Kimoshdi savdosini tashkil etish va uni oʻtkazish tartibi
Auksionlar va tanlovlar ochiq va yopiq boʻlishi mumkin. Ochiq auksionda va ochiq tanlovda xohlagan shaxs qatnashishi mumkin. Yopiq auksion va yopiq tanlovda shu maqsad uchun maxsus taklif etilgan shaxslargina qatnashadilar.
Agar qonunda boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, tashkilotchi kimoshdi savdosi oʻtkazilishi toʻgʻrisida kamida oʻttiz kun oldin xabar qilishi kerak. Xabarda, har qanday holda ham, kimoshdi savdosining vaqti, joyi va shakli, kimoshdi savdosiga nima qoʻyilayotgani va uni oʻtkazish tartibi, shu jumladan kim oshdi savdosida qatnashishni rasmiylashtirish toʻgʻrisidagi, shuningdek boshlangʻich narx toʻgʻrisidagi maʼlumotlar boʻlishi kerak.
Agar kimoshdi savdosiga faqat shartnoma tuzish huquqi qoʻyilayotgan boʻlsa, boʻlajak kimoshdi savdosi toʻgʻrisidagi xabarda bunga beriladigan muddat koʻrsatilishi kerak.
Agar qonunda yoki kimoshdi savdosi oʻtkazilishi haqidagi xabarda boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, xabar bergan kimoshdi savdosining tashkilotchisi auksion oʻtkazishdan xohlagan vaqtida, lekin u oʻtkaziladigan kundan kamida uch kun oldin, tanlov oʻtkazishdan esa — tanlov oʻtkaziladigan kundan kamida oʻttiz kun oldin bosh tortishga haqli.
Kimoshdi savdosining tashkilotchisi uni oʻtkazishdan mazkur muddatlarni buzib bosh tortgan hollarda ishtirokchilarning koʻrgan haqiqiy zararlarini toʻlashi shart.
Yopiq auksion yoki yopiq tanlov tashkilotchisi xabar yuborilganidan keyin aynan qancha muddatda kimoshdi savdosidan bosh tortganligidan qatʼi nazar, oʻzi taklif etgan ishtirokchilarning real zararini toʻlashi shart.
Kimoshdi savdosining qatnashchilari kimoshdi savdosi oʻtkazilishi toʻgʻrisidagi xabarda koʻrsatilgan miqdorda, muddatlarda va tartibda zakalat puli toʻlaydilar. Agar kimoshdi savdosi oʻtkazilmasa, zakalat qaytarib berilishi kerak. Zakalat kimoshdi savdosida qatnashgan, lekin unda gʻolib chiqmagan shaxslarga ham qaytarib beriladi.
Kimoshdi savdosida gʻolib chiqqan shaxs bilan shartnoma tuzishda u toʻlagan zakalat summasi tuzilgan shartnoma boʻyicha majburiyatlarni bajarishda hisobga olinadi.
Kimoshdi savdosida gʻolib chiqqan shaxs va kimoshdi savdosining tashkilotchisi auksion yoki tanlov oʻtkazilgan kuni kim oshdi savdosining natijalari toʻgʻrisida bayonnoma imzolaydilar, bu bayonnoma shartnoma kuchiga ega boʻladi. Kimoshdi savdosida gʻolib chiqqan shaxs bayonnomani imzolashdan bosh tortsa, toʻlagan zakalatidan mahrum boʻladi. Bayonnomani imzolashdan bosh tortgan kimoshdi savdosining tashkilotchisi zakalatni ikki hissa qilib qaytarishi, shuningdek kimoshdi savdosida gʻolib chiqqan shaxsga kimoshdi savdosida qatnashish tufayli oʻziga yetkazilgan zararning zakalat pulidan ortiq boʻlgan qismini toʻlashi shart.
Agar kimoshdi savdosiga faqat shartnoma tuzish huquqi qoʻyilgan boʻlsa, bunday shartnomani taraflar kimoshdi savdosi tamom boʻlganidan hamda bayonnoma rasmiylashtirilganidan keyin kechi bilan yigirma kunda yoki xabarda eʼlon qilingan boshqa muddatda imzolashlari kerak. Ulardan biri shartnoma tuzishdan bosh tortgan taqdirda, ikkinchi taraf sudga murojaat qilib, shartnoma tuzishga majbur etishni, shuningdek uni tuzishdan bosh tortish natijasida yetkazilgan zararni toʻlashni talab qilishga haqli.
Bu sizning vaziyatingizga tegishlimi?
Nima boʻlganini tasvirlab bering, Yurideks sizga muhim moddalarni koʻrsatadi.
Savol berish