tufayli sotib oluvchiga yetkazilgan zarar davlat buyurtmachisi tomonidan qoplanadi.
- FuqarolikCIVIL · 465-modda
Kontraktatsiya shartnomasi
Kontraktatsiya shartnomasiga muvofiq qishloq xoʻjaligi mahsulotini yetishtiruvchi qishloq xoʻjaligi mahsulotini qayta ishlash yoki sotish uchun bunday mahsulotni xarid qiladigan shaxsga –– tayyorlovchiga shartlashilgan muddatda topshirish (topshirib turish) majburiyatini oladi, tayyorlovchi esa bu mahsulotni qabul qilish (qabul qilib turish), uning haqini shartlashilgan muddatda muayyan bahoda toʻlash (toʻlab turish) majburiyatini oladi. Agar ushbu Kodeksda boshqacha tartib belgilangan boʻlmasa yoki u majburiyat mohiyatidan kelib chiqmasa, kontraktatsiya shartnomasiga nisbatan mahsulot yetkazib berish shartnomasi toʻgʻrisidagi qoidalar, tegishli hollarda esa davlat ehtiyojlari uchun tovarlar yetkazib berishga doir davlat kontrakti toʻgʻrisidagi qoidalar qoʻllanadi.
- FuqarolikCIVIL · 466-modda
Qishloq xoʻjaligi mahsulotini yetishtiruvchining majburiyatlari
Qishloq xoʻjaligi mahsulotini yetishtiruvchi oʻstirilgan (ishlab chiqarilgan) qishloq xoʻjaligi mahsulotini tayyorlovchiga kontraktatsiya shartnomasida nazarda tutilgan miqdor va assortimentda topshirishi shart. Agar mahsulot yetishtiruvchi ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan majburiyatlarini bajarmaganligi oqibatida qishloq xoʻjaligi mahsuloti kontraktatsiya shartnomasida nazarda tutilgan miqdor va assortimentda olinmasligi oldindan maʼlum boʻlib qolsa, tayyorlovchi shartnomani bekor qilishni yoki oʻzgartirishni va zararni qoplashni talab qilishga haqli.
- FuqarolikCIVIL · 467-modda
Tayyorlovchining majburiyatlari
Agar kontraktatsiya shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, tayyorlovchi yetishtiruvchi joylashgan yerda undan qishloq xoʻjaligi mahsulotini qabul qilishi (qabul qilib turishi) va olib ketishni taʼminlashi (taʼminlab turishi) shart. Agar qishloq xoʻjaligi mahsuloti tayyorlovchi joylashgan yerda yoki u koʻrsatgan boshqa yerda qabul qilinsa, tayyorlovchi yetishtiruvchi tomonidan kontraktatsiya shartnomasiga muvofiq va shartlashilgan muddatda keltirilgan qishloq xoʻjaligi mahsulotini qabul qilishdan bosh tortishga haqli emas. Tayyorlovchi qishloq xoʻjaligi mahsulotini olib ketishni yoki qabul qilib olishni taʼminlamagan taqdirda yetishtiruvchiga qishloq xoʻjaligi mahsulotining qiymatini va uni keltirish xarajatlarini toʻlaydi. Kontraktatsiya shartnomasiga muvofiq olingan qishloq xoʻjaligi mahsulotini qayta ishlaydigan tayyorlovchi yetishtiruvchining talabiga koʻra qishloq xoʻjaligi mahsulotini qayta ishlash chiqindilarini taraflar kelishgan narxda yetishtiruvchiga qaytarishi shart.
- FuqarolikCIVIL · 468-modda
Energiya taʼminoti shartnomasi
Energiya taʼminoti shartnomasiga muvofiq energiya bilan taʼminlovchi tashkilot tutashtirilgan tarmoq orqali abonentga (isteʼmolchiga) energiya berib turish majburiyatini oladi, abonent esa qabul qilingan energiya haqini toʻlash, shuningdek shartnomada nazarda tutilgan energiya isteʼmol qilish tartibiga rioya etish, tasarrufidagi energetika shoxobchalaridan foydalanish xavfsizligini hamda oʻzi foydalanadigan energiya isteʼmol qiluvchi asbob va uskunalarning sozligini taʼminlash majburiyatini oladi. Energiya taʼminoti shartnomasida qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham nazarda tutilishi mumkin.
- FuqarolikCIVIL · 469-modda
Energiya taʼminoti shartnomasini tuzish va muddatini uzaytirish
Energiya taʼminoti shartnomasi energiya bilan taʼminlovchi tashkilot tarmoqlariga qonunchilikda belgilangan tartibda ulangan energiya qurilmasi, shuningdek energiya isteʼmolini hisobga olish uskunalari va asboblari mavjud boʻlgan abonent bilan tuziladi. Energiya taʼminoti shartnomasiga muvofiq energiyadan turmushda foydalanadigan fuqaro abonent boʻlgan taqdirda, abonent tarmoqqa belgilangan tartibda amalda birinchi marta ulangan paytdan boshlab u bilan shartnoma tuzilgan hisoblanadi. Energiya taʼminoti shartnomasining muddati tugagach, taraflardan biri uni bekor qilish yoki oʻzgartirish haqida ariza bermasa, u shartnomada nazarda tutilgan muddatga va shartlarda uzaytirilgan hisoblanadi. Shartnoma yangi muddatga uzaytirilganida uning shartlari taraflar kelishuviga binoan oʻzgartirilishi mumkin. Agar taraflardan biri shartnomaning amal qilish muddati tugashidan oldin yangi shartnoma tuzish haqida taklif kiritsa, taraflarning oʻzaro munosabatlari yangi shartnoma tuzilgunga qadar avval tuzilgan shartnoma bilan tartibga solib turiladi.
- FuqarolikCIVIL · 47-modda
Vakolatxonalar va filiallar
Vakolatxona yuridik shaxsning u turgan yerdan tashqarida joylashgan, yuridik shaxs manfaatlarini ifodalaydigan va ularni himoya qiladigan alohida boʻlinmasidir. Filial yuridik shaxsning u turgan yerdan tashqarida joylashgan hamda uning barcha vazifalarini yoki vazifalarining bir qismini, shu jumladan vakolatxona vazifalarini bajaradigan alohida boʻlinmasidir. Agar qonunda boshqacha tartib belgilangan boʻlmasa, vakolatxona va filiallar yuridik shaxs hisoblanmaydi. Ular oʻzlarini tashkil etgan yuridik shaxs tomonidan mol-mulk bilan taʼminlanadilar hamda u tasdiqlagan nizomlar asosida ish olib boradilar. Vakolatxona va filiallarning rahbarlari yuridik shaxs tomonidan tayinlanadi hamda uning ishonchnomasi asosida ish olib boradi.
- FuqarolikCIVIL · 470-modda
Energiya miqdori
Energiya bilan taʼminlovchi tashkilot tutashtirilgan tarmoq orqali abonentga energiya taʼminoti shartnomasida nazarda tutilgan miqdorda va taraflar kelishgan energiya berish tartibiga amal qilgan holda energiya berishi lozim. Energiya bilan taʼminlovchi tashkilot bergan va abonent qabul qilgan energiya miqdori oʻlchov asboblari koʻrsatkichlari bilan aniqlanadi. Energiya taʼminoti shartnomasida abonentning oʻzi qabul qiladigan energiyaning shartnomada belgilangan miqdorini energiya bilan taʼminlovchi tashkilotning energiyani shartnomada belgilanmagan miqdorda berishni taʼminlash bilan bogʻliq xarajatlarini qoplash sharti bilan oʻzgartirish huquqi nazarda tutilishi mumkin. Energiyadan turmushda foydalanadigan fuqaro energiya taʼminoti shartnomasiga muvofiq abonent boʻlgan taqdirda u energiyadan oʻzi uchun zarur boʻlgan miqdorda foydalanishga haqli.
- FuqarolikCIVIL · 471-modda
Energiya taʼminoti shartnomasining energiya miqdori toʻgʻrisidagi shartini buzish oqibatlari
Agar energiya bilan taʼminlovchi tashkilot tomonidan tutashtirilgan tarmoq orqali abonentga energiya taʼminoti shartnomasida nazarda tutilgandan kam miqdorda energiya berilgan boʻlsa, basharti qonunchilikda, shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa yoki u majburiyat mohiyatidan kelib chiqmasa, ushbu Kodeksning 399-moddasida nazarda tutilgan qoidalar qoʻllanadi.
- FuqarolikCIVIL · 472-modda
Energiya sifati
Energiya bilan taʼminlovchi tashkilot beradigan energiyaning sifati standartlashtirish boʻyicha qonunchilikda yoki energiya taʼminoti shartnomasida belgilangan talablarga javob berishi lozim. Energiya bilan taʼminlovchi tashkilot energiya sifatiga qoʻyiladigan talablarni buzgan taqdirda, agar qonunchilikda, energiya taʼminoti shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa yoki u majburiyat mohiyatidan kelib chiqmasa, ushbu Kodeksning 408-moddasida nazarda tutilgan qoidalar qoʻllanadi.
- FuqarolikCIVIL · 473-modda
Tarmoqlar, asbob va uskunalarni saqlash va ishlatish boʻyicha abonentning majburiyatlari
Abonent ishlatilayotgan energetika tarmoqlari, asbob va uskunalarning zarur texnikaviy holati va xavfsizligini taʼminlashi, energiya ishlatishning belgilangan tartibiga amal qilishi, shuningdek avariyalar, yongʻinlar, energiyani oʻlchash asboblaridagi nosozliklar va energiyadan foydalanish paytida kelib chiqadigan boshqa buzilishlar toʻgʻrisida energiya bilan taʼminlovchi tashkilotga darhol xabar berishi lozim. Energiya taʼminoti shartnomasiga muvofiq energiyadan turmushda foydalanadigan fuqaro abonent boʻlgan taqdirda, agar qonunchilikda boshqacha tartib belgilangan boʻlmasa, energetika tarmoqlari, shuningdek energiya isteʼmolini hisobga olish asboblarining zarur texnik holati va xavfsizligini taʼminlash majburiyati energiya bilan taʼminlovchi tashkilot zimmasiga yuklatiladi. Energetika tarmoqlari, asbob va uskunalarning texnik holatiga va ularni ishlatishga qoʻyiladigan talablar, shuningdek ularga rioya etilishini nazorat qilish tartibi qonunchilik bilan belgilanadi.
- FuqarolikCIVIL · 474-modda
Energiya haqini toʻlash
Agar qonunchilikda yoki energiya bilan taʼminlash shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, energiya haqi abonent amalda qabul qilgan energiya miqdori uchun toʻlanadi, bu miqdor ushbu Kodeksning 470-moddasiga muvofiq aniqlanadi.