Qonun toʻplami
Yurideks yordamchisi foydalanadigan qonun moddalarining namunaviy toʻplami. Mavzu boʻyicha filtrlang yoki toʻliq matndan qidiring.
2695 ta modda topildi
- FuqarolikCIVIL · 313-modda
Kreditor huquqlarining boshqa shaxsga oʻtish asoslari va tartibi
Majburiyat asosida kreditorga tegishli boʻlgan huquq (talab) uning tomonidan bitim boʻyicha boshqa shaxsga oʻtkazilishi (talabdan boshqa shaxs foydasiga voz kechish) yoki qonun asosida boshqa shaxsga oʻtishi mumkin. Kreditorning huquqlari boshqa shaxsga oʻtishi uchun, agar qonun yoki shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, qarzdorning roziligi talab qilinmaydi. Agar qarzdor kreditorning huquqlari boshqa shaxsga oʻtganligi haqida yozma ravishda xabardor qilingan boʻlmasa, yangi kreditor shu tufayli kelib chiqqan oʻzi uchun noqulay oqibatlar xavfini oʻz zimmasiga oladi. Mazkur holda majburiyatning dastlabki kreditorga nisbatan bajarilishi tegishli kreditorga nisbatan bajarish deb hisoblanadi. Kreditor huquqlarining boshqa shaxsga oʻtishi haqidagi qoidalar regress talablarga nisbatan qoʻllanilmaydi.
- FuqarolikCIVIL · 314-modda
Boshqa shaxslarga oʻtishi mumkin boʻlmagan huquqlar
Kreditorning shaxsi bilan chambarchas bogʻlangan huquqlarning, xususan alimentlar toʻgʻrisidagi va hayotga yoki sogʻliqqa yetkazilgan zararni toʻlash toʻgʻrisidagi talablarning boshqa shaxsga oʻtishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
- FuqarolikCIVIL · 315-modda
Boshqa shaxsga oʻtadigan kreditor huquqlarining hajmi
Agar qonunda yoki shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, dastlabki kreditorning huquqi yangi kreditorga huquq oʻtish paytida mavjud boʻlgan hajmda va shartlar asosida oʻtadi. Xususan yangi kreditorga majburiyatning bajarilishini taʼminlaydigan huquqlar, shuningdek talab bilan bogʻliq boshqa huquqlar, shu jumladan toʻlanmagan foizlarga huquq ham oʻtadi.
- FuqarolikCIVIL · 316-modda
Yangi kreditor huquqlarining isboti
Oʻz talabidan boshqa shaxs foydasiga voz kechgan kreditor talab qilish huquqini tasdiqlovchi hujjatlarni unga berishi va talabni amalga oshirish uchun ahamiyatli boʻlgan maʼlumotlarni bildirishi kerak. Qarzdor talablar yangi kreditorga oʻtganligini isbotlovchi hujjatlar oʻziga taqdim etilmagunicha unga nisbatan majburiyatni bajarmaslikka haqli.
- FuqarolikCIVIL · 317-modda
Qarzdorning yangi kreditor talabiga qarshi eʼtirozlari
Qarzdor majburiyat boʻyicha huquqlar yangi kreditorga oʻtganligi haqida ogohlantirish olgan paytida dastlabki kreditorga qarshi eʼtirozlarini yangi kreditorning talabiga qarshi qoʻyishga haqli.
- FuqarolikCIVIL · 318-modda
Kreditor huquqlarining qonun asosida boshqa shaxsga oʻtishi
Kreditorning majburiyat boʻyicha huquqlari boshqa shaxsga quyidagi hollarda oʻtadi: 1) kreditor huquqlaridagi universal huquqiy vorislik natijasida; 2) kreditor huquqlarini boshqa shaxsga oʻtkazish toʻgʻrisidagi sudning qaroriga muvofiq; 3) qarzdorning majburiyati ushbu majburiyat boʻyicha qarzdor boʻlmagan kafil yoki garovga qoʻyuvchi tomonidan bajarilishi oqibatida; 4) sugʻurta holati boshlanishi uchun javobgar boʻlgan qarzdorga nisbatan kreditor huquqlarining sugʻurta qiluvchiga subrogatsiyasi (oʻtishi) natijasida; 5) qonunda nazarda tutilgan boshqa hollarda.
- FuqarolikCIVIL · 319-modda
Talabdan boshqa shaxs foydasiga voz kechish shartlari
Kreditorning oʻz talabidan boshqa shaxs foydasiga voz kechishiga, basharti u qonunchilikka yoki shartnomaga zid boʻlmasa, yoʻl qoʻyiladi. Kreditorning shaxsi qarzdor uchun muhim ahamiyatga ega boʻlgan majburiyat boʻyicha talabdan qarzdorning roziligisiz boshqa shaxs foydasiga voz kechishga yoʻl qoʻyilmaydi.
- FuqarolikCIVIL · 32-modda
Vasiylik va homiylik
Vasiylik va homiylik muomalaga layoqatsiz yoki muomalaga toʻliq layoqatli boʻlmagan fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish uchun belgilanadi. Voyaga yetmaganlarga vasiylik va homiylik ularni tarbiyalash maqsadida ham belgilanadi. Vasiylar va homiylarning bunga tegishli huquq va burchlari qonunchilik bilan belgilanadi. Vasiylar va homiylar oʻz himoyalaridagi shaxslarning huquq va manfaatlarini har qanday shaxslar bilan munosabatlarda, shu jumladan, sudlarda ham maxsus vakolatsiz himoya qiladilar. Voyaga yetmaganlarga vasiylik va homiylik ularning ota-onasi, farzandlikka oluvchilari boʻlmagan, ota-onasi sud tomonidan ota-onalik huquqlaridan mahrum qilingan taqdirda, shuningdek bunday fuqarolar boshqa sabablarga koʻra ota-ona himoyasidan mahrum boʻlib qolgan, xususan, ota-ona ularni tarbiyalashdan yoxud ularning huquq va manfaatlarini himoya qilishdan boʻyin tovlagan hollarda belgilanadi.
- FuqarolikCIVIL · 320-modda
Talabdan boshqa shaxs foydasiga voz kechish shakli
Oddiy yozma yoki notarial shaklda tuzilgan bitimga asoslangan talabdan boshqa shaxs foydasiga voz kechish oʻsha shaklda amalga oshirilishi kerak. Davlat roʻyxatidan oʻtkazish talab qilinadigan bitim boʻyicha talabdan boshqa shaxs foydasiga voz kechish ushbu bitimni roʻyxatga olish uchun belgilab qoʻyilgan tartibda roʻyxatga olinishi kerak. Orderli qimmatli qogʻoz boʻyicha talabdan boshqa shaxs foydasiga voz kechish ushbu qimmatli qogʻozga indossament (talab qilish huquqini oʻtkazish yozuvi) yoʻli bilan amalga oshiriladi.
- FuqarolikCIVIL · 321-modda
Talabdan boshqa shaxs foydasiga voz kechgan kreditorning javobgarligi
Talabdan boshqa shaxs foydasiga voz kechgan dastlabki kreditor yangi kreditor oldida unga oʻtkazilgan talabning haqiqiy emasligi uchun javob beradi, biroq qarzdor bu talabni bajarmaganligi uchun javob bermaydi, dastlabki kreditor yangi kreditor oldida qarzdor uchun oʻz zimmasiga kafolatni olgan hollar bundan mustasno.
- FuqarolikCIVIL · 322-modda
Qarzni boshqa shaxsga oʻtkazish
Qarzdorning oʻz qarzini boshqa shaxsga oʻtkazishiga faqat kreditorning roziligi bilan yoʻl qoʻyiladi. Yangi qarzdor kreditor bilan dastlabki qarzdor oʻrtasidagi munosabatlarga asoslangan barcha eʼtirozlarni kreditor talabiga qarshi qoʻyishga haqli. Agar kafil yoki garovga qoʻyuvchi yangi qarzdor uchun javob berishga rozi boʻlmasalar, qarz boshqa shaxsga oʻtkazilishi bilan kafillik yoki uchinchi shaxs tomonidan belgilangan garov bekor boʻladi. Qarzni boshqa shaxsga oʻtkazish shakliga ushbu Kodeks 320-moddasining birinchi va ikkinchi qismlaridagi qoidalar tegishincha qoʻllaniladi.
- FuqarolikCIVIL · 323-modda
Qarzni va ijroni bir paytda boshqa shaxsga oʻtkazish
Qarzdorni qarzni toʻlash majburiyatidan ozod qilmagan holda qarzni yoki uning qismini boshqa shaxsga oʻtkazishga ruxsat beriladi. Bu holda har ikkala qarzdor majburiyatning bajarilishi uchun solidar javobgar boʻladi. Qarzdorning uchinchi shaxs bilan shartnomasi asosida uchinchi shaxs majburiyatning bajarilishi boʻyicha kreditor oldida emas, balki faqat qarzdor oldida burchli boʻladi.
- FuqarolikCIVIL · 324-modda
Qarzdorning zararni toʻlash majburiyati
Qarzdor majburiyatni bajarmaganligi yoki lozim darajada bajarmaganligi tufayli kreditorga yetkazilgan zararni toʻlashi shart. Agar qonunchilikda yoki shartnomada oʻzgacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, zararni aniqlashda majburiyat bajarilishi kerak boʻlgan joyda, qarzdor kreditorning talablarini ixtiyoriy qanoatlantirgan kunda, bordi-yu, talab ixtiyoriy qanoatlantirilgan boʻlmasa, — daʼvo qoʻzgʻatilgan kunda mavjud boʻlgan narxlar eʼtiborga olinadi. Sud vaziyatga qarab, zararni toʻlash haqidagi talabni qaror chiqarilgan kunda mavjud boʻlgan narxlarni eʼtiborga olgan holda qanoatlantirishi mumkin. Boy berilgan foydani aniqlashda kreditor tomonidan uni olish uchun koʻrilgan choralar va shu maqsadda koʻrilgan tayyorgarliklar hisobga olinadi.
- FuqarolikCIVIL · 325-modda
Neustoyka va zarar
Agar majburiyatni bajarmaganlik yoki lozim darajada bajarmaganlik uchun neustoyka belgilangan boʻlsa, zararning neustoyka bilan qoplanmagan qismi toʻlanadi. Qonunda yoki shartnomada zararni emas, balki faqat neustoykani undirib olishga yoʻl qoʻyiladigan; zarar ham neustoykadan tashqari toʻla hajmda undirib olinishi mumkin boʻlgan; kreditorning tanloviga koʻra yoki neustoyka yoxud zarar undirib olinishi mumkin boʻlgan hollar belgilanishi mumkin.
- FuqarolikCIVIL · 326-modda
Neustoykani kamaytirish
Agar toʻlanishi lozim boʻlgan neustoyka kreditorning majburiyatini buzish oqibatlariga nomutanosibligi koʻrinib tursa, sud neustoykani kamaytirishga haqli. Bunda qarzdor majburiyatni qay darajada bajarganligi, majburiyatda ishtirok etayotgan taraflarning mulkiy ahvoli, shuningdek kreditorning manfaatlari eʼtiborga olinishi kerak. Sud alohida hollarda qarzdor va kreditorning manfaatlarini hisobga olib, kreditorga toʻlanishi lozim boʻlgan neustoykani kamaytirish huquqiga ega.
- FuqarolikCIVIL · 327-modda
Pul majburiyatini bajarmaganlik uchun javobgarlik
Boshqa shaxslarning pul mablagʻlarini gʻayriqonuniy ushlab qolish, ularni qaytarib berishdan bosh tortish, ularni toʻlashni boshqacha tarzda kechiktirish yoxud boshqa shaxs hisobidan asossiz olish yoki jamgʻarish natijasida ulardan foydalanganlik uchun ushbu mablagʻlar summasiga foiz toʻlanishi kerak. Foizlar miqdori kreditor yashaydigan joyda, kreditor yuridik shaxs boʻlganida esa, uning joylashgan yerida pul majburiyati yoki uning tegishli qismi bajarilgan kunda mavjud boʻlgan bank foizining hisob stavkasi bilan belgilanadi. Qarz sud tartibida undirib olinganida sud kreditorning talabini daʼvo qoʻzgʻatilgan kundagi yoki qaror chiqarilgan kundagi bank foizining hisob stavkasiga qarab qondirishi mumkin. Ushbu qoidalar qonunda yoki shartnomada boshqa foiz miqdori belgilangan boʻlmasa qoʻllaniladi. Kreditorning pul mablagʻlaridan qonunsiz foydalanish tufayli unga yetkazilgan zarar ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlariga asosan unga tegishi kerak boʻlgan foizlar summasidan oshib ketsa, kreditor qarzdordan zararning bu summadan ortiqcha boʻlgan qismini toʻlashni talab qilishga haqli.
- FuqarolikCIVIL · 328-modda
Majburiyatning qarzdor hisobidan bajarilishi
Qarzdor ashyoni tayyorlash va kreditorga mulk qilib operativ boshqarishga topshirish yoxud ashyoni foydalanish uchun kreditorga berish yoxud uning uchun muayyan ishni bajarish yoki unga xizmat koʻrsatish majburiyatini bajarmagan taqdirda kreditor, agar qonunchilikdan, shartnomadan yoki majburiyatning mohiyatidan boshqacha tartib anglashilmasa, uchinchi shaxslarga majburiyatni oqilona muddatda oqilona baholarda ijro etishni topshirishga yoinki uni oʻz kuchlari bilan bajarishga hamda qarzdordan qilingan zarur xarajatlarni va boshqa zararni toʻlashni talab qilishga haqli.
- FuqarolikCIVIL · 329-modda
Subsidiar javobgarlik
Qonunchilik yoki majburiyat shartlariga muvofiq asosiy qarzdor boʻlgan boshqa shaxsning javobgarligiga qoʻshimcha ravishda javobgar boʻlgan (subsidiar javobgarlik) shaxsga talablar qoʻyishdan oldin kreditor asosiy qarzdorga talab qoʻyishi kerak. Agar asosiy qarzdor kreditorning talabini qondirishdan bosh tortsa yoki kreditor undan qoʻyilgan talabga oqilona muddatda javob olmagan boʻlsa, bu talab subsidiar javobgar boʻlgan shaxsga qoʻyilishi mumkin. Kreditor asosiy qarzdorga boʻlgan oʻz talabini qondirishni subsidiar javobgar shaxsdan talab qilishga haqli emas, basharti bu talab asosiy qarzdorga muqobil talabni hisobga oʻtkazish yoki mablagʻlarni asosiy qarzdordan nizosiz undirib olish yoʻli bilan qondirilishi mumkin boʻlsa. Subsidiar javobgar shaxs oʻziga kreditor tomonidan qoʻyilgan talabni qondirishdan oldin bu haqda asosiy qarzdorni ogohlantirishi, bordi-yu bunday shaxsga nisbatan daʼvo qoʻzgʻatilgan boʻlsa — asosiy qarzdorni ishda qatnashishga jalb qilishi kerak. Aks holda asosiy qarzdor oʻzining kreditorga qarshi eʼtirozlarini subsidiar javobgar shaxsning regress talabiga qarshi qoʻyish huquqiga ega.
- FuqarolikCIVIL · 33-modda
Fuqaroni bedarak yoʻqolgan deb topish
Agar fuqaroning qayerdaligi haqida uning yashash joyida bir yil davomida maʼlumotlar boʻlmasa, manfaatdor shaxslarning arizasiga muvofiq sud bu fuqaroni bedarak yoʻqolgan deb topishi mumkin. Yoʻqolgan shaxs toʻgʻrisida oxirgi maʼlumotlar olingan kunni aniqlash mumkin boʻlmasa, bedarak yoʻqolgan deb hisoblash muddati yoʻqolgan shaxs toʻgʻrisida oxirgi maʼlumotlar olingan oydan keyingi oyning birinchi kunidan, bu oyni belgilash mumkin boʻlmagan taqdirda esa —keyingi yilning birinchi yanvaridan boshlanadi.
- FuqarolikCIVIL · 330-modda
Javobgarlik va majburiyatni asl holida bajarish
Basharti, qonunda yoki shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, majburiyat lozim darajada bajarilmagan taqdirda neustoyka toʻlash va zararni qoplash qarzdorni majburiyatni asl holida bajarishdan ozod qilmaydi. Basharti qonunda yoki shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, majburiyat bajarilmagan taqdirda zararni qoplash va uning bajarilmaganligi uchun neustoyka toʻlash qarzdorni majburiyatni asl holida bajarishdan ozod qiladi. Kechiktirib yuborish oqibatida oʻzi uchun ahamiyatini yoʻqotgan (ushbu Kodeks 337-moddasining ikkinchi qismi) ijroni kreditorning qabul qilishdan bosh tortishi, shuningdek voz kechish haqi tarzida belgilangan neustoykani toʻlash (ushbu Kodeksning 342-moddasi) qarzdorni majburiyatni asl holida bajarishdan ozod qiladi.