Qonun toʻplami
Yurideks yordamchisi foydalanadigan qonun moddalarining namunaviy toʻplami. Mavzu boʻyicha filtrlang yoki toʻliq matndan qidiring.
2695 ta modda topildi
- FuqarolikCIVIL · 35-modda
Fuqaroni bedarak yoʻqolgan deb topish haqidagi qarorning bekor qilinishi
Bedarak yoʻqolgan deb topilgan fuqaro qaytib kelgan yoki uning turar joyi aniqlangan taqdirda, sud uni bedarak yoʻqolgan deb topish haqidagi qarorni bekor qiladi. Sudning qarori asosida fuqaroning mol-mulkini boshqarish bekor qilinadi.
- FuqarolikCIVIL · 350-modda
Majburiyatning davlat organi hujjati asosida bekor boʻlishi
Agar davlat organining hujjati chiqishi natijasida majburiyatni bajarish toʻliq yoki qisman mumkin boʻlmay qolsa, majburiyat toʻliq yoki uning tegishli qismi bekor boʻladi. Buning natijasida zarar koʻrgan taraflar ushbu Kodeksning 12 va 15-moddalariga muvofiq uni toʻlashni talab qilishga haqlidirlar. Davlat organining majburiyat bekor boʻlishiga asos boʻlgan hujjati belgilangan tartibda haqiqiy emas deb topilganida, agar taraflarning kelishuvidan yoki majburiyatning mohiyatidan boshqacha tartib kelib chiqmasa va majburiyatni bajarish kreditor uchun oʻz ahamiyatini yoʻqotmagan boʻlsa, majburiyat tiklanadi.
- FuqarolikCIVIL · 351-modda
Fuqaro vafot etishi bilan majburiyatning bekor boʻlishi
Agar majburiyatni qarzdorning shaxsiy ishtirokisiz bajarish mumkin boʻlmasa yoki majburiyat boshqacha tarzda qarzdorning shaxsi bilan chambarchas bogʻliq boʻlsa, qarzdor vafot etishi bilan majburiyat bekor boʻladi. Agar majburiyatni bajarish shaxsan kreditor uchun moʻljallangan yoki majburiyat boshqacha tarzda kreditorning shaxsi bilan chambarchas bogʻliq boʻlsa, kreditor vafot etishi bilan majburiyat bekor boʻladi.
- FuqarolikCIVIL · 352-modda
Yuridik shaxs tugatilishi bilan majburiyatning bekor boʻlishi
Yuridik shaxs (qarzdor yoki kreditor) tugatilishi bilan majburiyat bekor boʻladi, qonunchilik bilan tugatilgan yuridik shaxsning majburiyatlarini bajarish boshqa shaxs zimmasiga yuklatilgan (hayotga yoki sogʻliqqa yetkazilgan zararni toʻlash talabi va boshqa talablar boʻyicha) hollar bundan mustasno.
- FuqarolikCIVIL · 353-modda
Shartnoma tushunchasi
Ikki yoki bir necha shaxsning fuqarolik huquqlari va burchlarini vujudga keltirish, oʻzgartirish yoki bekor qilish haqidagi kelishuvi shartnoma deyiladi. Shartnomalarga ushbu Kodeksning 9-bobida nazarda tutilgan ikki va koʻp taraflama bitimlar toʻgʻrisidagi qoidalar qoʻllaniladi. Shartnomadan kelib chiqqan majburiyatlarga, agar ushbu bobning qoidalarida va ushbu Kodeksda shartnomalarning ayrim turlari toʻgʻrisida bayon etilgan qoidalarda boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, majburiyatlar toʻgʻrisidagi umumiy qoidalar (ushbu Kodeksning 234-352-moddalari) qoʻllaniladi. Ikkitadan ortiq taraflar tuzadigan shartnomalarga, bunday shartnomalarning koʻptaraflamalik xususiyatiga zid boʻlmasa, shartnoma toʻgʻrisidagi umumiy qoidalar qoʻllaniladi.
- FuqarolikCIVIL · 354-modda
Shartnoma tuzish erkinligi
Fuqarolar va yuridik shaxslar shartnoma tuzishda erkindirlar. Shartnoma tuzishga majbur qilishga yoʻl qoʻyilmaydi, shartnoma tuzish burchi ushbu Kodeksda, boshqa qonunda yoki olingan majburiyatda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno. Taraflar qonunchilikda nazarda tutilmagan shartnomani ham tuzishlari mumkin. Taraflar turli shartnomalarning elementlarini oʻz ichiga oladigan shartnoma (aralash shartnoma) tuzishlari mumkin. Aralash shartnoma boʻyicha taraflarning munosabatlariga, agar taraflarning kelishuvidan yoki aralash shartnomaning mohiyatidan boshqacha tartib anglashilmasa, elementlari aralash shartnomada boʻlgan shartnomalar toʻgʻrisidagi qoidalar qoʻllaniladi. Shartnomaning shartlari taraflarning xohishi bilan belgilanadi, tegishli shartning mazmuni qonunchilikda koʻrsatib qoʻyilgan hollar bundan mustasno. Shartnomaning sharti taraflar kelishuvida boshqacha tartib belgilab qoʻyilmaganligi tufayli qoʻllaniladigan norma (dispozitiv norma)da nazarda tutilgan hollarda taraflar oʻzaro kelishib, uning qoʻllanishini bekor qilishlari yoki unda nazarda tutilganidan boshqacha shartni belgilashlari mumkin. Bunday kelishuv boʻlmaganda shartnomaning sharti dispozitiv norma bilan belgilanadi. Agar shartnoma shartlari taraflar yoki dispozitiv norma bilan belgilab qoʻyilgan boʻlmasa, tegishli shartlar taraflar oʻrtasidagi munosabatlarga nisbatan qoʻllanilishi mumkin boʻlgan ish muomalasi odatlari bilan belgilanadi.
- FuqarolikCIVIL · 355-modda
Haq evaziga va tekinga tuziladigan shartnomalar
Shartnoma boʻyicha taraf oʻz burchlarini bajarganligi uchun haq olishi yoki unga boshqa muqobil toʻlov toʻlanishi lozim boʻlsa, bunday shartnoma haq evaziga tuzilgan shartnoma boʻladi. Shartnoma boʻyicha bir taraf ikkinchi tarafga undan haq yoki boshqa muqobil toʻlov olmasdan biron narsani berish majburiyatini olsa, bunday shartnoma tekinga tuzilgan shartnoma hisoblanadi. Agar qonunchilikdan, shartnomaning mazmuni yoki mohiyatidan boshqacha hol anglashilmasa, shartnoma haq evaziga tuzilgan shartnoma hisoblanadi.
- FuqarolikCIVIL · 356-modda
Baho
Shartnomani bajarganlik uchun taraflarning kelishuvi bilan belgilangan bahoda haq toʻlanadi. Qonunda nazarda tutilgan hollarda tegishli vakolatga ega boʻlgan davlat organlari belgilaydigan yoki tartibga soladigan baholar (tariflar, rassenkalar, stavkalar va h.k.) qoʻllaniladi. Shartnoma tuzilganidan keyin bahoni oʻzgartirishga qonunchilik yoki shartnomada nazarda tutilgan hollarda va shartlarda yoʻl qoʻyiladi. Haq toʻlashni nazarda tutadigan shartnomada baho nazarda tutilmagan va shartnoma shartlari boʻyicha belgilanishi mumkin boʻlmagan hollarda shartnomani bajarganlik uchun oʻxshash vaziyatlarda odatda shunday tovarlar, ishlar yoki xizmatlar uchun olinadigan baho boʻyicha haq toʻlanishi kerak.
- FuqarolikCIVIL · 357-modda
Shartnomaning amal qilishi
Shartnoma tuzilgan paytidan boshlab kuchga kiradi va taraflar uchun majburiy boʻlib qoladi. Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti, davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlari va budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari jamgʻarmalaridan ajratiladigan mablagʻlar boʻyicha tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) yetkazib beruvchilar bilan tuzilgan shartnomalar, shuningdek ularga kiritilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar gʻaznachilik organlarida roʻyxatdan oʻtkazilganidan keyin kuchga kiradi. Taraflar oʻzlari tuzgan shartnomaning shartlarini ularning shartnoma tuzishidan oldin vujudga kelgan munosabatlariga nisbatan qoʻllaniladi deb belgilab qoʻyishga haqlidirlar. Qonunda yoki shartnomada shartnomaning amal qilish muddati tugashi taraflarning shartnoma boʻyicha majburiyatlari bekor boʻlishiga olib keladi, deb belgilanishi mumkin. Bunday shart yozib qoʻyilmagan shartnoma taraflar majburiyatni bajarishining shartnomada belgilab qoʻyilgan oxirgi muddatigacha amal qiladi, deb hisoblanadi. Shartnomaning amal qilish muddati tugashi taraflarni uni buzganlik uchun javobgarlikdan ozod qilmaydi.
- FuqarolikCIVIL · 358-modda
Ommaviy shartnoma
Tashkilot tomonidan tuzilgan hamda uning bunday tashkilot oʻz faoliyati xususiyatiga koʻra oʻziga murojaat qiladigan har bir shaxsga nisbatan amalga oshirishi shart boʻlgan tovarlar sotish, ishlar bajarish yoki xizmatlar koʻrsatish sohasidagi vazifalarini (chakana savdo, umumiy foydalanishdagi transportda yoʻlovchi tashish, aloqa xizmati, energiya bilan taʼminlash, tibbiy xizmat, mehmonxona xizmati va sh.k.) belgilab qoʻyadigan shartnoma ommaviy shartnoma deyiladi. Bunday tashkilot ommaviy shartnoma tuzishda bir shaxsni boshqa shaxsga nisbatan afzal koʻrishga haqli emas, qonunchilikda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno. Tovarlar, ishlar va xizmatlarning bahosi, shuningdek ommaviy shartnomaning boshqa shartlari hamma isteʼmolchilar uchun bir xil qilib belgilanadi, qonunchilikda isteʼmolchilarning ayrim toifalari uchun imtiyozlar berilishiga yoʻl qoʻyiladigan hollar bundan mustasno. Tashkilotning isteʼmolchiga tegishli tovarlarni berish, xizmatlar koʻrsatish, uning uchun tegishli ishlarni bajarish imkoniyati boʻla turib ommaviy shartnoma tuzishdan bosh tortishiga yoʻl qoʻyilmaydi. Tashkilot ommaviy shartnoma tuzishdan asossiz bosh tortganida ushbu Kodeks 377-moddasining oltinchi va yettinchi qismlarida nazarda tutilgan qoidalar qoʻllaniladi. Qonunda nazarda tutilgan hollarda Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati ommaviy shartnomalarni tuzish va bajarishda taraflar uchun majburiy boʻlgan qoidalar (namunaviy shartnomalar, qoidalar va h.k.) chiqarishi mumkin. Ommaviy shartnomaning ushbu modda ikkinchi va beshinchi qismlari bilan belgilab qoʻyilgan talablarga mos kelmaydigan shartlari haqiqiy emas.
- FuqarolikCIVIL · 358¹-modda
Korporativ shartnoma
Xoʻjalik jamiyatining ishtirokchilari yoki ayrim ishtirokchilari oʻz aʼzolik huquqlarini amalga oshirish toʻgʻrisida oʻzaro korporativ shartnoma tuzishga haqli. Ushbu shartnomaga muvofiq mazkur xoʻjalik jamiyatining ishtirokchilari oʻz aʼzolik huquqlarini amalga oshirish yoki ularni amalga oshirishdan oʻzini tiyish (voz kechish), shu jumladan jamiyat ishtirokchilarining umumiy yigʻilishida ovoz berish, jamiyatni boshqarish boʻyicha harakatlarni kelishib amalga oshirish oʻz ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushlarini (aksiyalarini) maʼlum narxda yoki muayyan holatlar yuzaga kelganda qoʻlga kiritish yoki boshqa shaxsga berish yoxud qoʻlga kiritishdan yoki boshqa shaxsga berishdan oʻzini tiyish majburiyatini oladi. Korporativ shartnoma yozma shaklda tuziladi va shartnoma taraflari uchun majburiydir. Korporativ shartnomaga jamiyat ishtirokchilari jamiyat organlarining koʻrsatmalariga muvofiq ovoz berishi toʻgʻrisidagi va jamiyat organlarining tuzilishini hamda ularning vakolatlarini belgilash haqidagi shartlar kiritilishi mumkin emas. Mazkur shartlarga zid boʻlgan korporativ shartnomaning shartlari oʻz-oʻzidan haqiqiy emas. Korporativ shartnoma taraflari xoʻjalik jamiyatini korporativ shartnoma tuzilganligi toʻgʻrisida shartnoma tuzilgan kundan eʼtiboran oʻn besh kundan kechiktirmay yozma shaklda xabardor qilishi shart, bunda uning mazmunini oshkor etish talab qilinmaydi. Xabarnoma taraflarning kelishuviga koʻra korporativ shartnoma taraflaridan biri tomonidan yuborilishi mumkin. Mazkur majburiyat bajarilmagan taqdirda, korporativ shartnoma taraflari boʻlmagan jamiyat ishtirokchilari oʻziga yetkazilgan zararning oʻrnini qoplashni talab qilishga haqlidir. Agar korporativ shartnomada boshqacha tartib belgilangan boʻlmasa, korporativ shartnoma taraflaridan birining xoʻjalik jamiyati ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushiga (aksiyasiga) boʻlgan huquqining bekor boʻlishi qolgan taraflar uchun shartnomaning bekor boʻlishiga olib kelmaydi. Korporativ shartnomada shartnomadan kelib chiqadigan majburiyatlarning bajarilishini taʼminlash usullari va bunday majburiyatlarni bajarmaganlik yoki lozim darajada bajarmaganlik uchun javobgarlik nazarda tutilishi mumkin.
- FuqarolikCIVIL · 359-modda
Shartnomaning namunaviy shartlari
Shartnomada uning ayrim shartlari tegishli turdagi shartnomalar uchun ishlab chiqilgan namunaviy shartlar bilan belgilanishi nazarda tutilishi mumkin. Shartnomada namunaviy shartlarga havola qilinmagan hollarda bunday namunaviy shartlar taraflarning munosabatlariga ish muomalasi odatlari sifatida qoʻllaniladi. Namunaviy shartlar namunaviy shartnoma yoki ushbu shartlarni oʻz ichiga oluvchi boshqa hujjat shaklida ifodalanishi mumkin.
- FuqarolikCIVIL · 36-modda
Fuqaroni vafot etgan deb eʼlon qilish
Agar fuqaroning qayerda turganligi haqida uning yashash joyida uch yil mobaynida maʼlumot boʻlmasa, basharti u oʻlim xavf solib turgan yoki muayyan baxtsiz hodisadan halok boʻlgan deb taxmin qilish uchun asos boʻladigan vaziyatlarda bedarak yoʻqolgan boʻlib, uning qayerdaligi haqida olti oy mobaynida maʼlumotlar boʻlmasa, manfaatdor shaxslarning arizasiga muvofiq sud uni vafot etgan deb eʼlon qilishi mumkin. Harbiy harakatlar munosabati bilan bedarak yoʻqolgan harbiy xizmatchi yoki boshqa fuqaro harbiy harakatlar tamom boʻlgan kundan eʼtiboran kamida ikki yil oʻtgandan keyin sud tomonidan vafot etgan deb eʼlon qilinishi mumkin. Sudning fuqaroni vafot etgan deb eʼlon qilish haqidagi qarori qonuniy kuchga kirgan kun vafot etgan deb eʼlon qilingan fuqaroning oʻlgan kuni deb hisoblanadi. Oʻlim xavf solib turgan yoki muayyan baxtsiz hodisadan halok boʻlgan deb taxmin qilish uchun asos boʻladigan vaziyatlarda bedarak yoʻqolgan fuqaro vafot etgan deb eʼlon qilingan taqdirda, sud uning taxmin qilingan halokat kunini ushbu fuqaroning oʻlgan kuni deb topishi mumkin. Fuqaroni vafot etgan deb eʼlon qilish bunday fuqaroning huquq va burchlari borasida uning oʻlimi olib kelishi mumkin boʻlgan oqibatlarni vujudga keltiradi.
- FuqarolikCIVIL · 360-modda
Qoʻshilish shartnomasi
Shartlarini taraflardan biri formulyarlar yoki boshqa standart shakllarda taʼriflagan hamda ikkinchi taraf faqat taklif qilingan shartnomaga butunlay qoʻshilish yoʻli bilan qabul qilishi mumkin boʻlgan shartnoma qoʻshilish shartnomasi deyiladi. Agar qoʻshilish shartnomasi garchi qonunchilikka zid boʻlmasa-da, biroq qoʻshiluvchi tarafni odatda ana shunday turdagi shartnomalar asosida beriladigan huquqlardan mahrum etsa, ikkinchi tarafning majburiyatlarni buzganlik uchun javobgarligini istisno etsa yoki cheklasa yohud unda qoʻshilgan taraf uchun ochiqdan-ochiq ogʻir boʻlgan, bu tarafda shartnoma shartlarini belgilashda qatnashish imkoniyati boʻlganida u oʻzining manfaatlarini koʻzlab qabul qilmaydigan shartlar yozib qoʻyilgan boʻlsa, shartnomaga qoʻshilgan taraf shartnomani bekor qilishni yoki oʻzgartirishni talab qilishga haqli. Ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan holatlar mavjud boʻlganida oʻz tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishi munosabati bilan shartnomaga qoʻshilgan taraf qanday shartlar asosida shartnoma tuzayotganligini bilgan yoki bilishi lozim boʻlgan boʻlsa, shartnomaga qoʻshilgan tarafning shartnomani bekor qilish yoki oʻzgartirish haqida qoʻygan talabi qondirilmaydi.
- FuqarolikCIVIL · 361-modda
Dastlabki shartnoma
Dastlabki shartnoma boʻyicha taraflar kelgusida mol-mulk berish, ishlar bajarish yoki xizmatlar koʻrsatish haqida dastlabki shartnomada nazarda tutilgan shartlar asosida shartnoma tuzish (asosiy shartnoma) majburiyatini oladilar. Dastlabki shartnoma asosiy shartnoma uchun belgilangan shaklda, bordi-yu, asosiy shartnomaning shakli aniqlanmagan boʻlsa, yozma shaklda tuziladi. Dastlabki shartnomaning shakli toʻgʻrisidagi qoidalarga rioya qilmaslik uning haqiqiy sanalmasligiga sabab boʻladi. Dastlabki shartnomada asosiy shartnomaning narsasini, shuningdek boshqa muhim shartlarini belgilab qoʻyish imkonini beradigan shartlar boʻlishi kerak. Dastlabki shartnomada taraflar qancha muddatda asosiy shartnomani tuzish majburiyatini olishi koʻrsatiladi. Agar dastlabki shartnomada bunday muddat belgilab qoʻyilgan boʻlmasa, asosiy shartnoma dastlabki shartnoma tuzilgan paytdan boshlab bir yil ichida tuzilishi shart. Dastlabki shartnomani tuzgan taraf asosiy shartnomani tuzishdan bosh tortgan taqdirda ushbu Kodeks 377-moddasining oltinchi va yettinchi qismlarida nazarda tutilgan qoidalar qoʻllaniladi. Agar taraflar asosiy shartnomani tuzishlari lozim boʻlgan muddatning oxirigacha u tuzilmasa yoki taraflarning birontasi ham ikkinchi tarafga ana shunday shartnoma tuzish haqida taklif yubormasa, dastlabki shartnomada nazarda tutilgan majburiyatlar bekor boʻladi.
- FuqarolikCIVIL · 362-modda
Uchinchi shaxs foydasiga tuziladigan shartnoma
Taraflar qarzdor ijroni kreditorga emas, balki shartnomada koʻrsatilgan yoki koʻrsatilmagan, qarzdordan majburiyatni oʻz foydasiga bajarishni talab qilish huquqiga ega boʻlgan uchinchi shaxsga bajarishi majbur deb belgilab qoʻygan shartnoma uchinchi shaxs foydasiga tuzilgan shartnoma deyiladi. Agar qonunchilikda yoki shartnomada oʻzgacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, uchinchi shaxs shartnoma boʻyicha oʻz huquqidan foydalanish niyatini qarzdorga bildirgan paytdan boshlab taraflar oʻzlari tuzgan shartnomani uchinchi shaxsning roziligisiz bekor qilishlari yoki oʻzgartirishlari mumkin emas. Qarzdor kreditorga qarshi qoʻyishi mumkin boʻlgan eʼtirozlarini shartnomada uchinchi shaxsning talablariga qarshi qoʻyishga haqli. Uchinchi shaxs shartnoma boʻyicha oʻziga berilgan huquqdan foydalanishdan voz kechgan taqdirda, basharti qonunchilik va shartnomaga zid boʻlmasa, kreditor bu huquqdan foydalanishi mumkin.
- FuqarolikCIVIL · 363-modda
Shartnomani sharhlash
Sud shartnoma shartlarini sharhlashda undagi soʻz va iboralarning asl maʼnosini eʼtiborga oladi. Shartnomaning sharti aniq boʻlmasa, uning asl maʼnosi uni boshqa shartlarga va butun shartnomaning maʼnosiga taqqoslash yoʻli bilan aniqlanadi. Agar ushbu moddaning birinchi qismida bayon etilgan qoidalar shartnomaning mazmunini aniqlash imkonini bermasa, taraflarning haqiqiy umumiy xohish-irodasi shartnomaning maqsadini hisobga olgan holda aniqlanishi kerak. Bunda barcha tegishli holatlar, shu jumladan shartnoma tuzish oldidan olib borilgan muzokaralar va yozishmalar, taraflarning oʻzaro munosabatlarida qaror topgan amaliyot, ish muomalasi odatlari, taraflarning keyinchalik oʻzlarini qanday tutganligi eʼtiborga olinadi.
- FuqarolikCIVIL · 364-modda
Shartnoma tuzish toʻgʻrisidagi asosiy qoidalar
Agar taraflar oʻrtasida shartnomaning barcha muhim shartlari yuzasidan shunday hollarda talab qilinadigan shaklda kelishuvga erishilgan boʻlsa, shartnoma tuzilgan hisoblanadi. Shartnomaning narsasi toʻgʻrisidagi shartlar, qonunchilikda bunday turdagi shartnomalar uchun muhim yoki zarur deb hisoblangan shartlar, shuningdek taraflardan birining arizasiga koʻra kelishib olinishi zarur boʻlgan hamma shartlar muhim shartlar hisoblanadi. Shartnoma taraflardan birining oferta (shartnoma tuzish haqida taklif) yoʻllashi va ikkinchi taraf uni akseptlashi (taklifni qabul qilishi) yoʻli bilan tuziladi.
- FuqarolikCIVIL · 365-modda
Shartnomaning tuzilish payti
Oferta yoʻllagan shaxs uning akseptini olgan paytda shartnoma tuzilgan hisoblanadi. Agar qonunga muvofiq shartnoma tuzish uchun mol-mulkni topshirish ham zarur boʻlsa, shartnoma tegishli mol-mulk topshirilgan paytdan boshlab tuzilgan hisoblanadi (ushbu Kodeksning 185-moddasi).
- FuqarolikCIVIL · 366-modda
Shartnomaning shakli
Agar qonunda muayyan turdagi shartnomalar uchun maʼlum bir shakl belgilab qoʻyilgan boʻlmasa, shartnoma bitimlar tuzish uchun nazarda tutilgan har qanday shaklda tuzilishi mumkin. Notarial tasdiqlanishi yoki davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi shart boʻlgan shartnoma notarial tasdiqlangan yoki roʻyxatdan oʻtkazilgan paytdan eʼtiboran, notarial tasdiqlanishi va roʻyxatdan oʻtkazilishi zarur boʻlganda esa — shartnoma roʻyxatdan oʻtkazilgan paytdan eʼtiboran shartnoma tuzilgan hisoblanadi. Agar taraflar shartnomani muayyan shaklda tuzishga kelishgan boʻlsalar, garchi qonunda bu turdagi shartnomalar uchun bunday shakl talab qilingan boʻlmasa-da, shartnoma belgilangan shaklga keltirilganidan keyin tuzilgan hisoblanadi. Yozma shartnoma taraflar imzolagan bitta hujjatni tuzish yoʻli bilan, shuningdek pochta, telegraf, teletayp, telefon, elektron aloqa yoki hujjat shartnomadagi tarafdan chiqqanligini ishonchli suratda aniqlash imkonini beradigan boshqa aloqa yordamida hujjatlar almashish yoʻli bilan tuzilishi mumkin. Agar shartnoma tuzish haqidagi yozma taklif ushbu Kodeks 370-moddasining toʻrtinchi qismida nazarda tutilgan tartibda olingan boʻlsa, shartnomaning yozma shakliga rioya qilingan hisoblanadi.