Ommaviy shartnoma
Tashkilot tomonidan tuzilgan hamda uning bunday tashkilot oʻz faoliyati xususiyatiga koʻra oʻziga murojaat qiladigan har bir shaxsga nisbatan amalga oshirishi shart boʻlgan tovarlar sotish, ishlar bajarish yoki xizmatlar koʻrsatish sohasidagi vazifalarini (chakana savdo, umumiy foydalanishdagi transportda yoʻlovchi tashish, aloqa xizmati, energiya bilan taʼminlash, tibbiy xizmat, mehmonxona xizmati va sh.k.) belgilab qoʻyadigan shartnoma ommaviy shartnoma deyiladi. Bunday tashkilot ommaviy shartnoma tuzishda bir shaxsni boshqa shaxsga nisbatan afzal koʻrishga haqli emas, qonunchilikda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
Tovarlar, ishlar va xizmatlarning bahosi, shuningdek ommaviy shartnomaning boshqa shartlari hamma isteʼmolchilar uchun bir xil qilib belgilanadi, qonunchilikda isteʼmolchilarning ayrim toifalari uchun imtiyozlar berilishiga yoʻl qoʻyiladigan hollar bundan mustasno.
Tashkilotning isteʼmolchiga tegishli tovarlarni berish, xizmatlar koʻrsatish, uning uchun tegishli ishlarni bajarish imkoniyati boʻla turib ommaviy shartnoma tuzishdan bosh tortishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Tashkilot ommaviy shartnoma tuzishdan asossiz bosh tortganida ushbu Kodeks 377-moddasining oltinchi va yettinchi qismlarida nazarda tutilgan qoidalar qoʻllaniladi.
Qonunda nazarda tutilgan hollarda Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati ommaviy shartnomalarni tuzish va bajarishda taraflar uchun majburiy boʻlgan qoidalar (namunaviy shartnomalar, qoidalar va h.k.) chiqarishi mumkin.
Ommaviy shartnomaning ushbu modda ikkinchi va beshinchi qismlari bilan belgilab qoʻyilgan talablarga mos kelmaydigan shartlari haqiqiy emas.
Bu sizning vaziyatingizga tegishlimi?
Nima boʻlganini tasvirlab bering, Yurideks sizga muhim moddalarni koʻrsatadi.
Savol berish