Qonun toʻplami
Yurideks yordamchisi foydalanadigan qonun moddalarining namunaviy toʻplami. Mavzu boʻyicha filtrlang yoki toʻliq matndan qidiring.
2695 ta modda topildi
- FuqarolikCIVIL · 296-modda
Qarzdor majburiyatini bajarganligi haqida kafilni xabardor qilish
Kafillik bilan taʼminlangan majburiyatni bajargan qarzdor bu haqda kafilni darhol xabardor qilishi shart. Aks holda oʻz navbatida majburiyatni bajargan kafil asossiz olinganni kreditordan undirib olishga yoki qarzdorga regress talab qoʻyishga haqli. Regress talab qoʻyilgan taqdipda qarzdor asossiz olingannigina kreditordan undirib olishga haqli.
- FuqarolikCIVIL · 297-modda
Kafilning xizmatlariga haq toʻlash
Agar shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, kafil qarzdorga koʻrsatgan xizmatlari uchun haq olish huquqiga ega.
- FuqarolikCIVIL · 298-modda
Kafillikning bekor boʻlishi
Kafillik bilan taʼminlangan majburiyat bekor boʻlgach, shuningdek ushbu majburiyat kafilning roziligisiz javobgarlikning oshishiga yoki uning uchun boshqa noqulay oqibatlarga olib keladigan tarzda oʻzgartirilgan taqdirda kafillik bekor boʻladi. Kafillik bilan taʼminlangan majburiyat boʻyicha qarz boshqa shaxsga oʻtkazilganida, agar kafil yangi qarzdor uchun javobgar boʻlish haqida kreditorga rozilik bergan boʻlmasa, shuningdek kafil taʼminlagan majburiyatni bajarish muddati kelganida kreditor qarzdor yoki kafil taklif qilgan tegishli ijroni qabul qilishdan bosh tortsa, kafillik bekor boʻladi. Shartnomada koʻrsatilgan kafillik muddati oʻtganidan keyin kafillik bekor boʻladi. Agar bunday muddat belgilangan boʻlmasa, kreditor kafillik bilan taʼminlangan majburiyatni bajarish muddati kelgan kundan boshlab bir yil davomida kafilga daʼvo qoʻzgʻatmagan taqdirda kafillik bekor boʻladi. Agar asosiy majburiyatni bajarish muddati koʻrsatilmagan va belgilanishi mumkin boʻlmagan yoki talab qilib olish payti bilan belgilangan boʻlsa, kreditor kafillik shartnomasi tuzilgan kundan boshlab bir yil mobaynida kafilga nisbatan daʼvo qoʻzgʻatmagan taqdirda kafillik bekor boʻladi.
- FuqarolikCIVIL · 299-modda
Kafolat tushunchasi
Kafolatga binoan bank, boshqa kredit muassasasi yoki sugʻurta tashkiloti (kafil) boshqa shaxs (prinsipal)ning iltimosiga koʻra kafil oʻz zimmasiga olayotgan majburiyat shartlariga muvofiq prinsipalning kreditori (benefitsiar) pul summasini toʻlash haqida yozma talabnoma taqdim etsa, pulni unga toʻlash haqida prinsipalga yozma majburiyat beradi.
- FuqarolikCIVIL · 3-modda
Fuqarolik qonunchiligi hujjatlari
Fuqarolik qonunchiligi ushbu Kodeksdan, ushbu Kodeks 2-moddasining birinchi, toʻrtinchi va beshinchi qismlarida koʻrsatilgan munosabatlarni tartibga soluvchi boshqa qonunlar hamda qonunchilik hujjatlaridan iborat. Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy Qonuni bilan maxsus huquqiy rejim oʻrnatilgan hududda fuqarolik-huquqiy munosabatlar ushbu Kodeksda belgilanganidan boshqacha qoidalar bilan tartibga solinadi. Boshqa qonunlar va qonunchilik hujjatlaridagi fuqarolik qonunchiligi normalari ushbu Kodeksga mos boʻlishi shart, bundan maxsus huquqiy rejim oʻrnatadigan Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy Qonuni bilan belgilangan hollar mustasno. Vazirliklar, idoralar va boshqa davlat organlari ushbu Kodeksda, boshqa qonunlar hamda qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda va doirada fuqarolik munosabatlarini tartibga soluvchi hujjatlar chiqarishi mumkin.
- FuqarolikCIVIL · 30-modda
Fuqaroni muomalaga layoqatsiz deb topish
Ruhiy kasalligi yoki aqli zaifligi oqibatida oʻz harakatlarining ahamiyatini tushuna olmaydigan yoki ularni boshqara olmaydigan fuqaroni sud qonunchilikda belgilab qoʻyilgan tartibda muomalaga layoqatsiz deb topishi mumkin va bunday fuqaroga vasiylik belgilanadi. Muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqaro nomidan bitimlarni uni vasiyi amalga oshiradi. Fuqaroning muomalaga layoqatsiz deb topilishiga sabab boʻlgan asoslar bekor boʻlsa, sud uni muomalaga layoqatli deb topadi va unga belgilangan vasiylikni bekor qiladi.
- FuqarolikCIVIL · 300-modda
Prinsipalning majburiyatlarini kafolat bilan taʼminlash
Kafolat prinsipalning benefitsiar oldidagi oʻz majburiyatini (asosiy majburiyatni) lozim darajada bajarishini taʼminlaydi. Kafolat berilgani uchun prinsipal kafilga haq toʻlaydi.
- FuqarolikCIVIL · 301-modda
Kafolatning asosiy majburiyatdan mustaqilligi
Kafilning benefitsiar oldidagi kafolatda nazarda tutilgan majburiyati ular oʻrtasidagi munosabatlarda bajarilishini taʼminlash uchun shu kafolat berilgan asosiy majburiyatga, garchi kafolatda ushbu majburiyatga havola qilingan boʻlsa-da, bogʻliq emas.
- FuqarolikCIVIL · 302-modda
Kafolatning chaqirib olinmasligi
Agar kafolatda boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, u kafil tomonidan chaqirib olinishi mumkin emas.
- FuqarolikCIVIL · 303-modda
Kafolat boʻyicha huquqlarning boshqa shaxsga oʻtkazilmasligi
Kafolat boʻyicha benefitsiarga tegishli boʻlgan kafilga talab qoʻyish huquqi, agar kafolatda boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, boshqa shaxsga oʻtkazilishi mumkin emas.
- FuqarolikCIVIL · 304-modda
Kafolatning kuchga kirishi
Agar kafolatda boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, u berilgan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
- FuqarolikCIVIL · 305-modda
Kafolat boʻyicha talab taqdim etish
Benefitsiarning kafolat boʻyicha pul summasini toʻlash haqidagi talabi kafolatda koʻrsatilgan hujjatlarni ilova qilgan holda kafilga yozma ravishda taqdim etilishi kerak. Talabda yoki unga ilovada benefitsiar prinsipalning taʼminlash uchun kafolat berilgan asosiy majburiyatni buzishi nimadan iboratligini koʻrsatishi kerak. Benefitsiarning talabi kafolatda belgilangan muddat tugaguncha kafilga taqdim etilishi kerak.
- FuqarolikCIVIL · 306-modda
Benefitsiarning talabini koʻrib chiqishda kafilning majburiyatlari
Kafil benefitsiarning talabini olganidan soʻng bu haqda darhol prinsipalni xabardor qilishi va unga talabning nusxasini barcha tegishli hujjatlar bilan topshirishi kerak. Kafil benefitsiarning talabini unga ilova qilingan hujjatlar bilan bipga kafolatda koʻrsatilgan muddatda koʻrib chiqishi, muddat koʻrsatilmaganda esa — mutanosib muddatda bu talab hamda unga ilova qilingan hujjatlar kafolat shartlariga mos kelishi yoki kelmasligini aniqlash uchun oqilona jonkuyarlik koʻrsatishi kerak.
- FuqarolikCIVIL · 307-modda
Kafilning benefitsiar talabini qondirishni rad etishi
Agar benefitsiarning talabi yoki unga ilova qilingan hujjatlar kafolat shartlariga mos kelmasa yoxud kafilga kafolatda belgilab qoʻyilgan muddat tamom boʻlganidan keyin taqdim etilgan boʻlsa, kafil benefitsiarning talabini qondirishni rad etadi. Kafil benefitsiarning talabini qondirishni rad etganligi haqida uni darhol xabardor qilishi shart. Agar benefitsiarning talabi qondirilgunga qadar kafolat bilan taʼminlangan asosiy majburiyat batamom yoki uning tegishli qismi bajarilganligi yoxud boshqa asoslarga koʻra bekor boʻlganligi yoinki haqiqiy emas deb topilganligi kafilga maʼlum boʻlib qolsa, u bu haqda darhol benefitsiarga va prinsipalga xabar berishi shart.
- FuqarolikCIVIL · 308-modda
Kafil majburiyatlarining chegaralari
Kafolatda nazarda tutilgan kafilning benefitsiar oldidagi majburiyati kafolat berilgan summani toʻlash bilan cheklanadi. Kafolat boʻyicha majburiyat bajarilmaganligi yoki lozim darajada bajarilmaganligi uchun kafilning benefitsiar oldidagi javobgarligi, agar kafolatda boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, kafolat berilgan summa bilan cheklanmaydi.
- FuqarolikCIVIL · 309-modda
Kafolatning bekor boʻlishi
Kafilning kafolat boʻyicha benefitsiar oldidagi majburiyati quyidagi hollarda bekor boʻladi: 1) kafolat berilgan summa benefitsiarga toʻlanishi; 2) kafolatda belgilangan muddatning tamom boʻlishi; 3) benefitsiar kafolat boʻyicha oʻz huquqlaridan voz kechishi va uni kafilga qaytarib berishi oqibatida; 4) benefitsiar kafilni uning majburiyatlaridan ozod qilishi haqida yozma ariza berish yoʻli bilan kafolat boʻyicha oʻz huquqlaridan voz kechishi oqibatida. Kafil majburiyatining ushbu modda birinchi qismining 1, 2 va 4-bandlarida koʻrsatilgan asoslar boʻyicha bekor qilinishi unga kafolat qaytarib berilgan yoki qaytarib berilmaganligiga bogʻliq boʻlmaydi. Kafolat bekor boʻlganligidan xabar topgan kafil darhol bu haqda prinsipalni xabardor qilishi kerak.
- FuqarolikCIVIL · 31-modda
Fuqaroning muomala layoqatini cheklash
Spirtli ichimliklarni yoki giyohvandlik vositalarini suiisteʼmol qilish natijasida oʻz oilasini ogʻir moddiy ahvolga solib qoʻyayotgan fuqaroning muomala layoqati sud tomonidan fuqarolik protsessual qonunchiligida belgilangan tartibda cheklab qoʻyilishi mumkin. Unga homiylik belgilanadi. Bunday fuqaro mayda maishiy bitimlarni mustaqil tuzish huquqiga ega. U boshqa bitimlarni homiyning roziligi bilangina tuzishi, shuningdek ish haqi, pensiya va boshqa daromadlar olishi hamda ularni tasarruf etishi mumkin. Biroq bunday fuqaro oʻzi tuzgan bitimlar boʻyicha va yetkazgan zarari uchun mustaqil ravishda mulkiy javobgar boʻladi. Fuqaroning muomala layoqati cheklanishiga sabab boʻlgan asoslar bekor boʻlsa, sud uning muomala layoqatini cheklashni bekor qiladi. Fuqaroga belgilangan homiylik sud qarori asosida bekor qilinadi.
- FuqarolikCIVIL · 310-modda
Kafilning prinsipalga regress talablari
Kafilning prinsipaldan kafolat boʻyicha benefitsiarga toʻlangan summalarni regress tartibida toʻlashni talab qilish huquqi kafilning prinsipal bilan bajarish yuzasidan kafolat berilgan kelishuvida belgilab qoʻyiladi. Agar kafilning prinsipal bilan kelishuvida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, kafil benefitsiarga kafolat shartlariga nomuvofiq tarzda yoki kafilning benefitsiar oldidagi majburiyatni buzganligi uchun toʻlangan summalarni qoplashni prinsipaldan talab qilishga haqli emas.
- FuqarolikCIVIL · 311-modda
Zakalat tushunchasi. Zakalat toʻgʻrisidagi kelishuv shakli
Shartnoma tuzayotgan taraflardan biri shartnoma tuzilganligini isbotlash va uning ijrosini taʼminlash yuzasidan beradigan pul summasi zakalat hisoblanadi. Zakalat toʻgʻrisidagi kelishuv zakalatning summasidan qatʼi nazar, yozma ravishda tuzilishi kerak. Shartnomadagi taraf amalga oshirishi kerak boʻlgan toʻlovlar hisobidan toʻlangan summa zakalat ekanligiga, xususan ushbu moddaning ikkinchi qismida belgilangan qoidaga rioya qilinmasligi oqibatida, shubha tugʻilgan taqdirda, bu summa, agar boshqa hol isbotlangan boʻlmasa, boʻnak sifatida toʻlangan deb hisoblanadi.
- FuqarolikCIVIL · 312-modda
Zakalat bilan taʼminlangan majburiyatni bekor qilish va bajarmaslik oqibatlari
Majburiyat uni bajarishdan oldin taraflarning kelishuviga muvofiq yoki bajarishning imkoni yoʻqligi oqibatida (ushbu Kodeksning 349-moddasi) bekor qilingan taqdirda zakalat puli qaytarib berilishi kerak. Agar shartnomaning bajarilmasligi uchun zakalat puli bergan taraf javobgar boʻlsa, zakalat ikkinchi tarafda qoladi. Agar shartnomaning bajarilmasligi uchun zakalat olgan taraf javobgar boʻlsa, qonunchilikda boshqacha qoida belgilangan boʻlmasa, u ikkinchi tarafga zakalatni ikki baravar qilib qaytarishi shart. Bundan tashqari, shartnomaning bajarilmasligi uchun javobgar boʻlgan taraf, agar shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, zakalat summasini hisobga olgan holda ikkinchi tarafga zararlarni toʻlashi shart.