Qonun toʻplami
Yurideks yordamchisi foydalanadigan qonun moddalarining namunaviy toʻplami. Mavzu boʻyicha filtrlang yoki toʻliq matndan qidiring.
2695 ta modda topildi
- FuqarolikCIVIL · 1129-modda
Vasiyatni talqin qilish
Vasiyatnoma notarius, vasiyatni ijro etuvchi yoki sud tomonidan talqin qilinganida undagi soʻzlar va iboralarning asl maʼnosi eʼtiborga olinadi. Vasiyatnomadagi biron-bir qoidaning asl maʼnosi noaniq boʻlsa, u boshqa qoidalar va umuman vasiyatnomaning mazmuni bilan taqqoslash orqali aniqlanadi.
- FuqarolikCIVIL · 113-modda
Nizoli va oʻz-oʻzidan haqiqiy boʻlmagan bitimlar
Bitim ushbu Kodeksda va boshqa qonunlarda belgilab qoʻyilgan asoslarga koʻra, sud haqiqiy emas deb topganligi sababli (nizoli bitim) yoki bunday deb topilishidan qatʼi nazar, haqiqiy emas deb hisoblanadi (oʻz-oʻzidan haqiqiy boʻlmagan bitim). Nizoli bitimni haqiqiy emas deb topish toʻgʻrisidagi talabni ushbu Kodeksda koʻrsatilgan shaxslar qoʻyishlari mumkin. Oʻz-oʻzidan haqiqiy boʻlmagan bitim haqiqiy emasligining oqibatlarini qoʻllanish toʻgʻrisidagi talabni har qanday manfaatdor shaxs qoʻyishi mumkin. Sud bunday oqibatlarni oʻz tashabbusi bilan qoʻllashga haqli.
- FuqarolikCIVIL · 1130-modda
Vasiyatnomaning haqiqiy emasligi
Tegishli shaklda tuzilmagan vasiyatnoma haqiqiy emas. Vasiyatnomaning haqiqiy emasligi ushbu Kodeksning bitimlar haqiqiy emasligi toʻgʻrisidagi qoidalarga ham asoslanadi. Vasiyatnomaning haqiqiy emas deb topilishidan mulkiy oqibatlarga ega boʻladigan shaxsning daʼvosi boʻyicha vasiyatnoma uni tuzish, imzolash va tasdiqlashning ushbu Kodeksda belgilangan tartibi buzilishi natijasida haqiqiy emas deb topilishi mumkin. Vasiyatnomadagi ayrim farmoyishlarning haqiqiy emasligi vasiyatnomaning qolgan qismi haqiqiyligiga daxl qilmaydi. Vasiyatnoma haqiqiy emas deb topilgan taqdirda, ushbu vasiyatnomaga binoan merosdan mahrum boʻlgan merosxoʻr umumiy asoslarda meros olish huquqiga ega boʻladi.
- FuqarolikCIVIL · 1131-modda
Vasiyatnomani ijro etish
Vasiyat qiluvchi vasiyatnomaning ijro etilishini oʻzi vasiyatnomada koʻrsatgan, merosxoʻr hisoblanmaydigan shaxsga (vasiyatnomani ijro etuvchiga) topshirishi mumkin. Bu shaxsning vasiyatnomaning ijro etuvchisi boʻlishga roziligi uning oʻz qoʻli bilan vasiyatnomaga yozgan ustxatida yoki vasiyatnomaga ilova qilingan arizasida aks ettirilishi lozim. Merosxoʻrlar oʻzaro kelishib, vasiyatnomaning ijrosini merosxoʻrlardan biriga yoxud boshqa shaxsga topshirishga haqlidirlar. Bunday kelishuvga erishilmagan taqdirda, vasiyatnomani ijro etuvchi bir yoki bir necha merosxoʻrning talabi bilan sud tomonidan tayinlanishi mumkin. Vasiyatnomani ijro etuvchi vasiyatnoma boʻyicha merosxoʻrlarni oldindan xabardor qilgan holda vasiyat qiluvchi tomonidan oʻz zimmasiga yuklatilgan majburiyatlarni bajarishdan istagan vaqtda voz kechish huquqiga ega. Vasiyatnomani ijro etuvchi merosxoʻrlarning arizasiga binoan sudning chiqargan qarori bilan ham oʻz majburiyatlaridan ozod qilinishi mumkin. Vasiyatnomani ijro etuvchi: merosni muhofaza qilishi va uni boshqarishi; barcha merosxoʻrlarni va vasiyat majburiyati yuzasidan huquq oluvchilarni meros ochilganligi toʻgʻrisida hamda ular foydasiga vasiyat majburiyatlari toʻgʻrisida xabardor qilish uchun imkon qadar barcha chora-tadbirlarni koʻrishi; meros qoldiruvchiga tegishli summalarni olishi; meros qoldiruvchining xohish-irodasi va qonunga muvofiq merosxoʻrlarga ularga tegishli mol-mulkni berishi; merosxoʻrlar zimmalariga yuklatilgan vasiyat majburiyatlarini ijro etishlarini taʼminlashi; vasiyat majburiyatlarini bajarishi yoxud vasiyatnoma boʻyicha merosxoʻrlardan vasiyat majburiyatlarini ijro etishlarini talab qilishi lozim. Vasiyatnomani ijro etuvchi merosni boshqarish hamda vasiyatnomani ijro etish bilan bogʻliq sud ishlarida va boshqa ishlarda oʻz nomidan qatnashishga haqli, shuningdek bunday ishlarda ishtirok etishga jalb etilishi mumkin. Vasiyatnomani ijro etuvchi oʻz majburiyatlarini merosni qarzlardan holi qilish, meros qoldiruvchiga tegishli summalarni undirish va barcha merosxoʻrlarning merosga egalik qilishga kirishishi uchun zarur boʻlgan oqilona muddat mobaynida amalga oshiradi. Har qanday holda ham koʻrsatilgan muddat meros ochilgan kundan boshlab bir yildan oshib ketmasligi kerak. Vasiyatnomani ijro etuvchi merosni boshqarish va vasiyatnomani ijro etish boʻyicha zarur xarajatlarni meros hisobidan undirish huquqiga ega. Vasiyatnomada uni ijro etuvchiga meros hisobidan haq toʻlash nazarda tutilishi mumkin. Vasiyatnoma ijro etib boʻlingach, vasiyatnomani ijro etuvchi merosxoʻrlarning talabiga binoan ularga hisobot taqdim etishi shart.
- FuqarolikCIVIL · 1132-modda
Vasiyat majburiyati
Vasiyat qiluvchi vasiyat boʻyicha merosxoʻrning zimmasiga bir yoki bir necha shaxs (vasiyat majburiyati yuzasidan huquq oluvchilar) foydasiga biron-bir majburiyatni (vasiyat majburiyatini) meros hisobidan bajarishni yuklashga haqli boʻlib, vasiyat majburiyati yuzasidan huquq oluvchilar vasiyat majburiyati bajarilishini talab qilish huquqini oladilar. Qonun boʻyicha vorislar jumlasiga kiradigan, shuningdek kirmaydigan shaxslar ham vasiyat majburiyati yuzasidan huquq oluvchilar boʻlishlari mumkin. Vasiyat majburiyati yuzasidan huquq oluvchiga meros tarkibiga kiradigan ashyoni mulk qilib yoki boshqa ashyoviy huquq qilib berish, meros tarkibiga kirmaydigan mol-mulkni uning uchun sotib olish va unga berish, uning uchun muayyan ishni bajarish, unga muayyan xizmatlar koʻrsatish va hokazolar vasiyat majburiyati narsasi boʻlishi mumkin. Vasiyat qiluvchi tomonidan zimmasiga vasiyat majburiyatini bajarish vazifasi yuklatilgan merosxoʻr bu vazifani oʻziga oʻtgan merosning meros qoldiruvchi qarzlarining oʻzi toʻlashi lozim boʻlgan qismini chegirib tashlagandan keyin qoladigan haqiqiy qiymati doirasidagina bajarishi lozim. Agar zimmasiga vasiyat majburiyati yuklatilgan merosxoʻr merosdan majburiy ulush olish huquqiga ega boʻlsa, uning vasiyat majburiyatini bajarish vazifasi oʻziga oʻtgan meros qiymatining majburiy ulush miqdoridan ortiq boʻlgan qismi bilan chegaralanadi. Vasiyat majburiyati barcha yoki bir necha merosxoʻr zimmasiga yuklatilgan hollarda, agar vasiyatnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, ularning har biri vasiyat majburiyatini merosdagi oʻz ulushiga mutanosib ravishda bajaradi. Vasiyat qiluvchi meros sifatida uy-joy, kvartira yoki boshqa turar joyni oladigan merosxoʻr zimmasiga turar joyni yoki uning bir qismini boshqa shaxsga umrbod foydalanish uchun berib qoʻyish majburiyatini yuklashga haqli. Turar joyga boʻlgan mulk huquqi keyinchalik boshqa shaxsga oʻtganida ham umrbod foydalanish huquqi oʻz kuchida qoladi. Turar joydan umrbod foydalanish huquqi boshqa shaxsga oʻtkazilmaydi, oʻzgaga berilmaydi va vasiyat majburiyati yuzasidan huquq oluvchining merosxoʻrlariga oʻtmaydi. Vasiyat majburiyati yuzasidan huquq oluvchiga berilgan turar joydan umrbod foydalanish huquqi, agar vasiyatnomada boshqacha tartib koʻrsatilgan boʻlmasa, uning oila aʼzolari mazkur turar joyda yashashi uchun asos hisoblanmaydi. Zimmasiga vasiyat majburiyati yuklatilgan merosxoʻr vafot etgan yoki u merosni qabul qilib olmagan taqdirda, vasiyat majburiyatini bajarish uning ulushini olgan boshqa merosxoʻrlarga yoxud, agar mol-mulk egasiz boʻlib qolsa, davlatga yoki fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organiga oʻtadi. Vasiyat majburiyati yuzasidan huquq oluvchi meros ochilgunga qadar yoki meros ochilgandan keyin, ammo vasiyatnoma boʻyicha merosxoʻr vasiyat majburiyatini qabul qilib olishga ulgurgan paytga qadar vafot etgan taqdirda vasiyat majburiyati bajarilmaydi. Vasiyat majburiyati yuzasidan huquq oluvchi meros qoldiruvchining qarzlari uchun javobgar boʻlmaydi.
- FuqarolikCIVIL · 1133-modda
Majburiyat yuklash
Vasiyat qiluvchi vasiyat boʻyicha merosxoʻr zimmasiga biron-bir harakatni sodir etish yoki sodir etishdan oʻzini tiyish majburiyatini yuklab, bu majburiyatni bajarishni kreditor sifatida talab qilish huquqini hech kimga bermasligi mumkin. Umumiy foydali maqsadni amalga oshirish uchun vasiyatnomani ijro etuvchining zimmasiga xuddi shunday majburiyat yuklatilib, bu majburiyatni bajarish uchun meros qoldiruvchi tomonidan mol-mulkning bir qismi ajratilishi mumkin. Mulkiy xususiyatga ega boʻlgan xatti-harakatni sodir etishdan iborat majburiyatga nisbatan tegishincha ushbu Kodeksning 1132-moddasida bayon etilgan qoidalar qoʻllaniladi. Agar ushbu Kodeksga muvofiq, majburiyatni bajarish zimmasida boʻlgan merosxoʻrga tegishi lozim boʻlgan yoki unga qarashli boʻlgan meros ulushi boshqa merosxoʻrga oʻtsa, majburiyatni bajarish bekor boʻladi.
- FuqarolikCIVIL · 1134-modda
Umumiy qoidalar
Qonun boʻyicha merosxoʻrlar vorislikka ushbu Kodeksning 1135 ––1141-moddalarida nazarda tutilgan navbat tartibida chaqiriladilar. Qonun boʻyicha vorislikda farzandlikka olingan shaxs va uning avlodlari, bir tarafdan, farzandlikka oluvchi shaxs va uning qarindoshlari, ikkinchi tarafdan, tugʻishgan qarindoshlarga tenglashtiriladilar. Farzandlikka olinganlar va ularning avlodlari farzandlikka olingan shaxsning ota-onasi hamda buva-buvilari, aka-ukalari, opa-singillari vafot etganidan keyin qonun boʻyicha meros olmaydilar. Farzandlikka olingan shaxsning ota-onasi hamda buva-buvilari, aka-ukalari, opa-singillari farzandlikka olingan shaxs va uning avlodlari vafot etganidan keyin qonun boʻyicha meros olmaydilar. Qonun boʻyicha vorislarning har bir navbati avvalgi navbatdagi merosxoʻrlar boʻlmagan, merosdan chetlashtirilgan, merosni qabul qilmagan yoxud undan voz kechgan taqdirda vorislik huquqiga ega boʻladi.
- FuqarolikCIVIL · 1135-modda
Qonun boʻyicha birinchi navbatdagi vorislar
Meros qoldiruvchining bolalari (shu jumladan farzandlikka olingan bolalari), eri (xotini) va ota-onasi (farzandlikka oluvchilar) teng ulushlarda qonun boʻyicha birinchi navbatdagi vorislik huquqiga ega boʻladilar. Meros qoldiruvchining vafotidan keyin tugʻilgan bolalari ham birinchi navbatdagi vorislar jumlasiga kiradilar.
- FuqarolikCIVIL · 1136-modda
Qonun boʻyicha ikkinchi navbatdagi vorislik
Meros qoldiruvchining tugʻishgan hamda ona (ota) bir ota (ona) boshqa aka-ukalari va opa-singillari, shuningdek uning ham ota, ham ona tarafdan bobosi va buvisi teng ulushlarda qonun boʻyicha ikkinchi navbatdagi vorislik huquqiga ega boʻladilar.
- FuqarolikCIVIL · 1137-modda
Qonun boʻyicha uchinchi navbatdagi vorislik
Meros qoldiruvchining tugʻishgan amakisi, togʻasi, ammasi va xolasi teng ulushlarda qonun boʻyicha uchinchi navbatdagi vorislik huquqiga ega boʻladilar.
- FuqarolikCIVIL · 1138-modda
Qonun boʻyicha toʻrtinchi navbatdagi vorislik
Meros qoldiruvchining oltinchi darajagacha (oltinchi daraja ham shunga kiradi) boʻlgan boshqa qarindoshlari qonun boʻyicha toʻrtinchi navbatdagi vorislik huquqiga ega boʻladilar, bunda yaqinroq qarindoshlar uzoqroq qarindoshlarga nisbatan meros olishda imtiyozli huquqqa ega boʻladilar. Vorislikka chaqiriladigan toʻrtinchi navbatdagi vorislar teng ulushlarda meros oladilar.
- FuqarolikCIVIL · 1139-modda
Qonun boʻyicha beshinchi navbatdagi vorislik
Meros qoldiruvchining mehnatga qobiliyatsiz boqimlari, agar ular ushbu Kodeksning 1141-moddasi asosida meros olmasalar, qonun boʻyicha beshinchi navbatdagi vorislik huquqiga ega boʻladilar.
- FuqarolikCIVIL · 114-modda
Bitimlar haqiqiy emasligining oqibatlari toʻgʻrisidagi umumiy qoidalar
Haqiqiy boʻlmagan bitim uning haqiqiy emasligi bilan bogʻliq boʻlgan oqibatlardan tashqari boshqa yuridik oqibatlarga olib kelmaydi va u tuzilgan paytidan boshlab haqiqiy emasdir. Bitim haqiqiy boʻlmaganida taraflarning har biri boshqasiga bitim boʻyicha olgan hamma narsani qaytarib berishi, olingan narsani aslicha (shu jumladan olingan narsa mol-mulkdan foydalanish, bajarilgan ish yoki koʻrsatilgan xizmat bilan ifodalanganda) qaytarib berish mumkin boʻlmaganida esa, agar bitim haqiqiy emasligining boshqa oqibatlari qonunda nazarda tutilgan boʻlmasa, uning qiymatini pul bilan toʻlashi shart. Manfaatlar toʻqnashuviga yoʻl qoʻyilgan holda tuzilgan bitim haqiqiy emas deb topilgan taqdirda, ushbu bitimni tuzish natijasida olingan foyda bitim boʻyicha olingan hamma narsani qaytarib berish toʻgʻrisida talab qoʻyilmagan holda, sud tartibida davlat daromadiga oʻtkaziladi. Bunday bitimni ijro etish bilan bogʻliq xarajatlarning oʻrni manfaatlar toʻqnashuviga yoʻl qoʻygan shaxsning hisobidan qoplanadi. Korrupsiyaga yoʻl qoʻyilgan holda tuzilgan bitim haqiqiy emas deb topilgan taqdirda, bunday bitimni tuzish natijasida jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararning oʻrni aybdor shaxslar tomonidan sud tartibida qoplanadi.
- FuqarolikCIVIL · 1140-modda
Taqdim qilish huquqi boʻyicha vorislik
Taqdim qilish huquqi boʻyicha vorislik qonun boʻyicha merosxoʻr meros ochilgunga qadar vafot etgan taqdirda, unga tegishli ulush uning avlodlariga oʻtishini nazarda tutadi, bunda ulush taqdim qilinayotgan qonun boʻyicha merosxoʻr bilan bir xil darajada qarindosh boʻlgan avlodlar oʻrtasida teng taqsimlanadi. Bola, nevara, chevara, evara merosxoʻrligida taqdim qilish huquqi qarindoshlik darajasi cheklanmagan holda amal qiladi, yon qarindoshlik boʻyicha merosxoʻrlikda taqdim qilish huquqiga meros qoldiruvchining tugʻishgan aka-ukalari (opa-singillari) nomidan uning jiyanlari yoxud meros qoldiruvchining tugʻishgan amakisi (togʻasi) yoki ammasi (xolasi) nomidan uning amakivachchalari (togʻavachchalari) va ammavachchalari (xolavachchalari) ega boʻladilar.
- FuqarolikCIVIL · 1140¹-modda
Merosni qabul qilib olish huquqining oʻtishi (meros transmissiyasi)
Agar vasiyatnoma boʻyicha yoki qonun boʻyicha vorislikka chaqirilgan merosxoʻr meros ochilganidan keyin uni qabul qilib olishga ulgurmasdan vafot etgan boʻlsa, unga tegishi kerak boʻlgan merosni qabul qilib olish huquqi uning qonun boʻyicha merosxoʻrlariga, agar barcha meros mol-mulk vasiyat qilingan boʻlsa, uning vasiyat boʻyicha merosxoʻrlariga oʻtadi (meros transmissiyasi). Meros transmissiyasi tartibida merosni qabul qilib olish huquqi bunday merosxoʻrning vafotidan keyin ochilgan meros tarkibiga kirmaydi. Vafot etgan merosxoʻrga tegishli merosni qabul qilib olish huquqi uning merosxoʻrlari tomonidan umumiy asoslarda amalga oshirilishi mumkin. Merosxoʻrning ushbu Kodeksning 1142-moddasida nazarda tutilgan merosning bir qismini majburiy ulush sifatida qabul qilib olish huquqi uning merosxoʻrlariga oʻtmaydi.
- FuqarolikCIVIL · 1141-modda
Meros qoldiruvchining mehnatga qobiliyatsiz boqimlari
Meros qoldiruvchining vafotiga qadar kamida bir yil uning qaramogʻida boʻlgan va u bilan birgalikda yashagan mehnatga qobiliyatsiz shaxslar qonun boʻyicha merosxoʻrlar jumlasiga kiradi. Qonun boʻyicha boshqa merosxoʻrlar boʻlgan taqdirda, mehnatga qobiliyatsiz boqimlar vorislikka chaqirilayotgan navbatning merosxoʻrlari bilan birgalikda meros oladilar. Ushbu Kodeksning 1136 –– 1138-moddalarida koʻrsatilgan qonun boʻyicha merosxoʻrlar jumlasiga mansub boʻlgan, biroq vorislikka chaqiriladigan navbatning merosxoʻrlari doirasiga kirmaydigan mehnatga qobiliyatsiz shaxslar, meros qoldiruvchi bilan birgalikda yashagan-yashamaganliklaridan qatʼi nazar, agar meros qoldiruvchining vafotiga qadar kamida bir yil uning qaramogʻida turgan boʻlsalar, ana shu vorislikka chaqiriladigan navbatning merosxoʻrlari bilan birgalikda meros oladilar. Qonun boʻyicha boshqa merosxoʻrlar boʻlgan taqdirda, ushbu modda asosida vorislikka chaqiriladigan shaxslarning hammasi birgalikda koʻpi bilan merosning toʻrtdan bir qismini meros qilib oladilar.
- FuqarolikCIVIL · 1142-modda
Merosdan majburiy ulush olish huquqi
Meros qoldiruvchining voyaga yetmagan yoki mehnatga qobiliyatsiz bolalari, shu jumladan farzandlikka olgan bolalari, shuningdek mehnatga qobiliyatsiz eri (xotini) va ota-onasi, shu jumladan uni farzandlikka olganlar, vasiyatnomaning mazmunidan qatʼi nazar, qonun boʻyicha voris boʻlganlarida ulardan har biriga tegishi lozim boʻlgan ulushning kamida yarmini (majburiy ulush) meros qilib oladilar. Majburiy ulush olish huquqiga ega boʻlgan merosxoʻr biron-bir asos boʻyicha merosdan oladigan hamma narsa, shu jumladan oddiy uy jihozlari va roʻzgʻor buyumlaridan iborat mol-mulkning qiymati ham, bunday merosxoʻr foydasiga qilingan vasiyat majburiyatining qiymati ham majburiy ulushga qoʻshiladi. Merosdan majburiy ulush olish huquqiga ega boʻlgan merosxoʻr uchun vasiyatnomada belgilangan har qanday cheklashlar va shartlar unga tegadigan merosning majburiy ulushdan ortiqcha qismiga nisbatangina haqiqiydir.
- FuqarolikCIVIL · 1143-modda
Meros olishda erning (xotinning) huquqi
Vasiyatnoma yoki qonun boʻyicha erga (xotinga) tegishli boʻlgan vorislik huquqi uning meros qoldiruvchi bilan nikohdagi holatiga bogʻliq boshqa mulkiy huquqlariga, shu jumladan nikohda boʻlib, birgalikda orttirilgan mol-mulkning muayyan qismiga nisbatan boʻlgan mulk huquqiga daxl qilmaydi.
- FuqarolikCIVIL · 1144-modda
Qonun boʻyicha meros olinganida merosni muhofaza qilish va uni boshqarish
Mol-mulkning bir qismi vasiyatnoma boʻyicha meros qilib olingan taqdirda, meros qoldiruvchi tomonidan tayinlangan vasiyatnoma ijrochisi butun merosni, shu jumladan uning qonun boʻyicha vorislik tartibida oʻtadigan qismini ham muhofaza qiladi va boshqaradi. Ushbu Kodeksning 1131-moddasiga muvofiq vasiyatnoma boʻyicha merosxoʻrlar yoki sud tomonidan tayinlangan vasiyatnoma ijrochisi, agar qonun boʻyicha merosxoʻrlar merosning qonun boʻyicha vorislik qilish tartibida oʻtadigan qismiga nisbatan koʻrsatilgan majburiyatlarni ijro etish uchun meros boshqaruvchisini tayinlashni talab qilmasalar, umuman butun merosni muhofaza qilish hamda uni boshqarish majburiyatlarini amalga oshiradi. Merosni boshqaruvchi qonun boʻyicha merosxoʻrlardan bir yoki bir nechtasining iltimosiga binoan meros ochilgan joydagi notarius tomonidan tayinlanadi. Merosni boshqaruvchi tayinlanishiga yoki bu ish uchun tanlangan nomzodga rozi boʻlmagan qonun boʻyicha merosxoʻr merosni boshqaruvchi tayinlanishiga qarshi sudga murojaat etishga haqli. Agar qonun boʻyicha merosxoʻrlar boʻlmasa yoki nomaʼlum boʻlsa, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari yoki fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organi merosni boshqaruvchi tayinlanishini soʻrab notariusga murojaat etishi lozim. Qonun boʻyicha merosxoʻrlar hozir boʻlganlari taqdirda, ularning talabi bilan merosni boshqaruvchi meros hisobidan zarur boʻlgan xarajatlar va oqilona haq toʻlangan holda chaqirib olinishi mumkin. Merosni boshqaruvchi ushbu Kodeksning 1131-moddasida nazarda tutilgan vakolatlarni, agar qonun boʻyicha vorislik xususiyatlaridan boshqacha tartib kelib chiqmasa, vasiyatnomani ijro etishga nisbatan amalga oshiradi. Merosni boshqaruvchi merosni muhofaza qilish va uni boshqarishga doir zarur xarajatlarni meros hisobidan undirish, agar merosxoʻrlar bilan kelishuvida boshqa tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, haq ham olish huquqiga egadir.
- FuqarolikCIVIL · 1145-modda
Umumiy qoidalar
Merosxoʻr oʻziga tegishi lozim boʻlgan merosni yoki uning bir qismini (ulushini) olish huquqiga, agar u keyinchalik merosdan voz kechmasa, vorislik huquqidan mahrum etilmasa va uni merosxoʻr etib tayinlash toʻgʻrisidagi vasiyat farmoyishi haqiqiy emas deb topilishi natijasida meros olish huquqini yoʻqotmasa, meros ochilgan vaqtdan eʼtiboran ega boʻladi.