Qonun toʻplami
Yurideks yordamchisi foydalanadigan qonun moddalarining namunaviy toʻplami. Mavzu boʻyicha filtrlang yoki toʻliq matndan qidiring.
2695 ta modda topildi
- FuqarolikCIVIL · 1094-modda
Patent egasining majburiyati
Seleksiya yutugʻi patentining egasi oʻsimlikning tegishli navi yoki hayvonlarning tegishli zotini patentning amal qilish muddati davomida ularni roʻyxatga olish vaqtida tuzilgan nav yoki zot tavsifida aytib oʻtilgan belgilar saqlab qolinadigan tarzda asrashi shart.
- FuqarolikCIVIL · 1095-modda
Oshkor etilmagan axborotni muhofaza qilish huquqi
Uchinchi shaxslarga maʼlum boʻlmagan texnikaviy, tashkiliy yoki tijorat axborotiga, shu jumladan ishlab chiqarish sirlariga (nou-xau) qonunan ega boʻlib turgan shaxs uni (oshkor etilmagan axborotni), basharti ushbu Kodeksning 98-moddasida belgilab qoʻyilgan shartlarga rioya etilgan boʻlsa, noqonuniy foydalanishdan muhofaza qilish huquqiga ega. Oshkor etilmagan axborotni noqonuniy foydalanishdan muhofaza qilish huquqi bu axborotga nisbatan biron-bir rasmiyatchilikni bajarishdan (uni roʻyxatdan oʻtkazish, guvohnoma olish va hokazodan) qatʼi nazar vujudga keladi. Oshkor etilmagan axborotni muhofaza qilish qoidasi qonunga muvofiq xizmat yoki tijorat siri boʻla olmaydigan maʼlumotlarga (yuridik shaxslar toʻgʻrisidagi, mol-mulkka boʻlgan huquqlar va mol-mulk xususida tuzilib, davlat roʻyxatidan oʻtkaziladigan kelishuvlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarga, davlat statistika hisoboti tariqasida taqdim etiladigan maʼlumotlar va hokazolarga) nisbatan tatbiq etilmaydi. Oshkor etilmagan axborotni muhofaza qilish huquqi ushbu Kodeksning 98-moddasida nazarda tutilgan shartlar saqlanib turgan paytga qadar amal qiladi.
- FuqarolikCIVIL · 1096-modda
Oshkor etilmagan axborotdan noqonuniy foydalanganlik uchun javobgarlik
Oshkor etilmagan axborotni qonuniy asosi boʻlmay turib olgan yoki tarqatgan yoxud undan foydalanayotgan shaxs bu axborotga qonunan ega boʻlib turgan shaxsga axborotdan noqonuniy foydalanganlik natijasida yetkazilgan zararni toʻlashi shart. Oshkor etilmagan axborotdan noqonuniy foydalanayotgan shaxs bu axborotni uni tarqatishga huquqi boʻlmagan shaxsdan olgan boʻlsa, axborotni qoʻlga kirituvchi shaxs bundan bexabar boʻlsa va buni bilmasligi kerak boʻlsa (axborotni insofli egallovchi), oshkor etilmagan axborotning qonuniy egasi axborotni insofli egallovchi axborotdan foydalanayotganligi noqonuniy ekanligini bilib qolganidan soʻng oshkor etilmagan axborotdan foydalanganlik natijasida yetkazilgan zararlarni qoplashni undan talab qilishga haqlidir. Oshkor etilmagan axborotga qonunan ega boʻlib turgan shaxs bu axborotdan noqonuniy foydalanayotgan shaxsdan axborotdan foydalanishni darhol toʻxtatishni talab qilishga haqlidir. Biroq sud oshkor etilmagan axborotni insofli egallovchi undan foydalanganda sarflagan mablagʻlarini inobatga olib, bu axborotdan haq toʻlab olinadigan alohida litsenziya asosida bundan buyon ham foydalanishiga ruxsat etishi mumkin. Oshkor etilmagan axborot mazmunini tashkil etuvchi maʼlumotlarni mustaqil tarzda va qonunan olgan shaxs bu maʼlumotlardan, tegishli oshkor etilmagan axborot egasining huquqlaridan qatʼi nazar, foydalanishga haqli va bunday foydalanish uchun uning oldida javob bermaydi.
- FuqarolikCIVIL · 1097-modda
Oshkor etilmagan axborotni noqonuniy foydalanishdan muhofaza qilish huquqining boshqa shaxsga oʻtishi
Oshkor etilmagan axborotga ega boʻlgan shaxs bu axborot mazmunini tashkil etuvchi maʼlumotlarning hammasini yoki bir qismini litsenziya shartnomasi asosida boshqa shaxsga berishi mumkin. Litsenziat shartnoma boʻyicha olgan axborotlarning maxfiyligini muhofaza qilishga doir kerakli choralarni koʻrishi shart va uni uchinchi shaxslarning noqonuniy foydalanishidan muhofaza qilishda litsenziarniki singari huquqlarga ega. Shartnomada oʻzgacha hol nazarda tutilgan boʻlmasa, axborotlarning maxfiyligini saqlash majburiyati, basharti tegishli maʼlumotlar oshkor etilmagan axborot tariqasida qolaversa, litsenziya shartnomasi bekor boʻlganidan keyin ham litsenziatning zimmasida boʻladi.
- FuqarolikCIVIL · 1098-modda
Firma nomiga boʻlgan huquq
Yuridik shaxs tovarlarda, ularning idishi va oʻrovida, reklamada, peshlavhalarda, bosma maʼlumotnomalarda, hisobvaraqlarda, bosma nashrlarda, rasmiy blankalarda va oʻzining faoliyati bilan bogʻliq boshqa hujjatlarda, shuningdek mahsulotlarni Oʻzbekiston Respublikasi hududida oʻtkazilayotgan koʻrgazma va yarmarkalarda namoyish etish vaqtida firma nomidan foydalanishda alohida huquqqa ega. Yuridik shaxsning firma nomi uning taʼsis hujjatlarida koʻrsatiladi. Firma nomiga boʻlgan huquq yuridik shaxs davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan vaqtdan eʼtiboran yuzaga keladi. Yuridik shaxsning firma nomi tegishli yuridik shaxslarni aynan bir deb hisoblashga olib kelishi mumkin boʻlgan darajada avval roʻyxatdan oʻtkazilgan nomga oʻxshab ketadigan boʻlsa, u roʻyxatga olinishi mumkin emas.
- FuqarolikCIVIL · 1099-modda
Yuridik shaxsning firma nomidan tovar belgisida foydalanish
Yuridik shaxsning firma nomidan unga tegishli tovar belgisida foydalanilishi mumkin.
- FuqarolikCIVIL · 11-modda
Fuqarolik huquqlarini himoya qilish usullari
Fuqarolik huquqlari quyidagi yoʻllar bilan himoya qilinadi: huquqni tan olish; huquq buzilishidan oldingi holatni tiklash va huquqni buzadigan yoki uning buzilishi xavfini tugʻdiradigan harakatlarning oldini olish; bitimni haqiqiy emas deb topish va uning haqiqiy emasligi oqibatlarini qoʻllash; davlat organining yoki fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organining hujjatini haqiqiy emas deb topish; shaxsning oʻz huquqini oʻzi himoya qilishi; burchni aslicha (natura) bajarishga majbur qilish; zararni toʻlash; neustoyka undirish; maʼnaviy ziyonni qoplash; huquqiy munosabatni bekor qilish yoki oʻzgartirish; davlat organining yoki fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organining qonunga zid hujjatini sudning qoʻllamasligi. Fuqarolik huquqlari qonunda nazarda tutilgan boshqacha usullar bilan ham himoya qilinishi mumkin.
- FuqarolikCIVIL · 110-modda
Bitimlarni notarial tasdiqlash
Bitimni notarial tasdiqlash ushbu Kodeksning 107-moddasi talablariga mos keladigan hujjatda notarius yoki bunday notarial harakatni amalga oshirish huquqiga ega boʻlgan boshqa mansabdor shaxs tomonidan tasdiqlovchi ustxat yozib qoʻyish yoʻli bilan amalga oshiriladi. Quyidagi hollarda bitimlarni notarial tasdiqlash shart: 1) qonunda koʻrsatilgan hollarda; 2) taraflardan birining talabi boʻyicha.
- FuqarolikCIVIL · 1100-modda
Firma nomiga boʻlgan huquqning amal qilishi
Yuridik shaxsning belgisi tariqasida Oʻzbekiston Respublikasida roʻyxatga olingan nomga boʻlgan alohida huquq Oʻzbekiston Respublikasi hududida amal qiladi. Chet davlatda roʻyxatga olingan yoki umum eʼtirof etgan nomga Oʻzbekiston Respublikasi hududida alohida huquq qonunda nazarda tutilgan hollardagina amal qiladi. Firma nomiga boʻlgan huquqning amal qilishi yuridik shaxs tugatilishi bilan yoki uning firma nomi oʻzgarishi bilan bekor boʻladi.
- FuqarolikCIVIL · 1101-modda
Firma nomiga boʻlgan huquqni boshqa shaxsga berish
Yuridik shaxsning firma nomiga boʻlgan huquqni boshqa shaxsga berish va oʻtkazishga faqat yuridik shaxs qayta tashkil etilgan hamda umuman korxona boshqa shaxsga berilgan hollardagina yoʻl qoʻyiladi. Firma nomiga boʻlgan huquq egasi boshqa shaxsga oʻzining bu nomidan foydalanishga ruxsat etishi (litsenziya berishi) mumkin. Biroq bunda litsenziya shartnomasida isteʼmolchini chalgʻitib qoʻyishni istisno etuvchi choralar shart qilib qoʻyilishi lozim.
- FuqarolikCIVIL · 1102-modda
Tovar belgisini huquqiy jihatdan muhofaza qilish
Tovar belgisi (xizmat koʻrsatish belgisi) uni roʻyxatdan oʻtkazish asosida huquqiy jihatdan muhofaza qilinadi. Tovar belgisiga boʻlgan huquq tovar belgisi (xizmat koʻrsatish belgisi) roʻyxatga olinganligi toʻgʻrisidagi guvohnoma bilan tasdiqlanadi.
- FuqarolikCIVIL · 1103-modda
Tovar belgisidan foydalanish va uning daxlsizligi huquqi
Tovar belgisiga boʻlgan huquq egasi oʻziga tegishli belgidan foydalanishda va uni tasarruf etishda alohida huquqqa ega. Tovar belgisiga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritishdan iborat alohida huquq ham tovar belgisiga boʻlgan huquq egasiga tegishlidir. Tovar belgisini Qonunda belgilangan tartibda har qanday tarzda muomalaga kiritish undan foydalanish deb hisoblanadi. Tovar belgisini nashr etganda, uni koʻpchilik oldida ijro etganda yoki undan oʻzgacha tarzda foydalanganda tovar belgisining oʻziga ham, uning belgilariga ham biror-bir oʻzgartishlar kiritishga faqat unga boʻlgan huquq egasining roziligi bilan yoʻl qoʻyiladi. Tovar belgisining daxlsizligiga boʻlgan huquq tovar belgisiga boʻlgan huquq egasiga tegishlidir.
- FuqarolikCIVIL · 1104-modda
Tovar belgisidan foydalanmaganlik oqibatlari
Tovar belgisidan oxirgi uch yil davomida Oʻzbekiston Respublikasi hududida uzrli sababsiz uzluksiz foydalanilmagan taqdirda, uning roʻyxatdan oʻtkazilganligi istalgan manfaatdor shaxsning talabi boʻyicha sudning qaroriga asosan bekor qilinishi mumkin.
- FuqarolikCIVIL · 1105-modda
Tovar belgisiga boʻlgan huquqning boshqa shaxsga oʻtishi
Guvohnomada koʻrsatilgan tovarlar, ishlar va xizmatlarning barcha guruhlariga yoki bir qismiga nisbatan tovar belgisiga boʻlgan huquqni uning egasi shartnoma asosida boshqa shaxsga berishi mumkin. Tovar belgisiga boʻlgan huquqni, basharti u tovar yoki uning tayyorlovchisi haqida chalgʻishga sabab boʻlishi mumkin boʻlsa, boshqa shaxsga berishga yoʻl qoʻyilmaydi. Tovar belgisiga boʻlgan huquqning boshqa shaxsga oʻtishi, shu jumladan uni shartnoma asosida yoki huquqiy vorislik tartibida boshqa shaxsga berish vakolatli davlat organida roʻyxatdan oʻtkazilmogʻi lozim.
- FuqarolikCIVIL · 1106-modda
Tovar belgisiga boʻlgan huquqni boshqa shaxsga berish toʻgʻrisidagi shartnomaning shakli
Tovar belgisiga boʻlgan huquqni boshqa shaxsga berish toʻgʻrisidagi yoki litsenziya berish haqidagi shartnoma yozma shaklda tuzilishi va vakolatli davlat organida roʻyxatdan oʻtkazilishi lozim. Yozma shaklga va roʻyxatdan oʻtkazish talabiga rioya etmaslik shartnomaning haqiqiy emas deb topilishiga sabab boʻladi.
- FuqarolikCIVIL · 1107-modda
Tovar belgisiga boʻlgan huquqni buzganlik uchun javobgarlik
Tovar belgisidan qonunga xilof ravishda foydalanayotgan shaxs qoidabuzarlikni toʻxtatishi va tovar belgisining egasiga yetkazilgan zararni toʻlashi shart. Tovar belgisining egasi tovar belgisidan qonunga xilof ravishda foydalanayotgan shaxsdan zararlarning qoplanishi oʻrniga qonunda belgilangan miqdorda va tartibda tovon toʻlashini talab qilishga haqlidir. Tovar belgisidan qonunga xilof ravishda foydalanilgan holda ishlab chiqarilgan tovarlar hamda ularning oʻrovlari va yorliqlari qoidabuzar hisobidan olib qoʻyilishi hamda yoʻq qilinishi lozim.
- FuqarolikCIVIL · 1107¹-modda
Tovar belgisiga doir mutlaq huquqning tugashi
Bevosita tovar belgisining egasi tomonidan yoki uning roziligi bilan fuqarolik muomalasiga qonuniy tarzda kiritilgan tovarlarga nisbatan tovar belgisidan boshqa shaxslarning foydalanishi mazkur tovar belgisiga doir mutlaq huquqning buzilishi boʻlmaydi.
- FuqarolikCIVIL · 1108-modda
Tovar chiqarilgan joy nomini huquqiy jihatdan muhofaza qilish
Tovar chiqarilgan joy nomi uni roʻyxatga olish asosida huquqiy jihatdan muhofaza qilinadi. Mamlakat, aholi punkti, joy yoki boshqa joʻgʻrofiy obyektning tovarni belgilash uchun ishlatiladigan nomi alohida xususiyatlari tamomila yoki asosan ana shu joʻgʻrofiy obyektga xos tabiiy sharoitlar yoki boshqa omillar yoxud tabiiy sharoitlar va bu omillarning oʻzaro birikmasi bilan belgilanadigan tovar chiqarilgan joy nomi (kelib chiqish koʻrsatkichi) deb eʼtirof etiladi. Joʻgʻrofiy obyektning tarixiy nomi tovar chiqarilgan joyning nomi boʻlishi mumkin. Garchi joʻgʻrofiy obyektning nomi boʻlsa-da yoki shu nomni oʻz tarkibiga olgan boʻlsa-da, ammo Oʻzbekiston Respublikasida muayyan turdagi tovarning u tayyorlangan joy bilan bogʻliq boʻlmagan belgisi sifatida umumiy isteʼmolga kirib ketgan belgi tovar chiqarilgan joy nomi deb eʼtirof etilmaydi va ushbu paragraf qoidalariga muvofiq huquqiy muhofaza maqsadlarida roʻyxatdan oʻtkazilmaydi. Biroq bu hol bunday nomdan insofsizlik bilan foydalanish natijasida huquqi buzilgan shaxsni oʻz huquqlarini qonunda nazarda tutilgan boshqacha usullar bilan muhofaza qilish imkoniyatidan mahrum etmaydi. Tovar chiqarilgan joy nomini vakolatli davlat organi roʻyxatdan oʻtkazadi. Roʻyxatga olish asosida tovar chiqarilgan joy nomidan foydalanish huquqi toʻgʻrisida guvohnoma beriladi. Roʻyxatga olish, guvohnoma berish, roʻyxatga olishni haqiqiy emas deb topish hamda roʻyxatga olish va guvohnomaning amal qilishini toʻxtatish tartibi va shartlari qonun bilan belgilab qoʻyiladi.
- FuqarolikCIVIL · 1109-modda
Tovar chiqarilgan joy nomidan foydalanish huquqi
Tovar chiqarilgan joy nomidan foydalanish huquqiga ega boʻlgan shaxs bu nomni tovarda, idish va oʻrovda, reklamada, bosma maʼlumotnomalarda, hisobvaraqlarda ishlatish hamda ushbu tovarning fuqarolik muomalasiga kiritilishi munosabati bilan joy nomidan boshqacha tarzda foydalanishga haqlidir. Tovar chiqarilgan joyning nomi ushbu Kodeks 1108-moddasining birinchi, ikkinchi va uchinchi qismlarida aytib oʻtilgan talablarga javob beradigan tovarni belgilash uchun bir necha shaxs tomonidan ham birgalikda, ham bir-biridan mustaqil tarzda roʻyxatdan oʻtkazilishi mumkin. Tovar chiqarilgan joy nomidan foydalanish huquqi ana shu shaxslarning har biriga tegishlidir. Tovar chiqarilgan joy nomidan foydalanish huquqini boshqa shaxsga berishga, uni boshqa shaxsga oʻtkazish haqidagi boshqa bitimlarga va uni litsenziya asosida foydalanish uchun berishga yoʻl qoʻyilmaydi.
- FuqarolikCIVIL · 111-modda
Bitimlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish
Yer uchastkalari va boshqa koʻchmas mol-mulk bilan bogʻliq bitimlar (boshqa shaxsga berish, ipoteka, uzoq muddatli ijara, merosni qabul qilib olish va boshqalar) davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi kerak. Koʻchmas mol-mulk xususida tuzilgan bitimlarni roʻyxatdan oʻtkazish va tegishli reyestrlarni yuritish tartibi qonunchilik bilan belgilanadi. Qonunchilikda muayyan turdagi koʻchar mol-mulk xususida tuziladigan bitimlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish belgilab qoʻyilishi mumkin.