Asosiy kontentga oʻtish
Yurideks
KirishRoʻyxatdan oʻtish
← Qonun toʻplamiga qaytish
FuqarolikCIVIL · 358¹-modda

Korporativ shartnoma

Xoʻjalik jamiyatining ishtirokchilari yoki ayrim ishtirokchilari oʻz aʼzolik huquqlarini amalga oshirish toʻgʻrisida oʻzaro korporativ shartnoma tuzishga haqli. Ushbu shartnomaga muvofiq mazkur xoʻjalik jamiyatining ishtirokchilari oʻz aʼzolik huquqlarini amalga oshirish yoki ularni amalga oshirishdan oʻzini tiyish (voz kechish), shu jumladan jamiyat ishtirokchilarining umumiy yigʻilishida ovoz berish, jamiyatni boshqarish boʻyicha harakatlarni kelishib amalga oshirish oʻz ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushlarini (aksiyalarini) maʼlum narxda yoki muayyan holatlar yuzaga kelganda qoʻlga kiritish yoki boshqa shaxsga berish yoxud qoʻlga kiritishdan yoki boshqa shaxsga berishdan oʻzini tiyish majburiyatini oladi.

Korporativ shartnoma yozma shaklda tuziladi va shartnoma taraflari uchun majburiydir.

Korporativ shartnomaga jamiyat ishtirokchilari jamiyat organlarining koʻrsatmalariga muvofiq ovoz berishi toʻgʻrisidagi va jamiyat organlarining tuzilishini hamda ularning vakolatlarini belgilash haqidagi shartlar kiritilishi mumkin emas. Mazkur shartlarga zid boʻlgan korporativ shartnomaning shartlari oʻz-oʻzidan haqiqiy emas.

Korporativ shartnoma taraflari xoʻjalik jamiyatini korporativ shartnoma tuzilganligi toʻgʻrisida shartnoma tuzilgan kundan eʼtiboran oʻn besh kundan kechiktirmay yozma shaklda xabardor qilishi shart, bunda uning mazmunini oshkor etish talab qilinmaydi. Xabarnoma taraflarning kelishuviga koʻra korporativ shartnoma taraflaridan biri tomonidan yuborilishi mumkin. Mazkur majburiyat bajarilmagan taqdirda, korporativ shartnoma taraflari boʻlmagan jamiyat ishtirokchilari oʻziga yetkazilgan zararning oʻrnini qoplashni talab qilishga haqlidir.

Agar korporativ shartnomada boshqacha tartib belgilangan boʻlmasa, korporativ shartnoma taraflaridan birining xoʻjalik jamiyati ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushiga (aksiyasiga) boʻlgan huquqining bekor boʻlishi qolgan taraflar uchun shartnomaning bekor boʻlishiga olib kelmaydi.

Korporativ shartnomada shartnomadan kelib chiqadigan majburiyatlarning bajarilishini taʼminlash usullari va bunday majburiyatlarni bajarmaganlik yoki lozim darajada bajarmaganlik uchun javobgarlik nazarda tutilishi mumkin.

Bu sizning vaziyatingizga tegishlimi?

Nima boʻlganini tasvirlab bering, Yurideks sizga muhim moddalarni koʻrsatadi.

Savol berish
Yurideks

Har bir insonning himoyalanish huquqi bor.