Qonun toʻplami
Yurideks yordamchisi foydalanadigan qonun moddalarining namunaviy toʻplami. Mavzu boʻyicha filtrlang yoki toʻliq matndan qidiring.
2695 ta modda topildi
- FuqarolikCIVIL · 1110-modda
Tovar chiqarilgan joy nomini huquqiy jihatdan muhofaza etishning amal qilish sohasi
Oʻzbekiston Respublikasida uning hududidagi tovarlar chiqarilgan joylarning nomlari huquqiy jihatdan muhofaza qilinadi. Boshqa davlatdagi tovar chiqarilgan joy nomi, basharti bu nom tovar chiqarilgan mamlakatda, shuningdek ushbu Kodeksga muvofiq vakolatli davlat organida roʻyxatdan oʻtkazilgan boʻlsa, Oʻzbekiston Respublikasida huquqiy jihatdan muhofaza qilinadi.
- FuqarolikCIVIL · 1111-modda
Tovar chiqarilgan joy nomidan qonunga xilof foydalanganlik uchun javobgarlik
Tovar chiqarilgan joy nomidan foydalanish huquqiga ega boʻlgan shaxs, shuningdek isteʼmolchilar huquqlarini himoya qiluvchi tashkilotlar bu nomdan qonunga xilof foydalanayotgan shaxsdan nomdan foydalanishni toʻxtatish, tovardan, uning idishi va oʻrovidan, blankalar va boshqa hujjatlardan qonunga xilof foydalanilayotgan nomni yoki nom bilan adashtiradigan tarzda juda oʻxshash belgini yoʻqotishni, tayyorlab qoʻyilgan nom tasvirlarini va nom bilan adashtiradigan tarzda oʻxshash belgilarni yoʻq qilib tashlashni, basharti buning iloji boʻlmasa tovarni va (yoki) idish va oʻrovni olib qoʻyish hamda yoʻq qilib tashlashni talab qilishga haqlidir. Tovar chiqarilgan joy nomidan foydalanish huquqiga ega boʻlgan shaxs bu huquqni buzuvchidan oʻziga yetkazilgan zararning qoplanishini talab qilishga haqlidir.
- FuqarolikCIVIL · 1112-modda
Vorislik asoslari
Vorislik vasiyat va qonun boʻyicha amalga oshiriladi. Qonun boʻyicha vorislik vasiyat mavjud boʻlmasa yoxud butun merosning taqdirini belgilamasa, shuningdek ushbu Kodeksda belgilangan boshqa hollarda amalga oshiriladi.
- FuqarolikCIVIL · 1113-modda
Meros tarkibi
Meros ochilgan paytda meros qoldiruvchiga tegishli boʻlgan, uning oʻlimidan keyin ham bekor boʻlmaydigan barcha huquq va majburiyatlar meros tarkibiga kiradi. Meros qoldiruvchining shaxsi bilan chambarchas bogʻliq boʻlgan huquq va majburiyatlar: yuridik shaxs hisoblangan tijorat tashkilotlari va boshqa tashkilotlarga aʼzolik, ularda ishtirok etish huquqlari, agar qonun yoki shartnomada boshqa hol belgilangan boʻlmasa; hayotga yoki sogʻliqqa yetkazilgan zarar uchun tovon undirish huquqi; aliment majburiyatlari tufayli yuzaga kelgan huquqlar va majburiyatlar; mehnat va ijtimoiy taʼminot toʻgʻrisidagi qonunchilik asosida pensiya, nafaqa va boshqa toʻlovlar olish huquqi; mulkiy huquqlar bilan bogʻliq boʻlmagan shaxsiy nomulkiy huquqlar meros tarkibiga kirmaydi. Meros qoldiruvchiga tegishli boʻlgan shaxsiy nomulkiy huquqlar va boshqa nomoddiy boyliklar merosxoʻrlar tomonidan amalga oshirilishi va himoya qilinishi mumkin.
- FuqarolikCIVIL · 1114-modda
Umumiy birgalikdagi mulk boʻlgan mol-mulkni meros qilib olish
Umumiy birgalikdagi mulk ishtirokchisining oʻlimi umumiy mol-mulkka boʻlgan huquqdagi uning ulushini aniqlash va ushbu Kodeksning 226-moddasida belgilangan tartibda umumiy mol-mulkni taqsimlash yoxud undan vafot etgan ishtirokchining ulushini ajratish uchun asos boʻladi. Bu holda meros vafot etgan ishtirokchining ulushiga toʻgʻri keladigan umumiy mol-mulkka nisbatan ochiladi, mol-mulkni natura holida taqsimlashning imkoni boʻlmaganida esa — bunday ulushning qiymatiga nisbatan ochiladi. Umumiy birgalikdagi mulk ishtirokchisi umumiy mol-mulkka boʻlgan huquqdagi oʻz ulushini vasiyat qilishga haqlidir, bu ulush uning vafotidan keyin ushbu moddaning birinchi qismiga muvofiq aniqlanadi.
- FuqarolikCIVIL · 1115-modda
Yer uchastkasiga boʻlgan huquqni meros qilib olish
Yer uchastkasiga boʻlgan huquqni meros qilib olish, agar qonunda boshqacha tartib belgilanmagan boʻlsa, ushbu Kodeks qoidalari bilan tartibga solinadi.
- FuqarolikCIVIL · 1116-modda
Merosning ochilishi
Meros fuqaroning oʻlimi yoki uning sud tomonidan vafot etgan deb eʼlon qilinishi oqibatida ochiladi. Meros qoldiruvchining oʻlgan kuni (zarurat boʻlganda payti ham), u vafot etgan deb eʼlon qilinganda esa, agar sudning qarorida boshqa muddat koʻrsatilgan boʻlmasa, vafot etgan deb eʼlon qilish toʻgʻrisidagi sudning qarori kuchga kiradigan kun meros ochilgan vaqt deb hisoblanadi. Agar biridan keyin boshqasi meros olishga haqli boʻlgan shaxslar bir kalendar sutka (yigirma toʻrt soat) ichida vafot etgan boʻlsalar, ular bir vaqtda vafot etgan deb hisoblanadilar, meros ularning har biridan keyin ochiladi va ulardan har birining merosxoʻrlari vorislikka chaqiriladilar.
- FuqarolikCIVIL · 1117-modda
Merosning ochilish joyi
Meros qoldiruvchining oxirgi doimiy yashab turgan joyi merosning ochilish joyi hisoblanadi. Agar meros qoldiruvchining oxirgi yashab turgan joyi nomaʼlum boʻlsa, meros qoldiruvchiga tegishli boʻlgan koʻchmas mulk yoki uning asosiy qismi turgan joy, koʻchmas mulk boʻlmagan taqdirda esa, koʻchar mulkning asosiy qismi turgan joy meros ochilgan joy deb hisoblanadi.
- FuqarolikCIVIL · 1118-modda
Merosxoʻrlar
Meros ochilgan paytda hayot boʻlgan fuqarolar, shuningdek meros qoldiruvchining hayotlik paytida homila holida boʻlgan va meros ochilgandan keyin tirik tugʻilgan bolalari vasiyat va qonun boʻyicha merosxoʻr boʻlishlari mumkin. Meros ochilgan paytda tuzilib boʻlgan yuridik shaxslar, shuningdek davlat va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari ham vasiyat boʻyicha merosxoʻr boʻlishlari mumkin.
- FuqarolikCIVIL · 1119-modda
Noloyiq merosxoʻrlarni merosdan chetlatish
Meros qoldiruvchini yoki ehtimol tutilgan merosxoʻrlardan birortasini qasddan oʻldirgan yoki ularning hayotiga suiqasd qilgan shaxslar vasiyat boʻyicha ham, qonun boʻyicha ham meros olish huquqiga ega emaslar. Vasiyat qiluvchi oʻz hayotiga suiqasd qilinganidan keyin vasiyatnoma bergan shaxslar bundan mustasno. Meros qoldiruvchi oʻzining oxirgi xohish-irodasini amalga oshirishiga qasddan toʻsqinlik qilgan va shu orqali oʻzlarining yoki oʻzlariga yaqin shaxslarning vorislikka chaqirilishiga yoxud merosning oʻzlariga yoki oʻzlariga yaqin shaxslarga tegishli ulushi koʻpaytirilishiga imkon yaratgan shaxslar vasiyatnoma boʻyicha ham, qonun boʻyicha ham meros olish huquqiga ega emaslar. Bolalariga nisbatan ota-onalik huquqlaridan mahrum etilgan va meros ochilgan paytda bu huquqlari tiklanmagan ota-onalar ana shu bolalardan qolgan mulkka voris boʻlish huquqiga ega emaslar, shuningdek meros qoldiruvchiga taʼminlab turish yuzasidan qonunga koʻra zimmalariga yuklatilgan majburiyatlarini bajarishdan boʻyin tovlagan ota-onalar (farzandlikka oluvchilar) va voyaga yetgan bolalar (farzandlikka olinganlar) qonun boʻyicha vorislik qilish huquqiga ega emaslar. Noloyiq merosxoʻrlarni vorislikdan chetlatish uchun asos boʻladigan holatlar bunday chetlatish keltirib chiqaradigan vorislik bilan bogʻliq mulkiy oqibatlarga daxldor shaxsning daʼvosi boʻyicha sud tomonidan belgilanadi. Ushbu modda qoidalari vasiyat majburiyatiga nisbatan ham qoʻllaniladi. Ushbu moddaning qoidalari har qanday merosxoʻrlarga, shu jumladan majburiy hissa olish huquqiga ega boʻlgan merosxoʻrlarga ham taalluqlidir.
- FuqarolikCIVIL · 112-modda
Bitimning notarial shakliga va uni roʻyxatdan oʻtkazish talabiga rioya qilmaslikning oqibatlari
Bitimning notarial shakliga yoki uni davlat roʻyxatidan oʻtkazish talabiga rioya qilmaslik bitimning haqiqiy emasligini keltirib chiqaradi. Bunday bitim oʻz-oʻzidan haqiqiy boʻlmaydi. Agar taraflardan biri notarial tasdiqlash talab qilinadigan bitimni toʻla yoki qisman bajargan boʻlsa, ikkinchi taraf esa — bitimni notarial rasmiylashtirishdan bosh tortsa, sud bitimni bajargan tarafning talabi boʻyicha uni haqiqiy deb hisoblashga haqlidir. Bu holda bitimni keyinchalik notarial rasmiylashtirish talab qilinmaydi. Agar davlat roʻyxatidan oʻtkazish talab qilinadigan bitim kerakli shaklda tuzilgan boʻlib, ammo taraflardan biri uni roʻyxatdan oʻtkazishdan bosh tortsa, sud boshqa tarafning talabi bilan bitimni roʻyxatdan oʻtkazish toʻgʻrisida qaror chiqarishga haqli. Bunday holda bitim sud qaroriga muvofiq roʻyxatdan oʻtkaziladi. Ushbu moddaning ikkinchi va uchinchi qismlarida nazarda tutilgan hollarda bitimni notarial tasdiqlash yoki davlat roʻyxatidan oʻtkazishdan asossiz bosh tortayotgan taraf bitimni tuzish kechiktirilganligi tufayli yetkazilgan zararni ikkinchi tarafga toʻlashi lozim.
- FuqarolikCIVIL · 1120-modda
Umumiy qoidalar
Fuqaroning oʻziga tegishli mol-mulkni yoki bu mol-mulkka nisbatan huquqini vafot etgan taqdirda tasarruf etish xususidagi xohish-irodasi vasiyat deb eʼtirof qilinadi. Vasiyatnoma shaxsan tuzilishi lozim. Vasiyatnomaning vakil orqali tuzilishiga yoʻl qoʻyilmaydi. Fuqaro oʻzining barcha mol-mulkini yoki uning muayyan qismini qonun boʻyicha merosxoʻrlar doirasiga kiradigan, shuningdek kirmaydigan bir yoki bir necha shaxsga, shu bilan birga yuridik shaxslarga, davlatga yoki fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlariga vasiyat qilishi mumkin. Vasiyat qiluvchi qonun boʻyicha merosxoʻrlardan bittasini, bir nechasini yoki hammasini izoh bermagan holda merosdan mahrum qilishga haqli. Qonun boʻyicha merosxoʻrni merosdan mahrum etish, agar vasiyatnomadan boshqa hol kelib chiqmasa, bu vasiyat qiluvchining taqdim etish huquqi boʻyicha vorislik qiladigan avlodlariga nisbatan tatbiq etilmaydi. Meros qoldiruvchi har qanday mol-mulk toʻgʻrisidagi farmoyishni oʻz ichiga oladigan vasiyatnoma tuzishga haqli. Meros qoldiruvchi vasiyat qilayotgan paytida oʻziga tegishli boʻlmagan mol-mulk toʻgʻrisidagi farmoyishni oʻz ichiga oladigan vasiyatnoma tuzishga haqli. Agar meros ochilgan paytga kelib, bunday mol-mulk unga tegishli boʻlib qolsa, tegishli farmoyish haqiqiy hisoblanadi. Meros qoldiruvchi vasiyatnoma tuzilganidan keyin uni istagan paytda bekor qilish va oʻzgartirish borasida erkin boʻlib, bunda bekor qilish yoki oʻzgartirish sabablarini koʻrsatishga majbur emas. Meros qoldiruvchi oʻzi vasiyatnomada merosxoʻr etib tayinlagan shaxslarga, oʻz navbatida vafot etishlari ehtimoli bilan oʻzlariga vasiyat qilingan mol-mulkni muayyan tarzda tasarruf etish xususida koʻrsatma berish majburiyatini yuklashga haqli emas.
- FuqarolikCIVIL · 1121-modda
Shartli vasiyatnoma
Vasiyat qiluvchi merosning olinishi uchun merosxoʻr xulq-atvorining xususiyatini qonuniy ravishda shart qilib qoʻyishga haqli. Merosxoʻrni tayinlash yoki vorislik huquqidan mahrum etish toʻgʻrisidagi farmoyishga kiritilgan gʻayriqonuniy shartlar haqiqiy boʻlmaydi. Vasiyatnomaga kiritilgan boʻlib, merosxoʻr oʻz salomatligining ahvoliga koʻra yoki boshqa obyektiv sabablar tufayli bajara olmaydigan shartlar merosxoʻrning daʼvosi boʻyicha haqiqiy emas deb topilishi mumkin.
- FuqarolikCIVIL · 1122-modda
Vorisdan keyingi vorislarni tayinlash
Vasiyat qiluvchi vasiyatnomada koʻrsatilgan merosxoʻr meros ochilgunga qadar vafot etishi, merosni qabul qilmasligi yoxud undan voz kechishi yoki noloyiq merosxoʻr sifatida ushbu Kodeksning 1119-moddasida nazarda tutilgan tartibda meros olishdan chetlashtirilishi ehtimolini, shuningdek vasiyatnoma boʻyicha merosxoʻr meros qoldiruvchining qonuniy shartlarini bajarmasligi ehtimolini nazarda tutgan holda boshqa merosxoʻrni (vorisdan keyingi vorisni) tayinlashi mumkin. Ushbu Kodeksga muvofiq merosxoʻr boʻla oladigan har qanday shaxs vorisdan keyingi voris etib tayinlanishi mumkin. Vasiyatnoma boʻyicha merosxoʻrning vorisdan keyingi voris zarariga merosdan voz kechishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
- FuqarolikCIVIL · 1123-modda
Mol-mulkning vasiyat qilinmagan qismini meros qilib olish
Mol-mulkning vasiyat qilinmagan qismi ushbu Kodeksning 1134 –– 1143-moddalarida nazarda tutilgan tartibda vorislikka chaqiriladigan qonun boʻyicha merosxoʻrlar oʻrtasida taqsimlanadi. Bu merosxoʻrlar jumlasiga mol-mulkning boshqa qismi vasiyatnoma boʻyicha meros qilib qoldirilgan qonun boʻyicha vorislar ham kiradilar.
- FuqarolikCIVIL · 1124-modda
Vasiyatnomaning shakliga doir umumiy qoidalar
Vasiyatnoma yozilgan joyi va vaqti koʻrsatilgan holda yozma shaklda tuzilishi lozim. Quyidagi vasiyatnomalar yozma shaklda tuzilgan hisoblanadi: notarial tasdiqlangan vasiyatnomalar; notarial tasdiqlangan vasiyatnomalarga tenglashtirilgan vasiyatnomalar. Yozma shakldagi vasiyatnoma vasiyat qiluvchining oʻz qoʻli bilan imzolanishi lozim. Agar vasiyat qiluvchi jismoniy nuqsonlari, kasalligi yoki savodsizligi tufayli vasiyatnomani oʻz qoʻli bilan imzolay olmasa, uning iltimosiga binoan notarius yoki qonunga muvofiq vasiyatnomani tasdiqlaydigan boshqa shaxs hozir boʻlganida vasiyat qiluvchi oʻz qoʻli bilan imzolay olmaganligining sabablari koʻrsatilgan holda vasiyatnomaga boshqa shaxs imzo qoʻyishi mumkin. Quyidagilar vasiyat qiluvchining oʻrniga vasiyatnomani imzolashi mumkin emas: notarius yoki vasiyatnomani tasdiqlovchi boshqa shaxs; vasiyatnoma kimning foydasiga tuzilgan yoki kimga nisbatan vasiyat majburiyati yuklatilgan boʻlsa, oʻsha shaxs, uning eri (xotini), bolalari, ota-onasi, nevaralari va chevaralari, shuningdek vasiyat qiluvchining qonun boʻyicha merosxoʻrlari; toʻliq muomala layoqatiga ega boʻlmagan fuqarolar; savodsizlar va vasiyatnomani oʻqiy olmaydigan boshqa shaxslar; yolgʻon guvohlik berganlik uchun muqaddam sudlangan shaxslar.
- FuqarolikCIVIL · 1125-modda
Notarial tasdiqlangan vasiyatnoma
Notarial tasdiqlangan vasiyatnoma vasiyat qiluvchi tomonidan yozilgan yoki uning soʻzlaridan notarius tomonidan yozib olingan boʻlishi lozim. Vasiyatnomani vasiyat qiluvchi soʻzlaridan notarius tomonidan yozib olish paytida umumiy qabul qilingan texnika vositalaridan (yozuv mashinkasi, shaxsiy kompyuter va hokazolardan) foydalanilishi mumkin. Vasiyat qiluvchining soʻzlaridan notarius tomonidan yozib olingan vasiyatnomani imzolashdan oldin vasiyat qiluvchi uning matnini notarius oldida toʻliq oʻqib chiqishi lozim. Agar vasiyat qiluvchi jismoniy nuqsonlari, kasalligi yoki savodsizligi tufayli vasiyatnomani shaxsan oʻqiy olmasa, vasiyatnomaning matni vasiyat qiluvchiga notarius tomonidan oʻqib eshittiriladi, bu haqda vasiyatnomada tegishlicha qayd etilib, vasiyat qiluvchi vasiyatnomani shaxsan oʻqiy olmaganligining sabablari koʻrsatiladi. Vasiyat qiluvchining xohishiga koʻra vasiyatnoma notarius tomonidan uning mazmuni bilan tanishib chiqilmasdan (maxfiy vasiyatnoma) tasdiqlanadi. Maxfiy vasiyatnomani vasiyat qiluvchi haqiqiy sanalmaslik xavfi ostida oʻz qoʻli bilan yozishi va imzolashi lozim. Vasiyatnoma ikki guvoh va notarius ishtirokida xatjildga solinib, xatjild yelimlanishi lozim, guvohlar oʻz familiyalari, ismlari, otalarining ismini va doimiy turar joylarini koʻrsatgan holda xatjildga imzo qoʻyadilar. Guvohlar imzo qoʻygan xatjild guvohlar va notariusning ishtirokida boshqa xatjildga solinadi va bu xatjild ham yelimlanadi, unga notarius tasdiqlash ustxatini yozib qoʻyadi.
- FuqarolikCIVIL · 1126-modda
Notarial tasdiqlangan vasiyatnomalarga tenglashtirilgan vasiyatnomalar
Quyidagi vasiyatnomalar notarial tasdiqlangan vasiyatnomalarga tenglashtiriladi: kasalxonalar, gospitallar, boshqa statsionar davolash muassasalarida davolanayotgan yoki keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslar uchun internat uylarida yashab turgan fuqarolarning ana shu kasalxonalar, gospitallar va boshqa davolash muassasalarining bosh vrachlari, ularning davolash ishlari boʻyicha oʻrinbosarlari yoki navbatchi vrachlari, shuningdek gospitallarning boshliqlari, keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslar uchun internat uylarining direktorlari yoki bosh vrachlari tomonidan tasdiqlangan vasiyatnomalari; fuqarolarning Oʻzbekiston Respublikasi bayrogʻi ostidagi kemalarda suzib yurgan vaqtidagi ana shu kemalarning kapitanlari tomonidan tasdiqlangan vasiyatnomalari; qidiruv ekspeditsiyalari yoki shu kabi boshqa ekspeditsiyalardagi fuqarolarning ana shu ekspeditsiyalar boshliqlari tomonidan tasdiqlangan vasiyatnomalari; harbiy xizmatchilarning, notariuslar boʻlmagan yerlarda joylashgan harbiy qismlarda esa, bu qismlarda ishlayotgan harbiy boʻlmagan fuqarolar, ularning oila aʼzolari va harbiy xizmatchilar oila aʼzolarining ham harbiy qismlarning komandirlari tomonidan tasdiqlangan vasiyatnomalari; ozodlikdan mahrum etish joylarida yoki qamoqda saqlanayotgan shaxslarning tegishli muassasalar boshliqlari tomonidan tasdiqlangan vasiyatnomalari; notarius boʻlmagan aholi punktlarida yashayotgan shaxslarning qonunga muvofiq notarial harakatlarni amalga oshirish huquqiga ega boʻlgan mansabdor shaxslar tomonidan tasdiqlangan vasiyatnomalari. Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan vasiyatnomalarga nisbatan ushbu Kodeksning 1125-moddasi qoidalari qoʻllaniladi, vasiyatnomani notarial tasdiqlash toʻgʻrisidagi talab bundan mustasno.
- FuqarolikCIVIL · 1127-modda
Vasiyatnomani bekor qilish va oʻzgartirish
Vasiyat qiluvchi istalgan vaqtda oʻz vasiyatnomasini toʻlaligicha bekor qilishga yoxud unda mavjud boʻlgan ayrim vasiyat farmoyishlarini yangi vasiyatnoma tuzish orqali bekor qilishga, oʻzgartirishga yoki toʻldirishga haqli. Vasiyatnoma vasiyat qiluvchi tomonidan yoki vasiyat qiluvchining yozma farmoyishiga binoan notarius yoxud boshqa mansabdor shaxslar tomonidan uning barcha nusxalarini yoʻq qilib tashlash yoʻli bilan bekor qilinishi mumkin. Yangi vasiyatnoma tuzish orqali oldin tuzilgan vasiyatnoma toʻlaligicha yoki uning keyingi vasiyatnomaga zid boʻlgan qismi bekor qilinadi. Agar vasiyat qiluvchi tomonidan keyingi vasiyatnoma oʻz navbatida bekor qilingan yoki oʻzgartirilgan boʻlsa, yangi vasiyatnoma tuzish orqali toʻlaligicha yoki qisman bekor qilingan oldingi vasiyatnoma qayta tiklanmaydi.
- FuqarolikCIVIL · 1128-modda
Vasiyatnomaning sir saqlanishi
Notarius, vasiyatnomani tasdiqlovchi boshqa mansabdor shaxs, shuningdek vasiyat qiluvchining oʻrniga vasiyatnomani imzolagan fuqaro meros ochilgunga qadar vasiyatnomaning mazmuniga, uning tuzilishi, bekor qilinishi yoki oʻzgartirilishiga daxldor maʼlumotlarni oshkor qilishga haqli emas.