Asosiy kontentga oʻtish
Yurideks
KirishRoʻyxatdan oʻtish
← Qonun toʻplamiga qaytish
FuqarolikCIVIL · 383-modda

Vaziyat jiddiy oʻzgarishi munosabati bilan shartnomani oʻzgartirish va bekor qilish

Shartnoma tuzishda taraflar uchun asos boʻlgan vaziyatning jiddiy oʻzgarishi, agar boshqacha tartib shartnomada nazarda tutilgan boʻlmasa yoki uning mohiyatidan anglashilmasa, shartnomani oʻzgartirish yoki bekor qilish uchun asos boʻladi.

Vaziyatning taraflar oldindan koʻra bilganlarida shartnomani umuman tuzmasliklari yoki ancha farq qiladigan shartlar bilan tuzishlari mumkin boʻlgan darajada oʻzgarishi uning jiddiy oʻzgarishi hisoblanadi.

Agar taraflar shartnomani jiddiy oʻzgargan vaziyatga muvofiqlashtirish yoki uni bekor qilish haqida kelisha olmagan boʻlsalar, shartnoma manfaatdor tarafning talabi bilan sud tomonidan bekor qilinishi, ushbu moddaning beshinchi qismida nazarda tutilgan asoslarga koʻra esa — oʻzgartirilishi mumkin, agar ayni vaqtda quyidagi shartlar mavjud boʻlsa:

1) shartnomani tuzish paytida taraflar vaziyatda bunday oʻzgarish yuz bermaydi, deb hisoblagan boʻlsalar;

2) vaziyatning oʻzgarishini keltirib chiqargan sabablarni, ular paydo boʻlganidan keyin manfaatdor taraf shartnomaning xususiyatiga va muomala shartlariga koʻra oʻzidan talab qilinadigan darajada vijdoniylik va ehtiyotkorlik qilgan boʻlishiga qaramay, bu sabablarni yenga olmagan boʻlsa;

3) shartnomani uning shartlarini oʻzgartirmasdan bajarish taraflar mulkiy manfaatlarining shartnomaga mos keladigan nisbatini buzsa va manfaatdor tarafga zarar yetkazsa, natijada ular shartnoma tuzishda umid qilishga haqli boʻlgan narsadan koʻp darajada mahrum boʻlsalar;

4) ish muomalasi odatlaridan yoki shartnomaning mohiyatidan vaziyatning oʻzgarishi xavfiga manfaatdor taraf uchrashi kerakligi anglashilmasa.

Vaziyatning jiddiy oʻzgarishi oqibatida shartnoma bekor qilinganida sud har qanday taraf talabi bilan shartnomani bekor qilish oqibatlarini aniqlashda taraflarning ushbu shartnomani bajarish bilan bogʻliq xarajatlarini ular oʻrtasida adolatli taqsimlash zarurligiga asoslanadi.

Vaziyatning jiddiy oʻzgarishi munosabati bilan shartnomaning oʻzgartirilishiga shartnomani bekor qilish ijtimoiy manfaatlarga zid boʻlgan yoki taraflarga shartnomani sud tomonidan oʻzgartirilgan shartlar asosida bajarish uchun talab qilinadigan xarajatlardan ancha ortiq zarar keltiradigan favqulodda hollarda sud qarori bilan yoʻl qoʻyiladi.

Bu sizning vaziyatingizga tegishlimi?

Nima boʻlganini tasvirlab bering, Yurideks sizga muhim moddalarni koʻrsatadi.

Savol berish
Yurideks

Har bir insonning himoyalanish huquqi bor.