Qonun toʻplami
Yurideks yordamchisi foydalanadigan qonun moddalarining namunaviy toʻplami. Mavzu boʻyicha filtrlang yoki toʻliq matndan qidiring.
2695 ta modda topildi
- FuqarolikCIVIL · 420-modda
Tovar haqini oldindan toʻlash
Oldi-sotdi shartnomasida sotuvchi tovarni topshirishidan oldin sotib oluvchi uning haqini toʻliq yoki qisman toʻlash (oldindan haq toʻlash) majburiyati nazarda tutilgan hollarda, sotib oluvchi tovar haqini shartnomada nazarda tutilgan muddatda, agar shartnomada bunday muddat nazarda tutilgan boʻlmasa, ushbu Kodeksning 242-moddasiga muvofiq belgilangan muddatda toʻlashi lozim. Sotib oluvchi oldi-sotdi shartnomasida nazarda tutilgan tovar haqini oldindan toʻlash majburiyatini bajarmagan taqdirda ushbu Kodeksning 256-moddasida nazarda tutilgan qoidalar qoʻllanadi. Oldindan toʻlangan summani olgan sotuvchi tovarni topshirish boʻyicha majburiyatni bajarmagan taqdirda sotib oluvchi haqi toʻlangan tovarni topshirishni yoki sotuvchi topshirmagan tovar uchun oldindan toʻlangan summani qaytarib berishni talab qilishga haqli. Agar sotuvchi oldindan haqi toʻlangan tovarni topshirish majburiyatini bajarmasa va oldi-sotdi shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, oldindan toʻlangan summa uchun ushbu Kodeksning 327-moddasiga muvofiq, tovarni topshirishi lozim boʻlgan kundan boshlab tovar sotib oluvchiga topshirilgan yoki unga oldindan toʻlagan summasi qaytarib berilgan kungacha foizlar toʻlanishi lozim. Shartnomada sotuvchining oldindan toʻlangan summa uchun foizlarni bu summa sotib oluvchidan olingan kundan boshlab toʻlash majburiyati nazarda tutilishi mumkin.
- FuqarolikCIVIL · 421-modda
Nasiyaga sotilgan tovar haqini toʻlash
Oldi-sotdi shartnomasida tovar haqini u sotuvchiga topshirilganidan soʻng maʼlum vaqt oʻtgach toʻlash (tovarni nasiyaga sotish) nazarda tutilgan hollarda sotib oluvchi tovar haqini shartnomada koʻrsatilgan muddatda, agar shartnomada bunday muddat nazarda tutilgan boʻlmasa, ushbu Kodeksning 242-moddasiga muvofiq belgilangan muddatda toʻlashi lozim. Sotuvchi tovarni topshirish majburiyatini bajarmasa, ushbu Kodeksning 256-moddasida nazarda tutilgan qoidalar qoʻllanadi. Tovarni olgan sotib oluvchi uning haqini toʻlash boʻyicha oldi-sotdi shartnomasida belgilangan majburiyatni bajarmagan hollarda sotuvchi topshirilgan tovar haqini toʻlashni yoki haqi toʻlanmagan tovarni qaytarib berishni talab qilishga haqli. Agar sotib oluvchi topshirilgan tovar haqini toʻlash majburiyatini oldi-sotdi shartnomasida belgilangan muddatda bajarmagan va ushbu Kodeksda yoki oldi-sotdi shartnomasida boshqa hol nazarda tutilgan boʻlmasa, kechikib toʻlangan summa uchun ushbu Kodeksning 327-moddasiga muvofiq shartnomaga binoan tovar haqi toʻlanishi lozim boʻlgan kundan boshlab sotib oluvchi tovar haqini toʻlagan kungacha foizlar toʻlanishi lozim. Oldi-sotdi shartnomasida sotib oluvchining sotuvchi tomonidan tovar topshirilgan kundan boshlab tovar bahosiga teng boʻlgan summa uchun foizlar toʻlash majburiyati nazarda tutilishi mumkin. Agar qonunchilikda yoki shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, tovarni nasiyaga sotish u sotilgan kundagi narxlarda amalga oshiriladi. Tovar sotib oluvchiga topshirilgan paytdan boshlab uning haqi toʻlab boʻlingunga qadar nasiyaga sotilgan tovar sotib oluvchi tomonidan tovar haqini toʻlash majburiyati bajarilishini taʼminlash uchun sotuvchida garovda turgan deb hisoblanadi.
- FuqarolikCIVIL · 422-modda
Tovar haqini boʻlib-boʻlib toʻlash
Tovarni nasiyaga sotish shartnomasida tovar haqini boʻlib-boʻlib toʻlash nazarda tutilishi mumkin. Haqini boʻlib-boʻlib toʻlash sharti bilan tovarni nasiyaga sotish shartnomasida oldi-sotdi shartnomasining boshqa muhim shartlari bilan bir qatorda tovar bahosi, toʻlovlarning tartibi, muddatlari va miqdori koʻrsatilgan boʻlsa, bunday shartnoma tuzilgan hisoblanadi. Agar sotib oluvchi haqini boʻlib-boʻlib toʻlash sharti bilan sotilgan va oʻziga topshirilgan tovar uchun navbatdagi toʻlovni shartnomada belgilangan muddatda amalga oshirmasa, sotuvchi shartnomani bajarishdan bosh tortishga va garov narsasini undirish uchun nazarda tutilgan tartibda undiruvni tovarga qaratishga haqli. Tovarni kreditga sotish toʻgʻrisidagi shartnomada nazarda tutilgan taqdirda, sotib oluvchi olingan tovar ulushining haqi toʻlangan qismini majburiyatlarni bajarish taʼminoti sifatida berishga haqli.
- FuqarolikCIVIL · 423-modda
Tovarni sugʻurtalash
Agar shartnomada sotuvchi yoki sotib oluvchining tovarni sugʻurtalash majburiyati nazarda tutilgan boʻlsa, biroq unda sugʻurtalash shartlari va tovar sugʻurtalanadigan eng kam summa belgilanmagan boʻlsa, sugʻurtalash shartnomasida nazarda tutilgan sugʻurta summasi tovar bahosidan kam boʻlishi mumkin emas. Tovarni sugʻurtalashi lozim boʻlgan taraf shartnoma shartlariga muvofiq sugʻurtalashni amalga oshirmagan hollarda boshqa taraf tovarni sugʻurtalashga va sugʻurtalashi lozim boʻlgan tarafdan sugʻurta xarajatlarini qoplashni talab qilishga yoki shartnomani bajarishdan bosh tortishga haqli.
- FuqarolikCIVIL · 424-modda
Mulk huquqining sotuvchi ixtiyorida saqlanib qolishi
Oldi-sotdi shartnomasida sotuvchining sotib oluvchiga topshirilgan tovarga mulk huquqi tovar haqi toʻlangunga yoki boshqa holatlar yuz bergunga qadar saqlanishi nazarda tutilgan hollarda, agar qonun yoki shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa yoki u tovarning vazifasidan va uning xususiyatlaridan kelib chiqmasa, sotib oluvchi mulk huquqi oʻziga oʻtguncha tovarni oʻzgaga berishga yoki boshqacha tarzda tasarruf etishga haqli emas. Topshirilgan tovarning haqi oldi-sotdi shartnomasida belgilangan muddatda toʻlanmaganda yoki mulk huquqi sotib oluvchiga oʻtadigan boshqa holatlar yuz bermaganda, agar shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, sotuvchi sotib oluvchidan tovarni qaytarib berishni talab qilishga haqli.
- FuqarolikCIVIL · 425-modda
Chakana oldi-sotdi shartnomasi
Chakana oldi-sotdi shartnomasiga muvofiq tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanayotgan sotuvchi sotib oluvchiga shaxsiy maqsadlarda, roʻzgʻorda yoki tadbirkorlik faoliyati bilan bogʻliq boʻlmagan boshqa maqsadlarda foydalaniladigan tovarni topshirish majburiyatini oladi. Chakana oldi-sotdi shartnomasi ommaviy hisoblanadi.
- FuqarolikCIVIL · 426-modda
Tovarning ommaviy ofertasi
Chakana oldi-sotdi shartnomasining barcha muhim shartlarini oʻz ichiga olgan holda tovar reklamasi, kataloglar, shuningdek tovarning nomuayyan shaxslar doirasiga qaratilgan boshqa taʼriflari orqali tovar taklif qilish ommaviy oferta deb hisoblanadi (ushbu Kodeks 369-moddasining ikkinchi qismi). Tovarlarni koʻrgazmaga qoʻyish, ularning namunalarini namoyish qilish yoki savdo boʻlayotgan joyda sotilayotgan tovarlar haqida maʼlumotlar (taʼriflar, kataloglar, fotosuratlar va hokazolar) berish, sotuvchi tegishli tovarlar sotishga moʻljallanmaganligini aniq belgilagan hollardan tashqari, narxi va oldi-sotdi shartnomasining boshqa muhim shartlari koʻrsatilgan-koʻrsatilmaganidan qatʼi nazar, ommaviy oferta deb hisoblanadi.
- FuqarolikCIVIL · 427-modda
Sotib oluvchiga tovar haqida axborot berish
Sotuvchi sotishga taklif qilingan tovar toʻgʻrisida sotib oluvchiga zarur va toʻgʻri axborotni uning mazmuni va uni taqdim etish usuliga nisbatan qonunchilikda belgilangan yoki odatda chakana savdoda qoʻyiladigan talablarga muvofiq holda berishi shart. Sotib oluvchi chakana oldi-sotdi shartnomasi tuzilgunga qadar tovarni koʻzdan kechirish, oʻz oldida tovarning xossalarini tekshirishni yoki tovardan qanday foydalanishni koʻrsatishni, agar bu hol tovarning xususiyati tufayli istisno qilinmasa va chakana savdoda qabul qilingan qoidalarga zid boʻlmasa, talab qilishga haqli. Agar sotib oluvchiga sotish joyida ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlarida koʻrsatilgan tovar toʻgʻrisidagi axborotni darhol olish imkoni berilmagan boʻlsa, u chakana oldi-sotdi shartnomasini tuzishdan asossiz bosh tortilgani tufayli oʻzi koʻrgan zararni toʻlashni sotuvchidan talab qilishga, agar shartnoma tuzilgan boʻlsa, oqilona muddatda shartnomani bajarishdan bosh tortishga, tovar uchun toʻlangan summani qaytarishni va zararni qoplashni talab qilishga haqli. Sotib oluvchiga tovar toʻgʻrisida tegishli axborot olish imkonini bermagan sotuvchi tovar sotib oluvchiga topshirilganidan soʻng tovarda paydo boʻlgan kamchiliklar uchun ham, agar sotib oluvchi bu kamchiliklar oʻzida bunday axborot boʻlmagani sababli paydo boʻlganini isbotlasa, javob beradi.
- FuqarolikCIVIL · 428-modda
Tovarning sotib oluvchi tomonidan belgilangan muddatda qabul qilinishi sharti bilan sotish
Taraflar sotib oluvchi tovarni shartnomada belgilangan muddatda qabul qilib olishi sharti bilan chakana oldi-sotdi shartnomasi tuzishlari mumkin, bu muddat mobaynida tovar boshqa sotib oluvchiga sotilishi mumkin emas. Agar chakana oldi-sotdi shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, shartnomada belgilangan muddatda sotib oluvchining tovarni qabul qilish uchun kelmasligi yoki boshqa zarur harakatlarni amalga oshirmasligini sotuvchi sotib oluvchining shartnomani bajarishdan bosh tortishi deb qaralishi mumkin. Sotuvchining tovarni sotib oluvchiga chakana oldi-sotdi shartnomasida belgilangan muddatda topshirishni taʼminlash borasidagi qoʻshimcha xarajatlari, agar qonunchilikda yoki shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, tovarning bahosiga qoʻshiladi.
- FuqarolikCIVIL · 429-modda
Tovarni namuna boʻyicha sotish
Taraflar tovarni namuna (taʼrif, katalog va hokazo) boʻyicha olish-sotish shartnomasini tuzishlari mumkin. Tovarni namuna boʻyicha sotish shartnomasi ushbu Kodeks 431-moddasining qoidalariga muvofiq bajariladi. Sotib oluvchi tovar topshirilgunga qadar sotuvchining chakana oldi-sotdi shartnomasini bajarishga qaratilgan harakatlarni amalga oshirish bilan bogʻliq zarur xarajatlarini qoplash sharti bilan shartnomani bajarishdan bosh tortishga haqli.
- FuqarolikCIVIL · 43-modda
Yuridik shaxsning taʼsis hujjatlari
Yuridik shaxs ustav asosida yoki taʼsis shartnomasi va ustav asosida yoxud faqat taʼsis shartnomasi asosida ish olib boradi. Qonunda nazarda tutilgan hollarda tijoratchi tashkilot boʻlmagan yuridik shaxs shu turdagi tashkilotlar haqidagi nizom asosida ish olib borishi mumkin. Yuridik shaxsning taʼsis shartnomasi uning muassislari tomonidan tuziladi, ustavi esa — tasdiqlanadi. Ushbu Kodeksga muvofiq bir muassis tomonidan tashkil etilgan yuridik shaxs shu muassis tasdiqlagan ustav asosida ish olib boradi. Yuridik shaxsning ustavi va boshqa taʼsis hujjatlarida yuridik shaxsning nomi, uning joylashgan yeri (pochta manzili), yuridik shaxs faoliyatini boshqarish tartibi belgilab qoʻyilishi, shuningdek ularda tegishli turdagi yuridik shaxslar toʻgʻrisida qonunda nazarda tutilgan boshqa maʼlumotlar boʻlishi kerak. Tijoratchi boʻlmagan tashkilotlar va qonunda nazarda tutilgan hollarda tijoratchi tashkilotlarning ham taʼsis hujjatlarida yuridik shaxs faoliyatining sohasi va maqsadlari belgilab qoʻyilgan boʻlishi kerak. Taʼsis shartnomasida taraflar (muassislar) yuridik shaxs tashkil etish majburiyatini oladilar, uni tashkil etish sohasida birgalikda faoliyat koʻrsatish tartibini, unga oʻz mol-mulklarini berish hamda uning faoliyatida ishtirok etish shartlarini belgilaydilar. Shartnomada foyda va zararlarni ishtirokchilar oʻrtasida taqsimlash, yuridik shaxs faoliyatini boshqarish, muassislarning uning tarkibidan chiqish shartlari va tartibi ham belgilab qoʻyiladi. Taʼsis shartnomasiga muassislarning kelishuviga muvofiq boshqa shartlar ham kiritilishi mumkin. Taʼsis hujjatlaridagi oʻzgartishlar davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan paytdan boshlab, qonunda belgilangan hollarda esa — davlat roʻyxatidan oʻtkazishni amalga oshiruvchi organ ana shunday oʻzgartishlar haqida xabardor qilingan paytdan boshlab uchinchi shaxslar uchun kuchga ega boʻladi. Yuridik shaxslar va ularning muassislari mazkur oʻzgartishlarni hisobga olib ish yuritgan uchinchi shaxslar bilan munosabatlarda ana shunday oʻzgartishlar roʻyxatga olinmaganligini vaj qilib koʻrsatishga haqli emaslar.
- FuqarolikCIVIL · 430-modda
Avtomatdan foydalangan holda tovar sotish
Tovar avtomatdan foydalanib sotiladigan hollarda avtomat egasi sotuvchining nomi (firma nomi), u joylashgan manzil, ish tartibi, shuningdek sotib oluvchi tovarni olish uchun amalga oshirishi zarur boʻlgan harakatlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni avtomatga joylashtirish yoki boshqacha usulda sotib oluvchiga taqdim qilish yoʻli bilan unga tovar sotuvchi toʻgʻrisidagi axborotni yetkazishi lozim. Sotib oluvchi tovarni olish uchun zarur harakatlarni amalga oshirgan paytdan boshlab avtomatdan foydalangan holda chakana oldi-sotdi shartnomasi tuzilgan hisoblanadi. Agar sotib oluvchiga haqi toʻlangan tovar topshirilmasa, sotuvchi sotib oluvchiga tovar zudlik bilan topshirilishini yoki u toʻlagan summa qaytarib berilishini taʼminlashi shart. Bu majburiyat bajarilmagan taqdirda, sotib oluvchi sotuvchidan yetkazilgan zararni qoplashni talab qilishga haqli. Avtomatdan pulni maydalash, toʻlov belgilarini sotib olish yoki valyuta almashtirish uchun foydalanilgan taqdirda, agar majburiyat mohiyatidan boshqacha hol kelib chiqmasa, chakana oldi-sotdi qoidalari qoʻllanadi.
- FuqarolikCIVIL · 431-modda
Tovarni sotib oluvchiga yetkazib berish sharti bilan sotish
Chakana oldi-sotdi shartnomasi tovarni sotib oluvchiga yetkazib berish sharti bilan tuzilgan hollarda sotuvchi shartnomada belgilangan muddatda tovarni sotib oluvchi koʻrsatgan joyga, agar sotib oluvchi tovarni yetkazib berish joyini koʻrsatmagan boʻlsa, sotib oluvchi fuqaro istiqomat qiladigan yoki yuridik shaxs joylashgan manzilga yetkazib berishi lozim. Agar qonunchilikda, shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa yoki u majburiyatning mohiyatidan kelib chiqmasa, tovar sotib oluvchiga, u boʻlmaganda esa –– shartnoma tuzilganidan yoxud tovarni yetkazib berish rasmiylashtirilganidan guvohlik beradigan kvitansiya yoki boshqa hujjatni taqdim qilgan har qanday shaxsga topshirilgan paytdan boshlab chakana oldi-sotdi shartnomasi sotuvchi tomonidan bajarilgan hisoblanadi. Chakana oldi-sotdi shartnomasida tovarni sotib oluvchiga topshirish uchun yetkazib berish vaqti belgilanmagan hollarda tovar sotib oluvchidan talab tushganidan keyin oqilona muddatda yetkazib berilishi lozim.
- FuqarolikCIVIL · 432-modda
Tovar bahosi va uning haqini toʻlash
Agar qonunchilikda boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa yoki u majburiyatning mohiyatidan kelib chiqmasa, sotib oluvchi tovar haqini chakana oldi-sotdi shartnomasi tuzilgan paytda sotuvchi tomonidan eʼlon qilingan bahoda toʻlashi lozim. Chakana oldi-sotdi shartnomasida tovarning haqini oldindan toʻlash nazarda tutilgan hollarda, agar taraflar kelishuvida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, sotib oluvchining tovar haqini shartnomada belgilangan muddatda toʻlamasligi uning shartnomani bajarishdan bosh tortishi deb hisoblanadi. Tovarlarni nasiyaga chakana olish-sotish haqida tuzilgan, shu jumladan sotib oluvchining tovarlar haqini boʻlib-boʻlib toʻlashi sharti bilan tuzilgan shartnomalarga nisbatan ushbu Kodeks 421-moddasining toʻrtinchi va beshinchi qismlarida nazarda tutilgan qoidalar qoʻllanmaydi. Sotib oluvchi tovar haqini boʻlib-boʻlib toʻlashning shartnomada belgilangan davrida istagan vaqtida tovar haqini batamom toʻlashga haqli.
- FuqarolikCIVIL · 433-modda
Tegishli sifatli tovarni almashtirish
Sotib oluvchi oʻziga nooziq-ovqat tovari topshirilgan paytdan boshlab oʻn kun mobaynida, agar bundan uzoqroq muddat sotuvchi tomonidan eʼlon qilinmagan boʻlsa, xarid qilingan tegishli sifatli tovarni xarid joyida yoki sotuvchi eʼlon qilgan boshqa joylarda oʻlchami, shakli, hajmi, andazasi, rangi, toʻplami boshqacha boʻlgan xuddi shunday tovarga almashtirishga haqli, bunda u narxlarda farq boʻlgan taqdirda sotuvchi bilan zarur hisob-kitobni amalga oshiradi. Sotuvchida almashtirish uchun zarur tovar boʻlmaganida sotib oluvchi xarid qilingan tovarni sotuvchiga qaytarib berish va unga toʻlangan pul summasini olish huquqiga ega. Agar tovardan foydalanilmagan, uning isteʼmol xususiyatlari saqlangan boʻlsa va ushbu sotuvchidan sotib olinganining isboti boʻlsa, sotib oluvchining tovarni almashtirish yoki qaytarib olish haqidagi talabi qanoatlantirilishi lozim. Ushbu moddada koʻrsatilgan asoslar boʻyicha almashtirilmaydigan yoki qaytarib olinmaydigan tovarlar roʻyxati qonunchilikda nazarda tutilgan tartibda belgilanadi.
- FuqarolikCIVIL · 434-modda
Sotib oluvchiga sifati tegishli darajada boʻlmagan tovar sotilganida uning huquqlari
Sotib oluvchiga sifati tegishli darajada boʻlmagan tovar sotilganida, agar uning kamchiliklari shartnoma tuzish paytida maʼlum qilinmagan boʻlsa, sotib oluvchi oʻz xohishiga koʻra: xuddi shu markadagi (modeldagi, artikuldagi) sifati tegishli darajada boʻlgan tovarga almashtirishni; xarid narxini tegishincha qayta hisoblagan holda boshqa markadagi (modeldagi, artikuldagi) sifati tegishli darajada boʻlgan tovarga almashtirishni; tovarning kamchiliklarini tekinga bartaraf etishni yoki sotib oluvchi yoxud uchinchi shaxs tomonidan tovarning kamchiliklarini bartaraf etish uchun qilingan xarajatlar qoplanishini; xarid narxini mutanosib ravishda kamaytirishni; koʻrilgan zarar oʻrnini qoplagan holda shartnoma bekor qilinishini talab qilish huquqiga ega. Tovar uchun toʻlangan pul summasini sotib oluvchiga qaytarish vaqtda sotuvchi undan tovardan toʻliq yoki qisman foydalanganligi, tovar koʻrinishi yoʻqolganligi yoki boshqa shunga oʻxshash holatlar tufayli tovar qiymati qancha pasaygan boʻlsa, shuncha summani ushlab qolishga haqli emas.
- FuqarolikCIVIL · 435-modda
Tovarni almashtirganda, xarid narxini kamaytirganda va sifati tegishli darajada boʻlmagan tovarni qaytarganda baholardagi farqni toʻlash
Tegishli darajada sifatli boʻlmagan tovarni sifati tegishli darajada boʻlgan boshqa tovarga almashtirish chogʻida sotuvchi tovarning chakana oldi-sotdi shartnomasida belgilangan bahosi bilan tovarni almashtirish yoki sud tomonidan tovarni almashtirish toʻgʻrisida qaror chiqarish paytida mavjud boʻlgan tovarning bahosi oʻrtasidagi farqni toʻlashni talab qilishga haqli emas. Tegishli darajada sifatli boʻlmagan tovarni xuddi shunday, biroq oʻlchami, andazasi, navi va boshqa belgilari oʻzgacha boʻlgan tegishli darajada sifatli tovarga almashtirish chogʻida almashtirilayotgan tovarning almashtirish paytidagi bahosi bilan sifati tegishli darajada boʻlmagan tovar oʻrniga berilayotgan tovarning bahosi oʻrtasidagi farq toʻlanishi lozim. Agar sotib oluvchining talabi sotuvchi tomonidan qondirilmasa, bu baholar sud tovarni almashtirish toʻgʻrisida qaror chiqargan payt boʻyicha aniqlanadi. Tovarning xarid narxini mutanosib ravishda kamaytirish toʻgʻrisida talab qoʻyilgan taqdirda tovarning bahosini pasaytirish toʻgʻrisida talab qoʻyilgan paytdagi, agar sotib oluvchining talabi ixtiyoriy suratda qondirilmagan boʻlsa, sud bahoni mutanosib ravishda kamaytirish toʻgʻrisida qaror chiqargan paytdagi bahosi inobatga olinadi. Sotuvchiga sifati tegishli darajada boʻlmagan tovarni qaytarib berish chogʻida sotib oluvchi chakana oldi-sotdi shartnomasida belgilangan tovarning bahosi bilan uning talabi ixtiyoriy suratda qondirilgan vaqtdagi, agar talab ixtiyoriy suratda qondirilmagan boʻlsa, sud qaror chiqargan paytdagi tegishli tovarning bahosi oʻrtasidagi farqni toʻlashni talab qilishga haqli.
- FuqarolikCIVIL · 436-modda
Sotuvchining javobgarligi va majburiyatni asl holida bajarish
Sotuvchi chakana oldi-sotdi shartnomasi boʻyicha majburiyatini bajarmagan taqdirda zararni qoplash va neustoyka toʻlash sotuvchini majburiyatni asl holida bajarishdan ozod qilmaydi.
- FuqarolikCIVIL · 437-modda
Mahsulot yetkazib berish shartnomasi
Mahsulot yetkazib berish shartnomasiga muvofiq tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanayotgan mahsulot yetkazib beruvchi — sotuvchi shartlashilgan muddatda yoki muddatlarda oʻzi ishlab chiqaradigan yoxud sotib oladigan tovarlarni sotib oluvchiga tadbirkorlik faoliyatida foydalanish uchun yoki shaxsiy, oilaviy maqsadlarda, roʻzgʻorda va shunga oʻxshash boshqa maqsadlarda foydalanish bilan bogʻliq boʻlmagan boshqa maqsadlarda foydalanish uchun topshirish, sotib oluvchi esa tovarlarni qabul qilish va ularning haqini toʻlash majburiyatini oladi.
- FuqarolikCIVIL · 438-modda
Mahsulot yetkazib berish shartnomasining amal qilish muddati
Mahsulot yetkazib berish shartnomasi bir yilga, bir yildan ortiq muddatga (uzoq muddatli shartnoma) yoki taraflar kelishuvida nazarda tutilgan boshqa muddatga tuzilishi mumkin. Agar mahsulot yetkazib berish shartnomasida uning amal qilish muddati belgilanmagan boʻlsa, shartnoma bir yilga tuzilgan deb hisoblanadi. Agar uzoq muddatli shartnomada yetkazib berilishi lozim boʻlgan tovarlar miqdori yoki shartnomaning boshqa shartlari bir yilga yoki undan ortiq muddatga belgilangan boʻlsa, shartnomada taraflarning bu shartlarni shartnomaning amal qilish muddati tugagunga qadar keyingi davrlar uchun kelishib olish tartibi belgilanishi lozim. Shartnomada bunday tartib boʻlmasa, shartnoma tegishincha bir yilga yoki shartnoma shartlari kelishilgan muddatga tuzilgan hisoblanadi. Uzoq muddatli shartnoma taraflaridan biri yetkazib berilishi lozim boʻlgan tovarlar miqdorini yoki shartnomaning boshqa shartlarini keyingi davrlar uchun shartnomada belgilangan tartibda kelishib olishni rad qilgan yoki undan bosh tortgan taqdirda boshqa taraf tegishli davrlarda tovarlarni yetkazib berish shartlarini belgilash toʻgʻrisidagi yoxud shartnomani bekor qilish toʻgʻrisidagi talab bilan sudga murojaat qilish huquqiga ega.