Asosiy kontentga oʻtish
Yurideks
KirishRoʻyxatdan oʻtish
← Qonun toʻplamiga qaytish
FuqarolikCIVIL · 646-modda

Buyurtmachining bajarilgan ishlarni qabul qilishi

Buyurtmachi bajarilgan ishni (uning natijasini) pudrat shartnomasida nazarda tutilgan muddatda va tartibda pudratchi ishtirokida koʻrib chiqishi va qabul qilishi, ish natijasini yomonlashtiradigan darajada shartnomadan chekinish yoki boshqa kamchiliklar aniqlangan taqdirda esa, bu toʻgʻrida pudratchiga darhol maʼlum qilishi shart.

Ishni qabul qilish vaqtida uning kamchiliklarini aniqlagan buyurtmachi bu kamchiliklar yoxud ularni tuzatish toʻgʻrisida keyinchalik talab qoʻyish mumkinligi dalolatnoma yoki qabul qilishni tasdiqlovchi boshqa hujjatda koʻrsatilgan hollardagina ularni vaj qilib keltirishga haqli.

Buyurtmachi ishni tekshirmasdan qabul qilgan boʻlsa, uni qabul qilishning oddiy usulida aniqlanishi mumkin boʻlgan kamchiliklar (ochiq koʻrinib turgan kamchiliklar)ni dalil qilib keltirish huquqidan mahrum boʻladi.

Buyurtmachi ish qabul qilib olinganidan soʻng unda pudrat shartnomasidan chekinishlar yoki ishni qabul qilishning oddiy usulida aniqlanishi mumkin boʻlmagan boshqa xil kamchiliklar (yashirin kamchiliklar)ni, shu jumladan, pudratchi qasddan yashirgan kamchiliklarni aniqlasa, ular aniqlanganidan soʻng oʻn kunlik muddat ichida bu toʻgʻrida pudratchiga xabar qilishi shart.

Buyurtmachi bilan pudratchi oʻrtasida bajarilgan ishning kamchiliklari yoki ularning sabablari yuzasidan nizo kelib chiqqan taqdirda, istagan tarafning talabi boʻyicha ekspertiza tayinlanishi kerak. Ekspertiza oʻtkazish xarajatlari pudratchi zimmasida boʻladi, ekspertiza pudrat shartnomasi buzilmaganligini yoki pudratchining harakatlari bilan aniqlangan kamchiliklar oʻrtasida sababiy bogʻlanish yoʻqligini aniqlagan hollar bundan mustasno. Bunday hollarda ekspertiza xarajatlarini ekspertiza oʻtkazishni talab qilgan taraf, agar ekspertiza taraflarning oʻzaro kelishuvi bilan tayinlangan boʻlsa, ikkala taraf teng miqdorda toʻlaydi.

Agar pudrat shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, buyurtmachi bajarilgan ishni qabul qilishdan bosh tortganida, pudratchi shartnomaga binoan ish natijasi buyurtmachiga topshirilishi kerak boʻlgan kundan boshlab bir oy oʻtgach va shundan keyin buyurtmachini ikki marta ogohlantirgan holda ish natijasini sotib yuborishga, tushgan pulni esa, pudratchiga tegishli hamma toʻlovlarni chegirib tashlab, notarial idoraning depozitiga buyurtmachining nomiga kiritib qoʻyishga haqli. Pudratchi pudrat narsasini sotish oʻrniga uni ushlab turish yoki keltirilgan zararni buyurtmachidan undirib olish huquqidan foydalanishga haqli.

Agar buyurtmachining bajarilgan ishni qabul qilishdan bosh tortishi ishni topshirish kechikib ketishiga sabab boʻlgan boʻlsa, tayyorlangan (qayta ishlangan) ashyoning tasodifan nobud boʻlish xavfi ashyo topshirilishi lozim boʻlgan paytda buyurtmachiga oʻtgan deb hisoblanadi.

Bu sizning vaziyatingizga tegishlimi?

Nima boʻlganini tasvirlab bering, Yurideks sizga muhim moddalarni koʻrsatadi.

Savol berish
Yurideks

Har bir insonning himoyalanish huquqi bor.