Qonun toʻplami
Yurideks yordamchisi foydalanadigan qonun moddalarining namunaviy toʻplami. Mavzu boʻyicha filtrlang yoki toʻliq matndan qidiring.
2695 ta modda topildi
- FuqarolikCIVIL · 331-modda
Xususiy belgili ashyoni topshirish majburiyatini bajarmaslik oqibatlari
Xususiy belgili ashyoni kreditorning mulki qilib, operativ boshqaruviga yoki foydalanishiga topshirish majburiyati bajarilmagan taqdirda kreditor bu ashyoni olib qoʻyishni va majburiyatda nazarda tutilgan shartlar asosida oʻziga topshirishni talab qilishga haqli. Bu huquq ashyo bir xil huquqqa ega boʻlgan uchinchi shaxsga topshirilgan boʻlsa, bekor boʻladi. Agar ashyo hali topshirilmagan boʻlsa, vaziyat qaysi kreditorning foydasiga oldinroq vujudga kelgan boʻlsa, oʻsha kreditor ustunlikka ega boʻladi, basharti buni aniqlash mumkin boʻlmasa, oldin daʼvo qoʻzgʻatgan kreditor ustunlikka ega boʻladi. Kreditor majburiyat narsasi boʻlgan ashyoni oʻziga topshirishni talab qilish oʻrniga, zararning qoplanishini talab qilishga haqli.
- FuqarolikCIVIL · 332-modda
Majburiyatlar boʻyicha javobgarlik hajmini cheklash
Majburiyatlarning ayrim turlari boʻyicha hamda muayyan faoliyat turi bilan bogʻliq majburiyatlar boʻyicha qonunda zararni toʻla qoplashga boʻlgan huquq cheklab qoʻyilishi mumkin (cheklangan javobgarlik). Qoʻshilish shartnomasi yoki kreditor isteʼmolchi sifatida ish olib boruvchi fuqaro boʻlgan boshqa shartnoma boʻyicha qarzdorning javobgarlik hajmini cheklash toʻgʻrisidagi kelishuv haqiqiy emas, basharti majburiyatlarning ushbu turi yoki ushbu tartibbuzarlik uchun javobgarlik hajmi qonun bilan belgilab qoʻyilgan boʻlsa va agar majburiyatni bajarmaganlik yoki lozim darajada bajarmaganlik uchun javobgarlikni keltirib chiqaradigan vaziyatlar yuz berguncha kelishuvga erishilgan boʻlsa.
- FuqarolikCIVIL · 333-modda
Majburiyatlarni buzganlik uchun javobgarlik asoslari
Qarzdor aybi boʻlgan taqdirda majburiyatni bajarmaganligi yoki lozim darajada bajarmaganligi uchun, agar qonunchilikda yoki shartnomada boshqacha tartib belgilanmagan boʻlsa, javob beradi. Qarzdor majburiyatni lozim darajada bajarish uchun oʻziga bogʻliq boʻlgan hamma choralarni koʻrganligini isbotlasa, u aybsiz deb topiladi. Aybning yoʻqligi majburiyatni buzgan shaxs tomonidan isbotlanadi. Basharti, qonunda yoki shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishda majburiyatni bajarmagan yoki lozim darajada bajarmagan shaxs majburiyatni lozim darajada bajarishga yengib boʻlmaydigan kuch, yaʼni favqulodda va muayyan sharoitlarda oldini olib boʻlmaydigan vaziyatlar (fors-major) tufayli imkon boʻlmaganligini isbotlay olmasa, javobgar boʻladi. Qarzdorning shartlashuvchi sheriklari tomonidan majburiyatlarning buzilishi, majburiyatni bajarish uchun zarur tovarlarning bozorda yoʻqligi, qarzdorda zarur pul mablagʻlarining boʻlmaganligi bunday vaziyatlar jumlasiga kirmaydi. Majburiyatni qasddan buzganlik uchun javobgarlikni bartaraf qilish yoki cheklash toʻgʻrisidagi avvaldan kelishilgan bitim u tuzilgan paytdan boshlab haqiqiy emas.
- FuqarolikCIVIL · 334-modda
Uchinchi shaxslarning harakatlari uchun qarzdorning javobgarligi
Basharti, qonunchilik yoki shartnomada bevosita ijrochi boʻlgan uchinchi shaxsning javobgarligi belgilab qoʻyilmagan boʻlsa, zimmasiga majburiyatni bajarish vazifasi yuklatilgan uchinchi shaxslarning majburiyatni bajarmaganligi yoki lozim darajada bajarmaganligi uchun qarzdor javob beradi.
- FuqarolikCIVIL · 335-modda
Kreditorning aybi
Agar kreditor qasddan yoki ehtiyotsizlik tufayli majburiyatni bajarish mumkin boʻlmasligi yuz berishiga yoki bajarmaslik tufayli yetkazilgan zarar miqdorining koʻpayishiga koʻmaklashgan boʻlsa, shuningdek kreditor majburiyatni bajarmaslikdan yetkazilgan zararni kamaytirish choralarini qasddan yoki ehtiyotsizlik tufayli koʻrmagan boʻlsa, sud ishning holatlariga qarab toʻlanadigan haq miqdorini kamaytirishga yoki kreditorga haq toʻlashni batamom rad etishga haqli.
- FuqarolikCIVIL · 336-modda
Ikki taraflama shartnomani bajarmaslik oqibatlari
Agar ikki taraflama shartnomada bir taraf oʻzi javobgar boʻlgan vaziyat tufayli uni bajarishi mumkin boʻlmay qolsa, ikkinchi taraf, basharti qonunda yoki shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, shartnomadan voz kechishga va shartnomaning bajarilmasligi tufayli yetkazilgan zararni undirib olishga haqli.
- FuqarolikCIVIL · 337-modda
Ijroning qarzdor va kreditor tomonidan kechiktirib yuborilishi
Ijroni kechiktirib yuborgan qarzdor kechiktirib yuborish tufayli yetkazilgan zarar uchun va kechiktirib yuborish davrida tasodifan ijroni bajarish mumkin boʻlmasligi vujudga kelganligi uchun kreditor oldida javob beradi. Agar qarzdor ijroni kechiktirib yuborganligi tufayli kreditor uchun uning ahamiyati qolmagan boʻlsa, u ijroni qabul qilishdan bosh tortishi va zararni toʻlashni talab qilishi mumkin. Agar kreditor qarzdor tomonidan taklif qilingan lozim darajadagi ijroni qabul qilishdan bosh tortgan boʻlsa yoki oʻzi amalga oshirishi kerak boʻlgan va amalga oshirilgunicha qarzdor oʻz majburiyatini bajara olmagan harakatlarni qilgan boʻlmasa, kreditor muddatni kechiktirib yuborgan hisoblanadi.
- FuqarolikCIVIL · 338-modda
Kreditorning ijroni kechiktirib yuborish oqibatlari
Kreditorning shartnoma boʻyicha oʻziga tegishli narsani qabul qilishni kechiktirib yuborishi qarzdorga kechiktirib yuborish tufayli yetkazilgan zararni undirib olish huquqini beradi va keyinchalik majburiyatni ijro etish mumkin boʻlmay qolsa, uni javobgarlikdan ozod qiladi, qarzdorning qasddan ish tutishi yoki qoʻpol ehtiyotsizlik qilish hollari bundan mustasno. Pul majburiyati boʻyicha kreditor ijroni kechiktirib yuborgan vaqt uchun qarzdor foiz toʻlashga majbur emas.
- FuqarolikCIVIL · 339-modda
Ijroning kechiktirib yuborilganligi uchun kreditorni javobgarlikdan ozod qilish
Agar kreditor ijroning kechiktirib yuborilishi qonunga muvofiq yoki kreditorning topshirigʻi bilan ijroni qabul qilish vazifasi yuklatilgan shaxslar qasddan ish tutganligi yoki ehtiyotsizligi tufayli kelib chiqqanligini isbotlasa, u ijroning kechiktirib yuborilganligi uchun javobgarlikdan ozod qilinadi.
- FuqarolikCIVIL · 34-modda
Fuqaroni bedarak yoʻqolgan deb topish oqibatlari
Bedarak yoʻqolgan deb topilgan fuqaroning mol-mulkini doimiy suratda boshqarib turish zarur boʻlsa, bu mol-mulk sudning qaroriga muvofiq vasiylik va homiylik organi tomonidan belgilanadigan va ushbu organ bilan tuziladigan ishonchli boshqaruv toʻgʻrisidagi shartnoma asosida ish olib boradigan shaxsga topshiriladi. Ushbu mol-mulkdan bedarak yoʻqolgan shaxs qonunga muvofiq boqishi kerak boʻlgan fuqarolarga taʼminot beriladi va uning soliqlar va boshqa majburiyatlar boʻyicha qarzlari toʻlanadi. Vasiylik va homiylik organi yoʻqolgan fuqaroning qayerdaligi toʻgʻrisida maʼlumot olingan kundan boshlab bir yil oʻtganga qadar ham uning mol-mulkini muhofaza qiluvchi shaxsni belgilashi mumkin. Shaxsni bedarak yoʻqolgan deb topishning ushbu moddada nazarda tutilmagan oqibatlari qonun bilan belgilanadi.
- FuqarolikCIVIL · 340-modda
Majburiyatlarning bekor boʻlish asoslari
Majburiyat ushbu Kodeksda, boshqa qonun hujjatlarida yoki shartnomada nazarda tutilgan asoslarga koʻra toʻliq yoki qisman bekor boʻladi. Majburiyatni taraflardan birining talabi bilan bekor qilishga qonunchilik yoki shartnomada nazarda tutilgan hollardagina yoʻl qoʻyiladi.
- FuqarolikCIVIL · 341-modda
Majburiyatning bajarilishi bilan bekor boʻlishi
Majburiyat, qoida tariqasida, uning lozim darajada bajarilishi bilan bekor boʻladi.
- FuqarolikCIVIL · 342-modda
Voz kechish haqi
Taraflarning kelishuviga muvofiq majburiyat uni bajarish oʻrniga voz kechish haqini berish (pul toʻlash, mol-mulk berish va shu kabilar) bilan bekor qilinishi mumkin. Voz kechish haqining miqdori, muddatlari va uni berish tartibini taraflar belgilaydilar.
- FuqarolikCIVIL · 343-modda
Hisobga oʻtkazish bilan majburiyatning bekor boʻlishi
Muddati toʻlgan yoki muddati koʻrsatilmagan yoxud talab qilish payti bilan belgilangan muqobil oʻxshash talab hisobga oʻtkazilishi bilan majburiyat toʻliq yoki qisman bekor boʻladi. Hisobga oʻtkazish uchun bir tarafning arizasi kifoya qiladi.
- FuqarolikCIVIL · 344-modda
Hisobga oʻtkazishga yoʻl qoʻyilmasligi
Quyidagi talablarni hisobga oʻtkazishga yoʻl qoʻyilmaydi: daʼvo muddati oʻtgan talablarni; fuqaroning sogʻligiga shikast yetishi yoki uning vafoti munosabati bilan yetkazilgan zararni toʻlash haqidagi talabini; alimentlar undirish haqidagi talabni; umrbod asrash sharti bilan uy-joyni boshqa shaxsga topshirish talabini; qonunda yoki shartnomada nazarda tutilgan boshqa hollardagi talabni.
- FuqarolikCIVIL · 345-modda
Talabdan boshqa shaxs foydasiga voz kechilganida hisobga oʻtkazish
Talabdan boshqa shaxs foydasiga voz kechilgan taqdirda qarzdor oʻzining dastlabki kreditorga muqobil talabini yangi kreditorning talabiga qarshi hisobga oʻtkazishga haqli. Agar talab qarzdor bu talabdan boshqa shaxs foydasiga voz kechilgani toʻgʻrisidagi bildirishni olgan paytgacha mavjud boʻlgan asosga koʻra vujudga kelgan boʻlsa va talab qilish muddati ana shu bildirish olinguncha kelgan boʻlsa yoki ushbu muddat koʻrsatilmagan yoxud talab qilish payti bilan belgilangan boʻlsa, hisobga olish amalga oshiriladi.
- FuqarolikCIVIL · 346-modda
Qarzdor bilan kreditor bir shaxs boʻlib qolganida majburiyatning bekor boʻlishi
Qarzdor bilan kreditor bir shaxs boʻlib qolganida majburiyat bekor boʻladi.
- FuqarolikCIVIL · 347-modda
Majburiyat yangilanishi bilan uning bekor boʻlishi
Taraflar oʻz oʻrtalaridagi dastlabki majburiyatni boshqa narsani yoki boshqacha ijro etish usulini nazarda tutuvchi yangi majburiyat bilan almashtirish (majburiyatni yangilash) haqida kelishib olsalar, majburiyat bekor boʻladi. Hayot yoki sogʻliqqa yetkazilgan zararni qoplash va alimentlarga nisbatan majburiyatlar xususida yangilashni amalga oshirishga yoʻl qoʻyilmaydi. Agar taraflarning kelishuviga muvofiq boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, majburiyatni yangilash dastlabki majburiyat bilan bogʻliq boʻlgan qoʻshimcha majburiyatlarni bekor qiladi.
- FuqarolikCIVIL · 348-modda
Qarzdan voz kechish
Kreditor qarzdorni uning zimmasidagi majburiyatlardan ozod qilishi bilan, agar bu hol boshqa shaxslarning kreditor mol-mulkiga nisbatan huquqlarini buzmasa, majburiyat bekor boʻladi.
- FuqarolikCIVIL · 349-modda
Bajarish mumkin boʻlmaganligi tufayli majburiyatning bekor boʻlishi
Agar taraflardan birontasi ham javob bermaydigan vaziyat tufayli majburiyatni bajarish mumkin boʻlmay qolsa, u bekor boʻladi. Basharti, qarzdor majburiyatni kreditorning aybli harakatlari tufayli bajarishi mumkin boʻlmasa, kreditor oʻzining majburiyat boʻyicha bajarganlarini qaytarib berishni talab qilishga haqli emas.