Qonun toʻplami
Yurideks yordamchisi foydalanadigan qonun moddalarining namunaviy toʻplami. Mavzu boʻyicha filtrlang yoki toʻliq matndan qidiring.
2695 ta modda topildi
- FuqarolikCIVIL · 385-modda
Shartnomani oʻzgartirish va bekor qilishning oqibatlari
Shartnoma oʻzgartirilganida taraflarning majburiyatlari oʻzgartirilgan holda saqlanib qoladi. Shartnoma bekor qilinganida taraflarning majburiyatlari bekor boʻladi. Shartnoma oʻzgartirilgan yoki bekor qilingan taqdirda, agar kelishuvdan yoki shartnomani oʻzgartirish xususiyatidan boshqacha tartib anglashilmasa, taraflar shartnomani oʻzgartirish yoki bekor qilishga kelishgan paytdan boshlab, shartnoma sud tartibida oʻzgartirilgan yoki bekor qilinganida esa — sudning shartnomani oʻzgartirish yoki bekor qilish haqidagi qarori qonuniy kuchga kirgan paytdan boshlab majburiyatlar oʻzgartirilgan yoki bekor qilingan hisoblanadi. Agar qonunda yoki taraflarning kelishuvida boshqacha tartib belgilab qoʻyilgan boʻlmasa, taraflar shartnoma oʻzgartirilguncha yoki bekor qilinguncha majburiyat boʻyicha oʻzlari bajargan narsalarni qaytarib berishni talab qilishga haqli emaslar. Agar shartnomani oʻzgartirish yoki bekor qilishga taraflardan birining shartnomani jiddiy buzishi asos boʻlgan boʻlsa, ikkinchi taraf shartnomani oʻzgartirish yoki bekor qilish tufayli yetkazilgan zararni toʻlashni talab qilishga haqli.
- FuqarolikCIVIL · 386-modda
Oldi-sotdi shartnomasi
Oldi-sotdi shartnomasi boʻyicha bir taraf (sotuvchi) tovarni boshqa taraf (sotib oluvchi)ga mulk qilib topshirish majburiyatini, sotib oluvchi esa bu tovarni qabul qilish va uning uchun belgilangan pul summasi (bahosi)ni toʻlash majburiyatini oladi. Agar qonunda qimmatli qogʻozlar va valyuta qimmatliklarining oldi-sotdisiga doir maxsus qoidalar belgilangan boʻlmasa, ularni olish-sotishga nisbatan ushbu paragrafda nazarda tutilgan qoidalar qoʻllanadi. Ushbu Kodeksda yoki boshqa qonunda nazarda tutilgan hollarda ayrim turdagi tovarlarni olish-sotishning oʻziga xos jihatlari qonunchilik bilan belgilanadi. Qonunchilikda belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi lozim boʻlgan avtomototransport vositalarining oldi-sotdi shartnomasi notarial tasdiqlangan boʻlishi kerak, Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati tomonidan belgilangan hollar bundan mustasno. Ushbu paragrafda nazarda tutilgan qoidalar mulkiy huquqlarni sotishga nisbatan qoʻllanadi, agar ushbu huquqlar mazmuni yoki mohiyatidan boshqacha hol kelib chiqmasa. Ayrim turdagi oldi-sotdi (chakana oldi-sotdi, tovarlar yetkazib berish, energiya taʼminoti, korxonani sotish va boshqalar) shartnomalariga nisbatan, agar ushbu Kodeksning bu turdagi shartnomalarga doir qoidalarida boshqacha hol nazarda tutilgan boʻlmasa, ushbu paragrafda nazarda tutilgan qoidalar qoʻllanadi.
- FuqarolikCIVIL · 387-modda
Shartnomaning tovar toʻgʻrisidagi sharti
Oldi-sotdi shartnomasi boʻyicha har qanday ashyolar ushbu Kodeksning 82-moddasi qoidalariga rioya qilgan holda tovar boʻlishi mumkin. Shartnoma, agar qonunda boshqacha hol belgilangan boʻlmasa yoki u tovarning xususiyatidan kelib chiqmasa, shartnomani tuzish paytida sotuvchida mavjud boʻlgan tovarni, shuningdek kelajakda sotuvchi yaratadigan yoki oladigan tovarni olish-sotish haqida tuzilishi mumkin. Agar shartnoma tovarning nomi va miqdorini aniqlash imkonini bersa, tovar toʻgʻrisidagi oldi-sotdi shartnomasining sharti kelishilgan hisoblanadi.
- FuqarolikCIVIL · 388-modda
Tovarni topshirish yuzasidan sotuvchining majburiyatlari
Sotuvchi sotib oluvchiga oldi-sotdi shartnomasida nazarda tutilgan tovarni topshirishi shart. Agar oldi-sotdi shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, sotuvchi sotib oluvchiga ashyoni berish bilan bir vaqtda unga mansub ashyoni, shuningdek qonunchilikda yoki shartnomada nazarda tutilgan ashyoga aloqador hujjatlar (texnik pasporti, sifat sertifikati, foydalanish boʻyicha yoʻriqnoma va hokazolar)ni topshirishi shart.
- FuqarolikCIVIL · 389-modda
Tovarni topshirish majburiyatini bajarish muddati
Sotuvchining tovarni sotib oluvchiga topshirish majburiyatini bajarish muddati oldi-sotdi shartnomasida belgilanadi, agar shartnoma bu muddatni aniqlash imkonini bermasa, u ushbu Kodeksning 242-moddasida nazarda tutilgan qoidalarga muvofiq aniqlanadi. Belgilangan muddat buzilgan taqdirda sotib oluvchida shartnomaning bajarilishiga qiziqish yoʻqolishi shartnomadan aniq bilinib tursa, oldi-sotdi shartnomasi uni qatʼiy belgilangan muddatda bajarish sharti bilan tuzilgan hisoblanadi. Sotuvchi bunday shartnomani unda belgilangan muddatdan oldin yoki bu muddat tugagandan soʻng sotib oluvchining roziligisiz bajarishga haqli emas.
- FuqarolikCIVIL · 39-modda
Yuridik shaxs tushunchasi
Oʻz mulkida yoki operativ boshqaruvida alohida mol-mulkka ega boʻlgan hamda oʻz majburiyatlari yuzasidan ushbu mol-mulk bilan javob beradigan, oʻz nomidan mulkiy yoki shaxsiy nomulkiy huquqlarga ega boʻla oladigan va ularni amalga oshira oladigan, majburiyatlarni bajara oladigan, sudda daʼvogar va javobgar boʻla oladigan tashkilot yuridik shaxs hisoblanadi. Yuridik shaxslar mustaqil balans yoki smetaga ega boʻlishlari kerak.
- FuqarolikCIVIL · 390-modda
Sotuvchining tovarni topshirish majburiyatini bajarish payti
Basharti, oldi-sotdi shartnomasida boshqacha hol nazarda tutilgan boʻlmasa, sotuvchining sotib oluvchiga tovarni topshirish vazifasi quyidagi paytlarda bajarilgan hisoblanadi: agar shartnomada sotuvchining tovarni yetkazib berish majburiyati nazarda tutilgan boʻlsa, tovarni sotib oluvchiga yoki u koʻrsatgan shaxsga topshirish paytida; agar tovar sotib oluvchiga tovar turgan yerda berilishi lozim boʻlsa, tovarni sotib oluvchi ixtiyoriga topshirish paytida. Shartnomada nazarda tutilgan muddatda tovar tegishli yerda sotib oluvchiga topshirish uchun tayyor boʻlgan va sotib oluvchi shartnoma shartlariga muvofiq tovar topshirishga tayyor ekanligidan xabardor qilingan vaqtda tovar sotib oluvchi ixtiyoriga topshirilgan deb hisoblanadi. Agar tovarning shartnoma maqsadlariga mosligi tamgʻalash yoki boshqa yoʻl bilan tasdiqlangan boʻlmasa, tovar topshirish uchun tayyor deb hisoblanmaydi. Oldi-sotdi shartnomasidan sotuvchining tovarni sotib oluvchiga yetkazib berish yoki tovarni turgan yerida sotib oluvchiga topshirish majburiyati kelib chiqmaydigan hollarda, agar shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, tovarni sotib oluvchiga yetkazib berish uchun tashuvchiga yoki aloqa tashkilotiga topshirish paytida sotuvchining tovarni sotib oluvchiga topshirish majburiyati bajarilgan hisoblanadi.
- FuqarolikCIVIL · 391-modda
Sotuvchining sotilgan mol-mulkni saqlash majburiyati
Mulk huquqi yoki boshqa ashyoviy huquq mol-mulkni topshirishdan oldin sotib oluvchiga oʻtgan hollarda, sotuvchi mol-mulkning yomonlashishiga yoʻl qoʻymay, uni topshirgunga qadar saqlashi shart. Buning uchun qilingan zarur chiqimlarni, agar taraflarning kelishuvida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, sotib oluvchi sotuvchiga toʻlashi shart.
- FuqarolikCIVIL · 392-modda
Tovarning tasodifan nobud boʻlishi yoki tasodifan shikastlanishi xavfining oʻtishi
Agar oldi-sotdi shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, tovarning tasodifan nobud boʻlishi yoki tasodifan shikastlanishi xavfi sotuvchi tovarni sotib oluvchiga topshirish boʻyicha oʻz majburiyatini qonun yoki shartnomaga muvofiq bajargan deb hisoblangan paytdan boshlab sotib oluvchiga oʻtadi. Agar taraflar kelishuvida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, yoʻlda boʻlgan paytida sotilgan tovarning tasodifan nobud boʻlishi yoki tasodifan shikastlanishi xavfi shartnoma tuzilgan paytdan boshlab sotib oluvchiga oʻtadi. Oldi-sotdi shartnomasining tovar tasodifan nobud boʻlishi yoki tasodifan shikastlanishi xavfi u birinchi tashuvchiga topshirilgan paytdan boshlab sotib oluvchiga oʻtishi haqidagi sharti, agar shartnoma tuzilgan paytda sotuvchi tovar yoʻqolgani yoki shikastlanganini bilgan yoki bilishi lozim boʻlgan boʻlsa va bu haqda sotib oluvchiga maʼlum qilmagan boʻlsa, sotib oluvchi talabiga koʻra sud tomonidan haqiqiy emas deb topilishi mumkin.
- FuqarolikCIVIL · 393-modda
Sotuvchining tovarni uchinchi shaxslar huquqlaridan ozod holda topshirish majburiyati
Sotuvchi tovarni sotib oluvchiga uchinchi shaxslarning har qanday huquqlaridan ozod holda topshirishi shart, sotib oluvchi uchinchi shaxslarning huquqlari boʻlgan tovarni qabul qilishga rozilik bergan hollar bundan mustasno. Bu qoidani bajarmaslik sotib oluvchiga xarid narxini kamaytirishni yoki oldi-sotdi shartnomasini bekor qilishni va koʻrilgan zararni qoplashni talab qilish huquqini beradi, sotib oluvchi bu tovarga uchinchi shaxslarning huquqlari borligini bilgani yoki bilishi lozim boʻlgani isbotlanadigan hollar bundan mustasno. Ushbu moddada nazarda tutilgan qoidalar tovarni sotib oluvchiga topshirish paytida unga uchinchi shaxslarning daʼvolari borligi sotuvchiga maʼlum boʻlgan hollarda ham, agar bu daʼvolar keyinchalik belgilangan tartibda qonuniy deb tan olingan boʻlsa, tegishli ravishda qoʻllanadi.
- FuqarolikCIVIL · 394-modda
Tovarni olib qoʻyish toʻgʻrisida daʼvo qilingan taqdirda sotib oluvchi va sotuvchining majburiyatlari
Agar uchinchi shaxs oldi-sotdi shartnomasi bajarilgunga qadar yuzaga kelgan asos boʻyicha tovarni olib qoʻyish toʻgʻrisida sotib oluvchiga daʼvo qilsa, sotib oluvchi sotuvchini ishda qatnashishga jalb qilishi, sotuvchi esa bu ishda sotib oluvchi tomonida qatnashishi shart. Agar sotuvchi basharti ishda qatnashganida sotilgan tovar sotib oluvchidan olib qoʻyilishining oldini olgan boʻlishi mumkinligini isbotlab bersa, sotib oluvchining sotuvchini ishda qatnashishga jalb qilmasligi sotuvchini sotib oluvchi oldidagi javobgarlikdan ozod qiladi. Sotib oluvchi tomonidan ishda qatnashishga jalb qilingan, biroq unda qatnashmagan sotuvchi sotib oluvchining ishni notoʻgʻri yuritganligini isbotlash huquqidan mahrum boʻladi.
- FuqarolikCIVIL · 395-modda
Sotib oluvchidan tovar olib qoʻyilgan taqdirda sotuvchining javobgarligi
Oldi-sotdi shartnomasi bajarilgunga qadar vujudga kelgan asoslar boʻyicha uchinchi shaxslar sotib oluvchidan tovarni olib qoʻygan hollarda sotuvchi sotib oluvchiga u koʻrgan zararni qoplashi lozim, sotib oluvchi bunday asoslarning mavjudligini bilgan yoki bilishi lozim boʻlgan hollar bundan mustasno. Olingan tovar uchinchi shaxslar tomonidan sotib oluvchidan talab qilib olinadigan hollarda taraflarning sotuvchini javobgarlikdan ozod qilish yoki uning javobgarligini cheklash toʻgʻrisidagi kelishuvi haqiqiy emas.
- FuqarolikCIVIL · 396-modda
Sotuvchi tovarni topshirishdan bosh tortishining oqibatlari
Agar sotuvchi sotilgan tovarni sotib oluvchiga topshirishdan bosh tortsa, sotib oluvchi oldi-sotdi shartnomasini bajarishdan bosh tortishga haqli. Sotuvchi xususiy alomatlari bilan belgilangan ashyoni topshirishdan bosh tortsa, sotib oluvchi sotuvchiga ushbu Kodeksning 331-moddasida nazarda tutilgan talablarni qoʻyishga haqli.
- FuqarolikCIVIL · 397-modda
Tovarga mansub ashyolarni va hujjatlarni topshirish majburiyatini bajarmaslik oqibatlari
Agar sotuvchi qonunchilikka yoki oldi-sotdi shartnomasiga muvofiq topshirishi shart boʻlgan (ushbu Kodeks 388-moddasining ikkinchi qismi) tovarga mansub ashyolar yoki hujjatlarni sotib oluvchiga topshirmasa yoki topshirishdan bosh tortsa, sotib oluvchi ularni topshirish uchun unga oqilona muddat tayinlashga haqli. Tovarga mansub ashyolar yoki hujjatlar sotuvchi tomonidan koʻrsatilgan muddatda topshirilmasa, agar oldi-sotdi shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, sotib oluvchi tovardan voz kechishga haqli.
- FuqarolikCIVIL · 398-modda
Tovarning miqdori
Sotib oluvchiga topshirilishi lozim boʻlgan tovarning miqdori oldi-sotdi shartnomasida tegishli oʻlchov birliklarida yoki pulda nazarda tutiladi. Tovarning miqdori toʻgʻrisidagi shart shartnomada uni aniqlash tartibini belgilash yoʻli bilan kelishilishi mumkin. Agar oldi-sotdi shartnomasi topshirilishi lozim boʻlgan tovar miqdorini aniqlash imkonini bermasa, shartnoma tuzilmagan hisoblanadi.
- FuqarolikCIVIL · 399-modda
Shartnomaning tovar miqdori toʻgʻrisidagi shartlarini buzish oqibatlari
Sotuvchi oldi-sotdi shartnomasi shartlarini buzib, sotib oluvchiga shartnomada belgilangan miqdordan kam tovar topshirgan boʻlsa, sotib oluvchi, agar shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, yo tovarning yetishmayotgan miqdorini topshirishni talab qilishga, yo topshirilgan tovardan va uning haqini toʻlashdan bosh tortishga, bordi-yu uning haqi toʻlangan boʻlsa, toʻlangan pul summasini qaytarib berishni talab qilishga haqli. Sotuvchi sotib oluvchiga oldi-sotdi shartnomasida koʻrsatilganidan ortiq miqdorda tovar bergan taqdirda, sotib oluvchi bu haqda ushbu Kodeks 416-moddasining birinchi qismida nazarda tutilgan tartibda sotuvchiga maʼlum qilishi lozim. Agar sotib oluvchidan xabar olganidan soʻng sotuvchi oqilona muddatda tegishli tovarni tasarruf qilmasa, shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, sotib oluvchi tovarning hammasini qabul qilish huquqiga ega. Sotib oluvchi oldi-sotdi shartnomasida koʻrsatilganidan ortiq miqdorda tovar qabul qilib olgan taqdirda, agar taraflarning kelishuvi bilan boshqa baho belgilangan boʻlmasa, tegishli tovar uchun shartnomada belgilangan bahoda haq toʻlanadi.
- FuqarolikCIVIL · 4-modda
Fuqarolik qonunchiligining vaqt boʻyicha amal qilishi
Fuqarolik qonunchiligi hujjatlari orqaga qaytish kuchiga ega emas va ular amalga kiritilganidan keyin vujudga kelgan munosabatlarga nisbatan qoʻllaniladi. Qonun u amalga kiritilgunga qadar vujudga kelgan munosabatlarga nisbatan qonunda toʻgʻridan-toʻgʻri nazarda tutilgan hollardagina tatbiq etiladi. Fuqarolik qonunchiligi hujjati amalga kiritilgunga qadar vujudga kelgan munosabatlar boʻyicha bu qonunchilik hujjati u amalga kiritilganidan keyin vujudga kelgan huquq va burchlarga nisbatan qoʻllaniladi. Agar shartnoma tuzilganidan keyin taraflar uchun majburiy boʻlgan, shartnoma tuzilayotgan paytdagidan boshqacha qoidalarni belgilaydigan qonun qabul qilingan boʻlsa, tuzilgan shartnomaning shartlari oʻz kuchini saqlab qoladi, bundan qonunning avval tuzilgan shartnomalardan kelib chiquvchi munosabatlarga tatbiq etilishi koʻrsatilgan hollar mustasno.
- FuqarolikCIVIL · 40-modda
Yuridik shaxslarning turlari
Foyda olishni oʻz faoliyatining asosiy maqsadi qilib olgan (tijoratchi tashkilot) yoki foyda olishni ana shunday maqsad qilib olmagan tashkilot (tijoratchi boʻlmagan tashkilot) yuridik shaxs boʻlishi mumkin. Tijoratchi tashkilot boʻlgan yuridik shaxs xoʻjalik shirkati va jamiyati, ishlab chiqarish kooperativi va qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqacha shaklda tuzilishi mumkin. Tijoratchi tashkilot boʻlmagan yuridik shaxs jamoat birlashmasi, ijtimoiy fond va mulkdor tomonidan moliyaviy taʼminlab turiladigan muassasa shaklida, shuningdek qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqacha shaklda tashkil etilishi mumkin. Tijoratchi boʻlmagan tashkilot oʻzining ustavda belgilangan maqsadlariga mos keladigan doiralarda tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanishi mumkin. Yuridik shaxslar uyushmalar (ittifoqlar)ga va boshqa birlashmalarga Qonunga muvofiq birlashishlari mumkin. Yuridik shaxs ushbu Kodeks, boshqa qonunchilik hujjatlari, shuningdek ustav va boshqa taʼsis hujjatlari asosida ish olib boradi.
- FuqarolikCIVIL · 400-modda
Tovarlarning assortimenti
Agar oldi-sotdi shartnomasiga koʻra tovarlar tur, model, oʻlcham, rang va boshqa belgilari (assortiment) boʻyicha muayyan nisbatda topshirilishi lozim boʻlsa, sotuvchi tovarlarni sotib oluvchiga taraflar kelishgan assortimentda topshirishi shart. Agar oldi-sotdi shartnomasida assortiment belgilanmagan hamda shartnomada uni belgilash tartibi koʻrsatilmagan boʻlsa, lekin majburiyat mohiyatidan tovarlar sotib oluvchiga assortiment boʻyicha topshirilishi lozimligi kelib chiqsa, sotuvchi sotib oluvchiga tovarlarni sotib oluvchining shartnoma tuzish paytida sotuvchiga maʼlum boʻlgan ehtiyojlaridan kelib chiqadigan assortimentda topshirishga yoki shartnomani bajarishdan bosh tortishga haqli.
- FuqarolikCIVIL · 401-modda
Shartnomaning tovar assortimenti toʻgʻrisidagi shartini buzish oqibatlari
Sotuvchi oldi-sotdi shartnomasida nazarda tutilgan tovarlarni shartnomaga mos kelmaydigan assortimentda topshirgan taqdirda sotib oluvchi ularni qabul qilishdan va haqini toʻlashdan bosh tortishga, bordi-yu ularning haqi toʻlab qoʻyilgan boʻlsa, toʻlangan pul summasini qaytarib berishni talab qilishga haqli. Agar sotuvchi sotib oluvchiga assortimenti oldi-sotdi shartnomasiga mos keladigan tovarlar bilan bir qatorda assortiment toʻgʻrisidagi shartlarga mos kelmaydigan tovarlar ham topshirgan boʻlsa, sotib oluvchi oʻz ixtiyoriga koʻra: shartnomaning assortiment toʻgʻrisidagi shartlariga mos boʻlgan tovarlarni qabul qilish va qolgan tovarlarni qabul qilishdan bosh tortish; topshirilgan barcha tovarlarni qabul qilishdan bosh tortish; shartnomaning assortiment toʻgʻrisidagi shartlariga mos boʻlmagan tovarlarni shartnomada nazarda tutilgan assortimentdagi tovarlarga almashtirib berishni talab qilish; topshirilgan barcha tovarlarni qabul qilish huquqiga ega. Sotib oluvchi assortimenti oldi-sotdi shartnomasi shartlariga mos kelmaydigan tovarlarni qabul qilishdan bosh tortganida yoki assortiment toʻgʻrisidagi shartlarga mos kelmaydigan tovarlarni almashtirishni talab qilganida bu tovarlar haqini toʻlashdan bosh tortishga, bordi-yu ularning haqi toʻlab qoʻyilgan boʻlsa, toʻlangan pul summasini qaytarib berishni talab qilishga ham haqli. Agar sotib oluvchi shartnomaning assortiment toʻgʻrisidagi shartlariga mos kelmaydigan tovarlarni olganidan soʻng ularni qabul qilishdan bosh tortishi toʻgʻrisida oqilona muddatda sotuvchiga xabar qilmasa, bunday tovarlar qabul qilingan hisoblanadi. Agar sotib oluvchi assortimenti shartnomaga mos kelmaydigan tovarlarni qabul qilishdan bosh tortmasa, bu tovarlarning haqini sotuvchi bilan kelishilgan bahoda toʻlashi shart. Sotuvchi bahoni kelishish boʻyicha oqilona muddatda zarur choralar koʻrmagan taqdirda, sotib oluvchi tovarlar haqini odatda shartnoma tuzish paytidagi oʻxshash vaziyatlarda xuddi shunday tovarlarga berilgan bahoda toʻlaydi. Agar oldi-sotdi shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, ushbu modda qoidalari qoʻllanadi.