Majburiy tartibda shartnoma tuzish
Ushbu Kodeksga yoki boshqa qonunlarga muvofiq oferta (shartnoma loyihasi) yoʻllangan taraf uchun shartnoma tuzish majburiy boʻlgan hollarda bu taraf oferta olingan kundan boshlab oʻttiz kun mobaynida boshqa tarafga aksept toʻgʻrisida yoki akseptdan bosh tortishi toʻgʻrisida yoxud ofertani boshqa shartlarda akseptlashi toʻgʻrisida (shartnoma loyihasiga kelishmovchiliklar bayonnomasi) bildirish yoʻllashi kerak.
Oferta yoʻllagan hamda shartnoma tuzishi majburiy boʻlgan tarafdan ofertani boshqa shartlarda akseptlash toʻgʻrisida bildirish (shartnoma loyihasiga kelishmovchiliklar bayonnomasi) olgan taraf bunday bildirish olingan yoki aksept uchun muddat tugagan kundan boshlab oʻttiz kun mobaynida shartnoma tuzish chogʻida yuz bergan kelishmovchiliklarni koʻrib chiqish uchun sudga topshirishga haqli.
Ushbu Kodeksga yoki boshqa qonunlarga muvofiq shartnoma tuzish oferta (shartnoma loyihasi) yoʻllagan taraf uchun majburiy boʻlgan va unga oʻttiz kun mobaynida shartnoma loyihasiga kelishmovchiliklar bayonnomasi yuboriladigan hollarda bu taraf kelishmovchiliklar bayonnomasini olgan kundan boshlab oʻttiz kun mobaynida boshqa tarafga shartnomani uning tahririda qabul qilishini yoki kelishmovchiliklar bayonnomasini rad etishini bildirishi shart.
Kelishmovchiliklar bayonnomasi rad etilganida yoki uni koʻrib chiqish natijalari toʻgʻrisidagi bildirish koʻrsatilgan muddatda olinmaganida kelishmovchiliklar bayonnomasini yoʻllagan taraf shartnoma tuzish chogʻida yuz bergan kelishmovchiliklarni koʻrib chiqish uchun sudga topshirishga haqli.
Ushbu moddaning birinchi, ikkinchi, uchinchi va toʻrtinchi qismlarida nazarda tutilgan muddatlar toʻgʻrisidagi qoidalar, agar qonunchilikda boshqa muddatlar belgilangan boʻlmasa yoki taraflar ularni kelishib olgan boʻlmasalar, qoʻllaniladi.
Agar ushbu Kodeksga yoki boshqa qonunlarga muvofiq shartnoma tuzishi majburiy boʻlgan taraf uni tuzishdan bosh tortsa, ikkinchi taraf uni shartnoma tuzishga majbur qilish talabi bilan sudga murojaat qilishga haqli.
Shartnoma tuzishdan asossiz boʻyin tovlayotgan taraf shu tufayli yetkazilgan zararlarni boshqa tarafga toʻlashi kerak.
Bu sizning vaziyatingizga tegishlimi?
Nima boʻlganini tasvirlab bering, Yurideks sizga muhim moddalarni koʻrsatadi.
Savol berish