Asosiy kontentga oʻtish
Yurideks
KirishRoʻyxatdan oʻtish
← Qonun toʻplamiga qaytish
FuqarolikCIVIL · 1132-modda

Vasiyat majburiyati

Vasiyat qiluvchi vasiyat boʻyicha merosxoʻrning zimmasiga bir yoki bir necha shaxs (vasiyat majburiyati yuzasidan huquq oluvchilar) foydasiga biron-bir majburiyatni (vasiyat majburiyatini) meros hisobidan bajarishni yuklashga haqli boʻlib, vasiyat majburiyati yuzasidan huquq oluvchilar vasiyat majburiyati bajarilishini talab qilish huquqini oladilar.

Qonun boʻyicha vorislar jumlasiga kiradigan, shuningdek kirmaydigan shaxslar ham vasiyat majburiyati yuzasidan huquq oluvchilar boʻlishlari mumkin.

Vasiyat majburiyati yuzasidan huquq oluvchiga meros tarkibiga kiradigan ashyoni mulk qilib yoki boshqa ashyoviy huquq qilib berish, meros tarkibiga kirmaydigan mol-mulkni uning uchun sotib olish va unga berish, uning uchun muayyan ishni bajarish, unga muayyan xizmatlar koʻrsatish va hokazolar vasiyat majburiyati narsasi boʻlishi mumkin.

Vasiyat qiluvchi tomonidan zimmasiga vasiyat majburiyatini bajarish vazifasi yuklatilgan merosxoʻr bu vazifani oʻziga oʻtgan merosning meros qoldiruvchi qarzlarining oʻzi toʻlashi lozim boʻlgan qismini chegirib tashlagandan keyin qoladigan haqiqiy qiymati doirasidagina bajarishi lozim.

Agar zimmasiga vasiyat majburiyati yuklatilgan merosxoʻr merosdan majburiy ulush olish huquqiga ega boʻlsa, uning vasiyat majburiyatini bajarish vazifasi oʻziga oʻtgan meros qiymatining majburiy ulush miqdoridan ortiq boʻlgan qismi bilan chegaralanadi.

Vasiyat majburiyati barcha yoki bir necha merosxoʻr zimmasiga yuklatilgan hollarda, agar vasiyatnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, ularning har biri vasiyat majburiyatini merosdagi oʻz ulushiga mutanosib ravishda bajaradi.

Vasiyat qiluvchi meros sifatida uy-joy, kvartira yoki boshqa turar joyni oladigan merosxoʻr zimmasiga turar joyni yoki uning bir qismini boshqa shaxsga umrbod foydalanish uchun berib qoʻyish majburiyatini yuklashga haqli. Turar joyga boʻlgan mulk huquqi keyinchalik boshqa shaxsga oʻtganida ham umrbod foydalanish huquqi oʻz kuchida qoladi.

Turar joydan umrbod foydalanish huquqi boshqa shaxsga oʻtkazilmaydi, oʻzgaga berilmaydi va vasiyat majburiyati yuzasidan huquq oluvchining merosxoʻrlariga oʻtmaydi.

Vasiyat majburiyati yuzasidan huquq oluvchiga berilgan turar joydan umrbod foydalanish huquqi, agar vasiyatnomada boshqacha tartib koʻrsatilgan boʻlmasa, uning oila aʼzolari mazkur turar joyda yashashi uchun asos hisoblanmaydi.

Zimmasiga vasiyat majburiyati yuklatilgan merosxoʻr vafot etgan yoki u merosni qabul qilib olmagan taqdirda, vasiyat majburiyatini bajarish uning ulushini olgan boshqa merosxoʻrlarga yoxud, agar mol-mulk egasiz boʻlib qolsa, davlatga yoki fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organiga oʻtadi.

Vasiyat majburiyati yuzasidan huquq oluvchi meros ochilgunga qadar yoki meros ochilgandan keyin, ammo vasiyatnoma boʻyicha merosxoʻr vasiyat majburiyatini qabul qilib olishga ulgurgan paytga qadar vafot etgan taqdirda vasiyat majburiyati bajarilmaydi.

Vasiyat majburiyati yuzasidan huquq oluvchi meros qoldiruvchining qarzlari uchun javobgar boʻlmaydi.

Bu sizning vaziyatingizga tegishlimi?

Nima boʻlganini tasvirlab bering, Yurideks sizga muhim moddalarni koʻrsatadi.

Savol berish
Yurideks

Har bir insonning himoyalanish huquqi bor.