Qonun toʻplami
Yurideks yordamchisi foydalanadigan qonun moddalarining namunaviy toʻplami. Mavzu boʻyicha filtrlang yoki toʻliq matndan qidiring.
2695 ta modda topildi
- FuqarolikCIVIL · 402-modda
Tovarning sifati
Sotuvchi sotib oluvchiga sifati oldi-sotdi shartnomasiga mos keladigan tovarni topshirishi shart. Oldi-sotdi shartnomasida tovarning sifati toʻgʻrisidagi shartlar koʻrsatilmaganda, sotuvchi sotib oluvchiga belgilangan maqsadlar uchun yaroqli boʻlgan tovarni topshirishi shart. Agar sotib oluvchi shartnoma tuzish paytida sotuvchiga tovarni qanday aniq maqsadlar uchun sotib olayotganini xabar qilgan boʻlsa, sotuvchi sotib oluvchiga ushbu maqsadlarda foydalanish uchun yaroqli boʻlgan tovarni topshirishi shart. Tovar namunasi boʻyicha va (yoki) taʼrifi boʻyicha sotilganda sotuvchi sotib oluvchiga namuna va (yoki) taʼrifga mos keladigan tovarni topshirishi shart. Agar qonunda belgilangan tartibga muvofiq, sotilayotgan tovar sifatiga nisbatan majburiy talablar nazarda tutilgan boʻlsa, tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan sotuvchi sotib oluvchiga ushbu majburiy talablarga javob beradigan tovarni topshirishi shart. Sotuvchi bilan sotib oluvchi oʻrtasidagi kelishuvga muvofiq qonunda nazarda tutilgan tartibda tovarning sifatiga qoʻyilgan majburiy talablarga qaraganda yuqoriroq talablarga javob beradigan tovar topshirilishi mumkin.
- FuqarolikCIVIL · 403-modda
Tovar sifatining kafolati
Sotuvchi sotib oluvchiga topshirishi lozim boʻlgan tovar uni sotib oluvchiga topshirish paytida ushbu Kodeksning 402-moddasida nazarda tutilgan talablarga, agar tovarning ushbu talablarga muvofiqligini aniqlashning boshqa payti oldi-sotdi shartnomasida nazarda tutilgan boʻlmasa, javob berishi va oqilona muddat davomida belgilangan maqsadlar uchun yaroqli boʻlishi kerak. Oldi-sotdi shartnomasida sotuvchining tovar sifatiga kafolat berishi nazarda tutilgan taqdirda, sotuvchi sotib oluvchiga shartnomada belgilangan muayyan vaqtda (kafolat muddatida) ushbu Kodeksning 402-moddasida nazarda tutilgan talablarga javob beradigan tovarni topshirishi lozim. Agar oldi-sotdi shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, tovar sifatining kafolati barcha butlovchi buyumlarga ham tegishli boʻladi.
- FuqarolikCIVIL · 404-modda
Tovarning kafolat muddatini hisoblash
Agar oldi-sotdi shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, kafolat muddati tovar sotib oluvchiga topshirilgan paytdan eʼtiboran oʻta boshlaydi. Agar sotib oluvchi sotuvchiga bogʻliq boʻlgan holatlar tufayli oldi-sotdi shartnomasida kafolat muddati belgilangan tovardan foydalanish imkoniyatidan mahrum boʻlsa, sotuvchi tegishli holatlarni bartaraf etmaguncha kafolat muddatining oʻtishi boshlanmaydi. Agar oldi-sotdi shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, ushbu Kodeksning 416-moddasida belgilangan tartibda sotuvchiga tovarning kamchiliklari haqida xabar qilish sharti bilan kafolat muddati tovarda aniqlangan kamchiliklar tufayli undan foydalanib boʻlmagan vaqtga uzaytiriladi. Agar oldi-sotdi shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, butlovchi buyumning kafolat muddati asosiy buyumning kafolat muddatiga teng hisoblanadi va asosiy buyumning kafolat muddati bilan bir vaqtda oʻta boshlaydi. Tovar (butlovchi buyum) almashtirilganda kafolat muddati yangidan oʻta boshlaydi.
- FuqarolikCIVIL · 405-modda
Tovarning yaroqlilik muddati
Qonunchilikda, shu jumladan milliy standartlarda tovar oʻz vazifasi boʻyicha foydalanish uchun yaroqsiz holga kelib qoladi deb hisoblanadigan vaqt (yaroqlilik muddati) belgilanishi mumkin. Sotuvchi yaroqlilik muddati belgilangan tovarni sotib oluvchiga shunday moʻljal bilan topshirishi kerakki, toki undan yaroqlilik muddati tugagunga qadar oʻz vazifasi boʻyicha foydalanish mumkin boʻlsin.
- FuqarolikCIVIL · 406-modda
Tovarning yaroqlilik muddatini hisoblash
Tovarning yaroqlilik muddati tovar tayyorlangan kundan boshlab foydalanish uchun yaroqli boʻlgan davr bilan yoki tovar foydalanish uchun yaroqli boʻlib turadigan sana bilan belgilanadi.
- FuqarolikCIVIL · 407-modda
Tovarning sifatini tekshirish
Agar qonunchilikda yoki oldi-sotdi shartnomasida tovarning sifatini tekshirish nazarda tutilgan boʻlsa, tekshirish ularda belgilangan talablarga muvofiq amalga oshirilishi lozim. Standartlarda tovarlarning sifatini nazorat qilishga nisbatan talablar belgilangan hollarda, sifat ulardagi koʻrsatmalarga muvofiq tekshirilishi kerak. Agar ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlarida belgilangan tartibda tovarning sifatini tekshirish shartlari nazarda tutilgan boʻlmasa, tovarning sifati ish muomalasi odatlariga yoki oldi-sotdi shartnomasi boʻyicha topshirilishi lozim boʻlgan tovarni tekshirishning odatda qoʻllaniladigan boshqa shartlariga muvofiq tekshirilishi lozim. Agar qonunchilikda, shu jumladan davlat standartlarida yoki oldi-sotdi shartnomasida sotuvchining sotib oluvchiga topshiriladigan tovar sifatini tekshirish (sinash, tahlil qilish, koʻzdan kechirish va hokazo) majburiyati nazarda tutilgan boʻlsa, sotib oluvchining talabi bilan sotuvchi unga tovar sifati tekshirilganligining isbotini taqdim qilishi lozim. Sotuvchi va sotib oluvchi tomonidan tovarning sifatini tekshirish aynan bir xil shartlarda amalga oshirilishi lozim.
- FuqarolikCIVIL · 408-modda
Tegishli darajada sifatli boʻlmagan tovarni topshirish oqibatlari
Agar tovarning kamchiliklari sotuvchi tomonidan maʼlum qilinmagan boʻlsa, tegishli darajada sifatli boʻlmagan tovar topshirilgan sotib oluvchi ushbu Kodeksning 434-moddasida nazarda tutilgan huquqlarga ega boʻladi. Tovarning butliligiga kiradigan qismi tegishli darajada sifatli boʻlmasa, sotib oluvchi mazkur tovarga nisbatan ushbu Kodeksning 434-moddasida nazarda tutilgan huquqlarni amalga oshirishga haqli. Tegishli darajada sifatli boʻlmagan tovarni sotgan shaxs uni tayyorlagan boʻlmasa, tovarni almashtirish yoki uning kamchiliklarini tekinga bartaraf etish haqidagi talablar sotuvchiga yoki tovarni tayyorlovchiga qoʻyilishi mumkin. Ushbu moddada nazarda tutilgan qoidalar, agar mazkur Kodeks yoki boshqa qonunda boshqacha tartib belgilangan boʻlmasa, qoʻllaniladi.
- FuqarolikCIVIL · 409-modda
Tovarning sotuvchi javobgar boʻladigan kamchiliklari
Agar sotib oluvchi tovardagi kamchiliklar tovar sotib oluvchiga topshirilgunga qadar paydo boʻlganligini yoki shu paytgacha vujudga kelgan sabablar tufayli paydo boʻlganligini isbot qilib bersa, sotuvchi tovarning kamchiliklari uchun javobgar boʻladi. Agar sotuvchi sifatiga oʻzi kafolat bergan tovardagi kamchiliklar uni sotib oluvchiga topshirgandan soʻng sotib oluvchi tovardan foydalanish yoki uni saqlash qoidalarini buzganligi yoki uchinchi shaxslar harakati tufayli yoki oldini olib boʻlmaydigan kuch taʼsirida paydo boʻlganini isbotlay olmasa, sotuvchi bu tovarning kamchiliklari uchun javobgar boʻladi.
- FuqarolikCIVIL · 41-modda
Yuridik shaxsning huquq layoqati
Yuridik shaxs oʻzining taʼsis hujjatlarida nazarda tutilgan faoliyati maqsadlariga muvofiq fuqarolik huquq layoqatiga ega boʻladi. Yuridik shaxsning huquq layoqati u tuzilgan paytdan boshlab vujudga keladi (ushbu Kodeks 44-moddasining toʻrtinchi qismi) va uni tugatish yakunlangan paytdan eʼtiboran tugatiladi (ushbu Kodeks 55-moddasining oʻninchi qismi). Yuridik shaxsning maxsus huquq layoqati uning ustavi, nizomi yoki qonunchilik bilan belgilanadi. Yuridik shaxs qonun hujjatida roʻyxati belgilab qoʻyilgan ayrim faoliyat turlari bilan faqat maxsus ruxsatnoma (litsenziya) asosidagina shugʻullanishi mumkin. Yuridik shaxsning huquqlari qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibdagina cheklanishi mumkin. Yuridik shaxsning huquqlarini cheklash haqidagi qaror ustidan sudga shikoyat qilinishi mumkin.
- FuqarolikCIVIL · 410-modda
Topshirilgan tovarning kamchiliklarini aniqlash muddatlari
Agar qonunda yoki oldi-sotdi shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, tovarning kamchiliklari ushbu moddada belgilangan muddatlarda aniqlangan taqdirda, sotib oluvchi tovarning kamchiliklari bilan bogʻliq talablarni qoʻyishga haqli. Tovarning kafolat muddati yoki yaroqlilik muddati belgilanmagan hollarda, kamchiliklar bilan bogʻliq talablar sotib oluvchi tomonidan, agar qonunda yoki oldi-sotdi shartnomasida boshqa muddatlar belgilangan boʻlmasa, kamchiliklar oqilona muddatda, biroq tovar sotib oluvchiga topshirilgan kundan boshlab ikki yil davomida aniqlangandagina qoʻyilishi mumkin. Tashib berilishi yoki aloqa tashkiloti orqali joʻnatilishi lozim boʻlgan tovarning kamchiliklarini aniqlash muddati tovar belgilangan joyda olingan kundan boshlab hisoblanadi. Agar tovarga kafolat muddati belgilangan boʻlsa, tovarning kamchiliklari kafolat muddatida aniqlanganida sotib oluvchi tovarning kamchiliklari bilan bogʻliq talablarni qoʻyishga haqli. Agar oldi-sotdi shartnomasida butlovchi buyumga asosiy buyumga nisbatan kamroq kafolat muddati belgilangan boʻlsa, sotib oluvchi asosiy buyumning kafolat muddatida butlovchi buyumning kamchiliklarini aniqlasa, bu kamchiliklar toʻgʻrisida talab qoʻyishga haqli. Agar oldi-sotdi shartnomasida butlovchi buyumga asosiy buyumning kafolat muddatiga nisbatan uzoqroq kafolat muddati belgilangan boʻlsa, butlovchi buyumda kafolat muddatida kamchiliklar aniqlangan taqdirda, asosiy buyumning kafolat muddati oʻtgan-oʻtmaganligidan qatʼi nazar, sotib oluvchi tovarning kamchiliklari toʻgʻrisida talab qoʻyishga haqli. Yaroqlilik muddati belgilangan tovarga nisbatan, agar kamchiliklar tovarning yaroqlilik muddatida aniqlangan boʻlsa, sotib oluvchi uning kamchiliklari toʻgʻrisida talablar qoʻyishi mumkin. Tovarning kamchiliklari sotib oluvchi tomonidan kafolat muddati yoki yaroqlilik muddati tugaganidan soʻng aniqlangan hollarda, sotib oluvchi tovardagi kamchiliklar tovar sotib oluvchiga topshirilgunga qadar paydo boʻlganligini yoki bu paytgacha vujudga kelgan sabablar tufayli paydo boʻlganligini isbot qilib bersa, sotuvchi kamchiliklar uchun javobgar boʻladi.
- FuqarolikCIVIL · 411-modda
Tovarning butligi
Sotuvchi sotib oluvchiga oldi-sotdi shartnomasining butlik toʻgʻrisidagi shartlariga muvofiq boʻlgan tovarni topshirishi shart. Oldi-sotdi shartnomasida tovarning butligi belgilanmagan hollarda sotuvchi sotib oluvchiga butligi ish muomalasi odatlari yoki odatda qoʻyiladigan boshqa talablar bilan belgilanadigan tovarni berishi shart.
- FuqarolikCIVIL · 412-modda
But tovarlar
Agar oldi-sotdi shartnomasida sotuvchining sotib oluvchiga muayyan tovarlar toʻplamini but holida (but tovarlar) berish majburiyati belgilangan boʻlsa, but holdagi barcha tovarlar berilgan paytdan boshlab majburiyat bajarilgan hisoblanadi. Agar oldi-sotdi shartnomasida boshqacha tartib belgilangan boʻlmasa va u majburiyatning mohiyatidan kelib chiqmasa, sotuvchi but holdagi barcha tovarlarni sotib oluvchiga bir vaqtda topshirishi lozim.
- FuqarolikCIVIL · 413-modda
But boʻlmagan tovarni topshirish oqibatlari
But boʻlmagan tovar topshirilgan taqdirda, sotib oluvchi oʻz ixtiyoriga koʻra sotuvchidan: xarid narxini mutanosib ravishda kamaytirishni; tovarni oqilona muddatda butlashni talab qilish huquqiga ega. Agar sotuvchi oqilona muddatda sotib oluvchining tovarni butlash toʻgʻrisidagi talabini bajarmasa, sotib oluvchi oʻz ixtiyoriga koʻra: butlanmagan tovarni but tovarga almashtirishni talab qilishga; oldi-sotdi shartnomasini bajarishdan bosh tortishga va tovar uchun toʻlangan pul summasini qaytarib berishni, shuningdek yetkazilgan zararni qoplashni talab qilishga haqli. Agar oldi-sotdi shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa va u majburiyatning mohiyatidan kelib chiqmasa, ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlarida nazarda tutilgan oqibatlar sotuvchining sotib oluvchiga but tovarlarni topshirish majburiyati buzilgan hollarda ham qoʻllaniladi.
- FuqarolikCIVIL · 414-modda
Idish va oʻrash
Agar oldi-sotdi shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa va u majburiyatning mohiyatidan kelib chiqmasa, sotuvchi sotib oluvchiga tovarni idishda yoki oʻralgan holda topshirishi shart, oʻz xususiyatiga koʻra idishga joylash va (yoki) oʻrashni talab qilmaydigan tovar bundan mustasno. Agar oldi-sotdi shartnomasida idish va oʻrash haqida talablar belgilangan boʻlmasa, tovar bunday tovar uchun odatdagi usulda, u boʻlmaganda –– saqlash va transportda tashishning oddiy sharoitlarida bunday turdagi tovarning saqlanishini taʼminlaydigan usulda idishga joylashtirilishi va (yoki) oʻralishi lozim. Agar qonunda belgilangan tartibda idish va (yoki) oʻrashga nisbatan majburiy talablar nazarda tutilgan boʻlsa, tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan sotuvchi sotib oluvchiga tovarni ushbu majburiy talablarga mos keladigan idishda va (yoki) oʻralgan holda topshirishi shart.
- FuqarolikCIVIL · 415-modda
Tovarni idishsiz va (yoki) oʻramagan holda yoxud tegishli idishga joylamagan va (yoki) tegishli darajada oʻramagan holda topshirish oqibatlari
Idishga joylanishi va (yoki) oʻralishi lozim boʻlgan tovar sotib oluvchiga idishsiz va (yoki) oʻramagan holda yoxud tegishli idishga joylamagan va (yoki) tegishli darajada oʻramagan holda topshirilgan taqdirda, agar oldi-sotdi shartnomasidan, majburiyat mohiyati yoki tovarning xususiyatidan boshqa hol kelib chiqmasa, sotib oluvchi sotuvchidan tovarni idishga joylashtirish va (yoki) oʻrashni yoxud tegishli boʻlmagan idish va (yoki) oʻrashni almashtirishni talab qilishga haqli. Sotuvchiga yuqoridagi talablarni qoʻyish oʻrniga, sotib oluvchi unga sifati tegishli darajada boʻlmagan tovarni topshirishdan kelib chiqadigan, ushbu Kodeksning 434-moddasida nazarda tutilgan talablarni qoʻyishga haqli.
- FuqarolikCIVIL · 416-modda
Oldi-sotdi shartnomasi tegishli darajada bajarilmagani haqida sotuvchini xabardor qilish
Sotib oluvchi oldi-sotdi shartnomasining tovarlar miqdori, assortimenti, sifati, butligi, idishi va (yoki) oʻralishi toʻgʻrisidagi shartlari buzilganligi haqida qonunchilikda yoki shartnomada koʻzda tutilgan muddatda, agar bunday muddat belgilangan boʻlmasa, shartnomaning tegishli sharti buzilganligi tovarlar xususiyati va vazifasidan kelib chiqqan holda aniqlanishi lozim boʻlganidan soʻng oqilona muddatda sotuvchiga maʼlum qilishi shart. Sotib oluvchi ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan majburiyatni bajarmagan taqdirda, sotuvchi bu hol sotib oluvchining talablarini qanoatlantirib boʻlmaydigan qilib qoʻyganini yoki sotuvchi oldi-sotdi shartnomasi shartlari buzilgani haqida oʻz vaqtida xabardor qilinganida sarflashi mumkin boʻlgan mablagʻlarga nisbatan nomutanosib xarajatlarga olib kelishini isbotlasa, u sotib oluvchining tegishli talablarini qondirishdan toʻliq yoki qisman bosh tortishga haqli. Agar sotuvchi sotib oluvchiga topshirilgan tovarlar oldi-sotdi shartnomasi shartlariga javob bermasligini bilgan yoki bilishi lozim boʻlgan boʻlsa, u sotib oluvchi ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan majburiyatni bajarmaganligini vaj qilib koʻrsatishga haqli emas.
- FuqarolikCIVIL · 417-modda
Sotib oluvchining tovarni qabul qilish majburiyati
Sotib oluvchi oʻziga sotuvchi tomonidan topshirilgan tovarni qabul qilib olishi shart, u tovarni almashtirib berishni talab qilish yoki oldi-sotdi shartnomasini bajarishni rad etishga haqli boʻlgan hollar bundan mustasno. Agar qonunchilikda yoki oldi-sotdi shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, sotib oluvchi odatda qoʻyiladigan talablarga muvofiq tegishli tovarni topshirish va olishni taʼminlash uchun oʻzi tomonidan zarur boʻlgan harakatlarni amalga oshirishi lozim. Sotib oluvchi qonunchilik yoki oldi-sotdi shartnomasini buzgan holda tovarni qabul qilmasa yoki qabul qilishdan bosh tortsa, sotuvchi shartnomani bajarishdan bosh tortish va zararni qoplashni talab qilishga haqli.
- FuqarolikCIVIL · 418-modda
Tovarning bahosi
Sotib oluvchi tovar haqini ushbu Kodeksning 356-moddasiga muvofiq belgilanadigan bahoda toʻlashi, shuningdek qonunchilik, oldi-sotdi shartnomasi yoki odatda qoʻyiladigan talablarga muvofiq toʻlovni amalga oshirish uchun zarur boʻlgan harakatlarni oʻz hisobidan bajarishi lozim. Tovarning bahosi uning ogʻirligiga qarab belgilanadigan boʻlsa, agar oldi-sotdi shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, u sof ogʻirligi boʻyicha aniqlanadi. Agar oldi-sotdi shartnomasida tovarning bahosi uni belgilaydigan koʻrsatkichlar (tannarx, xarajatlar va hokazo)ga qarab oʻzgartirilishi lozimligi nazarda tutilgan boʻlsa, ammo shu bilan birga, bahoni qayta koʻrib chiqish usuli belgilangan boʻlmasa, baho ushbu koʻrsatkichlarning shartnoma tuzilgan paytdagi va tovarni topshirish paytidagi oʻzaro nisbatidan kelib chiqqan holda belgilanadi. Sotuvchi tovarni topshirish majburiyatini bajarishni kechiktirib yuborganida baho ushbu koʻrsatkichlarning shartnoma tuzilgan paytdagi va shartnomada nazarda tutilgan tovar topshiriladigan paytdagi, agar shartnomada tovarni topshirish payti nazarda tutilgan boʻlmasa, ushbu Kodeksning 242-moddasiga muvofiq aniqlangan paytdagi nisbatidan kelib chiqqan holda belgilanadi. Agar qonunchilikda yoki oldi-sotdi shartnomasida boshqacha tartib belgilangan boʻlmasa va u majburiyatning mohiyatidan kelib chiqmasa, ushbu moddaning uchinchi qismida nazarda tutilgan qoidalar qoʻllanadi.
- FuqarolikCIVIL · 419-modda
Tovar haqini toʻlash
Agar qonunchilik yoki oldi-sotdi shartnomasining shartlaridan tovar bahosini muayyan muddatda toʻlash majburiyati kelib chiqmasa, sotib oluvchi uni sotuvchi oʻziga tovarni yoki ushbu tovarni tasarruf qilish hujjatlarini berganidan soʻng kechiktirmasdan toʻlashi lozim. Agar oldi-sotdi shartnomasida tovar haqini boʻlib-boʻlib toʻlash nazarda tutilgan boʻlmasa, sotib oluvchi sotuvchiga topshirilgan tovarning toʻliq bahosi miqdorida haq toʻlashi lozim. Agar sotib oluvchi oldi-sotdi shartnomasiga muvofiq topshirilgan tovar haqini oʻz vaqtida toʻlamasa, sotuvchi tovar haqini va oʻzganing pul mablagʻlaridan foydalanganlik uchun foizlar toʻlashni talab qilishga haqli. Agar sotib oluvchi oldi-sotdi shartnomasini buzgan holda tovarni qabul qilish va haqini toʻlashdan bosh tortsa, sotuvchi oʻz ixtiyoriga koʻra tovar haqini toʻlashni talab qilish yoki shartnomani bajarishdan bosh tortish huquqiga ega. Sotuvchi oldi-sotdi shartnomasiga muvofiq sotib oluvchiga haqi toʻlanmagan tovarlardan tashqari boshqa tovarlarni ham topshirishi lozim boʻlganida, agar qonunchilik yoki shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, u ushbu tovarlarni topshirishni avval topshirilgan barcha tovarlar haqi batamom toʻlangunga qadar toʻxtatib qoʻyishga haqli.
- FuqarolikCIVIL · 42-modda
Yuridik shaxslarning vujudga kelishi
Yuridik shaxslar mulkdor yoki u vakil qilgan shaxs tomonidan yoxud vakolatli organning farmoyishi asosida, shuningdek qonunchilikda nazarda tutilgan tartibda tashkil etiladi. Mulkdorlar yoki operativ boshqarish huquqi subyektlari yoxud ular vakil qilgan shaxslar yuridik shaxslarning muassislari hisoblanadi.