Qonun toʻplami
Yurideks yordamchisi foydalanadigan qonun moddalarining namunaviy toʻplami. Mavzu boʻyicha filtrlang yoki toʻliq matndan qidiring.
2695 ta modda topildi
- FuqarolikCIVIL · 367-modda
Oferta
Bir yoki bir necha muayyan shaxsga yuborilgan, yetarli darajada aniq boʻlgan va taklifni kiritgan shaxsning oʻzini taklif yoʻllangan va uni qabul qiladigan shaxs bilan shartnoma tuzgan deb hisoblash niyatini ifoda etadigan taklif oferta hisoblanadi. Ofertada shartnomaning muhim shartlari ifoda qilingan boʻlishi kerak. Oferta uni yoʻllagan shaxsni oferta yoʻllangan shaxs bilan u ofertani olgan paytdan boshlab bogʻlaydi. Agar ofertani chaqirib olish toʻgʻrisidagi bildirish ofertaning oʻzidan oldin yoki u bilan bir vaqtda kelgan boʻlsa, oferta olinmagan hisoblanadi.
- FuqarolikCIVIL · 368-modda
Ofertaning chaqirib olinmasligi
Qabul qiluvchi taraf olgan oferta uni akseptlash uchun belgilab qoʻyilgan muddat mobaynida chaqirib olinishi mumkin emas, basharti boshqacha tartib ofertaning oʻzida shart qilib qoʻyilgan boʻlmasa yoki taklifning mohiyatidan yoxud u yoʻllangan paytdagi vaziyatdan anglashilmasa.
- FuqarolikCIVIL · 369-modda
Ofertaga taklif etish. Ommaviy oferta
Nomuayyan shaxslar doirasiga yoʻllangan reklama va boshqa takliflar, agar taklifda boshqacha hol toʻgʻridan-toʻgʻri koʻrsatilgan boʻlmasa, ofertaga taklif etish deb qaraladi. Shartnomaning barcha asosiy shartlarini oʻz ichiga olgan, taklif kiritayotgan shaxsning javob qaytargan har qanday shaxs bilan taklifda koʻrsatilgan shartlar asosida shartnoma tuzishga boʻlgan xohish-irodasi bilinib turgan taklif oferta (ommaviy oferta) hisoblanadi.
- FuqarolikCIVIL · 37-modda
Vafot etgan deb eʼlon qilingan fuqaro qaytib kelishining oqibatlari
Vafot etgan deb eʼlon qilingan fuqaro qaytib kelgan yoki uning qayerda turganligi maʼlum boʻlgan taqdirda, uni vafot etgan deb eʼlon qilish haqidagi qaror sud tomonidan bekor qilinadi. Fuqaroni vafot etgan deb eʼlon qilish haqidagi qaror bekor qilinganidan keyin u har qanday shaxsdan bu shaxsga bepul oʻtib qolgan mavjud mol-mulkini oʻziga qaytarib berishni uch yil mobaynida sud orqali talab qilishga haqli, ushbu Kodeksning 229-moddasi ikkinchi va toʻrtinchi qismlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno. Agar vafot etgan deb eʼlon qilingan fuqaroning mol-mulki uning vorislari tomonidan uchinchi shaxslarga sotilgan boʻlib, bu shaxslar xarid narxini fuqaro qaytib kelgan paytgacha batamom toʻlamagan boʻlsalar, bu holda toʻlanmagan summani talab qilish huquqi qaytib kelgan fuqaroga oʻtadi. Vafot etgan deb eʼlon qilingan fuqaroning mol-mulkini haq toʻlashni nazarda tutadigan bitimlar asosida olgan shaxslar mol-mulkni vafot etgan deb eʼlon qilingan fuqaroning tirikligini bila turib sotib olganliklari isbotlansa, ular fuqaroga bu mol-mulkni qaytarib berishlari shart. Bunday mol-mulkni asli holida qaytarib berishning imkoni boʻlmasa, uning qiymati toʻlanadi. Agar vafot etgan deb eʼlon qilingan shaxsning mol-mulki meros huquqi boʻyicha davlatga oʻtgan va sotib yuborilgan boʻlsa, fuqaroni vafot etgan deb eʼlon qilish haqidagi qaror bekor qilinganidan keyin unga mol-mulkni sotishdan tushgan pul qaytarib beriladi.
- FuqarolikCIVIL · 370-modda
Aksept
Oferta yuborilgan shaxsning uni qabul qilganligi haqidagi javobi aksept hisoblanadi. Aksept toʻliq va pisandasiz boʻlishi kerak. Agar qonundan, ish muomalasi odatidan yoki taraflarning ish boʻyicha avvalgi munosabatlaridan boshqacha maʼno kelib chiqmasa, sukut saqlash aksept boʻlmaydi. Ofertani akseptlash uchun belgilangan muddatda olgan shaxsning unda koʻrsatilgan shartnoma shartlarini bajarish yuzasidan qilgan harakatlari (tovarlarni joʻnatish, xizmatlar koʻrsatish, ishlar bajarish, tegishli summani toʻlash va h. k.), agar qonunchilikda yoki ofertada boshqacha tartib nazarda tutilmagan yoki koʻrsatilmagan boʻlsa, aksept hisoblanadi.
- FuqarolikCIVIL · 371-modda
Akseptni chaqirib olish
Agar akseptni chaqirib olish haqidagi bildirish oferta yuborgan shaxsga akseptdan oldinroq yoki u bilan bir vaqtda yetib kelgan boʻlsa, aksept olinmagan hisoblanadi.
- FuqarolikCIVIL · 372-modda
Aksept muddati koʻrsatilgan oferta asosida shartnoma tuzish
Ofertada aksept muddati koʻrsatilgan boʻlsa, aksept oferta yoʻllagan shaxs tomonidan unda koʻrsatilgan muddat mobaynida olinsa, shartnoma tuzilgan hisoblanadi.
- FuqarolikCIVIL · 373-modda
Aksept muddati koʻrsatilmagan oferta asosida shartnoma tuzish
Yozma ofertada aksept muddati koʻrsatilmagan aksept oferta yoʻllagan shaxs tomonidan qonunchilikda belgilab qoʻyilgan muddatlarda, agar bunday muddat belgilab qoʻyilgan boʻlmasa — buning uchun normal zarur boʻlgan vaqt mobaynida olinsa, shartnoma tuzilgan hisoblanadi. Oferta aksept uchun muddat koʻrsatmasdan ogʻzaki tarzda qilinganida boshqa taraf uni akseptlaganini darhol aytgan boʻlsa, shartnoma tuzilgan hisoblanadi.
- FuqarolikCIVIL · 374-modda
Kechikib olingan aksept
Aksept toʻgʻrisida oʻz vaqtida yoʻllangan bildirish kechikib olingan hollarda oferta yoʻllagan taraf boshqa tarafga aksept kechikib olinganini darhol bildirib qoʻymasa, aksept kechikkan hisoblanmaydi. Agar oferta yoʻllagan taraf boshqa tarafga uning kechikib olingan akseptini qabul qilganini darhol maʼlum qilsa, shartnoma tuzilgan hisoblanadi.
- FuqarolikCIVIL · 375-modda
Boshqa shartlar asosidagi aksept
Ofertada taklif qilinganidan boshqacha shartlar asosida shartnoma tuzishga rozilik bildirish haqidagi javob aksept hisoblanmaydi. Bunday javob akseptdan bosh tortish va ayni vaqtda yangi oferta hisoblanadi.
- FuqarolikCIVIL · 376-modda
Shartnomaning tuzilgan joyi
Agar shartnomada uning tuzilgan joyi koʻrsatilgan boʻlmasa, shartnoma oferta yoʻllagan fuqaroning yashash joyida yoki yuridik shaxsning joylashgan yerida tuzilgan hisoblanadi.
- FuqarolikCIVIL · 377-modda
Majburiy tartibda shartnoma tuzish
Ushbu Kodeksga yoki boshqa qonunlarga muvofiq oferta (shartnoma loyihasi) yoʻllangan taraf uchun shartnoma tuzish majburiy boʻlgan hollarda bu taraf oferta olingan kundan boshlab oʻttiz kun mobaynida boshqa tarafga aksept toʻgʻrisida yoki akseptdan bosh tortishi toʻgʻrisida yoxud ofertani boshqa shartlarda akseptlashi toʻgʻrisida (shartnoma loyihasiga kelishmovchiliklar bayonnomasi) bildirish yoʻllashi kerak. Oferta yoʻllagan hamda shartnoma tuzishi majburiy boʻlgan tarafdan ofertani boshqa shartlarda akseptlash toʻgʻrisida bildirish (shartnoma loyihasiga kelishmovchiliklar bayonnomasi) olgan taraf bunday bildirish olingan yoki aksept uchun muddat tugagan kundan boshlab oʻttiz kun mobaynida shartnoma tuzish chogʻida yuz bergan kelishmovchiliklarni koʻrib chiqish uchun sudga topshirishga haqli. Ushbu Kodeksga yoki boshqa qonunlarga muvofiq shartnoma tuzish oferta (shartnoma loyihasi) yoʻllagan taraf uchun majburiy boʻlgan va unga oʻttiz kun mobaynida shartnoma loyihasiga kelishmovchiliklar bayonnomasi yuboriladigan hollarda bu taraf kelishmovchiliklar bayonnomasini olgan kundan boshlab oʻttiz kun mobaynida boshqa tarafga shartnomani uning tahririda qabul qilishini yoki kelishmovchiliklar bayonnomasini rad etishini bildirishi shart. Kelishmovchiliklar bayonnomasi rad etilganida yoki uni koʻrib chiqish natijalari toʻgʻrisidagi bildirish koʻrsatilgan muddatda olinmaganida kelishmovchiliklar bayonnomasini yoʻllagan taraf shartnoma tuzish chogʻida yuz bergan kelishmovchiliklarni koʻrib chiqish uchun sudga topshirishga haqli. Ushbu moddaning birinchi, ikkinchi, uchinchi va toʻrtinchi qismlarida nazarda tutilgan muddatlar toʻgʻrisidagi qoidalar, agar qonunchilikda boshqa muddatlar belgilangan boʻlmasa yoki taraflar ularni kelishib olgan boʻlmasalar, qoʻllaniladi. Agar ushbu Kodeksga yoki boshqa qonunlarga muvofiq shartnoma tuzishi majburiy boʻlgan taraf uni tuzishdan bosh tortsa, ikkinchi taraf uni shartnoma tuzishga majbur qilish talabi bilan sudga murojaat qilishga haqli. Shartnoma tuzishdan asossiz boʻyin tovlayotgan taraf shu tufayli yetkazilgan zararlarni boshqa tarafga toʻlashi kerak.
- FuqarolikCIVIL · 378-modda
Shartnoma oldidan boʻladigan nizolar
Shartnoma tuzish chogʻida yuz bergan kelishmovchiliklar ushbu Kodeksning 377-moddasiga muvofiq qarab chiqish uchun sudga berilgan hollarda shartnomaning taraflar oʻrtasida kelishmovchiliklar chiqishiga sabab boʻlgan shartlari sud qaroriga muvofiq belgilanadi.
- FuqarolikCIVIL · 379-modda
Kimoshdi savdosida shartnoma tuzish
Agar shartnomaning mazmunidan boshqacha tartib anglashilmasa, u kim oshdi savdosini oʻtkazish yoʻli bilan tuzilishi mumkin. Shartnoma kimoshdi savdosida gʻolib chiqqan shaxs bilan tuziladi. Ashyoning mulkdori yoki mulkiy huquq egasi yoxud ixtisoslashgan tashkilot kimoshdi savdosining tashkilotchisi boʻlishi mumkin. Ixtisoslashgan tashkilot ashyoning mulkdori yoki mulkiy huquq egasi bilan shartnoma tuzish asosida ish olib boradi va ular nomidan yoki oʻz nomidan harakat qiladi. Ushbu Kodeksda yoki boshqa qonunda koʻrsatilgan hollarda ashyoni yoki mulkiy huquqni sotish toʻgʻrisidagi shartnomalar faqat kimoshdi savdosi oʻtkazish yoʻli bilan tuzilishi mumkin. Kimoshdi savdosi auksion yoki tanlov shaklida oʻtkaziladi. Kimoshdi savdosining shakli, agar qonunda boshqacha tartib belgilangan boʻlmasa, sotiladigan ashyoning mulkdori yoki sotiladigan mulkiy huquqning egasi tomonidan belgilanadi. Faqat bitta ishtirokchi qatnashgan auksion va tanlov oʻtkazilmagan hisoblanadi. Ushbu Kodeksning 380 va 381-moddalarida nazarda tutilgan qoidalar, agar qonunchilikda boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, sud qarorini ijro etish tartibida oʻtkaziladigan kimoshdi savdosiga nisbatan ham qoʻllaniladi.
- FuqarolikCIVIL · 38-modda
Fuqarolik holati hujjatlarini qayd etish
Quyidagi fuqarolik holati hujjatlari davlat tomonidan qayd etilishi kerak: 1) tugʻilish; 2) oʻlim; 3) nikoh tuzilganligi; 4) nikohdan ajralish. Fuqarolik holati hujjatlarini qayd etish fuqarolik holati hujjatlarini yozish organlari tomonidan fuqarolik holati hujjatlarini qayd etish daftariga (hujjatlar daftariga) tegishli yozuvlarni kiritish hamda shu yozuvlar asosida fuqarolarga guvohnomalar berish yoʻli bilan amalga oshiriladi. Farzandlikka olish, otalikni belgilash, familiya, ism va ota ismini oʻzgartirish, jinsning oʻzgartirilishi kabi voqea va faktlar ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan fuqarolik holati hujjatlarida ularga tegishli oʻzgartishlar kiritish yoʻli bilan ifodalanadi. Fuqarolik holati hujjatlari yozuvlarini tuzatish va oʻzgartirish yetarli asoslar boʻlsa hamda manfaatdor shaxslar oʻrtasida nizo boʻlmasa, fuqarolik holati hujjatlarini yozish organi tomonidan amalga oshiriladi. Manfaatdor shaxslar oʻrtasida nizo boʻlsa yoki fuqarolik holati hujjatlarini yozish organi yozuvni tuzatish yoki oʻzgartirishni rad etsa, nizo sud tomonidan hal qilinadi. Fuqarolik holati hujjatlari yozuvlarini bekor qilish va tiklash fuqarolik holati hujjatlarini yozish organi tomonidan, manfaatdor shaxslar oʻrtasida nizo boʻlsa yoki fuqarolik holati hujjatlaridagi yozuvlarda jiddiy tafovutlar boʻlsa — sud qarori asosida amalga oshiriladi. Fuqarolik holati hujjatlarini qayd etuvchi organlar, bu hujjatlarni qayd etish tartibi, fuqarolik holati hujjatlari yozuvlarini oʻzgartirish, tiklash va bekor qilish tartibi, hujjat daftarlari va guvohnomalarning shakllari, shuningdek hujjatlar daftarlarini saqlash tartibi va muddatlarini belgilovchi organlar qonunchilik bilan belgilanadi.
- FuqarolikCIVIL · 380-modda
Kimoshdi savdosini tashkil etish va uni oʻtkazish tartibi
Auksionlar va tanlovlar ochiq va yopiq boʻlishi mumkin. Ochiq auksionda va ochiq tanlovda xohlagan shaxs qatnashishi mumkin. Yopiq auksion va yopiq tanlovda shu maqsad uchun maxsus taklif etilgan shaxslargina qatnashadilar. Agar qonunda boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, tashkilotchi kimoshdi savdosi oʻtkazilishi toʻgʻrisida kamida oʻttiz kun oldin xabar qilishi kerak. Xabarda, har qanday holda ham, kimoshdi savdosining vaqti, joyi va shakli, kimoshdi savdosiga nima qoʻyilayotgani va uni oʻtkazish tartibi, shu jumladan kim oshdi savdosida qatnashishni rasmiylashtirish toʻgʻrisidagi, shuningdek boshlangʻich narx toʻgʻrisidagi maʼlumotlar boʻlishi kerak. Agar kimoshdi savdosiga faqat shartnoma tuzish huquqi qoʻyilayotgan boʻlsa, boʻlajak kimoshdi savdosi toʻgʻrisidagi xabarda bunga beriladigan muddat koʻrsatilishi kerak. Agar qonunda yoki kimoshdi savdosi oʻtkazilishi haqidagi xabarda boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, xabar bergan kimoshdi savdosining tashkilotchisi auksion oʻtkazishdan xohlagan vaqtida, lekin u oʻtkaziladigan kundan kamida uch kun oldin, tanlov oʻtkazishdan esa — tanlov oʻtkaziladigan kundan kamida oʻttiz kun oldin bosh tortishga haqli. Kimoshdi savdosining tashkilotchisi uni oʻtkazishdan mazkur muddatlarni buzib bosh tortgan hollarda ishtirokchilarning koʻrgan haqiqiy zararlarini toʻlashi shart. Yopiq auksion yoki yopiq tanlov tashkilotchisi xabar yuborilganidan keyin aynan qancha muddatda kimoshdi savdosidan bosh tortganligidan qatʼi nazar, oʻzi taklif etgan ishtirokchilarning real zararini toʻlashi shart. Kimoshdi savdosining qatnashchilari kimoshdi savdosi oʻtkazilishi toʻgʻrisidagi xabarda koʻrsatilgan miqdorda, muddatlarda va tartibda zakalat puli toʻlaydilar. Agar kimoshdi savdosi oʻtkazilmasa, zakalat qaytarib berilishi kerak. Zakalat kimoshdi savdosida qatnashgan, lekin unda gʻolib chiqmagan shaxslarga ham qaytarib beriladi. Kimoshdi savdosida gʻolib chiqqan shaxs bilan shartnoma tuzishda u toʻlagan zakalat summasi tuzilgan shartnoma boʻyicha majburiyatlarni bajarishda hisobga olinadi. Kimoshdi savdosida gʻolib chiqqan shaxs va kimoshdi savdosining tashkilotchisi auksion yoki tanlov oʻtkazilgan kuni kim oshdi savdosining natijalari toʻgʻrisida bayonnoma imzolaydilar, bu bayonnoma shartnoma kuchiga ega boʻladi. Kimoshdi savdosida gʻolib chiqqan shaxs bayonnomani imzolashdan bosh tortsa, toʻlagan zakalatidan mahrum boʻladi. Bayonnomani imzolashdan bosh tortgan kimoshdi savdosining tashkilotchisi zakalatni ikki hissa qilib qaytarishi, shuningdek kimoshdi savdosida gʻolib chiqqan shaxsga kimoshdi savdosida qatnashish tufayli oʻziga yetkazilgan zararning zakalat pulidan ortiq boʻlgan qismini toʻlashi shart. Agar kimoshdi savdosiga faqat shartnoma tuzish huquqi qoʻyilgan boʻlsa, bunday shartnomani taraflar kimoshdi savdosi tamom boʻlganidan hamda bayonnoma rasmiylashtirilganidan keyin kechi bilan yigirma kunda yoki xabarda eʼlon qilingan boshqa muddatda imzolashlari kerak. Ulardan biri shartnoma tuzishdan bosh tortgan taqdirda, ikkinchi taraf sudga murojaat qilib, shartnoma tuzishga majbur etishni, shuningdek uni tuzishdan bosh tortish natijasida yetkazilgan zararni toʻlashni talab qilishga haqli.
- FuqarolikCIVIL · 381-modda
Kimoshdi savdosini oʻtkazish qoidalarini buzish oqibatlari
Qonunda belgilangan qoidalar buzib oʻtkazilgan kimoshdi savdosi manfaatdor shaxs talabi bilan sud tomonidan haqiqiy emas deb topilishi mumkin. Kimoshdi savdosini haqiqiy emas deb topish kimoshdi savdosida gʻolib chiqqan shaxs bilan tuzilgan shartnomaning haqiqiy emasligiga sababchi boʻladi.
- FuqarolikCIVIL · 382-modda
Shartnomani oʻzgartirish va bekor qilish asoslari
Agar ushbu Kodeksda, boshqa qonunlarda yoki shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, shartnoma taraflarning kelishuviga muvofiq oʻzgartirilishi va bekor qilinishi mumkin. Taraflardan birining talabi bilan shartnoma sud tomonidan faqat quyidagi hollarda oʻzgartirilishi yoki bekor qilinishi mumkin: 1) ikkinchi taraf shartnomani jiddiy ravishda buzsa; 2) ushbu Kodeks, boshqa qonunlar va shartnomada nazarda tutilgan oʻzga hollarda. Taraflardan birining shartnomani buzishi ikkinchi tarafga u shartnoma tuzishda umid qilishga haqli boʻlgan narsadan koʻp darajada mahrum boʻladigan qilib zarar yetkazishi shartnomani jiddiy buzish hisoblanadi. Bir taraf shartnomani bajarishdan toʻla yoki qisman bosh tortib, qonun yohud taraflarning kelishuvida bunga yoʻl qoʻyilsa, shartnoma tegishlicha bekor qilingan yoki oʻzgartirilgan hisoblanadi.
- FuqarolikCIVIL · 383-modda
Vaziyat jiddiy oʻzgarishi munosabati bilan shartnomani oʻzgartirish va bekor qilish
Shartnoma tuzishda taraflar uchun asos boʻlgan vaziyatning jiddiy oʻzgarishi, agar boshqacha tartib shartnomada nazarda tutilgan boʻlmasa yoki uning mohiyatidan anglashilmasa, shartnomani oʻzgartirish yoki bekor qilish uchun asos boʻladi. Vaziyatning taraflar oldindan koʻra bilganlarida shartnomani umuman tuzmasliklari yoki ancha farq qiladigan shartlar bilan tuzishlari mumkin boʻlgan darajada oʻzgarishi uning jiddiy oʻzgarishi hisoblanadi. Agar taraflar shartnomani jiddiy oʻzgargan vaziyatga muvofiqlashtirish yoki uni bekor qilish haqida kelisha olmagan boʻlsalar, shartnoma manfaatdor tarafning talabi bilan sud tomonidan bekor qilinishi, ushbu moddaning beshinchi qismida nazarda tutilgan asoslarga koʻra esa — oʻzgartirilishi mumkin, agar ayni vaqtda quyidagi shartlar mavjud boʻlsa: 1) shartnomani tuzish paytida taraflar vaziyatda bunday oʻzgarish yuz bermaydi, deb hisoblagan boʻlsalar; 2) vaziyatning oʻzgarishini keltirib chiqargan sabablarni, ular paydo boʻlganidan keyin manfaatdor taraf shartnomaning xususiyatiga va muomala shartlariga koʻra oʻzidan talab qilinadigan darajada vijdoniylik va ehtiyotkorlik qilgan boʻlishiga qaramay, bu sabablarni yenga olmagan boʻlsa; 3) shartnomani uning shartlarini oʻzgartirmasdan bajarish taraflar mulkiy manfaatlarining shartnomaga mos keladigan nisbatini buzsa va manfaatdor tarafga zarar yetkazsa, natijada ular shartnoma tuzishda umid qilishga haqli boʻlgan narsadan koʻp darajada mahrum boʻlsalar; 4) ish muomalasi odatlaridan yoki shartnomaning mohiyatidan vaziyatning oʻzgarishi xavfiga manfaatdor taraf uchrashi kerakligi anglashilmasa. Vaziyatning jiddiy oʻzgarishi oqibatida shartnoma bekor qilinganida sud har qanday taraf talabi bilan shartnomani bekor qilish oqibatlarini aniqlashda taraflarning ushbu shartnomani bajarish bilan bogʻliq xarajatlarini ular oʻrtasida adolatli taqsimlash zarurligiga asoslanadi. Vaziyatning jiddiy oʻzgarishi munosabati bilan shartnomaning oʻzgartirilishiga shartnomani bekor qilish ijtimoiy manfaatlarga zid boʻlgan yoki taraflarga shartnomani sud tomonidan oʻzgartirilgan shartlar asosida bajarish uchun talab qilinadigan xarajatlardan ancha ortiq zarar keltiradigan favqulodda hollarda sud qarori bilan yoʻl qoʻyiladi.
- FuqarolikCIVIL · 384-modda
Shartnomani oʻzgartirish va bekor qilish tartibi
Shartnoma qanday shaklda tuzilgan boʻlsa, uni oʻzgartirish yoki bekor qilish toʻgʻrisidagi kelishuv ham shunday shaklda tuziladi, basharti qonunchilikdan, shartnoma yoki ish muomalasi odatlaridan boshqacha tartib kelib chiqmasa. Bir taraf shartnomani oʻzgartirish yoki bekor qilish haqidagi taklifga ikkinchi tarafdan rad javobi olganidan keyingina yoki taklifda koʻrsatilgan yoxud qonunda yoinki shartnomada belgilangan muddatda, bunday muddat boʻlmaganida esa — oʻttiz kunlik muddatda javob olmaganidan keyin, shartnomani oʻzgartirish yoki bekor qilish haqidagi talabni sudga taqdim etishi mumkin.