Qonun toʻplami
Yurideks yordamchisi foydalanadigan qonun moddalarining namunaviy toʻplami. Mavzu boʻyicha filtrlang yoki toʻliq matndan qidiring.
2695 ta modda topildi
- FuqarolikCIVIL · 439-modda
Mahsulot yetkazib berish shartnomasini tuzish vaqtida kelib chiqadigan kelishmovchiliklarni hal qilish
Bir tarafning tovarlar yetkazib berish shartnomasini tuzish haqidagi taklifi shartnoma loyihasi shaklida boshqa tarafga yuborilgan taqdirda, ikkinchi taraf shartnomani boshqa shartlarda tuzishga rozi boʻlsa, loyihani olganidan soʻng kechi bilan oʻttiz kun ichida kelishmovchiliklar bayonnomasini tuzadi va uni imzolangan shartnoma bilan qaytaradi, kelishmovchiliklar bayonnomasini olgan taraf oʻttiz kunlik muddatda shartnoma shartlarini kelishish choralarini koʻrishi (imkoniyat boʻlsa, boshqa taraf bilan birgalikda) yoki shartnoma tuzishni rad etishini boshqa tarafga yozma ravishda bildirishi lozim. Mahsulot yetkazib berish shartnomasi shartlari boʻyicha kelishmovchiliklar bayonnomasini olgan, biroq shartnoma shartlarini kelishish choralarini koʻrmagan va shartnoma tuzishni rad etishini ushbu moddaning birinchi qismida belgilangan muddatda boshqa tarafga maʼlum qilmagan taraf shartnoma shartlarini kelishib olishdan bosh tortish oqibatida yetkazilgan zararni qoplashga majbur.
- FuqarolikCIVIL · 44-modda
Yuridik shaxslarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish
Yuridik shaxs qonunchilikda belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi lozim. Davlat roʻyxatidan oʻtkazish haqidagi maʼlumotlar barchaning tanishib chiqishi uchun ochiq boʻlgan yuridik shaxslarning yagona davlat reyestriga kiritiladi. Yuridik shaxsni tashkil etishning qonunda belgilab qoʻyilgan tartibini buzish yoki uning taʼsis hujjatlari qonunga mos kelmasligi yuridik shaxsni davlat roʻyxatidan oʻtkazishning rad etilishiga sabab boʻladi. Davlat roʻyxatidan oʻtkazishning xabardor qilish tartibi belgilangan yuridik shaxslarni roʻyxatdan oʻtkazishni rad etish qonunchilikka muvofiq amalga oshiriladi. Yuridik shaxsni tashkil etish maqsadga muvofiq emas degan vaj bilan uni roʻyxatdan oʻtkazishni rad etishga yoʻl qoʻyilmaydi. Davlat roʻyxatidan oʻtkazishni rad etish, shuningdek roʻyxatdan oʻtkazish muddatini buzish ustidan sudga shikoyat qilinishi mumkin. Yuridik shaxs davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan paytdan boshlab tashkil etilgan hisoblanadi. Yuridik shaxs qonunda belgilangan hollardagina qayta roʻyxatdan oʻtkazilishi lozim.
- FuqarolikCIVIL · 440-modda
Mahsulot yetkazib berish davrlari
Agar taraflar tovarlarni shartnomaning amal qilish muddati mobaynida turkum-turkum qilib yetkazib berishni nazarda tutgan boʻlsalar va unda alohida turkumlarni yetkazib berish muddatlari (yetkazib berish davrlari) belgilanmagan boʻlsa, tovarlar har oyda bir xil turkumlarda yetkazib berilishi lozim, basharti qonunchilikdan, majburiyatning mohiyatidan yoki ish muomalasi odatlaridan boshqacha tartib anglashilmasa. Shartnomada mahsulot yetkazib berish davrlarini belgilash bilan bir qatorda tovarlarni yetkazib berish (oʻn kunlik, sutkalik, soatlik va hokazo) jadvali ham belgilanishi mumkin. Tovarlarni muddatidan oldin yetkazib berish sotib oluvchining roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin. Muddatidan oldin yetkazib berilgan va sotib oluvchi tomonidan qabul qilingan tovarlar keyingi davrda yetkazib berilishi lozim boʻlgan tovarlar miqdoriga kiritiladi.
- FuqarolikCIVIL · 441-modda
Tovarlarni yetkazib berish tartibi
Tovarlarni yetkazib berish mahsulot yetkazib beruvchi tomonidan tovarlarni shartnoma boʻyicha sotib oluvchiga yoki shartnomada oluvchi sifatida koʻrsatilgan shaxsga joʻnatish (topshirish) yoʻli bilan amalga oshiriladi. Mahsulot yetkazib berish shartnomasida tovarlarni oluvchilarga joʻnatish toʻgʻrisida sotib oluvchining sotuvchiga koʻrsatmalar berish huquqi (joʻnatish raznaryadkasi) nazarda tutilgan hollarda, mahsulot yetkazib beruvchi tovarlarni joʻnatish raznaryadkasida koʻrsatilgan oluvchilarga joʻnatadi (topshiradi). Joʻnatish raznaryadkasining mazmuni va uni sotib oluvchi tomonidan mahsulot yetkazib beruvchiga yuborish muddati mahsulot yetkazib berish shartnomasida belgilanadi. Agar joʻnatish raznaryadkasini yuborish muddati shartnomada nazarda tutilgan boʻlmasa, u mahsulot yetkazib beruvchiga mahsulot yetkazib berish davri boshlanishidan kamida oʻttiz kun oldin yuborilishi lozim. Sotib oluvchining belgilangan muddatda joʻnatish raznaryadkasini taqdim qilmasligi mahsulot yetkazib beruvchiga yo mahsulot yetkazib berish shartnomasini bajarishdan bosh tortish, yoki sotib oluvchidan tovarlar haqini toʻlashni talab qilish huquqini beradi. Bundan tashqari mahsulot yetkazib beruvchi joʻnatish raznaryadkasini taqdim qilmaslik tufayli yetkazilgan zararni toʻlashni talab qilishga haqli.
- FuqarolikCIVIL · 442-modda
Tovarlarni olib borib berish
Tovarlarni olib borib berish yetkazib beruvchi tomonidan ularni mahsulot yetkazib berish shartnomasida nazarda tutilgan transportda va unda belgilangan shartlarda joʻnatish yoʻli bilan amalga oshiriladi. Mahsulot yetkazib berish shartnomasida olib borib berish qaysi transport turida yoki qanday shartlarda amalga oshirilishi belgilangan boʻlmasa, olib borib beruvchi transport turini tanlash yoki tovarni olib borib berish shartlarini belgilash huquqiga ega boʻladi, basharti qonunchilikdan, majburiyatning mohiyati yoki ish muomalasi odatlaridan boshqacha tartib anglashilmasa.
- FuqarolikCIVIL · 443-modda
Toʻliq yetkazib berilmagan tovarlar oʻrnini toʻldirish
Tovar yetkazib berishning ayrim davrida uni toʻliq yetkazib bermagan tovar yetkazib beruvchi, agar tovar yetkazib berish shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, yetkazib berilmagan tovarlar miqdorini shartnoma amal qilish muddati doirasidagi keyingi davrda (davrlarda) toʻldirishi lozim. Uzoq muddatli shartnomaga muvofiq tovar yetkazib berishning ayrim davrida mahsulot yetkazib beruvchi tomonidan toʻliq yetkazib berilmagan tovarlar oʻrni, agar mahsulot yetkazib berish shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, tovarlar toʻliq yetkazib berilmagan yilning keyingi davrida (davrlarida) toʻldirilishi lozim. Tovarlar mahsulot yetkazib beruvchi tomonidan mahsulot yetkazib berish shartnomasida yoki sotib oluvchining joʻnatish raznaryadkasida koʻrsatilgan bir necha oluvchiga joʻnatilgan taqdirda bir oluvchiga shartnomada yoki joʻnatish raznaryadkasida nazarda tutilganidan ortiq miqdorda yetkazib berilgan tovarlar boshqa oluvchilarga toʻliq yetkazib berilmagan tovarlar oʻrnini qoplash uchun hisobga olinmaydi va agar shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, tovar yetkazib beruvchi tomonidan toʻldirilishi lozim.
- FuqarolikCIVIL · 444-modda
Yetkazib berish muddati oʻtkazib yuborilgan tovarlarni qabul qilishni rad etish
Agar shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, sotib oluvchi, tovar yetkazib beruvchini xabardor qilgan holda, yetkazib berish muddati oʻtkazib yuborilgan tovarlarni qabul qilishni rad etishga haqli. Tovar yetkazib beruvchi bildirish xatini olguncha yetkazib berilgan tovarlarni sotib oluvchi qabul qilishi va ularning haqini toʻlashi lozim.
- FuqarolikCIVIL · 445-modda
Toʻliq yetkazib berilmagan tovarlar oʻrnini toʻldirganda ularning assortimenti
Toʻliq yetkazib berilmagan tovarlarning oʻrni toʻldirilishi kerak boʻlganida ularning assortimenti taraflar kelishuvi bilan belgilanadi. Bunday kelishuv boʻlmaganida mahsulot yetkazib beruvchi toʻliq yetkazib berilmagan tovarlar oʻrnini toʻliq yetkazib bermaslikka yoʻl qoʻyilgan davr uchun belgilangan assortimentda toʻldirishga majbur. Bir nomdagi tovarlarni mahsulot yetkazib berish shartnomasida nazarda tutilgandan koʻproq miqdorda yetkazib berish shu assortimentga kiradigan boshqa nomdagi toʻliq yetkazib berilmagan tovarlar oʻrnini toʻldirish sifatida hisobga olinmaydi va uning oʻrni toʻldirilishi lozim, bunday yetkazib berish sotib oluvchining oldindan bergan yozma roziligi bilan amalga oshirilgan hollar bundan mustasno.
- FuqarolikCIVIL · 446-modda
Tovarlarning sotib oluvchi tomonidan qabul qilinishi
Sotib oluvchi (oluvchi) shartnomaga muvofiq yetkazib berilgan tovarlarning qabul qilinishini taʼminlaydigan barcha zarur harakatlarni amalga oshirishi lozim. Sotib oluvchi (oluvchi) oʻzi qabul qilgan tovarni qonunchilikda, mahsulot yetkazib berish shartnomasida yoki ish muomalasi odatlarida belgilangan muddatda koʻzdan kechirishi lozim. Sotib oluvchi (oluvchi) xuddi shu muddatda qabul qilingan tovarlarning miqdori va sifatini qonunchilikda, mahsulot yetkazib berish shartnomasida yoki ish muomalasi odatlarida belgilangan tartibda tekshirishi va tovarning aniqlangan nomuvofiqliklari va kamchiliklari toʻgʻrisida tovar yetkazib beruvchini darhol yozma ravishda xabardor qilishi lozim. Yetkazib berilgan tovarlar transport tashkilotidan olingan taqdirda sotib oluvchi (oluvchi) tovarlarning transport va yuk hujjatlarida koʻrsatilgan maʼlumotlarga muvofiqligini tekshirishi, shuningdek bu tovarlarni transport tashkilotidan belgilangan qoidalarga rioya etgan holda qabul qilishi lozim.
- FuqarolikCIVIL · 447-modda
Sotib oluvchi qabul qilmagan tovarni masʼuliyatli saqlash
Sotib oluvchi (oluvchi) qonunchilikka yoki mahsulot yetkazib berish shartnomasiga muvofiq mahsulot yetkazib beruvchi topshirgan tovarni rad etgan taqdirda u bu tovarning but saqlanishini taʼminlashi (masʼuliyatli saqlash) va bu haqda tovar yetkazib beruvchini darhol xabardor qilishi shart. Mahsulot yetkazib beruvchi sotib oluvchi (oluvchi) masʼuliyatli saqlashga olgan tovarni olib chiqib ketishi yoki oqilona muddat ichida tasarruf etishi shart. Agar mahsulot yetkazib beruvchi shu muddatda tovarni tasarruf etmasa, sotib oluvchi tovarni realizatsiya qilishga yoki mahsulot yetkazib beruvchiga qaytarib yuborishga haqli. Sotib oluvchining tovarni masʼuliyatli saqlashga qabul qilish, tovarni realizatsiya qilish yoki uni mahsulot yetkazib beruvchiga qaytarib yuborish bilan bogʻliq zarur xarajatlari mahsulot yetkazib beruvchi tomonidan qoplanishi lozim. Bunda tovarni realizatsiya qilishdan tushgan pul summasi, sotib oluvchiga tegishli qismi chegirib qolingan holda, mahsulot yetkazib beruvchiga topshiriladi. Sotib oluvchi qonunchilikda yoki shartnomada belgilangan asoslarsiz mahsulot yetkazib beruvchidan tovarni qabul qilib olmagan yoki tovarni rad etgan hollarda mahsulot yetkazib beruvchi sotib oluvchidan tovar haqini toʻlashni talab qilishga haqlidir.
- FuqarolikCIVIL · 448-modda
Tovarlarni tanlab olish
Agar mahsulot yetkazib berish shartnomasida sotib oluvchi (oluvchi)ning yetkazib beruvchi joylashgan yerda tovarlarni tanlab olishi nazarda tutilgan boʻlsa, sotib oluvchi (oluvchi) oʻziga topshirilayotgan tovarlarni ular topshiriladigan joyda koʻzdan kechirishi lozim. Tovarlarning shartnomaga nomuvofiqligi aniqlanganda, u bunday tovarlarni olishdan bosh tortishga haqli. Sotib oluvchi (oluvchi)ning tovarlarni mahsulot yetkazib berish shartnomasida belgilangan muddatda, bunday muddat belgilanmagan boʻlsa, tovarlarning tayyorligi toʻgʻrisida mahsulot yetkazib beruvchining bildirish xatini olganidan soʻng oqilona muddatda tanlab olmasligi mahsulot yetkazib beruvchiga shartnomani bajarishdan bosh tortish yoki sotib oluvchidan tovarlar haqini toʻlashni talab qilish huquqini beradi.
- FuqarolikCIVIL · 449-modda
Yetkazib beriladigan tovarlar uchun hisob-kitoblar
Sotib oluvchi yetkazib beriladigan tovarlar haqini shartnomada nazarda tutilgan hisob-kitoblar tartibi va shakliga amal qilgan holda toʻlaydi. Agar taraflar kelishuvida hisob-kitoblar tartibi va shakli belgilanmagan boʻlsa, hisob-kitoblar toʻlov topshiriqnomalari bilan amalga oshiriladi. Agar shartnomada tovarlarni toʻplamga kiradigan alohida qismlar boʻyicha yetkazib berish nazarda tutilgan boʻlsa, sotib oluvchi tovarlar haqini, basharti shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, toʻplamga kiradigan soʻnggi qism joʻnatilganidan (tanlab olinganidan) keyin toʻlaydi. Agar mahsulot yetkazib berish shartnomasida tovarlar haqi oluvchi (toʻlovchi) tomonidan toʻlanishi nazarda tutilgan boʻlsa va u haq toʻlashdan asossiz bosh tortsa yoki tovarlar haqini shartnomada belgilangan muddatda toʻlamagan boʻlsa, yetkazib beruvchi sotib oluvchidan yetkazib berilgan tovarlar haqini toʻlashni talab qilishga haqli.
- FuqarolikCIVIL · 45-modda
Yuridik shaxsning organlari
Yuridik shaxs qonunchilikka va taʼsis hujjatlariga muvofiq ish olib boradigan oʻz organlari orqali fuqarolik huquqlariga ega boʻladi va oʻz zimmasiga fuqarolik burchlarini oladi. Yuridik shaxs organlarini tayinlash yoki saylash tartibi qonunchilik va taʼsis hujjatlari bilan belgilanadi. Qonunda nazarda tutilgan hollarda yuridik shaxs oʻz ishtirokchilari orqali fuqarolik huquqlariga ega boʻlishi va fuqarolik burchlarini oʻz zimmasiga olishi mumkin. Qonunga yoki yuridik shaxsning taʼsis hujjatlariga muvofiq yuridik shaxs nomidan ish olib boradigan shaxs oʻzi vakili boʻlgan yuridik shaxs manfaatlari yoʻlida halol va oqilona ish olib borishi kerak. U yuridik shaxs muassislari (ishtirokchilari, aʼzolari) talabi bilan, agar qonunda yoki shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, yuridik shaxsga yetkazgan zararini toʻlashi shart.
- FuqarolikCIVIL · 450-modda
Idishlar va oʻrash materiallarini qaytarish
Agar mahsulot yetkazib berish shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, sotib oluvchi (oluvchi) tovar keltirilgan koʻp marta ishlatiladigan idish va oʻrash materiallarini yetkazib beruvchiga qonunchilikda belgilangan tartib va muddatlarda qaytarishi shart. Boshqa idish va oʻrash materiallari faqat mahsulot yetkazib berish shartnomasida nazarda tutilgan hollardagina yetkazib beruvchiga qaytarilishi lozim.
- FuqarolikCIVIL · 451-modda
Tegishli darajada sifatli boʻlmagan tovarlarni yetkazib berish oqibatlari
Tegishli darajada sifatli boʻlmagan tovarlar yetkazib berilgan sotib oluvchi (oluvchi) mahsulot yetkazib beruvchiga ushbu Kodeksning 434-moddasida nazarda tutilgan talablarni qoʻyishga haqli, yetkazib berilgan tovarlarning sifatsizligi toʻgʻrisida sotib oluvchidan bildirish olgan mahsulot yetkazib beruvchi yetkazib berilgan tovarlarni tegishli darajada sifatli tovarlar bilan darhol almashtirgan hollar bundan mustasno. Oʻziga yetkazib berilgan tovarlarni chakanalab sotadigan sotib oluvchi (oluvchi), agar mahsulot yetkazib berish shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, isteʼmolchi tomonidan qaytarilgan tegishli darajada sifatli boʻlmagan tovarni oqilona muddat ichida almashtirishni talab qilishga haqli.
- FuqarolikCIVIL · 452-modda
But boʻlmagan tovarlar yetkazib berish oqibatlari
Mahsulot yetkazib berish shartnomasining shartlari, qonunchilikning talablari yoki tovarlarning but boʻlishiga qoʻyiladigan odatdagi talablarni buzgan holda tovarlar yetkazib berganida sotib oluvchi (oluvchi) mahsulot yetkazib beruvchiga ushbu Kodeksning 413-moddasida nazarda tutilgan talablarni qoʻyishga haqli, mahsulot yetkazib beruvchi yetkazib berilgan tovarlarning but emasligi toʻgʻrisida sotib oluvchidan bildirish olganidan keyin tovarlarni darhol butlagan yoki ularni but tovarlar bilan almashtirgan hollar bundan mustasno. Tovarlarni chakana narxlarda sotayotgan sotib oluvchi (oluvchi), agar mahsulot yetkazib berish shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, isteʼmolchi tomonidan qaytarilgan but boʻlmagan tovarlarni oqilona muddat ichida but tovarlar bilan almashtirishni talab qilishga haqli.
- FuqarolikCIVIL · 453-modda
Tovarlar toʻliq yetkazib berilmagan, tovarlarning kamchiliklarini bartaraf etish yoki tovarlarni butlash toʻgʻrisidagi talablar bajarilmagan hollarda sotib oluvchining huquqlari
Agar mahsulot yetkazib beruvchi tovarlarni mahsulot yetkazib berish shartnomasida nazarda tutilgan miqdorda yetkazib bermagan boʻlsa yoxud sotib oluvchining (oluvchining) tegishli darajada sifatli boʻlmagan tovarlarni almashtirish yoki tovarlarni butlash toʻgʻrisidagi talablarini belgilangan muddatda bajarmasa, sotib oluvchi yetkazib berilmagan tovarlarni boshqa shaxslardan olib, ularni olish bilan bogʻliq barcha zarur va oqilona xarajatlarni mahsulot yetkazib beruvchi zimmasiga yuklash huquqiga ega. Mahsulot yetkazib beruvchi tovarlarni toʻliq yetkazib bermagan yoki sotib oluvchining tovarlarning kamchiliklarini bartaraf etish yoki tovarlarni butlash toʻgʻrisidagi talablarini bajarmagan hollarda sotib oluvchining boshqa shaxslardan tovarlar olishga qilgan xarajatlari ushbu Kodeks 456-moddasining birinchi qismida nazarda tutilgan qoidalarga muvofiq hisoblab chiqariladi. Sotib oluvchi (oluvchi) tovarlarning kamchiligi bartaraf etilguncha va ular butlanguncha yoki almashtirilguncha tegishli darajada sifatli boʻlmagan va but boʻlmagan tovarlar haqini toʻlashdan bosh tortish, bordi-yu, tovarlar haqi toʻlangan boʻlsa, –– toʻlangan summani qaytarishni talab qilish huquqiga ega.
- FuqarolikCIVIL · 454-modda
Tovarlarni toʻliq yetkazib bermaganlik uchun neustoyka
Tovarlarni toʻliq yetkazib bermaganlik yoki yetkazib berish muddatlarini kechiktirib yuborganlik uchun qonunda yoki shartnomada belgilangan neustoyka, agar neustoykani undirishning boshqacha tartibi qonunda yoki shartnomada belgilanmagan boʻlsa, mahsulot yetkazib beruvchidan shartnomaning amal qilish muddatida majburiyat amalda bajarilgunga qadar undiriladi.
- FuqarolikCIVIL · 455-modda
Mahsulot yetkazib berish shartnomasini bajarishdan bir tomonlama bosh tortish
Mahsulot yetkazib berish shartnomasini bajarishdan bir tomonlama (toʻliq yoki qisman) bosh tortishga taraflarning biri shartnomani jiddiy buzgan taqdirda yoʻl qoʻyiladi. Mahsulot yetkazib beruvchining mahsulot yetkazib berish shartnomasini buzishi quyidagi hollarda jiddiy deb hisoblanishi mumkin: tegishli darajada sifatli boʻlmagan, sotib oluvchi uchun maqbul muddatda bartaraf qilib boʻlmaydigan kamchiliklarga ega boʻlgan tovarlarni yetkazib berish; tovarlarni yetkazib berish muddatlarini bir necha bor buzish. Sotib oluvchining mahsulot yetkazib berish shartnomasini buzishi quyidagi hollarda jiddiy deb hisoblanishi mumkin: tovarlar haqini toʻlash muddatlarini bir necha bor buzish; tovarlarni bir necha bor olib ketmaslik. Taraflarning kelishuvida mahsulot yetkazib berish shartnomasini bajarishdan bir tomonlama bosh tortish yoki uni bir tomonlama oʻzgartirishning boshqa asoslari ham nazarda tutilishi mumkin. Agar mahsulot yetkazib berish shartnomasini bekor qilish yoki oʻzgartirishning boshqa muddati bildirish xatida nazarda tutilmagan yoki taraflar kelishuvida belgilanmagan boʻlsa, shartnoma bir taraf boshqa tarafdan shartnomani bajarishdan toʻla yoki qisman bir taraflama bosh tortish toʻgʻrisida bildirish xati olgan paytdan boshlab oʻzgartirilgan yoki bekor qilingan hisoblanadi.
- FuqarolikCIVIL · 456-modda
Shartnomani bekor qilish vaqtida zararni hisoblash
Agar sotuvchi tomonidan majburiyat buzilganligi oqibatida shartnoma bekor qilinganidan keyin oqilona muddat ichida sotib oluvchi shartnomada nazarda tutilgan tovar oʻrniga boshqa shaxsdan birmuncha yuqori, ammo oqilona bahoda tovar sotib olsa, sotib oluvchi sotuvchidan shartnomada belgilangan baho bilan uning oʻrniga tuzilgan bitimdagi baho oʻrtasidagi farqdan iborat zararni qoplashni talab qilishi mumkin. Agar sotib oluvchi tomonidan majburiyat buzilganligi oqibatida shartnoma bekor qilinganidan keyin oqilona muddat ichida sotuvchi tovarni boshqa shaxsga shartnomada nazarda tutilganidan birmuncha pastroq, biroq oqilona bahoda sotgan boʻlsa, sotuvchi sotib oluvchidan shartnomada belgilangan baho bilan uning oʻrniga tuzilgan bitimdagi baho oʻrtasidagi farqdan iborat zararni qoplashni talab qilishi mumkin. Agar ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlarida nazarda tutilgan asoslar boʻyicha shartnoma bekor qilinganidan keyin uning oʻrniga boshqa bitim tuzilmagan va tovarning joriy bahosi mavjud boʻlsa, taraf shartnomada belgilangan baho bilan shartnoma bekor qilingan paytdagi joriy baho oʻrtasidagi farqdan iborat zararni qoplash toʻgʻrisida talab qoʻyishi mumkin. Tovar topshirilishi lozim boʻlgan joyda odatda oʻxshash sharoitlarda bir xil tovar uchun undiriladigan baho joriy baho deb eʼtirof etiladi. Agar bu joyda joriy baho mavjud boʻlmasa, tovarni tashish xarajatlaridagi farqni hisobga olgan holda boshqa joydagi uning oʻrnini bosa oladigan oqilona joriy bahodan foydalanish mumkin. Ushbu moddada nazarda tutilgan talablarni qondirish oʻz majburiyatini bajarmagan yoki lozim darajada bajarmagan tarafni boshqa tarafga yetkazgan oʻzga zararni ushbu Kodeksning 14-moddasiga asosan qoplashdan ozod qilmaydi.