Majburiyatlarni buzganlik uchun javobgarlik asoslari
Qarzdor aybi boʻlgan taqdirda majburiyatni bajarmaganligi yoki lozim darajada bajarmaganligi uchun, agar qonunchilikda yoki shartnomada boshqacha tartib belgilanmagan boʻlsa, javob beradi. Qarzdor majburiyatni lozim darajada bajarish uchun oʻziga bogʻliq boʻlgan hamma choralarni koʻrganligini isbotlasa, u aybsiz deb topiladi.
Aybning yoʻqligi majburiyatni buzgan shaxs tomonidan isbotlanadi.
Basharti, qonunda yoki shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishda majburiyatni bajarmagan yoki lozim darajada bajarmagan shaxs majburiyatni lozim darajada bajarishga yengib boʻlmaydigan kuch, yaʼni favqulodda va muayyan sharoitlarda oldini olib boʻlmaydigan vaziyatlar (fors-major) tufayli imkon boʻlmaganligini isbotlay olmasa, javobgar boʻladi. Qarzdorning shartlashuvchi sheriklari tomonidan majburiyatlarning buzilishi, majburiyatni bajarish uchun zarur tovarlarning bozorda yoʻqligi, qarzdorda zarur pul mablagʻlarining boʻlmaganligi bunday vaziyatlar jumlasiga kirmaydi.
Majburiyatni qasddan buzganlik uchun javobgarlikni bartaraf qilish yoki cheklash toʻgʻrisidagi avvaldan kelishilgan bitim u tuzilgan paytdan boshlab haqiqiy emas.
Bu sizning vaziyatingizga tegishlimi?
Nima boʻlganini tasvirlab bering, Yurideks sizga muhim moddalarni koʻrsatadi.
Savol berish